Yer tanlash va tayyorlash. Ertagi kartoshka uchun poliz, piyoz, karam, kechki bodring, sabzi va dukkakli-don ekinlaridan bo‘shagan yerlar eng yaxshi bo‘lib, yuqori hosil beradi. Ertagi kartoshka yengil qumoqli mexanik tarkibiga ega o‘tloq, o‘tloq-bo‘z tuproqlarda, daryo yon bag‘ri uchastkalarida, tog‘li va tog‘oldi zonalarida yaxshi o‘sib, yuqori hosil beradi. Shuning uchun bunday maydonlar ertagi kartoshka ekish uchun kuzda gektariga 20-30 t yarim chirigan go‘ng, 250-300 kg ammofos va 160-200 kg kaliy sulfat yoki kaliy tuzi solinib, 28-30 sm chuqurlikda shudgorlanadi. Yerni shudgorlash uchun DT-75 M yoki T-4A traktoriga osilgan yoki tirkalgan PN-3-35, PN-4-35, PYa-3-35, PD-3(4)-35 markali pluglardan foydalaniladi. Erta bahorda shudgor chizel - kultivatorlar hamda zig-zag boronalar yordamida ishlanadi va mola bostirib, ertagi kartoshka ekiladi. Ertagi kartoshka uchun yerni haydash va ekisholdi tayyorlashda Gollandiyaning «Dominator» markali frezali kultivatoridan foydalanish samaralidir. Chunki, u tuproqni yumshatish, tekislash va yuza zichlashni birdaniga amalga oshiradi. Mazkur texnikada yerni tayyorlash mulchalash, qulay ekish muddati va ekin navini to‘g‘ri tanlab olib borilganda samarasi yanada yuqori bo‘ladi (6-jadval).
Do'stlaringiz bilan baham: |