Neyrolingvistika muammolari. Afaziya va uni davolash choralari


Download 12.61 Kb.
Sana08.03.2023
Hajmi12.61 Kb.
#1251676
Bog'liq
Konferensiyaga




NEYROLINGVISTIKA MUAMMOLARI. AFAZIYA VA UNI DAVOLASH CHORALARI


4.Qo`shaqboyeva Sayyoraxon Sarvarbek qizi
Andijon davlat universiteti magistranti
sayyorakushakboeva@gmail.com


Annotatsiya. Mazkur tezisda tilshunoslik amaliy sohalaridan bo`lgan neyrolingvistika haqida so`z boradi. Nutq, uning shakklanish bosqichlari va afferent holatlardagi nutq ko`rinishlari tahlil etiladi. Shuningdek, afaziya haqida fikr yuritilib, afaziya holatiga olib keluvchi sabablar, afazik holatdan sog`lom nutq holatiga qaytish yo`llari haqida ma`lumot keltiriladi.


Kalit so`zlar: neyrolingvistika, afaziya, motor afaziya, sensor afaziya, logopediya, nutq zonalari.


Abstract. This article discusses neurolinguistic, speech, its stages of formation, appearance of speech in afferent states anf aphasia. The causes which lead to the state of aphasia and ways to from an aphasic state to a healthy speech state are described.


Key words: neurolinguistic, aphasia, motor aphasia, sensor aphasia, speech therapy, speech zones.

Tilshunoslikda antroposentrizm nazariyasining paydo bo`lishi ko`plab yangi tilshunoslik sohalarining paydo bo`lishi yoki mavjudlarining yana yangi yo`nalishlari tadqiq etilishiga yo`l ochib berdi. Biz o`rganayotgan, tahlil qilayotgan fanning zamonaviy yo`nalishlari o`z oldiga inson nutqi va u bilan bog`liq bo`lgan masalalarni o`rganish obyekti qilib oldi. Xususan, kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika, psixolingvistika kabi. Ana shunday tarmoqlardan biri neyrolingvistika bo`lib, u inson nutqi, uning miyada shakklanishi va miya holatining albatta nutqda namoyon bo`lishi kabi masalalar bilan shug`ullanadi. Neyrolingvistikaning asosiy o`rganish obyekti afaziya bo`lib, miya zararlanishi natijasida nutqda kelib chiqadigan o`zgarishlar, buzilishlar ayni yo`nalishda o`rganiladi. Shuningdek, neyrolingvistikaning yana bir yangi tahlil metodlaridan biri bu neyrolingvistik dasturlashdir. Neyrolingvistik dasturlash bu- axborotni izlash, topish, to`plash, qayta ishlash, saqlash va tarqatish bilan bog`liq bo`lgan nojo`ya xatti-harakat tufayli kelib chiqadigan ruhiy kasalliklarga qarshi ma`naviy immunitetni mustahkamlashning zamonaviy usullaridan biridir. Ya`ni, siz suhbatdoshingiz bilan muloqot qila turib uning psixologiyasini o`rganib, miyasiga kirib borib ongostiga ta`sir etishingiz va siz ko`zlagan vaziyatga sherigingizni olib kira olishingiz mumkin. Bu neyrolingvistik dasturlashning eng sodda ko`rinishi va o`z navbatida shu dasturlashga asos bo`lgan deyish mumkin.


Ma`lumki, nutqiy faoliyat ko`p bosqichli jarayon. Rus tilshunosi A.A.Leontyev nutqning yuzaga kelishini murakkab jarayon ekanini aytib, uni quyidagicha izohlaydi:
-ifodaning grammatik-sintaktik tomonlarini dasturlashtirish;
-grammatik realizatsiya va so`z tanlash;
-ifoda komponentlarini dasturlashtirish;
-tovush tanlash;
-ifoda
Ko`rinadiki, og`zaki nutq hosil bo`lishi yuqoridagi kabi ko`p darajani bosib o`tadi va so`zga ko`chadi. Yana bir olim L.S.Vigotskiy esa nutqning paydo bo`lishini shunday ta`riflagan: “Jonli nutqiy tafakkur dasturida harakat motivdan boshlanib, fikrdan fikr shakllanib ichki so`zga, keyin tashqi so`zga va nihoyt so`zlarga aylanadi.”[Alpanova Shirin. O`zbek tilida ruhiy holaning aks etishi. Monografiya. T. “Akademnashr” 2019. 36-bet]
Demak, nutq produtsient, ya`ni, so`zlovchi tomonidan shunday bosqichlarni bosib o`tadi va qabul qiluvchi retsipientga yetib boradi. Produtsient nutq hosil qilganda uning psixologik holati, fiziologik holati alohida o`rin tutadi va bu nutqda ko`rinadi. Ya`ni, psixologik muvozanat buzilgan affekt holatlarda og`zaki nutq doim ham so`zlovchi istaganidek chiqmasligi mumkin. Bu esa neyrolingvistik tahlil uchun asos bo`lib xizmat qiladi.
Insonda nutq hosil qilish jarayoni ichki va tashqi nutqqa bo`linadi. Ichki nutq har tomonlama- ham mantiqan, ham grammatik jihatdan tayyor bo`lgach, u tilga ko`chadi va tashqi nutqqa aylanadi. Ichki nutqni hosil qilish esa so`zlovchida bevosita va avtomatik tarzda kechuvchi jarayon, ya`ni, inson psixikasida so`z yoki gaplar hosil qilish uchun yetarli baza u bola paytidanoq shakllanadi, tili ilk chiqqan paytdan boshlab so`zlarni bir-biriga ulash, ular orqali gaplar hosil qilish kabilarni o`rgana boradi va u miyada shkllangan qolip tarzida doimiy turadi. Har gal so`zlamoqchi bo`lganimizda na shu tayyor qoliplardan foydalanamiz. Affekt holatlar ,ya`ni psixologik muvozanat buzilgan holatlarda produtsient nutq hosil qilishi, yoki qila olmasligi mumkin. Qila olgan holatlarda ham bu kamchiliklar bilan ko`zga tashlanadi va biz tahlil qilayotgan soha uchun asos bo`lib xizmat qiladi.
Nutq buzilishlari turlicha bo`lishi mumkin. Ya`ni, miya nutq zonalariga tashqi ta`sir bo`lmasa-da, nutq o`zgarishi yoki vaqtincha nutq hosil qila olmaslik holatlari paydo bo`lishi mumkin. Masalan, inson mastlik holatida bo`lganida aksar holatlarda nima deyotganini anglamaydi. Xalqimizda “mastlik-rostlik” degan gap bor. Shundan kelib chiqsak, ayrim mast holatdagi odamlar o`zi istamagan yoki ba`zan istagan holatlarda nutqini nazorat qila olmaydi. Ayrim so`zlarni xato talaffuz qiladi. Nutq hosil qilishda aggramatizm holatlari uchraydi. Bu esa mast qiluvchi ichimlik ta`sirida miyaning ma`lum vaqtga tormozlanishi bilan izohlanadi. Mastlik tarqagach inson yana avvalgi holiga qaytadi. Yana bir nutq o`zgarishlari inson uyqusiragan paytda yuzaga keladi. Bunda nutq buzilishi uchramasa-da, so`zlarni xato talaffuz qilish yoki aralashtirib yuborish hollari yuzaga keladi. Shuningdek, analiz qilinmagan holdagi tashqi nutq yuzaga keladi. Ya`ni, uyqusiragan, lunatik insonlar hushida ko`rganlari, miyasida aylanib yurgan o`y-hayollarini chalkashtirib aytishlari, oshkor etilishi mumkin bo`lmagan ayrim narsalarni beixtiyor aytib yuborishlari mumkin. Bu holat ham vaqtinchaik bo`lib hushi o`ziga qaytishi yoki uyg`onishi bilan miya yana aktiv ishlay boshlaydi.
Miyaga tashqi ta`sirlar natijasida zarar yetishi nutq zonalari faoliyatiga putur yetkazadi va bu afaziya deb ataladi. Yiqilish natijasida miyaning nutqqa javobgar hisoblanuvchi qismlari zarar ko`radi va bemor gapirish, yozish, o`qish kabi funksiyalarni ma`lum muddatga yoki butunlayga yo`qotishi mumkin. Afaziyaga sabab bo`luvchi omillar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: miyada qon aylanishining buzilishi, o`smalar, bosh miya jarohatlari va miyaning infeksion kasalliklari. [Ayupova. M. Logopediya. T. 2007. 236-bet] Afaziyaning asosan ikki turi farqlanadi. Motor afaziya hamda sensor afaziya. Motor afaziyada kishi so`zlarni topib gapira olmaydi, so`zlash qobilyatini yo`qotadi yoki nutqi ma`lum darajada buziladi. Sensor afaziyada esa unga nisbatan aytilgan gaplarni anglamaydi. Tahlil qilolmaydi va tabiiyki javob ham qaytarolmaydi. Afaziyada nutq faoliyatining barcha turlari turli darajada buzilgan bo`ladi. Bosh miya chakka zonalarining qay darajada zarar ko`rganiga qarab afaziya yengil yoki alohida diqqat talab qiluvchi holatda bo`lishi mumkin. Bosh miyada qon aylanishining buzilishi va turli jarohatlar sababli yuzaga kelgan nutqiy buzilishlar tiklanishi ba`zan spontan(o`z-o`zidan, jiddiy tibbiy aralashuvlarsiz) ravishda yuz berib, chegaradosh zonalar uzoq muddatli logopedik aralashuvni talab etmaydi. Ammo ular bilan maxsus chora-tadbirlar o`tkazish kerak, albatta. Agar afazik bemor bilan logopedik ishlar qancha erta bosqichda aniqlansa, ijobiy natijaga shuncha erta erishiladi. Aksincha bo`lsa, bemor nutqiy buzilishi qotib qolishi ham mumkin.
Kattalar orasida eng keng tarqalgan afaziyaga sabab bo`luvchi omillardan biri bu insultdir. Insult bosh miyaning chap yarim sharida ro`y bersa, tananing o`ng tomonida gemiparez, gemiamnesteziya va nutq buzilishlari rivojlanadi. O`ng yarimshar zarar ko`rganda esa, falajliklar va sezgi buzilishlari chap tomonda kuzatilai, nutq esa saqlanadi.[ Ibodullayev. Z. Nevrologiya. T. 2017. 210-bet ] Ilgari insultga chalingan bemorlarni joyida qimirlatmaslik kerakligi hisobiga logopedik ishlar nisbatan kechroq, ya`ni, kasallik ancha rivojlangan paytda boshlangan. Vaqti kelib esa davolash ishlari qancha erta boshlansa, shuncha samarali ekanligi har jihatdan isbotlandi.
Nutqiy buzilishlarni bartaraf etish metodikalari karlarni o`qitish (optik-taktil metod) tajribasidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Afazik bemorlarni davolashda optik-taktil metod bilan birgalikda fonetik metoddan keng foydalaniladi. Mills motor afaziyaga yo`liqqan kishilar nutqining “fiziologik alfabit” metodi bo`yicha tiklanishini ommalashtiradi. Bu metodda nutq tovushlarini hosil bo`lish o`rniga ko`ra guruhlashtiriladi. So`ngra shu tovushlarni bemor logoped yoki pedagog ketidan qaytaradi. Shu tariqa mashqlar osondan murakkabga tomon o`zgarib boradi. Bu bemorning holatiga ko`ra amalga oshiriladi. Afaziya haqida keng ma`lumot bergan va fikrlari boshqa olimlar tomonidan ma`qullangan tilshunos bu A.A. Luriya bo`lib, u motor afaziyali bemorlar nutqini tiklashni batafsil tushuntirgan va buni uch bosqichda amalga oshirish kerakligini aytgan. Birinchi bosqichda- bo`g`in va so`zning ichki sxemasi ustida ishlanadi. Bunda so`z va bo`g`inga asosiy e`tabor qaratiladi. Ikkinchi bosqichda esa so`zning morfologik va semantik jihatlari analiz qilinadi. Va uchinchisi jumlaning Grammatik strukturasini tiklash, ya`ni aggramatizatsiyani bartaraf etish. [Ayupova M. Logopediya. T. 2007 243-bet]
Afazik bemorlarni oldingi sog`lom so`zlash holatiga qaytarish chora-tadbirlari to`g`risida ko`plab olimlar bosh qotirganlar, har biri o`z amaliyotidan kelib chiqib takliflar bildirgan. Masalan, Ye. M. Baturina nutqni tiklashda bemorga qo`shiq aytib berish kerak degan g`oya bilan chiqqan. Bu ham o`z o`rnida ijobiy natijalarga olib kelgan. Ya`ni, bunda bemor ilgari o`zi eshitgan, sevgan taronalardan foydalaniladi.
Neyrolingvistika amaliy fan hisoblanib, u nevrologiya, lingvistika va psixologiya fanlari kesishuvida yuzaga kelgan. Va nutq buzilishiga uchragan bemor bilan shug`ullanishda har uchchala soha vakillari harakati teng tlab etiladi. Har bir organizm individual. Shuningdek, miya zararlanishi ham turlicha, afaziya ham turlicha bo`lishi mumkin. O`z vaqtida va to`gri yo`naltirilgan tibbiy, pedagogik izlanishlar natijasida bemor yana sog`lom hayotga qaytishi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar



  1. Alpanova Sh. O`zbek tilida ruhiy holatning aks etishi. Monografiya// Toshkent. “Akademnashr” 2019. 36-bet

  2. Ayupova M. Logopediya // Toshkent. O`zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti. 2007. 236-243

  3. Ibodullayev Z. Nevrologiya // Toshkent. “Akademnashr”. 2017. 210-bet

Download 12.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling