Nabijon Narziev Normurodovich


Download 187.89 Kb.
Pdf ko'rish
Sana30.09.2017
Hajmi187.89 Kb.
#16867

 

  

 

 

 

 

Nabijon Narziev  

Normurodovich 

 

 

 

 

 

Tarix fanini  o‘qitishda  o‘quvchilarda  suvga oid 

tushunchalarni shakllantirish. 

 

O‘qituvchilar uchun uslubiy tavsiya. 

 

 

 



 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Toshkent-2016 yil 

 



Tuzuvchi:    N.N.Narziyev. 



TSHХTХQTUMOI “Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi katta o`qituvchisi. 

 

 



Mazkur metodik qo`llanma TShXTXQTMOI Ilmiy Kengashining 2016 yil 

30 dekabrdagi 8- sonli yig`ilishida muhokama qilinib, nashrga tavsiya etilgan.   



 

 

Taqrizchilar: 

S.X. Akkulova – TShXTXQTMOI Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasining katta 

o`qituvchisi    

Qurbomova M  Toshkent shahar 300 maktab o`qituvchisi



 



KIRISH 

Hurmatli  o‘qituvchi,  ushbu  tavsiya  bilan  tanishib,  bugungi  zamon 

taraqqiyotida,  tarixda  suvning  ahamiyati  qanchalik  yuqori  bo‘lganligini 

yana  bir  bor  tasdiqlaysiz.  Sizga  ma’lumki  suv  tabiat  yoki  yer  shari 

tirikligini  ta’minlab  kelgan.  Bizning  tarix  fanimiz  insoniyatning 

ijtimoiy-siyosiy,  iqtisodiy  va  madaniy  jarayonlari  tarixi  va  taraqqiyot 

bosqichlarini  o‘rganar  ekan,  unda  suvning  ahamiyati  va  ta’sirini  o‘ylab 

ko‘rganmisiz?  

Qadimgi  dehqonchilik  vohalarining  paydo  bo‘lishi  qadimgi 

qishloqlar,  shaharlar  va  davlatlarning  vujudga  kelishida  suvning  ta’siri 

bo‘lganligini  o‘quvchilarimizga  ta’kidlab  o‘tyapmizmi?  Inson  tarixda 

o‘z  taraqqiyotining  ajralmas  bir  qismi  bo‘lmish  suv  bilan  qanday 

muomilada  bo‘lgan?  Suv  insonning  moddiy  va  ma’naviy  dunyosini 

qanday  boyitdi?  Suv  bilan  bog‘liq  ma’naviy  tafakkurning  rivojlanishi, 

diniy munosabatlar, xalq etnografiyasida suvning keng o‘rin olganligiga 

qiziqib ko‘rganmisiz?  

Ha,  hurmatli  o‘qituvchi  qadimiyat  tarixidan  to  bugunimizgacha 

inson  e’tiborining  markazida  turgan  narsalardan  biri  suv  bo‘lgan. 

Qadimgi  qo‘lyozmalarimizdan biri  bo‘lmish  Avesto  kitobida  muqaddas 

bo‘lgan to‘rt unsurning biri suv haqida juda ko‘p ma’lumotlar yozilgan.  

Bu  kabi  munosabatlardan  suvga  bo‘lgan  e’tiborni  odat  ko‘rinishi 

emas,  balki  qonuniyat  darajasidagi  holat  deyish  mumkin.  Xalq  

etnografiyasida  suv  bilan  bog‘liq  odatlar  keng  o‘rin  olgan.  Birgina 

"Suvga non oqizish" nomli bolalar o‘yinida tarixda suvni toza saqlashga 

bo‘lgan e’tiborni qanchalik katta bo‘lganligini anglash mumkin. 

Keling  ustoz  siz  bilan  birgalikda  suv  tushunchasi  va  uning 

ahamiyatini  o‘quvchilarimizga  o‘rgataylik.  Zyero,  yoshlarda  suvga 

bo‘lgan  muhabbat,  uni  asrab-avvaylash,  hamda  suvni  tarixda  tutgan 

o‘rni  va  kelajak  taraqqiyotini  belgilovchi  omil  ekanligi  to‘g‘risidagi  

tasavvurni shakllantirsak ajabmas.  

Tarix  fani  darsliklarining  ko‘pgina  mavzularda  suv  bilan  bog‘liq 

ayrim ma’lumotlarga duch kelamiz. Jumladan, birgina      6-sinf "Tarix" 

darsligining  3§, 4§, 5§, 6§, 16§, 23§, 24§ larda suv va suvning ta’sirida 

yuz  bergan  jarayonlarga  qisqacha  to‘xtalib  o‘tish  mumkin.    Ushbu 

tavsiya  shunday  maqsadlarni amalga  oshirishda  sizga  yaqindan  yordam 

byeradi degan umiddamiz. 

 

 

 


 



6 -sinf "Tarix" darsligi 



  Urug‘chilik jamiyati mavzusida 

Ushbu  darslik  insoniyat  tarixining  eng  qadimgi  davridan  ishlab 

chiqarishning  yuzaga  kelishi,  shahar  va  davlatlarning  paydo  bo‘lishi, 

feodal  munosabatlargacha  bo‘lgan  davrni  o‘z  ichiga  oladi.  Insoniyat 

tarixining bu bosqichida suvning ahamiyati katta  bo‘lganligi tabiiydir.  

Arxeologiya  fanining  bugungi  ma’lumotlariga  qaraganda  qadimgi 

odamlar buloqlar, soy, daryo va ko‘llar atrofida yashay boshlaganliklari, 

ularni    har  tomonlama  rivojlanishlari  uchun  imkoniyat  yaratgan. 

Qadimgi  odamlar  suvdan  ichimlik  sifatidagina  emas,  balki    mehnat 

qurollarini yasashda ham foydalanganlar. Mezolit davriga kelib ibtidoiy 

omochli ziroatchilikni paydo bo‘lishi bilan insoniyat suvni hayot manbai 

ekanligi,  suv  ta’sirida  yaxshi  yashash  mumkin  ekanliklarini  bilib 

olishgan.  SHundan  so‘ng  suvga  boy  hududlar  insoniyat  tomonidan 

o‘zlashtirila boshlangan. 

 

  Eniolit va bronza asri ziroatchilari mavzusida 

 Suv va tuproq aralashtirilib "loy"ni hosil qilinishi, undan turli idish-

tovoqlar  yasala  boshlanishi  va  boshpana  qurishda  loydan  foydalana 

boshlanganligi  suvni  insoniyat  kashf  etayotgan  moddiy  va  ma’naviy 

hayotini  rivojlanishiga  turtki  bo‘lganligini    ko‘rishimiz  mumkin. 

Insonlarning  o‘troq  hayot  tarziga  o‘tishlari,  dehqonchilik  va 

hunarmandchilikni paydo bo‘lishi suv bilan bog‘liqdir.  

Mil.avv.  4  ming  yillikda  suvga  boy  vohalar  Nil,  Frot  va  Dajla 

daryolari  atrofida ilk shaharlar va davlatlarning paydo bo‘la boshlashiga  

suvning  ta’siri  katta  bo‘lgan.  Ch  unki  bu  yerlar  dehqonchilik  uchun 

qulay  vohalar  bo‘lib,odamlarni  o‘troq  yashashlari  uchun  keng 

imkoniyatlar yaratgan. 

 

   Temir asriga o‘tish davrida O‘rta Osiyoning rivojlanishi. Ilk 

sivilizasiyalar vujudga kelishi davri mavzularida 

Qadimda  dehqonlar  tabiat  hodisalari  daryolarning  toshishi,  sel 

kelishi  davridagi  suvlardan  unumli  foydalanganlar.  Bunday  suvlar 

yyerga singib, g‘oyib bo‘lsa-da, tosh, shag‘al, qum va loyqalardan iborat 

oqizindi  jinslarni  ko‘plab  olib  keladi  va  ma’lum  bir  hududlarni 

egallagan.  Har  yil  bahorda  sel  suvi  bilan  qoplanadigan  bu  tekislikni 

mahalliy  aholi  "yoyilma"  deb  yuritadi.  Sel  suvi  bilan  yoyilmaga  kelib 

cho‘kkan suyuq cho‘kmani esa "loyqa" deb ataladi. Dehqonchilik uchun 

bu  loyqaning  ajoyib  agrotexnik  xususiyati    bo‘lgan.  Loyqa  tarkibidagi 


 

qumlar  uning  ostiga  cho‘kib,  yerni  g‘ovaklashtirsa,  mayda  loyqa 



massalari  yer  betida  qotib,  namni  o‘z  bag‘rida  uzoq  vaqt  saqlaydi. 

Loyqaning  bu  hayotbaxsh  xususiyatini  yaxshi  bilgan  dehqonlar  qadim 

zamonlardan beri loyqada dehqonchilik qilib keladilar. Har yili bahorda 

sel kelganda dehqonlar urug‘larini ot, tuya yoki eshaklarga ortib yoyilma 

tomon  shoshilar  va  sel  olib  kelgan  loyqaning  beti  qotmasdan  ekin 

urug‘larini sepib olishga harakat  qilar edilar. Loyqaga asosan boshoqli 

va  dukkakli  ekinlar,  shuningdek  qovun,  tarvuz,  qovoq,  kunjut  va 

boshqalar  ekilib,  yozda  mutlaqo  sug‘orilmasdan  hosil  olinardi. 

Loyqadagi   dehqonchilik   kabi ibtidoiy ziroatchilikning  yana  bir ajoyib 

qadimiy 


uslubi 

ko‘hna 


Xorazm 

yerlarida 

saqlanib, 

bobo 


dehqonlarimizdan  bizgacha  yetib  kelgan.  Xorazmliklar  uni  "qayr 

dehqonchiligi"  deb  yuritishadi.  "Qayr"  deb  aslida  daryo  va  uning 

shoxoblari  hamda  yirik  sug‘orish  tarmoqlarining    har  ikki  sohillari 

bo‘ylab cho‘zilgan pastlik yerlarga aytiladi. Bunday suv bo‘yi qayrlarida 

sizot  suvlarining  nami  yuqori  bo‘lsada,  ammo  boshoqli  yoki  dukkakli 

o‘simliklar  ekilmay,  odatda  faqat  qovun  va  qovoq  kabi  poliz  ekinlari 

etishtirilgan.  Chunki  javzo  kirib  yozning  issiq  kunlari  boshlanishi  va 

yerdan namning  qochishi bilan  qayrga ekilgan  g‘alla ekinlari qovjirab, 

boshoq  tortmasdanoq  nobud  bo‘lgan.  Amudaryoda  toshqinlarning    o‘z 

vaqtida  bo‘lishi,  sizot  suvlari  namining  damiga  qarab  qayr  yerlarida 

ayniqsa  qovun  yaxshigina  hosil  bergan.  Daryo  bo‘ylariga  qovun 

sayillariga chiqish odati shu asosida paydo bo‘lgan. 



  Ahmoniylar davlati mavzusida. 

Qadimgi  Yunon  tarixchisi  Gerodot  O‘rta  Osiyoning  Oks  vodiysida 

Ahmoniylar  davrida  (mil.avv.VI-V  asrlar)  sun’iy  suv  ombori  barpo 

etilgani  to‘g‘risida  hikoya  qiladi.  Uning  yozishicha  chor  atrofi  tog‘lar 

bilan  o‘ralgan  vodiydan  Oks  daryosi  oqib    chiqar  edi.  Bu  vodiy 

Ahmoniylar  hokimiyati  qo‘l  ostiga  o‘tgach,  shoh  suvning  tog‘lardan 

oqib  chiqadigan  joyini  to‘sib,  darvoza  qurdirgan.  Suvning  yo‘li 

to‘silgach, tog‘lar orasidagi vodiy ko‘lga aylangan. Suvsiz qolgan aholi 

bola-chaqalari  bilan  forslar  mamlakatiga  borib,  shohdan  yig‘lab  suv 

so‘rar,  ularning  suvga  muhtojligini  ko‘rgan  shoh  to‘g‘onni  ochdirar  va 

suv uchun ulardan alohida haq yig‘ib olar edi.  

 

  Zardushtiylik mavzusida. 

Zardushtiylarda  muqaddas  sanalgan  “suv”  ijtimoiy  hayotda  muhim  rol 

o‘ynagan. Avestoning Yasht  nomli kitobida yozilishcha kimda-kim

 

iflos 


idishda (ko‘zada) suv olsa, u inson besh darra urilgan, kimda-kim o‘lgan 

 

hayvon tanasini suvga tashlasa unga o‘lim jazosi berilgan,suvga tupirish 



gunoh  hisoblangan.  Bu  qadimdan  insonlar  hayotida  suv  bebaho  ne’mat 

darajasida qadrlanganligidan darak byeradi. 



7-sinf O‘zbekiston tarixi. 

  Eftaliylar davlatida ijtimoiy va iqtisodiy hayot. mavzusida 

Qadimiy  suv  chiqarish    moslamalarining  eng  takomillashgan  usuli  -  bu 

charxpalak  va  chig‘irlar 

bo‘lib,  sharqning  Misr, 

Mesopotamiya, 

Eron, 


Hindiston,  Xitoy  va  O‘rta 

Osiyoning 

dehqonchilik 

vohalarida 

qadim 

zamonlardan beri qo‘llanib 



kelingan.    Bunday  suv 

chiqargich 

moslamalari 

o‘rta  asrlarda  Misr  va 

Mesopotamiyada «soqiya», 

Eron 


va 

Hindistonda 

«charx», 

Xorazmda 

«chiqir», 

Toshkentda 

«charxpalak» 

deb 


yuritilgan. 

 

“Kulfakli" hovuzlar 

Chashmalarda to‘plangan suv butun yoz bo‘yi soylarda shildirab oqar va 

daralardan  chiqar-chiqmas  toshloq  o‘zanlarga  singib  ketar  edi.  Garchi 

buloq suvlari yoyilmaga yetib bormay, toshloqlarga singib ketsa-da, ular 

qurg‘oqchilik  va  suvsizlik  ofatidan  qutilish  orzusida  bosh  qotirgan 

sohibkor  dehqonlar  diqqatini  o‘ziga  tortmay  qolmas  edi.  Tog‘  oldi 

tumanlarda  yashagan  dehqonlar  ana  shu  buloq  suvlarini  bir  joyga 

to‘plash  va  ulardan  kyerakli  vaqtda  foydalanish  maqsadida  juda  qadim 

zamonlardayoq daralar ichida va tog‘ etaklarida  kichik-kichik hovuzlar 

qurganlar.  

Mahalliy  aholi  bu  suv  inshootlarini    hovuz  deb  ataydi.  Qizig‘i 

shundaki,  qurilish  uslubiga  ko‘ra  bu  hovuzlar  oddiy  hovuzlardan 

tamoman farq qiladi. Odatda hovuz yer yuzidan chuqur qilib kovlanadi. 

Bu  hovuzlar  yerni    kovlab  emas,  balki  aksincha  to‘g‘ridan-to‘g‘ri 

yerning ustiga, ko‘pincha buloq qaynab turgan do‘nglikka yoki soyning 

biron qirg‘og‘iga quriladi. Buning uchun bo‘yi 60 m, eni 40 m keladigan 

 Sugorish inshoati –улу (катта чиғир)  


 

qulay  maydoncha  tanlanib,  uch  tomoniga  tosh  va  chimdan  balandligi  2 



metr keladigan devor quriladi. Devorning qalinligi tagi 3 metr, yuqorisi 

esa  1,5  metr  qilib  quriladi.  Hovuzning  yuqori  va  pastki  qarama-qarshi 

tomonlarida ikkita qulog‘i bo‘ladi. Teparoqdan keladigan suvni hovuzga 

bog‘lash  uchun yuqoridagi quloq, hovuzda to‘plangan  suvni chiqarish 

uchun  esa  pastdagi  quloqdan  foydalanilgan.  Inshootning  yuqori  qulog‘i 

teparoqdan  kelib  quyiladigan  oddiy  ariq  bo‘lsa,  uning  pastki  qulog‘i  

tuzilishi  jihatdan  juda  antiqa.  U  sodda,  biroq  har  tomonlama  puxta 

qurilgan  ajoyib  mexanizmni  eslatadi.  Hovuzning  pastki  qulog‘i  ikki 

tomoni  xarsangtoshlardan  ishlangan,  teppasi  yassiroq  toshlar  yoki 

ko‘ndalangiga  zich  tyerilgan  yog‘ochlar  bilan  yopilgan  quvurni,  ya’ni 

g‘ulbani  eslatadi.

 

Odatda,  qulfakli    hovuzlar  kechqurun  bog‘langan, 



ertalabgacha  ular  suvga  to‘lgan.  Bitta  hovuzga  o‘rtacha  1800-2000 

kubometr suv to‘plangan. Erta bilan hovuz qulfagi ochilib, yig‘ilgan suv 

7-8 soat davomida butunlay oqib chiqqan. 

Forish  tumanidagi  har  bir  dara  og‘zida  qadim  zamonlarda  qad 

ko‘targan juda ko‘p istehkomlarning harobalari tepa bo‘lib yotadi. Mana 

shu  qadimgi  davr  yodgorliklariga  qarab  Nurota  tog‘  tizmalarining 

shimoliy etaklarida sug‘oriladigan dehqonchilik madaniyati yeramizning 

4-5 asrlarida, ya’ni bundan taxminan 1500-1600 yil muqaddam vujudga 

kelganligini  aniqlash  mumkin.  Qulfakli  hovuzlar  mayda  dehqonchilik 

xo‘jaligi  uchun  har  tomonlama 

qulay  sug‘orish  inshooti  bo‘lib 

hisoblangan.  CHunki  har  bir 

qishloq aholisi bunday mayda suv 

omborlarini  katta  kuch  va  turli  –

tuman 

maxsus 


qurilish 

matyeriallarisiz tosh va chim kabi 

oddiy 

matyeriallar 



yordamida 

qura olganlar. 



Ushbu 

rasmda 

siz 

“Qulfakli 

hovuz”ning  umumiy  ko‘rinishi,uning 

yuqoridan  ko‘rinishi  hamda  hovuzni 

suvi chikib ketuvchi toshdan kilingan 

teshik  va  yog‘och  kunda    chizmalari 

aks ettirilgan. 

Shuning  uchun  ham  qulfaqli 

hovuzlar  O‘rta  Osiyoning  tog‘ 

oldi  tumanlarida tarqalgan bo‘lib, 

hozirgi  kungacha  sug‘oriladigan 

 


 

dehqonchilikda  ulardan  ma’lum  darajada  foydalanib  kelinmoqda. 



Birgina  Jizzax  viloyatining  Forish  tumanida  bunday  qulfakli    suv 

inshootlarini  Nurak,  Qoraxon,  Anamuna,  Qurbonxoji,  Pastko‘cha, 

Yonbuloq,  Yotoq,  Deriston,  Oqbuloq,  Ilonli,  Sassiq,  Shuluvli, 

Teshiktosh,  Safarota,  Forish,  O‘xum,  Andigin,  Mojrum,  Sof  va  boshqa 

qishloqlarida  uchratish  mumkin.  Bu  hovuzlarning  ayrimlarida  qulfaklar 

sug‘orish mavsumida hozir ham ochilib - yopilib turiladi.  

 

  Somoniylar davlatida ijtimoiy va iqtisodiy hayot. Mavzusida 

Xonbandi suv ombori     

    Bu inshootning Xonbandi deb atalishi suv inshootlarining qurilish 

tartibi bilan bog‘liq. Ma’lumki, o‘rta asrlarda yirik irrigasiya inshootlari 

hashar yo‘li bilan yaratilgan. Bunday qurilishlarni hamma vaqt markaziy 

hokimiyat  amalga  oshirardi.  Sharq  mamlakatlarida  sug‘orish  ishlarini 

tashkil  etishda  davlat  ma’murlarining  o‘ynagan  roli  yozma  manbalarda  

ochiq  va  aniq  qayd  etiladi.  Xususan,  suvdan  tejab  va  birgalashib 

foydalanishdek  odatiy  ehtiyoj  G‘arbda,  masalan,  Flandriya  va  Italiyada 

xususiy  sohibkorlarni  ixtiyoriy  assosiasiyalarga  birlashishga  majbur 

qilgan  bo‘lsa,  xududi  juda  keng  bo‘lganligi  sababli  ixtiyoriy 

assosiasiyalarining  vujudga  kelishi  uchun  imkon  bo‘lmagan.  Sharqda 

esa, bunday ishlar  hukumat tomonidan tashkil etilib jamoat majburiyati 

- hasharlar vositasida amalga oshirilgan. 

 Ma’lumki O‘rta Osiyoda hukumatni xonlar va amirlar idora qilgan. 

SHuning  uchun  ham  ularning  buyrug‘i  yoki  ijozati  bilan  qurilgan 

inshootlar:  Xonariq,  Sultonband,  Hovuzxon,  Amir  Temur  ko‘prigi, 

Abdullaxon sardobasi va boshqalar xon, sulton yoki amirlarning nomlari 

bilan atalgan.  

Osmonsoy  darasiga  qurilgan  Xonbandi  suv  ombori  1953  va  1962 

yillarda  O‘zbekiston  Fanlar  Akademiyasi    tarix  va  arxeologiya 

institutining Ya.G‘.G‘ulomov boshliq arxeologik ekspedisiya tomonidan  

topib tekshirilgan. To‘g‘onning uzunligi ustki qismida 51,75 m, asosida 

24,35  m  bo‘lib,  balandligi  15,25  metrga  teng.  To‘g‘on  xoro  (granit) 

toshlardan  yo‘nib  qurilgan  bo‘lib,  toshlar  suvga  chidamli  maxsus 

qurilish qorishmasi bilan bir-biriga mahkam biriktirilgan. 

Xonbandi  suv  omboriga  to‘plangan  suv  o‘ziga  xos  tarzda 

boshqarilgan.  Suv  omboridagi  suvning  tashqariga  oqib  chiqishi  uchun 

to‘g‘onning  g‘arbiy  chekkasiga  toshlardan  past-baland  qilib  ishlab 

chiqilgan to‘qqizta quvur o‘tkazilgan. Ombordagi suvning sathiga qarab 

quvurlar    birin-ketin  ochilgan.  O‘rta  asr  irrigatorlari  quvur  o‘rnatishda 


 

daraning birmuncha  yotiqroq qoya toshli so‘l qirg‘og‘idan ustalik bilan 



foydalanganlar. Chunki katta tezlik bilan inshootdan oqib tushgan oqim 

o‘zan  tubini  hamda  yon  bag‘rini  yuvib,  to‘g‘onga  ham  putur  etkazishi 

mumkin edi. Shuning uchun quvurlar shunday  mo‘ljal bilan qurilganki, 

har qaysi quvurdan shiddat bilan otilib  chiqqan suv avval tog‘ning shu 

qoyasiga  kelib  urilgan,    so‘ngra  undan  soyning  quruq  o‘zani  bo‘ylab 

qazilgan ariqqa oqib tushgan. 

Suyuqlik xossalarini o‘rganib, suvning bosimi to‘g‘risidagi qonunni  

yaratgan  XVII  asr  mashhur  fransuz  fizigi  Blez  Paskal  Xonbandini 

ko‘rganda edi, o‘z qonunini O‘zbekistonning qadimgi irrigatorlari  nomi 

bilan  atalgan  bo‘larmidi.  Chunki  Paskal  yaratgan  qonun,  undan  700  yil 

muqaddam  X  asr  irrigatorlari  tomonidan  amalda  -  Xonbandi  inshootini 

qurishda ishlatilgan. 

Shuni  aytish  kyerakki,  X  asr  muxandis-irrigatorlari  inshootning 

mustahkam  qurish  choralarini    izlab  topgan  bo‘lsalar  -da,  suv  ombori  

ichida  to‘planadigan  loyqani  tashqariga    chiqarib  yuborish  yo‘lini  topa 

olmaganlar. Shu sababli Xonbandi suv ombori asta-sekin loyqaga to‘lib, 

ishdan chiqqan, to‘g‘on esa hozirgacha saqlangan.  

  Qishloq xo‘jaligi va iqto yerlarning kengayishi.Mavzusida 

G‘ishtband 

 

1962 



yil 

bahorida 

Samarqand 

viloyati, 

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Jom 

yaqinida Xonbandiga o‘xshash 

yana  bir  qadimgi  suv  inshooti 

qoldiqlari  topildi  va  tekshirish 

ishlari olib borildi.  

Bu  inshoot  aholi  o‘rtasida 

"G‘ishtband" 

nomi 


bilan 

yuritilib 

Zarafshon 

tog‘ 


tizmalarining 

g‘arbiy 


etaklaridan  oqib  chiqadigan 

Omondara  soyida  qurilgan. 

G‘ishtbandning  nomi  garchi  inshootni  g‘ishtdan  bino  qilinganligiga 

ishora  qilsa-da,  u  aslida  yo‘nilgan  tog‘  toshlari  va  maxsus  qurilish 

qorishmasidan ishlangan.  Bu suv inshooti Omondaraning eng tor joyiga 

o‘rnatilgan bo‘lib, to‘g‘onning balandligi 9 m, ustki qismining uzunligi 

24,5 m, asosining uzunligi 10  m, qalinligi pastda 9,1  m,  yuqorisida 5,5 

 


 

10 


metrga  teng  bo‘lgan.  To‘g‘onning    suv  to‘planadigan  ichki  tomoni 

deyarli  tik,  tashqarsi  esa  zinapoya  shaklida  qurilgan.  Jom  qishlog‘ida 

yashovchi  keksa  dehqonlarning  so‘zlariga  qaraganda  to‘g‘onning 

markaziy  qismida  past-baland  joylashgan  beshta  qulfagi  bo‘lgan. 

Afsuski uning quvurlar o‘rnatilgan bu o‘rta qismini Omondara soyining 

sel suvlari olib ketgan. Hozirgi kungacha G‘ishtbandning faqat daraning 

qoya  toshli  mustahkam  qirg‘oqlariga  biriktirilgan  qanotlarigina 

saqlagan.  

G‘ishtband  XII  asr  boshlarida,  O‘rta  Osiyoda  Qoraxoniylar  davlati 

hukumronlik qilgan davrda barpo qilingan.  

G‘ishtband  suv  omboriga  yig‘ilgan  suv  tufayli  Samarqand    va 

Qarshi  shaharlari  orasidagi  qadimgi  karvon    yo‘li  ustida  mustahkam 

qal’a hamda maxsus rabot qad ko‘targan, Jom vohasida 250-300 gektar 

yer  maydoni  sug‘orilib  obod  etilgan.  Bu  qal’aning  harobalari  qozirgi 

vaqtda  Kattatepa  deb  ataladi.  U  G‘ishtband  inshootidan  5  km  g‘arbda, 

soyning  so‘l  qirg‘og‘ida  joylashgan.  G‘ishtband  yodgorligida  olib 

borilgan arxeologik tekshirishlarga qaraganda XII asrda qurilgan bu suv 

ombori    ham  Xonbandi  kabi,  asta-sekin  loyqa    bosishi  tufayli  ishdan 

chiqqan. 

  IX-XII  asr  boshlarida  me’morchilik,  san’at,  musiqa  va  diniy 

etiqod. Mavzusida. 

"Juyi arziz" - "Qo‘rg‘oshin novasi" 

O‘lkamizning  sug‘orilish  tarixida  shaharlarning  suv  ta’minoti 

masalasi  qadimdan  alohida  ahamiyat  kasb  etgan.  Avvalo  shaharlar  suv 

manbalariga  yaqinroq  joylarda  qad  ko‘targan.  Shahar  suv  xo‘jaligida 

suvdan  iloji  boricha  tejab  foydalanishga  harakat  qilingan.  Shaharlar 

"rudi  shahar",  ya’ni  "shahar  anhori"  nomi  bilan  yuritiladigan  maxsus 

sug‘orish tarmog‘i koriz va ichiga katta diametrdagi quvurlar yotkizilgan 

tazar  (tunnel)  lar  yoki  pishiq  g‘ishtlardan  bunyod  etilgan  ulkan  novalar 

kabi  qator  turli  xil  gidrotexnika  inshootlari  orqali  suv  bilan 

ta’minlangan.  Bu  borada  qadimgi  Samarqand  va  Axsikatlarning  suv 

inshooti ayniqsa diqqatga sazovordir.  

Yozma  manbalar  va  arxeologik  tadqiqotlardan  ma’lum  bo‘lishicha, 

Afrosiyob  tepaligi  ustiga  joylashgan  qadimgi  Samarqandning  atrofi 

chuqur jarliklar bilan o‘ralganligi sababli shaharga suv maxsus ko‘tarma 

kanal  yordamida  olib  kiritilgan.  Asrlar  davomida  Samarqanddagi  obi 

hayot  bilan  ta’minlab  kelgan  bu  qadimgi  suv  inshooti  10-12  asr 

manbalarida  "Juyi  ariz",  ya’ni  "Qo‘rg‘oshin  anhori",  aniqrog‘i 

"Qo‘rg‘oshin novasi" nomi bilan tilga olinadi. 



 

11 


Asrlar  davomida  Samarqand  shahrini  suv  bilan  ta’minlashda  yagona 

gidrotexnika inshoot bo‘lib hisoblangan Juyi arziz novasi uning iqtisodiy 

va  siyosiy  hayotida  muhim  rol  o‘ynagan.  SHuning  uchun  ham 

Samarqandning  qadimgi  hukumdorlari  bu  inshootning  mudofasiga  va 

uning  yaxshi  saqlanishiga  doimo  katta  ahamiyat    berganlar.  Juyi  arziz 

anhori  atrofidagi  yerlardan    tushadigan  har  yilgi  daromad  mazkur 

inshootning  ta’miri  uchun  sarflangan.  X  asr  arab  geografi  Istaxriyning 

yozishicha,  Samarqandning  otashparast  aholisiga  yozin-qishin  bu 

inshootni nazorat qilib turish ishi yuklanib, bunday xizmatlari uchun ular 

har yilgi og‘ir jon solig‘i "Juzya" dan ozod etilgan.  

Suv  tarmoqlarining  mana  shunday  izlari  va  inshootlarining 

qoldiqlarini  tadqiq  qilib  qadimiy  shaharning  suv  bilan  qanday 

ta’minlanganini bilib olish mumkin. Chunki ular o‘z vaqtida shaharning 

barpo bo‘lishi, gullab yashnashi va nihoyat vayron etilishida muhim rol 

o‘ynagan.  

Afrosiyobda hamda Registon yaqinida qayd etilgan qadimgi kanal 

qatlamlaridan  chiqqan  arxeologik  topilmalardan  ma’lum  bo‘lishicha 

Samarqandning qadimgi ko‘tarma anhori ilk bor miloddan avvalgi VI-V 

asrlarda  barpo  etilgan.  Dastavval  u  soy  va  buloq  suvlari,  so‘ngra  - 

milodning  V  asrida  Darg‘om  kanali  aholisini  ta’minlagan.  1220  yilda 

Samarqandni  qamal  qilgan  Chingizxon  lashkarlari  shaharni  mudofaa 

qilib turgan aholini suvsiz qoldirib, ularni taslim bo‘lishiga majbur etish 

maqsadida  "Juyi  arziz"  novasini  buzib  tashlaganlar.  O‘z  davrining  bu 

ulkan  gidrotexnika  inshooti  -  "Qo‘rg‘oshin  novasi"ning  vayron  etilishi 

natijasida  doimiy  oqar  suvidan  mahrum  bo‘lgan  Samarqand  o‘zining 

qadimiy o‘rnida qayta tiklanmadi. 



8-sinf “O‘zbekiston tarixi” 

XVII asrda Buxoro xonligida ijtimoiy-iqtisodiy hayot. Mavzusida. 

Abdullaxon bandi suv ombori. 

XVI  asr  Buxoro  tarixchisi  Hofiz  Tinish  Mirmuhammad  al-

Buxoriyning  "Abdullanoma"  nomli  qo‘lyozma  asarida  hikoya 

qilinishicha, Buxoro xoni Abdullaxon (1557-1598 yillarda hukumronlik 

qilgan)  1582  yilda  SHimoliy  Qozog‘istonga  qilgan  harbiy  yurishidan 

qaytib  kelayotganida  Nurotaga  Jo‘sh  qishlog‘i  yaqinidagi  Oqchob 

manzili  orqali  o‘tgan.  Bu  yerda  bahor  oylarida  juda  ko‘p  sel  suvlari 

to‘planar,  ammo  bu  suvlardan  dehqonchilikda  deyarli  foydalanilmas 

ekan.  Sel  suvlarini  bir  joyga  to‘plab,  undan  dehqonchilikda  foydalana 

olish  uchun  xon  Oqchob  darasi  oralig‘iga  katta  to‘g‘on  qurishni 

buyurgan. Shubhasiz, Oqchob qishlog‘ining aholisi suv tanqisligi haqida 


 

12 


Abdullaxonga  arz  qilgan  va 

undan Oqchob soyini to‘sib suv 

ombori 

qurishga 



 

ruxsat 


berishni 

 

iltimos 



qilgan. 

SHundan  so‘ng  Abdullaxon 

xonlikdagi 

eng 


oliy 

mansablardan  biri  -  "otaliq" 

lavozimini 

egallab 


turgan 

Ahmadali 

Naymanga 

band 


qurilishida  boshchilik  qilishni  

buyurgan.  

O‘rta  asrlarda  Hindiston, 

Eron 


va 

Afg‘onistonning 

shimoliy  tog‘lik  va  tog‘oldi 

mintaqalarida 

bunday  

inshootlardan  ayniqsa  keng  foydalanilgan.  Hindistonda  bunday  suv 

omborlari "teng", ya’ni "qisiq" nomi  bilan mashhur bo‘lgan. Zahiriddin 

Muhammad Boburning yozishicha, X-XII asrlarda butun G‘azna viloyati 

G‘aznaband,  Saxanband  va  Saridehband  kabi  uchta  suv  omborlariga 

jamg‘ariladigan suvlar bilan sug‘orilib obod etilgan. Mahmud G‘aznaviy 

(998-1030 y.) tomonidan qurdirilgan G‘aznibod suv ombori to‘g‘onning  

uzunligi  300  qari  (gaz),  balandligi  40-50  qariga  teng  bo‘lgan. 

Keyinchalik  Alouddin  Jahonso‘z  G‘uriy  (1172-1205  y.)  tomonidan 

buzib  tashlagan  bu  sug‘orish  inshooti  1526  yilda  Bobur  farmoni  bilan 

qayta tiklangan. 

Abdullaxonbandini  qurilishi  haqida  mahalliy  aholi  quyidagi  fikrlarni 

aytishadi, 

hikoyaning 

mazmuniga 

qaraganda 

vaqtida 

yuzlab 


toshtaroshlar tog‘dan tosh sindirib yo‘ngan va binokor me’morlar ganch 

pishirgan ekanlar. Tayorlangan ganchxoki meshlarda olib kelingan tuya 

suti  bilan  shinniga  qorilgan.  So‘ngra  tog‘  toshlari  mana  shu  ganch 

qorishmasi  bilan  biriktirilib,  to‘g‘on  qurilgan.  Samarqand  va  Buxoro 

binokor  me’morlari  bunday  qurilish  qorishmasini  “qir”  deb  atashadi. 

"Qir" bilan ishlangan inshoot yoki bino poydevori nihoyatda mustahkam 

bo‘lganligi uchun buxoroliklar qaysi ish ko‘ngildagidek puxta bajarilsa, 

"koro qir g‘isht", ya’ni ishlar qir bo‘lib ketdi degan iborani ishlatadilar. 

Darhaqiqat,  "qir"  o‘z  davrida  o‘rta  asr  qurilishlarida  sement  o‘rnida 

ishlatilgan  mustahkam  birikituvchi  qurilish  qorishmasi  bo‘lib,  O‘rta 

Osiyo me’morchiligida undan juda keng foydalanilgan. 

 

 



Abdullaxon bandi-XVI asr 

 


 

13 


 

 Suv ayirg‘ich ko‘priklar 

Qadimgi 


gidrotexnika 

inshootlari ustida so‘z yuritilar 

ekan,  pishiq  g‘isht  va  suvga 

chidamli 

binokorlik 

qorishmalaridan  qurilgan  suv 

ayirg‘ich  ko‘priklar  ustida, 

umumiy  tarzda  bo‘lsa  ham, 

alohida 

to‘xtalib 

o‘tish 

maqsadga muvofiqdir. Chunki 



ular  O‘rta  asrlarda    suvdan 

foydalanishning 

taraqqiyot 

darajasi  va  uning    rivojlanish 

tarixi    haqida    ba’zi  bir  aniq 

ma’lumotlarni 

byeradi. 

Bunday 


 

inshootlar  

manbalarda  "Qantara",  "sari 

pul", "puli sangin", "tosh ko‘prik", "g‘isht ko‘prik" nomlari ostida  tilga 

olingan.  Mana  shunday    g‘isht  ko‘priklardan  biri  Zarafshon  daryosi 

ustiga    qurilgan  Shayboniyxon  suv  ayirg‘ich    ko‘prigidir.  Bu  

inshootning  qoldig‘i  Samarqand    shahri  markazidan  7-8  km  shimoli-

sharqda  daryoning  so‘l  qirg‘og‘ida  joylashgan.  Adabiyotlarda  u  "Amir 

Temur  ravog‘i",  "Puli  SHodmon  Molik"  va  "Abdullaxon  ko‘prigi" 

nomlari bilan ham tilga olinadi.  

Kamoloddin  Binoiyning  "SHayboniynoma"  asarida  yozilishicha  bu 

inshoot  1502  yili  SHayboniyxon  tomonidan  qurilgan.  Bizning 

davrimizgacha  uning  faqat    bir  ravog‘igina  saqlangan.  Adabiyotlarda 

ushbu  inshoot  dastavval  8,10  yoki  16  ravoqli    bo‘lgan  degan 

ma’lumotlar  uchraydi.  Har  holda  XIX  asrning  40-yillarida  uning  uch 

ravog‘i butun bo‘lgan. 

Ko‘prikning ustki  o‘tiladigan  yo‘l qismining eni  7  m dan  ortiqroq 

bo‘lib, uning ikki cheti pishiq g‘ishtdan, balandligi ham, qalinligi ham 1 

metrlik  g‘ov  qilib  ishlangan.  G‘ovlar,  shubhasiz  ko‘prik  usti 

qatnovchilarining 

shaxsiy 

xavfsizligini 

ta’minlash 

maqsadida 

o‘rnatilgan.  Shunday  qilib,  Shayboniyxon  suv  ayirg‘ich  ko‘prigining 

saqlangan qismlari o‘lchamlariga qaraganda, bu inshootni bunyod qilgan 

XVI  asr  me’mor  quruvchilari  inshootning  daryo  ichida  o‘rnatilgan 

ustunlaridan  tortib  har  bir  ravog‘i  va  ustki  yo‘l  qismlarining 



Peshtoqli sardoba va Sarafshon daryosi 

ustiga qurilgan suv ayrigich. 

 

 



 

 


 

14 


tuzilishigacha  matematik  jiqatdan  aniq  va  puxta  loyihalashtirganlar. 

Afsuski,  u  bu  ajoyib  suv  inshootini  barpo  etgan  O‘rta  asr  gidrotexnik-

me’morlarining nomlari tarixda saqlanib qolmagan.  

Bunday  gidrotexnika  inshootlari  O‘rta  Osiyoda  yagona  bo‘lmagan. 

Masalan  XVI  asr  tarixchisi  Xondamirning  yozishicha  birgina  Xuroson 

viloyatida  Mir  Alishyer  tomonidan  19  ta  hovuz  va  16  ta  g‘ishtin 

ko‘priklar  barpo  qilingan.  Ularning  ayrimlari  hatto  marmardan 

ishlangan. XIII asrga oid qo‘lyozma asarlardan Mirzo Muhammad Bade 

devonning  "Majma’  al-arqom"  da  keltirilgan  ma’lumotlarga  qaraganda 

birginga  Zarafshon  daryosining  quyi  oqimida  "Puli  Karmana",  "Puli 

Mextar  Qosim",  "Puli  Choxorminor"  va  "Puli  Jondor"  kabi  daryodagi 

suv  hajmini  belgilovchi  suv  o‘lchagich  va  suv  taqsimlagich  ko‘priklar 

bo‘lgan.  Ammo  bu  ko‘priklar  allaqachon  vayron  bo‘lib,  ularning 

qoldiqlari daryoning ko‘hna o‘zani ostida qolib ko‘milib ketgan. 

 

  Amirlik davlat tuzumi va uning ma’muriy boshqariluvi. Mavzusida. 

Miroblar 

O‘rta asrlarda  har bir deqonchilik  vohalarida suv xo‘jaligi bo‘yicha 

bosh  mirob  boshliq  o‘ziga  xos  "jamoa  ishlari  mahkamasi"  mavjud 

bo‘lgan.  Jumladan  yirik  sug‘orish  tarmoqlarining  boshlig‘lari- 

"panjabegi",  to‘g‘onlar  o‘rnatuvchi  -  "varqbon"  yoki  "bandbon"  lar; 

shohariqlarning  miroblari  -  "juybon"lar;  suvni  daryoning  yuqori 

oqimidan    uning  quyi  qismi  tomon  tashlovchilar  -  "obandoz",  "obron", 

"manquvvat"lar;  qishloq  ariqlarining    miroblari  -  "arbob",  "poykor"  va 

boshqalardan  iborat  bo‘lgan.  Tarixiy  ma’lumotlarga  ko‘ra  o‘rta  asrlar  

Buxoro  tumanlarida  sug‘orish  ishlariga  viloyat  qozilari  boshchilik 

qilganlar.  Narshaxiyning  yozishicha,  828  yilda    Sa’id  ibn  Xalaf  al-

Balxiy  ismli  qonunshunos  Buxoro  qozisi  qilib  tayinlangach,  yaxshi 

qonun  va  qoidalar  o‘rnatadi.  Jumladan,  kuchlilar  zaif  kishilarga  zulm 

o‘tkazmasligi  uchun  Shahrud  kanaliga  to‘g‘onlar  qurdirib,  Buxoro 

suvini adolat va insof yuzasidan taqsim qilishni joriy etadi. 

Bosh  miroblar  xizmat  haqlari  uchun  davlat  xazinasidan  maosh  - 



dahak olar edilar. Shohariqlarning miroblari o‘z haqlarini dehqonlardan 

yig‘ib  olar  edilar.  U  har  yilgi  hosildan  maxsulot  hisobida  to‘lanadigan 

yig‘im  bo‘lib,  qishloq  aholisi  uni  "mirobona"  deb  yuritar  edi.  Har  bir 

dehqon xo‘jaligi xirmon  ko‘targanda bir yoki ikki g‘alvir (taxminan 8-

16  kg)  hajmida  mirobona  to‘lagan.  SHunisi  qiziqki,  har  yili  miroblar 

boshchiligida  tashkil  etiladigan  hasharlar  o‘z  mavsumida  va  qat’iy 

tartibda o‘tkazilar edi.  


 

15 


 Amirlikning xo‘jalik 

 hayoti.Mavzusida  

 

Sepoya, Chorpoya va 

Chilpoya 

Tezoqar  daryolar,  soylar 

va yirik sug‘orish tarmoqlarini 

bog‘lab,  to‘g‘on  va  bandlar 

o‘rnatish 

va 


ko‘priklar 

qurishda  qadimdan  navardlar 

bilan  bir  qatorda  yana  bir 

antiqa    suf  inshoatlaridan 

foydalanib  kelingan.  U  xalq 

suv 


xo‘jaligi 

amaliyotida 

"sepoya" 

va 


"chorpoya" 

nomlari  bilan  yuritilgan.  Bunday  qurilmalarning  tuzilishi  nihoyatda 

sodda    bo‘lgan.  Uni  yasash  uchun  uch  yoki  to‘rtta  xodalarning  uchlari 

bir-biriga  biriktirilib,  piramida  shaklida  tik  o‘rtanilgan.  So‘ngra,  uning 

kyerilgan  oyoqlarining  pastki    qismga  "yon  yog‘ochlar"  bog‘lanib 

tagkursi  yasalgan.  To‘g‘on  o‘rnatish  uchun  sepoyalar  uchiga  arqon 

bog‘lanib,  birin-ketin  suvga  tushirilgan.  Oqimga  qarshi  barqarorlikni 

oshirish  uchun  sepoyalar  birining  oyog‘iga  ikkinchisi,  ikkinchisining 

oyog‘iga  uchinchisi  chalkashtirilgan  tartibda  o‘rnashtirilgan.  Suvga 

tushirilgan har bir sepoya yoki chorpoya tagkusisiga o‘z navbatida shox-

shabba, chim va tosh bosib chiqilgan. Natijada yuki og‘irlashgan sepoya 

yoki  chilpoya  suv  tubiga  mustahkam  o‘rnashgan  va  oqimni  deyarli 

to‘sib qo‘ygan. 

Shuning  uchun  ham  tezoqar  tog‘  daryolarining  jo‘shqin  oqimlarini 

tartibga  solishda,  xavfli  suv  toshqinlari    o‘pirilishlarini  to‘sib, 

qirg‘oqlarini  mustahkamlashda  sepoya  va  chorpoyalar  o‘z  davrining 

beqiyos  gidrotexnik  qurilmalari  hisoblangan.  Toshkent  vohasi  va 

Farg‘ona  vodiysida    ular  juda  keng  tarqalgan.  Zarafshon  vodiysida 

qisman, Xorazmda esa mutlaqo ishlatilmagan.  

Sepra,  chorpoya  yoki  navardlardan  barpo  etilgan  to‘g‘onlar  orqali 

bog‘lab  olingan  oqim  maxsus  suv  ayrg‘ich  inshootlar  vositasida 

sug‘orish  tarmoqlariga  taqsimlangan.  Bunday  suv  inshootlari  Buxoro 

vohasida    "kunda",  sharqiy  Farg‘onada  esa  "qubur"  deb  yuritilgan. 

Kundalar  tuzilish  jihatidan  Xorazmning  "yotiq  to‘qurtqa"  (suv 

tashlag‘ich)lariga o‘xshasa-da, ammo ishlatilishi jihatdan ulardan tubdan 

Sepoyali to‘g‘on 

 


 

16 


farq  qilgan.  Odatda  "kunda"  yoki  "labigardon"  anhorlardan  bir  nechta 

shohariqlar    ajralib  chiqqan  "panja"larga  o‘rnatilib,  undan  suvni 

ariqlarga  bab-barobar  taqsimlashda  foydalanilgan.  Buning  uchun  bir 

nechta shohariqlarga bo‘lingan anhor  panjasining bo‘g‘zi ko‘ndalangiga 

tubidan  to  yuqorisigacha  ustma-ust  tyerib  chiqilgan  yog‘och  darg‘ot 

to‘g‘on  bilan  to‘silgan.  Natijada    inshootning  old  tomonida  suv 

damlanib,  bir  sathdagi    sokin  suv  oqimi  hosil  bo‘lgan.  Bu  suvni 

shohariqlarga    barobar  taqsimlash  uchun  inshootning  eng  yuqorisidan 

ko‘ndalang  tashlangan  yog‘och  ariqlarning  soniga  qarab,  bir  necha 

yeridan  arralanib,  suv  oqib  tushadigan  darchalar  ochilgan.  Buxoro 

vohasida u "dahana", Farg‘ona vodiysida esa "quloq" deb yuritilgan. 

Sardobalar - gumbazli hovuzlar 

 

Tarixdan ma’lumki, oqar suvlardan mutlaqo mahrum bo‘lgan cho‘l 



va  dashtlarda  qishki  va  bahorgi  mavsumiy  yog‘ingarchilik  asosiy  suv 

manbai hisoblangan. Cho‘llarda atrofi bir muncha balandliklardan iborat 

bo‘lgan  chuqurlarga  qor  va  yomg‘ir  suvlari  to‘planib  kattagina 

ko‘lmaklar  hosil  bo‘ladi.  Bunday  ko‘lmaklar    “qoq”  deb  ataladi. 

Qoqlarning  suvi  chuchuk  bo‘lib,  aholi  qadimdan  cho‘ldagi  chorva 

mollarini  sug‘orishda  undan  foydalanib  kelgan.  Bundan  tashqari 

o‘tmishda  O‘rta  Osiyoning  Qizilqum,  Qoraqum,  Mirzacho‘l,  Qarshi  va 

boshqa    cho‘llar  orqali  chet  mamlakatlarga  qatnagan  savdo  karvonlari 

ham  qoqlarning  suvidan  foydalangan.  Shuning  uchun  ham  O‘rta  Osiyo 

cho‘llarini  kesib  o‘tgan  qadimgi  karvon  yo‘llari  yirik  qoqlar  bo‘ylab 

yo‘nalgan. 

Shuni  ham  aytish  kyerakki,  qoqlarda  suv  yil  bo‘yi  saqlanmagan. 

Chunki yoz oylarda qoqlardagi suvning bir qismi quyoshning kuchli nuri 

ta’sirida  bug‘lanib  ketsa,  ikkinchi  qismi  yyerga  singib,  iyun  oyining 

oxiri  va  iyul  oyining  boshlarida  deyarli  qurib  qolgan.  Bunday  ahvol, 

savdo  karvonlarining  suvsiz  cho‘llarni  kesib  o‘tishida  shubhasiz,  katta 

qiyinchiliklar  tug‘dirgan.  Shu  sababli  cho‘llar  orqali  qatnaydigan 

karvonlarni  yoz  oylarida  suv  bilan  ta’minlash  muhim  ahamiyatga  ega 

bo‘lgan.  Qoqlardagi  suvni  kichikroq  hajmdagi  chuqurroq  joylarga 

to‘plab,  quyosh  parlanishidan  saqlash  maqsadida  qadimgi  suvchilar 

karvon yo‘llari bo‘ylab cho‘llardagi  qoqlarga va ba’zan buloqlar ustiga 

maxsus  suv    inshootlari  qurishgan.  Bunday  inshootlar  “sardoba”  nomi 

bilan mashhurdir.  

“Sardoba”  tojikcha  so‘z  bo‘lib,  suvxona  yoki  muzxona  ma’nosini 

anglatadi.  Sardobalarni  tuzilishiga  qarab  usti  yopiq  hovuzlar  deb  atash 

mumkin.  Chunki  ular  pishiq  g‘ishtdan  doira  shaklida  ishlangan  ichi 



 

17 


chuqur  va  usti  gumbazli  hovuz  bo‘lib,  cho‘l  manzarasida  xuddi 

ko‘chmanchi chorvador aholining o‘toviga o‘xshab ko‘zga tashlanadi.  

 

 

 



Sardoba  hovuzini    loyqa  bosib,  inshootni    ishdan  chiqarmasligi 

uchun, sardoba oldiga kattagina suv tindirgich - ochiq hovuz kovlangan. 

Atrofdan  oqib  kelgan  qor  va  yomg‘ir  suvlari  avval  suv  tindirgichda  

to‘planib,  undagi  loyqa  hovuz  tubiga  cho‘kkandan  so‘ng,  toza    suv 

sardobaga  quyilgan.  Suv  tindirgichga  chorva  mollari  kirib  qolib  suvni 

ifloslantirmasligi uchun uning atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan.  

Sardobalar sharqda keng tarqalgan suv inshootlaridan bo‘lib, ular asosan 

qadimgi  karvon  yo‘llari  bo‘ylab  qurilgan.  Xurosonda    (Shimoliy  Eron) 



Gumbazli hovuz – sardoba (XVI asr) 

 

18 


bunday  suv  inshootlari  “Obanbor”,  Ozarbayjonda  esa  “avdon”  nomlari 

bilan yuritiladi. 

Ayrim ma’lumotlarga qaraganda O‘zbekiston va uning atrofida 44 

ta  sardoba  bo‘lib,  ularning  yigirma  to‘qqiztasi  Qarshi  cho‘lida,  uchtasi 

Mirzacho‘lda,  yana  uchtasi  Toshkent-Farg‘ona  o‘rtasidagi  qadimgi 

savdo yo‘lida va bittasi Karmana yaqinida Cho‘li Malikda bo‘lgan. O‘z 

vaqtida    bu  sardobalar  joylashgan  hududlarda  ravotlar  yoki 

karvonsaroylar  qad  ko‘targan.  Bular,  shubhasiz,  cho‘llarda  bekat  - 

karvonlarning to‘xtash joyi vazifasini o‘tagan.   

 

Yer ostidagi oqar daryo - yer osti suv inshooti 

Daryo  suvlaridan  uzoqda  joylashgan  tog‘  oldi  va  cho‘lga 

chegaradosh  hududlarda  asosiy  suv  manbalaridan  yana  biri  -  yer  osti 

suvlari  hisoblanadi.  Shuning  uchun  ham  bunday  viloyatlarda  yashagan 

aholi  qadim  zamonlardan  boshlab  yer  osti    qatlamlardagi  boy  suv 

resurslaridan o‘z ehtiyoji uchun foydalanishga harakat qilgan. Ular tekis 

yerlarda  quduqlar  qazib,  qovga  (chorva  mollari  tyerisidan  tikilganqop 

yoki mesh) bilan suvni tortib o‘z ehtiyojlarini qondirgan bo‘lsalar, past-

baland  adirlardan  iborat  tog‘  etaklarida  yuzlab  quduqlarni  bir-biriga 

tutashtirgan  antiqa  suv    inshooti  -  korizlar  vositasida  yer  osti  suvlarini 

yer yuziga chiqarib, dehqonchilik qilganlar. 

O‘zbekistonda mana shunday antiqa irrigatsiya inshootlaridan keng 

foydalaniladigan  tumanlardan  biri  Nurota  va  Kitobdir.  Bu  yerlarda 

qadim  zamonlardayoq  barpo  etilgan  korizlardan  hozirgi  kungacha 

foydalanib  kelinmoqda.  Qashqadaryoning  Kitob  tumanida      hozirgacha 

13  ga  yaqin  korizlar  saqlanib  qolgan.Nurotaliklar  korizlar    kovlab  yer 

osti  suvlarini yer yuziga  chiqarish tarixini yeramizdan  avvalgi 329-327 

yillarda  O‘rta  Osiyoga  bostirib  kirgan    makedoniyalik    Iskandar  bilan 

bog‘laydilar. Nurotaliklarning  hikoya qilishlaricha Iskandar Zulqarnayn 

Zarafshon vodiysiga qo‘shin tortib kelganda  Nurota tizmasining janubiy 

qanoti    Oqtog‘ning  eng  yuqori  cho‘qqisiga    chiqqan.  U  tog‘dan  janub  

tomonga qarab Zarafshon daryosi va obod vodiyni, shimol tomonida esa 

daraxtsiz    keng  maysazor  yaylovni  ko‘rgan.  O‘shanda  Iskandar    yam-

yashil poyonsiz keng dashtga  qarab bu viloyatning daryosi  yer ostidan 

oqar ekan, degan emish.  So‘ngra qo‘shinini Nurotaga olib kelib, 366 ta 

harbiy    qism  sarkardalariga  har  biri  o‘z  otradlari  bilan    bittadan  koriz 

kovlashi haqida buyruq bergan. Natijada 366 ta koriz kovalanib, Oqtog‘ 

etaklariga  suv  chiqarilgan  va  Nurota  atrofi  obod  bo‘lgan.    Korizni 

kovlashda  lag‘m  (qazilgan  quduqlarni  bir-biriga  birlashtiruvchi  teshik)  



 

19 


o‘tkazish  eng  mashaqqatli  va  eng  ma’suliyatli  ish  bo‘lib,  yer  osti 

suvlarining  yer  ustiga  oqib  chiqishi  lag‘mning  to‘g‘ri  kovlanishiga 

bog‘liq bo‘lgan.    

Buning uchun, birinchidan, quduqlarni birlashtirishda qarama-qarshi 

tomonlardan  kovlanadigan  lag‘mning  biror  yoqqa  qiyshayib  ketishiga 

yo‘l qo‘ymay, quduqlarni bir-biriga to‘g‘ri tutashtira olish, ikkinchidan, 

koriz orqali yer osti suvlarini yer ustiga oqib chiqishini ta’minlash lozim 

bo‘lgan. SHuning uchun ham lag‘mlar odatda 0,002-0,005  m qiyalikda 

kovlangan.  

 

Koriz  kovlashda  bir  qancha  korizchi  jamoalar  oylab  va  yillab 



lag‘m  hamda  quduqlar  qazib, minglab  kubometr  tuproq  va  shag‘allarni 

qazib  chiqarishgan.  Masalan,  uzunligi  3  km  bo‘lgan  250-300 

quduqlardan  iborat  o‘rta  hajmdagi  korizdan  taxminan  7-8  ming 

Er sathini 

belgilash 

asbobi- 


soqili tarozi 

Korizning chizmasi 

 

20 


kubometr  tuproq  qazib  chiqarilgan.  Nurotadagi  korizlardan  birining 

"Zulm"  deb  atalishi  yer  osti  suvlarini  yer  ustiga  chiqarishdagi  mehnat 

jarayonining nihoyatda og‘irligidan bo‘lsa kyerak.  

Ma’lumki, korizlardan bir me’yorda suv oqib turishi uchun ular har 

yili  tozalanib,  ta’mirlanadi.  Koriz  tozalash  eng  mashaqqatli  va  og‘ir 

ishlardan hisoblanadi. Chunki  korizdor dehqonlar har yili erta  bahorda 

20-30  kun  davomida  korizning  ichida  suv  kechib,  lag‘m  va  quduqlar 

tubiga cho‘kkan loyqalarni qazib chiqarganlar. Ko‘pincha koriz pushtasi 

cho‘kib, lag‘imning kattagina qismini bosib qolar edi. 

Bunday hollarda lag‘mning bosib qolgan qismi qayta qazilib, o‘pirilgan 

joylari yog‘och yoki toshlar bilan mustahkamlanar edi. O‘zbekistonning 

tog‘  oldi  hududlarida  qadim  zamonlardan  to  hozirgi  kungacha 

korizlardan foydalanib kelinmoqda. Masalan, Maston, Mastak, Zulfiqor, 

Zulum,  Mozor,  Xayrobod,  Sulton,  Ko‘nchi,  Begli,  Tayla,  Korizcha 

singari bir qancha korizlardan hanuzgacha foydalanilmoqda.  

 

Qoraqalpoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti. Mavzusida 



Chorvachilikda suvdan unumli foydalanish. 

Qadimgi  davrlardan  to  XX  asr  boshlariga  qadar  chorvador  aholi 

o‘rtasida  suvdan  unumli  foydalanishning  o‘ziga  xos  usullari  o‘ylab 

topilgan.  Chorva  mollari  hamma  vaqt  ham  suvga  yaqin  yerda 

boqilmagan,  ko‘pincha  uzoq  masofalarga  haydab  borilib  chorva 

sug‘orilgan.SHunday  paytlarda  bir  muammo  bulgan,  ya’ni  tug‘ilgan 

yosh qo‘zichoq-uloq va ularning onalari bunday masofaga haydab borib 

sug‘orishning  imkoni  bo‘lmagan.  Qo‘zilagan  chorva  mollariga  suv 

etkazib berishning antiqa yo‘li o‘ylab topilgan.Unga ko‘ra qish faslining 

yanvar,  fyerbal  oylarida  maxsus  qazib  tayyorlab  qo‘yilgan  2-3  metrli  

o‘ra yoki xandakka yog‘ayotgan qorlar to‘plangan va  xandak usti soh-

shabba, kigizlar bilan yopilib ko‘mib tashlangan.Muzlab qolgan qor yer 

ostida  hatto  may  oylarigacha  saqlangan  .  Kyerakli  paytlarda  muzdan 

chopib  olinib  qo‘rada  (chorva  mollari  saqlanadigan  joy)  qolgan  qo‘y-

qo‘zilarga  berilgan,  oilaviy  yumushlarda  ham  foydalanilgan.  Qazilgan 

xandakda  muz  suvni  toza  saqlash  uchun  xandak  ostiga  va  uning  yon 

tomonlariga butasimon o‘simliklarning shoxlari maxsus quyib chiqilgan. 

Bu  antiqa  suv  saqlash  usulini  haligacha  keksa  cho‘ponlar  eslashadi. 

SHuning uchun chorvador aholi o‘rtasida suv juda qadrlangan

.  


 

 

21 


9-sinf “O‘zbekiston tarixi” 

  XIX asrning o‘rtalarida 

 O‘rta Osiyo davlatlari 

 hududi, aholisi va 

ma’muriy boshqaruvi. 

 

Charxpalak va Chiqirlar 

Abu 


Abdulloh 

Muhammad 

Xorazmiy  Marv  vohasining  X 

asr 


sug‘orish 

tehnikasini 

tasvirlagan 

vaqtida, 

chiqirlarning 

dulob, 


doliya, 

g‘arrafa,  zurnuk,  naura  va 

manjanun  kabi  alohida-alohida 

oltita  atamalarni  tilga  olgan. 

Rus  tarixchisi  V.V.Bartoldning 

fikricha,  bu  atamalarning  har  biri  alohida  ma’noga  ega  bo‘lib,  baland 

yerlarni  sug‘orish  uchun  suv  chiqaradigan  chiqirlarning  turli  xillarini 

anglatgan.   

Chiqirlar  vositasida  suvni  asosan  2  m  bakandlikka  chiqarish  uchun 

ba’zan bir necha pog‘onali chiqirlar ham o‘rnatilgan. Afsonalarga ko‘ra, 

qadim  zamonda  eti  pog‘onali  chiqirlar  o‘rnatilib,  Ustyurtga  suv 

chiqarilgan  ekan.  Ammo  Ustyurtda  olib  borilgan  arxeologik 

tadqiqotlarda buning alomati qayd etilmagan. 

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Amudaryo etaklarida joylashgan 

yerlar 70 mingga yaqin chiqirlar vositasida sug‘rilgan.  

Sug‘orma  dehqonchilikda  chig‘irlarning  ham  salbiy,  ham  afzal 

tomonlari bo‘lgan. Avvalo oqar suvdagi  minyeral tuzlarga boy loyqalar 

xandakka cho‘kib, ekin maydonlari toza suv bilan sug‘orilgan. Natijada 

dalalarga  loyqalar  tarkibida  oqib  kiradigan  tabiiy  o‘g‘itlar  miqdori 

keskin  kamayib,  vaqt  o‘tishi  bilan  yerning  hosildorligi  o‘z-o‘zidan 

paysaygan. Biroq, chiqir bilan  sug‘orishda suv nihoyatda tejalib, undan 

foydalanishda  rejasizlikka  mutlaqo  yo‘l  qo‘yilmagan.  Shu  bilan  birga 

chiqir  xandaqqa  oqib    kiradigan  suv  sathining  qariyib  2  m  pastroqda 

turishi  yerlarni    meliorativ  holatini  mo‘‘tadillashtirib,  uzoq  vaqt 

davomida  paykallarning  ortiqcha  zaxdan  sho‘ralanib  ketishiga  yo‘l 

byermagan.  

Misr soqiyasi- chig

ir 


 

 

22 


Suvni ko‘za bilan o‘lchash. 

Qadimdan  aholi  o‘rtasida  o‘rnatilgan  qat’iy  tartib  bo‘yicha 

chashmadan  har  daqiqada  oqib  chiqadigan  suv  hisobga  olinib  turilib, 

taqsimlanib  kelingan.  XIX  asr  oxiri  va  XX  asrning  boshlarida    tarixiy 

ma’lumotlar  yozib  qoldirgan  mualliflardan  Mirza  Salimbek  binni 

Muhammad Rahimning  yozishicha, Nurota chashmasining suvi "ko‘za" 

bilan hisob qilinib, dehqonlar o‘rtasida taqsimlangan.  

Chashma  suvi  ko‘za  bilan  qanday  o‘lchangan?    Ko‘za  5-6  litr 

suyuqlik ketadigan sopol idishdan ishlangan juda sodda suv soati bo‘lib, 

yozda suv taqsimlanayotganda u bilan vaqt belgilangan. Sopol ko‘zadan 

suv soati yasash uchun ko‘zaning tubi yon tomonidan dug bilan teshilib, 

teshikka  ingichka  qamish  naycha  o‘rnatilgan.  Suv  taqsimoti  paytida 

ko‘za  suvga  to‘lg‘azilib,  suv  naychadan  oqizib  qo‘yilgan.  Ko‘zadagi 

suvning naycha orqali jildirab batamom oqib chiqishi uchun ketgan vaqt 

"bir  ko‘za"  deb  hisob  qilingan.  Nurota  chashmasidan  bir  kecha-

kunduzda  oqib  chiqqan  suv  160  ko‘zaga  teng  bo‘lib,  kechasidagisi  64 

ko‘za va kunduzgisi esa 96 ko‘za hisoblangan. Vaqt bilan hisoblanganda 

har bir ko‘za 9 daqiqaga  teng bo‘lgan. Kunduzgi uch ko‘za va kechasi 

ikki  ko‘za  bir  "qora"  suv  hisoblangan.  Bir  kunlik  suv  32  qoraga  teng 

bo‘lgan.  

Sug‘orish  mavsumida  chashma  yoki  ariqda  oqayotgan  suvni  ko‘za 

bilan  o‘lchab,  xususiy  dehqon  xo‘jaliklari  o‘rtasida  taqsimlash,  suvga 

tanqis  Qashqadaryo  va  Jizzax  vohalari  uchun  xos  bo‘lgan. 

Qashqadaryoda u "o‘ndi", Jizzaxda "ko‘za" nomlari bilan yuritilgan. Bu 

oddiy  suv  soati  ba’zan  chilim  qovoqdan  ham  yasalgan.  SHunday  qilib, 

ko‘za  faqat  suv  idishigina  bo‘lib  qolmay,  balki  sopol  ko‘za  va  chilim 

qovoqlardan  yasalgan  soddagina  "suv  soati"  bo‘lib,  suv  taqsimoti 

mavsumida  miroblar  qo‘lida  dehqonlar  haqobasini  o‘lchab  byeradigan 

asbob - vaqtni belgilovchi soat bo‘lib ham xizmat qilgan.  

Aziz  ustozlar  suv  va  suvdan  foydalanish  doir  ushbu  malumotlar 

bizningcha  dengizdan  tomchidir.Maqsadimiz  tarixda  qanday  qilib 

suvdan 


foydalanganliklari, 

uning 


mashaqqatlari 

to‘g‘risida 

o‘quvchilarga ma’lumotlar berish. Shu orqali o‘quvchilarimizda bugungi 

kunda  suvning  qadriga  etishdek  tuyg‘uni,  bizni  chanqovimizni 

chiqaradigan,  ekin  yerlarimizga  oqib  kelayotgan  suvning  ortida  juda 

ko‘p mehnatlar yotishidek tasavvurni shakillantirishdan iboratdir .  



 

23 


 

 

Foydalanilgan adabiyotlar: 

1.

 



Zahriddin Muhammad Bobur . Boburnoma. T. 1991 yil. 

2.

 



Narshaxiy. Buxoro tarixi . T-1991. 

3.

 



Ya.G‘. G‘ulomov. Xorazmning sug‘orish tarixi. Qadim 

zamonlardan hozirgacha T, Fan, 1959 yil.   

4.

 

A.R Muhammadjonov. Quyi zarafshon vodiysining sug‘orilish 



tarixi.(Qadimgi davrdan to XX asrgacha) “Fan”,T-1972. 

5.

 



A.R Muhammadjonov. O‘zbekistonning qadimgi gidrotexnika 

inshootlari. “O‘zbekiston” T-1997. 

6.

 

A.R Muhammadjonov. SHayboniyxon suv ayirg‘ich ko‘prigi. 



T.O‘zbekiston. 1969. 

7.

 



A.Ashirov “Avesto”dan meros marosimlar. T. 2001 y. 

8.

 



A.Kadirov. Voda i etika. T-2005. 

 

 



 

 

 



 

 

 



 

 

 



 

 

 



 

 

 



 

 

 

 

 

 

 

 

24 


 

 

Mundaraja 

1.

 



 Kirish ---------------------------------------------------------------3bet 

                                      6 -sinf "Tarix" darsligi 

     2.   . Urug‘chilik jamiyati mavzusida-------------------------------4 bet 

     3.    Eneolit va bronza asri ziroatchilari mavzusida---------------4 bet 

4.    Temir asriga o‘tish davrida O‘rta Osiyoning       rivojlanishi.Ilk 

sivilizasiyalar vujudga kelishi davri    mavzularida-----------------

------------------------------------3 bet 

    5.   Ahmoniylar davlati mavzusida.-------------------------------  5 bet 

    6.   Zardushtiylik mavzusida.----------------------------------------5 bet 



    7-sinf O‘zbekiston tarixi. 

    7.   Eftaliylar davlatida ijtimoiy va iqtisodiy hayot.-- -----------7 bet 

    8. “Kulfakli" hovuzlar------------------------------------------------7 bet 



    9.   Somoniylar davlatida ijtimoiy va iqtisodiy hayot.  Mavzusida. 

Xonbandi suv ombori.--------------------------------------------8 bet 



  10.  Qishloq xo‘jaligi va iqto yerlarning   kengayishi.Mavzusida. 

G‘ishtband.-----------------------------------------------------------9 bet 

  11. IX-XII asr boshlarida me’morchilik, san’at, musiqa va   diniy 

etiqod. Mavzusida. 

     "Juyi arziz" - "Qo‘rg‘oshin novasi"--------------------------------11 bet 

8-sinf “O‘zbekiston tarixi” 

  12  XVII asrda Buxoro xonligida ijtimoiy-iqtisodiy hayot. Mavzusida. 

Abdullaxon bandi suv ombori.--------------------------------------12 bet 

  13. Suv ayirg‘ich ko‘priklar--------------------------------------------14 bet 

  14.  Amirlik davlat tuzumi va uning ma’muriy boshqariluvi. 

Mavzusida. Miroblar-------------------------------------------------15 bet 



  15.  Amirlikning xo‘jalik hayoti.Mavzusida. Sepoya, Chorpoya va 

Chilpoya.--------------------------------------------------------------16 bet 

 16. Sardobalar - gumbazli hovuzlar------------------------------------17 bet 

 17. Yer ostidagi oqar daryo - yer osti suv inshooti-------------------19 bet 

 18.  Qoraqalpoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti. Mavzusida 

Chorvadorchilikda suvdan unumli foydalanish.------------------20 bet 



9-sinf “O‘zbekiston tarixi” 

19.  XIX asrning o‘rtalarida O‘rta Osiyo davlatlari hududi, 

    aholisi va ma’muriy boshqaruvi. Charxpalak va Chiqirlar-------21bet 

20.  Suvni ko‘za bilan o‘lchash.------------------------------------------22 bet 



 

Download 187.89 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling