Na'matakka o'ralgan xayollar ( Ulug’bek Hamdamning "Na’matak" mini-romani haqida)


Download 16.58 Kb.
Sana19.11.2020
Hajmi16.58 Kb.
#147642
Bog'liq
TAQRIZ Azzamqulov A.


Na'matakka o'ralgan xayollar

( Ulug’bek Hamdamning “Na’matak” mini-romani haqida)

Bundan bir necha yuz yillar oldin nisbatan ancha salobatli badiiy asarlar yaratilardi. Albatta, badiiy asar yoki san’at asari deb atamoqqa molik namunalarning barchasi ma’no-mazmun jihatidan mahobatli hajmlariga to’laqonli mos tushar edilar. Misol tariqasida Sharqning xamsanavislari qoldirgan merosni ko’z oldingizga keltiring-a?

Yillar o’tgan sayin odamzotning hayot tarzi jadallashmoqlikdan to’xtamadi. Bilmadik, balki bu bir kun davomida ko’plab ishlarni, yumushlarni qilishimizga to’g’ri kelayotganligidandir. Shunday davrga keldikki, odamzot hech bir narsaga keragidan ortiq vaqt sarflashni xohlamay qoldi. U har lahzada vaqtdan yutishga harakat qilmoqda. Bu foydalimi yoinki fojialimi, bir nuqtadan aniqlash qiyin. Eng muhimi, insonning shoshqaloqligi bizga daxldor bo’lgan hozirgi adabiy jarayonga ham ta’sirini o’tkazdi. Kitobxon uzundan uzoq tabiat tasvirida toqatsizlana boshladi, kitobxon bir necha sahifani egallagan ruhiyat tasvirini tashlab ketib o’qiydigan bo’ldi… Natijada adabiy jarayon o’zi bilmagan holda iqtisodiyotning talab va taklif qonuniga amal qilib o’lchamlarni qisqartirishga kirishdi. Jahon adabiyotida ham, o’zbek adabiyotida ham buni kuzatish mumkin.

Asarlar kichrayib borayaptiyu, haqiqiy asar demoqlikka loyiq asarlarga qo’yiladigan talablar hali hanuz o’z kuchida turibdi. Og’ir va kichik jismning kattaligi qanchalik kichiklashsa, uning zichligi shunchalik ortadi. Bugungi badiiy adabiyotda ham shuni kuzatish mumkin. Bir necha satrdan iborat hikoyalar, bir necha sahifanigina band qilayotgan romanlar… Ularda olam-olam ma’no yastanib yotibdi.

Shunday asarlar orasida shoir va yozuvchi Ulug’bek Hamdamning “Na’matak” deb nomlanadigan mini-romani haqida fikr yuritmoqchimiz. Gapimizning muqaddimasini biroz cho’zganimizning sababi hozirgi kitobxonga bugungi kun asarlarining tabiatini qayta-qayta uqtirish edi.

Endi gapimizning indallosiga kelmoqdamiz. Asar hajman kichkina. Shu sababdan mini-roman deb atalgan bo’lsa kerak, lekin undagi tilga olinadigan muammolar kitobxonni beixtiyor jiddiylashtirib, chuqur o’yga toldirishga majbur qiladi deb bemalol ayta olamiz.

Asar uchun qaysidir bir she’rning naqaroti epigraf qilib olingan: “Qanday ko’z-la boqsa, odam olamga,

Shunday javob aylar olam odamga…”

Ikki qo’shnining chegarasida bir na’matak o’sib chiqadi. Mana shu na’matak misolida birinchi avlod vakillarining sevgisi,mehri ko’rsatib beriladi. Yigit va qizning uchrashishiga shu chegaradagi na’matak sabab bo’ldi. Ko’pchilikka ma’lumki, na’matak alohida ko’chat holida ekilmaydi. Asarda uning qanday paydo bo’lib qolganligi ekspozitsiya o’rnida keladi:”Buni hech kim atayin ekkan emas, u o’z-o’zidan, yo’g’e, juda-a bunday desak bo’lmas-ov, xuddi sirli taqdir yanglig’ qo’shnilarning umr yo’llarida paydo bo’lgandi”. Qo’shnilar o’rtasidagi mehr-muhabbat na’matak orqali havas qilinadigan darajada ko’rsatilgan. Hosilni bir-birlariga sening haqqing, deb ilinganlari uchun na ‘matakning bu yilgi mevalari kelasi yilga shu holicha terilmasdan o’tib ketar edi… Yigit qizni, qiz esa yigitni mot qilish uchun o’zlari tarafidagi hosilni bir biridan bexabar holda terishadi: “ – Mana, dangasa qizning sizga va’da qilgani! – Qiz chelakni yigitga uzatdi. Yigit chelakka qarab qotib qoldi: na’matak! Shu asnoda qizning ham nigohi yigitning paqiriga tushdi va u ham kutilmagan manzaradan chunon ajablandi.” Mana shu na’matak yigit va qizning uzoq vaqt birgalikdagi farovon hayoti uchun debocha bo’ldi…

Ammo keyingi avlod olamga boshqa nazar bilan qaray boshladi. Inson tabiatidagi nimagadir egalik qilish xohishi odamiylik mezonlaridan ustun kelib, xuddi o’sha na’matak bir qo’shnining o’limiga, ikkinchisining esa qamalishiga sabab bo’ldi.

Jahl ustida deyarli chopib tashlangan na’matak qayta ko’karadi. Va yana uning ikki tomonida uchinchi avlod vakillari bo’lmish yigit va qizni ko’ramiz. Lekin biz ularning tuyg’ularida beg’uborlikni, soflikni topolmaymiz. Hammmasiga qora o’tmish sabab…

Romanning qisacha mazmuni shu. Birinchi va ikkinchi avlod vakillari haqidagi voealar to’la tugallangan, o’z yechimlariga ega. Buni ko’rdik. Uchinchi qismda esa voqealar tugallanmaganday go’yo. Yigit va qiz garish aylanib na’matak oldida, uchrashishdi. Ular o’tmish voqealaridan xabardor. Shu bilan tamom. Ammo, asardagi g’oyani to’g’ri tahlil qila olsak, tushuna olsak intixodagi shu yechimning o’zi bizga kifoya qiladi.

Zamon ildamlagani sari avlodlar ham o’zgarib borayotgani mazmunidagi gaplarni ko’p eshitmoqdamiz. Yoshi katta odamlar oradan mehr halovat ketayotgani haqida tashvishlanib gapirganlariga ham guvoh bo’lganmiz. Mazkur asar esa bu muammolarga yanada e’tiborli bo’lishni taqozo etadi.

Ma’lumki, roman janrida ilgari suriladigan g’oya yagona bo’lmaydi. Asar epigrafiga tayanadigan bo’lsak, yozuvchi yana bir g’oyani ilgari surganini sezamiz. Birinchi avlodning baxtiga na’matak sabab bo’ldi. Ikkinchi avlodning bir-biriga qirpichoq bo’lishiga ham shu na’matak sababchi. Uchinchi avlod ham shu na’matak tufayli kelib chiqqan mojarolar dastidan dillari xufton. Na’matak ular uchun qora o’tmishdan qolgan “yodgorlik”. Xo’sh, qani ayting-chi, shu na’mataksiz ular baxtli bo’lisha olmasmidilar, hasadga, ichiqoralikka limmo-lim to’lgan yuraklar na’mataksiz tinch turarmidilar?.. Demak, sen olamga qanday boqsang, olam senga shunday boqishining siri shunda ekanda!.. Agar biz olamga quvonch nazari bilan qarasak, borliqdagi barcha majudot bizga kulin qarayotgannini sezamiz. Mabodo nigohlarimizdan g’alamislik o’rin olgan bo’lsa, u holda o’zimizga o’xshaganlar bilan yuzma-yuz bo’lamiz.

Romanning uchinchi qismida yana bir e’tiborga molik narsa bor. Yigit ham, qiz ham na’matakning nomini bilishmaydi. Faqatgina noxush voqealar sababchisi va guvohi sifatida bilishadi. Balki, bu orqali yozuvchi inson bugungi kunda hayotidagi muhim narsalarning: baxtning, taqdirning, sinovning mohiyatiga yetish tugul unga qiziqmay qo’ydi, demoqchidir.



Har qanday asardan har kim turlicha xulosa chiqarishi mumkin. Balki, siz bu asardan yana yangicha ma’nolar topishga qodirdirsiz. Unday bo’lsa, mutoalani boshlashni kechiktirmagan ma’ul.
Download 16.58 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling