Mustaqillik yillarida davlat boshqaruv tizimida amalga oshirilgan islohotlar


Davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar: uchinchi renessans sari dadil qadam


Download 36.57 Kb.
bet3/4
Sana24.12.2022
Hajmi36.57 Kb.
#1052951
1   2   3   4
Bog'liq
Mustaqillik yillarida davlat boshqaruv tizimida amalga oshirilga

Davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar: uchinchi renessans sari dadil qadam
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinayotgani, bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofi ekanini alohida taʼkidladi.
Darhaqiqat, keyingi vaqtlarda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar oʻz mevalarini bera boshlab, Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda.
Mazkur yangilanishlar davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Yaqin istiqboldagi innovatsion taraqqiyotimizning dasturilamali boʻlgan Harakatlar strategiyasining birinchi yoʻnalishi ham aynan davlat boshqaruvi tizimi va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarga bagʻishlangani bejiz emas. Yangi Oʻzbekistonda demokratik davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan yuksak gʻoyaga asoslangan holda amalga oshirilmoqda. Bu borada hozirga qadar qilingan saʼy-harakatlarni tahlil etsak, quyidagi muhim jihatlarni koʻrish mumkin.
Xalq bilan muloqot qilish, insonlar dardi, muammolarini samarali, tezkor hal qilishning sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Olib borilgan ishlar samarasi oʻlaroq, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor vazifalari boʻyicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni yechish, sohani toʻlaqonli tartibga solish amalga oshirilmoqda.
Jahon andozasi boʻlgan “tarozilar pallasi” (checks and balances) tamoyilining amalda oʻz aksini topishiga erishildi. Jumladan, Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va davlat qoʻmitalari raislari nomzodini Bosh vazir taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullash va Prezident tomonidan tasdiqlash tartibi belgilandi.
Normarkazlashtirish siyosati namunasi oʻlaroq, “hududlardagi muammoni, eng avvalo, oʻsha hududda ishlaydigan va yashaydigan insonlar yaxshi hal qila oladi”, degan fikrdan kelib chiqqan holda davlat apparatining institutsional tizimi qayta koʻrib chiqilib, uni optimallashtirish, samaradorligini oshirish boʻyicha muhim islohotlar amalga oshirildi. Shu jumladan, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim – sektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yaʼni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar va davlat soliq xizmati rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 4 ta sektorga boʻlindi. Respublika darajasida qarorlar qabul qilishda mahalliy hokimliklarning ishtirokini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahalliy dasturlarga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishish tartibi joriy qilindi. Oʻz navbatida, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlardagi mahalliy Kengashlarga masʼul etib biriktirildi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimiga innovatsion yondashuv joriy etilib, fuqarolarga nisbatan byurokratik sansolorlik, sarsongarchilik holatlarini tubdan isloh qilishda katta qadamlar tashlandi. Avvallari fuqarolar turli norasmiy toʻlovlar, korrupsiya holatlaridan aziyat chekkan boʻlsa, davlat xizmatlarini koʻrsatishda inson omilining kamaytirilishi hisobiga bunday muammolarga chek qoʻyilmoqda. Xususan, mazkur sohadagi davlat siyosatini amalga oshirish masʼuliyati yuklangan alohida davlat organi – Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi. “Yagona darcha” tamoyili nafaqat tadbirkorlik subyektlariga, balki bevosita fuqarolarga ham xizmat koʻrsatishda amal qiladigan boʻldi. Xususan, respublika boʻyicha tashkil etilgan Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 2018-yilning boshida jami 37 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, 2019-yilga kelib ularning soni 130 ga yetdi (qariyb 3 baravar). 2020-yildan boshlab Markazlar orqali 143 ta davlat xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi. Markazlar orqali 2017-yilda 120 mingga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, xizmat turlari ortganligi hisobiga, koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni 2019-yilda 11,3 mln.ga yetdi (2018-yilga nisbatan 2,3 baravar koʻp). 
Inson manfaatlarini taʼminlash, odamlar bilan muloqot qilish, xalqning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish va hal qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Mazkur tuzilmalar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligi, shuningdek, joylardagi muammolarni chuqur tahlil etish mexanizmi va davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi masʼuliyatini oshirish, ularning faoliyatini baholash mezoniga aylandi. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali ishga tushirildi. Fuqarolarga Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga Elektron jamoaviy murojaat berish imkoniyati yaratildi. Murojaatlar bilan ishlash tizimining qonunchilik asoslarini yana-da mustahkamlash maqsadida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi dasturining qoʻshimcha qulayliklarga ega yangi versiyasi ishlab chiqildi.
Shu bilan bir qatorda, Hukumat aʼzoligiga nomzodning sohani rivojlantirish boʻyicha yaqin muddatga va istiqbolga moʻljallangan harakat dasturi bilan deputatlar oldida chiqish qilish tartibi joriy etildi; Hukumat aʼzosining oʻz harakat dasturi ijrosini amalga oshirishiga doir masalalar yuzasidan axboroti Oliy Majlis palatalari, ularning qoʻmitalarida muntazam eshitib borilishi amaliyoti yoʻlga qoʻyildi; viloyat, tuman va shahar davlat organlari rahbarlari tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilandi. Qonunchilik palatasida davlat boshqaruvi organlari mutasaddilarining axborotini eshitish boʻyicha “Hukumat soati”ni oʻtkazib borish anʼana tusini oldi. Quyi palatada davlat byudjeti, iqtisodiyot, pul-kredit siyosati masalalarida, shuningdek, davlat byudjeti ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini taʼminlashda deputat va senatorlarga professional, mustaqil va xolis axborot tahliliy, ekspertlik xizmati koʻrsatish maqsadida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil etildi. Parlament va ijro hokimiyatining hamkorligi kuchaytirildi. Masalan, Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalaridagi doimiy vakili lavozimi taʼsis etildi va uning huquqiy maqomi belgilandi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining joylardagi dolzarb muammolarni hal etishdagi roli oshirildi. Mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish tizimi yangicha, xalqchil koʻrinishda yoʻlga qoʻyildi.
“Onlayn maslahatchi” moduli yaratildi va jami 94 ta davlat tashkilot va idoralari mazkur modulda birlashtirildi. 24 ta davlat xizmatlari elektron shaklga oʻtkazilib, xizmatlar soni 157 taga yetkazildi. Jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatlarini eksterritorial tamoyil boʻyicha, yaʼni fuqarolarning yashash va yuridik shaxslarning pochta manzilidan qatʼi nazar, respublikaning har qanday hududida olish imkoniga ega boʻldilar.
Shubhasiz, bu saralash boshqaruv sohasidagi islohotlarning faqatgina kichik bir qismini qamrab olgan, xolos. Biroq, shuni aytish lozimki, davlat boshqaruvi tizimidagi oʻzgarishlar boshqa sohalardagi islohotlarning ham muvaffaqiyati garovi boʻlib qolmoqda. Ishonch bilan qayd etish mumkinki, aynan shu sohadagi islohotlar samarasi Davlat rahbari tomonidan taʼkidlanganidek, Oʻzbekistondagi yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davrining poydevoriga tamal toshi vazifasini bajaradi.

Download 36.57 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling