Mavzuning dolzarbligi: Yoshlar tarbiyasi barcha davrlarda ham dolzarb muaamolardan biri ekan, ayniqsa bu masalaga mustaqillik yillarida jiddiy e’tibor berib kelinmoqda. Prezidentimiz I. Karimov ta’kidlaganlaridek, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirmasdan turib, jamiyatimizni rivojlantirib bo‘lmaydi, chunki, mamlakatimiz taraqqiyoti shu yosh avlod qo‘lidadir. Ularni qanchalik vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik va ayniqsa milliy ruhda tarbiyalay olsakgina mustaqil ona diyorimiz yanada gullab yashnaydi, rivojlangan mamlakatlar qatoridan munosib o‘rin egallaydi.
Bizga ma’lumki, yurtimiz mustaqillikka erishgach, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish masalasi kun tartibidagi dolzarb masalaga aylandi. Mu’telik, o‘z qadriyatlarini unutish va namoyon qila olmaslik xalqimiz qalbi va shuurining xiralashib ketishiga sabab bo‘ldi.
Shu bois yurtimiz fuqarolari ma’naviyatini yuksaltirish, o‘z qadrini tiklashi, o‘z vataniga o‘zi egalik qilishi hissini o‘yg‘otish Prezidentimiz I.A. Karimov va hukumatimiz zimmasiga tushdi. Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” nomli asari ham ana shu tarzda dunyoga keldi.
Bizga ma’lumki, yosh avlod ma’naviyati shubhasiz ta’lim-tarbiya jarayonida shakllanadi. Ta’lim jarayonining ajralmas qismi hisoblangan tarbiyaga bo‘lgan e’tibor yurtimizda har qachongidan ham muhim dolzarblik kasb etmoqda. O‘quvchi o‘quv jarayonining davomi sifatida bevosita tarbiyaviy ishlarda ishtirok etadi. Uning darsda olgan bilimi, dunyoqarashi, qiziqishi, imkoniyatlari tarbiyaviy ishlarda namoyon bo‘ladi, mustahkamlanadi. Eng asosiysi o‘quvchi tarbiyaviy ishlarda qatnashish jarayonida o‘z-o‘zini anglaydi, ijodkorligi o‘sadi, olgan bilimlarini amalda qo‘llashga o‘rganadi, shuningdek, ularda jamoatchilik, uyushqoqlik, hamdardlik kabi ko‘nikmalar shakllanadi. Shunday ekan, ta’lim tizimi oldida turgan asosiy masalalardan biri ham tarbiyaviy ishlarni maqsadga muvofiq tarzda tashkil etish, samaradorligini oshirish, yosh avlodda g‘oyaviy-siyosiy bilimdonlikni oshirishdan iboratdir. Ushbu masalaning yana muhim tomonilaridan biri shuki, bugungi kunda tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda zamonaviylikka asoslanish, ya’ni tarbiyaviy ishlarda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish pedagogik jarayonda talab etilayotgan masaladir.
Yuqoridagi ehtiyoj va pedagogik talablardan kelib chiqqan holda biz magistrlik dissertatsiyamiz mavzusini “Boshlang‘ich sinflarda tarbiyaviy ishlarni tashkil etish texnologiyasi” tarzida tanladik.
Do'stlaringiz bilan baham: |