Muzaffar mamatqulov navoiyshunoslik
(“Badoe’ ul-vasat”, 43-qit’a)
Download 335.49 Kb.
|
portal.guldu.uz-NAVOIYSHUNOSLIK
(“Badoe’ ul-vasat”, 43-qit’a)
Qit’alar ba’zan aa, bb, vv tarzida ham qofiyalanishi mumkin. “Xazoyin ul-maoniy”ga kiritilgan 210 qit’adan 6 tasi aynan shu tarzda qofiyalangan. (“G‘aroyib us-sig‘ar”dagi 41-qit’a; “Badoe’ ul-vasat”dagi 3-, 18-, 52-qit’alar, “Favoyid ul-kibar”dagi 42-, 44-qit’alar). Adabiyotshunoslikda ularni qit’adan ko‘ra masnaviy deb atash to‘g‘riroq degan fikr bildirilgan (YO.Ishoqov). “Badoe’ ul-vasat”dagi 18-qit’aning qofiyalanishi quyidagicha: Biyik himmatlik elga arzi hol et, a Zamiri nurposh eldin savol et. a Ki bor abri bahori gavharafshon, b CHoqin ham olam ahlig‘a zarafshon. b “Xazoyin ul-maoniy”da ruboiy janrining ham o‘ziga xos o‘rni bor. Ruboiy (ar. “to‘rtlik”) ikki baytdan iborat mustaqil she’r bo‘lib, dastlab fors-tojik she’riyatida, Abu Abdulloh Rudakiy ijodida paydo bo‘lgan. Ruboiyning 2 xil turi bor: xosiy ruboiy yoki ruboiyi xosa (qofiyalanishi: a-a, b-a): Sen borg‘ali ortmish ko‘ngul zorlig‘i, Oh o‘qlaridin har nafas afgorlig‘i. Bilman unutulg‘anmu ekandur manga hajr, YO ko‘prak erur bu qatla dushvorlig‘i. taronayi ruboiy yoki ruboiya (qofiyalanishi: a-a, a-a): Ollimda tabibi chorasozim ham yo‘q, YOnimda rafiqi dilnavozim ham yo‘q. Tegramda anisi jongudozim ham yo‘q, Boshimda shahi bandanavozim ham yo‘q. “Xazoyin ul-maoniy”dagi 133 ta ruboiydan 116 tasi taronayi ruboiy hisoblanadi. Ruboiy muayyan kompozitsiyaga ega. Mumtoz ruboiy talablariga ko‘ra, unda to‘rt unsur mavjud bo‘ladi. Mazkur unsurlar to‘rt misrada aytilmoqchi bo‘lgan falsafiy, axloqiy yoki didaktik fikrning ma’lum bir yaxlitlikka erishishini ta’minlaydi. SHu ma’noda to‘rt misrani quyidagi unsurlarga taqsimlash mumkin: tezis – unda ruboiyda aytilmoqchi bo‘lgan fikr, boshqacha aytganda ruboiy mavzusi bayon qilingan bo‘ladi; antitezis – bunda birinchi misraga qarama-qarshi fikr aytiladi; moddai ruboiy – to‘rtinchi misrada aytilmoqchi bo‘lgan fikr uchun ko‘prik vazifasini o‘taydi; sintez – xulosa. Lekin bu unsurlarning doimiy mavjud bo‘lish talabi nisbiy bo‘lib, ko‘pincha tezis va antitezisning o‘rniga faqat moddai ruboiy va sintezning qo‘llanilganligini kuzatish mumkin. YUqorida keltirilgan ruboiyda ham oshiq kechinmalari, asosan, moddai ruboiy tarzida berilgan. Ruboiy o‘ziga xos maxsus vaznda yoziladi. Bu hazaj bahrining axrab va axram shajarasidir. Bu haqda Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida shunday yozadi: “Ruboiy vaznikim, oni “dubaytiy” va “tarona” ham derlar, hazaj bahrining “axram” va “axrab”idin istixroj qilibdurlar va ul vaznedur asru xushoyanda va vaznedur bag‘oyat raboyanda”. Hazaj bahrining axrab shajarasi 12 vaznni, axram shajarasi yana 12 vaznni o‘z ichiga oladi va ushbu jami 24 vazn ruboiy vaznlari hisoblanadi. Ruboiyning she’riy o‘lchovi bilan bog‘liq muhim xususiyat shundaki, boshqa she’riy janrlardan farqli o‘laroq ruboiyning to‘rt misrasi mazkur shajaralarga mansub 4 vaznda yozilishi mumkin. Masalan, Alisher Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi 45-ruboiyni taqti’i bilan birga ko‘rsak: Olam bor emish, Navoiyyo sho‘rangiz, – – V / V – V – / V – – – / ~ Olamdagi el boshtin ayog‘ rangomiz. – – V/ V – – V / V – – – / ~ Ishq istar emish seni adam Misri sari, – – V / V – V – /V – – V / V – Borg‘ilki, erur el tilagan erda aziz. – – V / V – – V / V – – V / V ~ YUqoridagi chizmadan ma’lum bo‘lyaptiki, mazkur ruboiyning har bir misrasi alohida vaznda yozilgan ekan. Turkiy adabiyotda ruboiy janrining dastlabki namunalari Hofiz Xorazmiy devonida uchraydi. Uning jami 12 ta ruboiysi mavjud bo‘lib, ular asosan ruboiyi xosa shaklida yaratilgan. Demak, turkiy adabiyotda taronai ruboiyning ilk bor qo‘llanilishi Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq deb aytish mumkin. Muammo (ar. “ko‘r qilingan”, “berkitilgan”) – bir, ba’zan esa ikki baytdan iborat mustaqil she’r bo‘lib, a-a yoki a-b tarzida qofiyalanadi. Muammoda biror ism yoki narsa-buyum nomi berkitiladi. Berkitilgan so‘z shoirning turli-tuman ishoralari : ma’nodosh yoki shakldosh so‘zlarni topish, bir tildagi so‘zning ikkinchi bir tildagi muodili (ekvivalenti)ni qo‘llash, so‘zlardagi ma’lum bir harflarni tizib, yangi so‘z yasash, ba’zan esa abjad hisobini ishlatib, raqamlar asosida so‘z tuzish va boshqalar asosida topiladi. Muammoni echish uchun dastavval asosiy e’tiborni matnda ishora qilingan kalit so‘zga qaratish lozim bo‘ladi. Turkiy adabiyotda muammo janri Alisher Navoiy ijodidan boshlangan. Uning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida 52 ta muammo mavjud bo‘lib, ularning barchasi kulliyotdagi ikkinchi devon “Navodir ush-shabob”ga kiritilgan. Alisher Navoiy muammolari asosan bir baytli bo‘lib, faqat “Qosim” va “Zahir” ismlariga bitilgan muammolar 2 baytdan iborat. Navoiyning ba’zi muammolarini ko‘rib chiqsak: Qasdi jonimg‘a chu mujgoning ikki saf tuzdi, Biri qosh yosi, biri g‘amzang o‘qin ko‘rguzdi. Bu muammoda kalit so‘z “صف” – “saf” jumlasi orqali ko‘rsatilgan, matnda bu so‘z “ikki” so‘zi bilan keltirilishi uning echimi ham ikkita ekanligiga ishora qiladi. Birinchi “saf”ga qosh yosi, ya’ni “ى” “yoy” (i) harfi, ikkinchisiga g‘amza o‘qi, ya’ni “ا” “alif” (o) harfi qo‘shiladi va natijada “صفى” – “Safi” va “صفا” – “Safo” so‘zlari kelib chiqadi. Qilur esang manga somon ayo rafiq havas, Aning ayog‘ig‘a etkur mening boshimni-yu bas. Bu muammoda asosiy e’tibor “سامان” – “somon” (osoyishtalik) so‘ziga qaratilgan. Ikkinchi misradagi “aning ayog‘iga boshimni etkur” jumlasidagi ishoraga ko‘ra, “ا” – “alif” (o)ning oyog‘i, ya’ni pastki kismiga “م” – “mim” (m)ning boshini etkazish talab qilinadi, natijada “ا” – “alif” harfi “ل” – “lom” harfiga aylanib, “م” – “mim”ga qo‘shiladi va “سلمان”– “Salmon” so‘zi kelib chiqadi. Alisher Navoiyning mazkur janr nazariyasiga bag‘ishlangan maxsus asari ham mavjud bo‘lib, fors-tojik tilida yozilgan. Asar “Mufradot” yoki “Risolai muammo” deb ataladi. “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida navbatdagi janr lug‘z bo‘lib, arabcha “topishmoq”, “sir” ma’nolarini anglatadi. Lug‘z fors-tojik adabiyotida chiston (forscha “nima u”) deb ham yuritiladi. Lug‘z biror predmet yoki hodisaning xarakter va belgilarini ta’rifu tavsif etish orqali kitobxonni o‘sha predmet yoki hodisani topishga undaydigan she’r turidir. Lug‘z dastavval xalq og‘zaki ijodida vujudga kelgan bo‘lib, X-XII asrlardan boshlab fors-tojik she’riyatida istifoda etila boshlagan. Lug‘zlar g‘azal, ruboiy va tuyuq kabi hajm, qofiya va boshqa shakliy jihatlardan qat’iy qonuniyatga ega emas. Ular fard, ruboiy, qit’a va ba’zan g‘azal singari qofiyalanishi mumkin. Turkiy adabiyotda lug‘zning ilk namunalari Alisher Navoiy ijodida uchraydi. SHoirning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotida jami 10 ta lug‘z mavjud bo‘lib, barchasi “Badoe’ ul-vasat” devoniga kiritilgan. Mazkur janrdagi she’rlarida Navoiy o‘z atrofini o‘rab turgan predmetlarni ijtimoiy munosabatlar va turmush hodisalari bilan bog‘liq holda nozik yumor bilan tasvirlaydi. Navoiy lug‘zlari asosan qit’a (8 tasi) va ruboiy (2 tasi) singari qofiyalangan. Masalan, uning “parvona” tasviriga bag‘ishlangan lug‘zi taronai ruboiy shaklidadir: Ul qushki, taashshuqdurur andisha anga, Bir naxlg‘akim shomdadur besha anga. SHoxi uchidin ayon bo‘lub resha anga, Gul ochmaq o‘shul reshasidin pesha anga. Tuyuq (turk. “his qilmoq”, “tuymoq”) – to‘rt misradan iborat mustaqil she’r shakli bo‘lib, faqat turkiy xalqlar she’riyatida qo‘llanilgan. Tuyuq asosan ruboiy singari qofiyalanadi, lekin ba’zan ba, va tarzida ham qofiyalanishi mumkin. Ruboiydan farqli o‘laroq tuyuqda qofiyaning o‘rnida asosan tajnis (shakldosh so‘zlar) qo‘llaniladi. Alisher Navoiy “Mezonu-l- avzon” mazkur janrning xususiyatlari haqida shunday yozadi: “...Birisi “tuyug‘”durkim, ikki baytqa muqarrardur va sa’y qilurlarkim, tajnis aytilg‘ay va ul vazn ramali musaddasi maqsurdur, mundoqkim (tuyug‘): YO rab, ul shahdu shakar yo lab murur? YO magar shahdu shakar yolabmurur? Download 335.49 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling