Namangan davlat universiteti filologiya fakulteti


Download 0.93 Mb.
bet23/42
Sana11.10.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1698819
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   42
Bog'liq
Ўзбек тилшунослиги тарихи MAJMUA (3)

QORAXONIYLAR DAVRI TILSHUNOSLIGI.
MAHMUD KOSHG’ARIYNING LINGVISTIK QARASHLARI


RYeJA:

  1. Mahmud Koshg’ariyning hayoti va ilmiy faoliyati.

  2. “Devonu lug’atit turk” (DLT) asarining qo’lyozma va nashriy nusxalari.

  3. Mahmud Koshg’ariy – qiyosiy – tarixiy tilshunoslik asoschisi.

  4. Olimning fonetik, leksik va leksikografik qarashlari.

  5. Olimning so’z yasalishi va morfologiya bo’yicha qarashlari.

Tayanch tushunchalar: “DLT”ning topilish tarixi, asarning ilmiy ahamiyati; ”DLT”ning nashrlari; Mahmud Koshg’ariy va arab tilshunosligi; olimning lisoniy qarashlari.
Maxmud Ibn – ul - Husayn ibn Muhammad - al Koshg’ariy o’z davrining atoqli olimi sifatida tilshunoslikka oid “Devonu lug’atit turk" asarini yaratgan. M. Koshg’ariyning "Devonu lug’atit turk" asari 1914 yilda Turkiyaning Diyorbakir shaxridan topildi. Qo’lyozmani ko’chirgan kotib Muhammad binni Abu Bakr Damashqiyning yozishicha, Maxmud Koshg’ariyning o’z dastxatidan foydalangan. "Devonu lug’atit turk" 1915-1917 yillarda uch tomdan iborat qilib Istambulda nashr etiladi. Shu nashri asosida V. Brokkelman bu asarni 1928 yilda nemis tiliga tarjima qilib nashr etadi. 1939 yidda Ankarada Basim Atalay tarjimasida turk tilida bosiladi. Olim S. Mutallibov "Devon" tarjimasi ustida samarali ishlab, 1960-1963 yillar davomida uch tomlik tarzida o’zbek tilida nashr qildirdi.
M. Koshg’ariyning "Devonu lug’atit turk" asari kirish va lug’at qismidan iborat.
Kirishda muallif "Devon"ning yaratilish sabablari, o’z ish uslubi, "Devon"ning qurilishi, turkcha so’zlarning tuzilishida qo’llanidadagan harflar haqida, so’zlarning tuzilishi haqida, kitobda aytilgan va aytilmagan narsalar haqida, turk tabaqalari va qabilalarining bayoni haqida, turk tilining xususiyatlari, tilda va lahjalarda bo’lgan farqlar haqida fikr yuritadi. Asarning lug’at qismida so’zlar sakkiz bo’limda izohlanadi. Davrdagi taomilga ko’ra, turkiy so’zlarga arabcha izoh beriladi. Shuning uchun ham M. Koshg’ariy: "Tushunilishi oson bo’lsin uchun asarda arabcha istiloh (termin)lar qo’lladim",-deb yozadi.
M. Koshg’ariy turkiy tillar qurilishini tasvirlashda qiyosiy usuldan keng foydalanib, tilshunoslikda qiyosiy - tarixiy metodning asoschilaridan biri bo’lib qoldi. M. Koshg’ariyning turkiy tillar leksikasi, fonetikasi va morfologiyasini bir - biriga qiyoslab, ular orasidagi o’xshash va farkli tomonlarini ko’rsatdi. Bu faktlarni izohlashga tarixiy aspektda yondashdi. M. Koshg’ariy til faktlari asosida qabilalarning bir-biriga bo’lgan munosabatlarini ko’rsatdi va o’sha davrdagi iqtisodiy, ijtimoiy sharoitlar asosida qabilalarningg bir - birlari bilan birika boshlashi natijasida yuzaga kelgan xalq tilining ilk davri materiallaridan namunalar keltirdi. U o’zbeklar, qozoqlar, qirg’izlar, turkmanlar, uyg’urlar, tatarlar va boshqa xalqlarning qadimgi qabilalarini va ularning qadimgi sodda tillaridagi so’zlarning qaysi xalq va qabila tiliga oid ekanligini izohladi. Shu nuqtai nazardan lug’atdagi so’zlarni bir necha guruhga ajratish mumkin.
Hamma turkiy tillarda qo’llanadigan so’zlar- ish, esh, yo’l, bosh, boy kabilar. Bu so’zlar fonetik variantlari bilan farqlansa-da, bir xil shakl va ma`noda ishllatiladi.
Bir xil shakl va ma`noda bir necha turkiy tillarda qo’llanilgan turkiy so’zlar: bol (suvor va qipchoq tilida asal ma`nosida), suzgak (arg’u va qipchoq tilida cho’mich ma`nosida) kabilar. Ayrim qabila va xalq tiliga oid so’zlar sug’ut - suzma (qarluq tilida), o’tunch - qarz (o’g’uz tilida), keraklamoq - o’g’irdamoq (yag’mo tilida), gejak - kokil (arg’u tilida) kabilar.
Bu haqda M. Koshg’ariy shunday yozadi: "Men turklar, turkmanlar, o’g’uzlar, chigillar, yag’molar, qirqizlarning (qirgizlarning) shaharlarini, kishloq va yaylovlarini ko’p yillar kezib chiqdim, lug’atlarini to’pladim, turli xil so’z xususiyatlarini o’rganib, aniklab chiqdim. Kundalik turmushda qo’llaniladigan turli xil narsa va predmetlar borki, ular hayotga singib ketgan. Ularni nomlovchi so’z tilda bo’lmasa, shunday so’zni qo’shni tildan olish mumkin. Tilda mavjud so’zlar o’rnida boshqa til so’zini qo’llash zararli (manfiy holat) deb xisoblaydi. Bu fikrga asoslanganimizda bilge, bitig, urag’ut kabi turkcha so’zlar o’rnida arabcha olim, kitob, ayol kabi so’zlarni qabul qilmasligimiz kerak.
M. Koshg’ariy so’zlar etimologiyasi, so’z yasalishi va har xil so’z turkumiga oid yasovchi affikslar to’g’risida dastlabki qoidalarni yaratdi. Bu turkiy tillar tuzilipshning asosiy belgisi-o’zakka qo’shimchalar qo’shish yo’li bilan yangi so’zlar yasalishi hodisasi haqida genial fikr bildirdi. Uning bu fikrini XIX asrda yaratilgan nazariya bilan qiyoslasa, M. Koshg’ariyning yetuk tilshunos ekanligi ko’zga tashlanadi. M. Koshg’ariy so’zlarni uch turkumga ajratadi: ismlar, fe`llar va harflar. Yordamchi so’zlar va qo’shimchalarni harf atamasi bilan ataydi.
M. Koshg’ariyning o’sha davr fonetikasiga doir fikrlari turkiy tillar fonetikasi uchun qimmatlidir. "Devon"da tovush almashinishi, tovush tushishi, tovush orttirilishi, tovushlar garmoniyasi (qatgik. va yumshok so’zlar) kabi masalalar batafsil izohlanadi. M. Koshg’ariy tovush va harflar o’rtasidagi munosabatni birinchi marta aniqladi va o’sha davr yozuvidagi harflar jonli til tovushlarini to’la ifodalay olmasligini ko’rsatdi. U o’sha davr vokalizmi va konsonantizmiga oid original fikr bildirdi. Undilardagi kenglik va torlik, cho’ziklik va qisqalik, undoshlar tizimidagi sodda va kombinator undoshlar, ulardagi jaranglilik va jarangsizliq undoshlarning qator kelishi hodisalarn haqida kiziqarli muloxazalar bayon etdi.
M. Koshg’ariy "Devonu lug’atit turk" asarida turkiy tillarning birinchi tasnifini bergan. U turkiy tillarni tasnif qilganda ikki prinsipga asoslanib ish ko’radi: 1) qabilaviy tillarning sofligiga (to’g’riligiga ko’ra); 2) qabilaviy tillardagi fonetik va morfologik farklarga ko’ra.
Maxmud Koshg’ariy qabilaviy tillarning sofligi tushunchasi ostida
turkiy bo’lmagan tillar ta`siri darajasini tushunadi. Shunga ko’ra
turkiy tillarni ikki gruppaga ajratadi: a) sof to’g’ri til; b) aralashgan
tillar. Sof to’g’ri tilga fors va boshqa o’lkalar bilan aloqa qilmaydigan yag’mo, to’xsi va Itil (Volga), Yamar (Irtish) daryolari bo’yidan boshlab uyg’ur shaharlarigacha bo’lgan hududlarda yashovchi qabilalar va "xoqoniy"turkchasi tili atamasini kiritadi. Bundan tashkari qirg’iz, qipchoq, o’g’uz, chigil, irg’oq jaruk., bulg’or, suvor, pecheneg qabilalarining tilida ham turkiy bo’lmagan tillarning ta`siri sezilmaydi.
Aralashgan turkiy qabila tillarini M. Koshg’ariy o’z navbatida ikki guruhga bo’ladi: 1. Sug’d tili ta`sirida bo’lgan, sug’d va turkiy tillarda gapirisha oladigan sug’dak, kanjak, arg’u qabilalarining tilini kiritadi. 2. Ikki tilli bo’lgan, turklashgan xitoy - tibet xalqlari: xo’tanliklar, tibetliklar (tubut) va tango’tlar tili bu guruhga kiritiladi.
M. Koshg’ariy turkiy tillarning boshqa tillar ta`siri darajasiga ko’ra tasnifi prinsiplari hozir ham shevalar tasnifida qo’llaniladi.
M. Koshg’ariy turkiy tillarni fonetik va morfologik farklariga ko’ra tasnif qilishda tillarning geografik tarqalishi prinsipini ham ko’zda tutadi. U fonetik va morfologik prinsipga asosan turkiy tillarni ikki guruhga ajratadi:
1. Chigil, yag’mo, tuxsi, qarluq, uyg’urlardan boshlab yuqori Chingacha
(Mochingacha) bo’lgan qabilalar tili.

  1. O’g’o’z, arg’u, qipchoq, totor, yamaq, suvorin va rusdan Vizantiyagacha
    (Rumgacha) joylashgan qabilalar tillari.

Shartli ravishda birinchi guruhni sharqiy tillar, ikkinchi guruhni esa g’arbiy tillar deb atash mumkin. Sharqiy va g’arbiy turk qabila tillari orasida fonetik hamda morfologik farqlar mavjud.
Fonetik jihatdan sharqiy turklar tilida so’z boshida jarangsiz t tovushi kelsa, g’arbiy turklar tilida d tovushi keladi: tevey -devey, tag’ - dag’.
Sharqiy turklar tilida y tovushi kelsa, g’arbiy turklar tilida j tovushi bilan y tovushi parallel qo’llaniladi: yinju - jinju, yelkin - alkin kabi. Sharqiy turklar tilida sonor m tovushi kelsa, g’arbiy turklar tilida portlovchi b tovushi keladi: men - ben, mun –bun. Sharqiy turklar tilida so’z o’tasida til o’rta (interdental) jarangli z tovushi kelsa, g’arbiy turklar tilida dz (?), z (?), y tovushlari keladi: qazin - qayin, qozdi- quydi, qazg’u- qaygu, azaq - adaq – ayaq,qazin– qadin qayin. Sharqiy turklarda lab tish v tovushi g’arbiy turklar tilida lab-lab v (w) tovushi keladi: tovar - towar kabi.
Maxmud Koshg’ariy ma`lumotiga ko’ra, sharqiy gruppa tillari uchun tor unlilar (bardim, sin, sen, teiy), g’arbiy gruppa tillari uchun esa keng unlilar xarakterli (bardim, san, tavay). M. Koshg’ariyning ko’rsatishicha ayrim sharqiy turklar tilida so’z oxirida i tovushi kelsa, g’arbiy turklar tarkibiga kiruvchi argular tilida n keladi: koy - qon, chitay - chigan.
Morfologik jihatdan sharqiy va g’arbiy turklar tilida quyidagi farklarni ko’rsatadi:

  1. Zamon, makon va kurol nomi sharqiy gruppa tillarida -gu (-g’u,
    -ku, -qu) qo’shimchasi bilan yasalsa, g’arbiy gurux tillarida -(i) asi, -
    (i) yesi affiksi bilan yasaladi: barg’u - barasi, kelgu - kelasikabi.

  2. Shaxs oti sharqiy turklar tillarida - guchi, -kuchi, -g’uchi, -
    quchi qo’shimchasi bilan yasalsa, g’arbiy gruppada - dachi, - tachi, -dechi,
    -techi qo’shimchalari bilan yaealadi: barguchi -bardachi, turguchi -turdachi
    kabi.

  3. Sharqiy tillardagi -gan, -g’an, -kan, -qan, -gen, -ken sifatdosh
    shakliga g’arbiy gruppada -(i) an, -(i) yen shakli muvofiq keladi:
    bargan - baran kabi.

  4. Sharqiy guruh tillarida o’tgan zamon -di va shaxs-son
    ko’rsatkichlari bilan yasalsa, g’arbiy guruhda sifatdoshning -duq -duk
    formasi bilan yasalishini ko’ramiz: men yay qurdum - ben yay qurduq.

Mavzuni mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar:

  1. “DLT”ning topilish tarixini bidasizmi?

  2. “DLT”ning qulyozma va nashriy nusxalari haqida fikr yuriting.

  3. Mahmud Koshg’ariy haqida qanday ma`lumotlar yetib kelgan?

  4. “DLT”da turkiy til elementlari qanday qiyoslangan?

  5. Mahmud Koshg’ariyning lisoniy qarashlarini izohlang.

Adabiyotlar:

  1. Abdurahmonov G’. Shukurov Sh. O’zbek tilining tarixiy grammatikasi. T., 1973.

  2. Koshg’ariy M. Devonu lug’atit turk. T., 1960 – 1963.

  3. Muxtorov J. Sanaqulov U. O’zbek adabiy tili tarixi. T., 1995.

  4. Tursunov U. va.b. O’zbek adabiy tili tarixi. T.,1995.

  5. Fozilov E. Sharqning mashhur filologlari. T., 1971.

  6. O’rinboyev B. O’zbek tilshunosligi tarixi. Samarqand, 1999.

  7. Nurmonov A. O’zbek tilshunosligi tarixi. T., 2002.




Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   42




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling