Nikoh va oilaning axloqiy asoslari
Download 40.43 Kb.
|
Nikoh va oilaning axloqiy asoslari, uning yoshlar tarbiyasidagi o’rni
Xotin bo‘lsa qobilu aqli raso,
Erni shoh etar, gar bo‘lsa gado,- deya ayollarni madh etgan edilar. Ma’naviyatsiz moddiy farovonlikka ham, umumtaraqqiyotga ham erishib bo‘lmaydi. Ma’naviy qashshoqlik milliy tanazzulga olib boradi. Xalqimiz o‘zining ko‘p ming yillik tarixi jarayonida oila hususida milliy–mafkuraviy tarbiyani shakllantirgan. Oilada otaning shaxsiy ibrati, onaning mehri orqali turmush zaxmatlarini yengishda, farzandlarini tarbiyali bo‘lishida mustahkam tayanch bo‘la olishgan. Oilada erkak kishining muhim vazifasi xotin va oila a’zolarining huquqlarini himoya qilish, ularning nomuslarini saqlashdir. Oilaning jamiyatda tutgan o‘rni, oila tarbiyasi, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, oilaning pokligi va mustahkam bo‘lishiga oid qimmatli fikrlar hadislarda muhim o‘rin egallaydi: «Kimgaki Alloh taolo soliha xotin nasib etgan bo‘lsa, dinining yarmiga yordam qilibdi, qolgan yarmiga o‘zi taqvo qilsin». «Xotinlarning barakatlirog‘i uylanish xarajatlari yengilidir»; «Xotin kishi qovurg‘adan yaratilgan. Agar sen qovurg‘ani to‘g‘rilayman desang sindirasan, murosa qilu u bilan yasha»; «Xotin kishiga eng haqqi ko‘p kishi eridir, erkak kishiga eng haqqi ko‘p kishi onasidir»; «Agar bir shaharda loaqal bir ayol bir marta buzuqlik ko‘chasiga kirib haromi orttirsa, bu shahardan qirq yil fayzu barakat ko‘tarilib ketadi»; «Ayollarni faqat ulug‘ odamlar hurmat qiladi. Ularni faqat pastkash odam xo‘rlaydi».5 Ushbu hadislarda islom diniga xos insonparvarlik va adolat mezonlari namoyon bo‘ladi, nikohning ilohiyligi, oilaning muqaddasligi ta’kidlanadi, er va xotin o‘rtasidagi burch, poklik, iffat, o‘zaro bir-birini hurmat qilish tuyg‘ulari ulug‘lanadi. Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, mustahkam oila sog‘lom turmush tarzi asosida shakllanadi. Oila baxti, farzandlarning tarbiyali, yetuk inson bo‘lib yetishida ota–onaning sa’y-harakati, tarbiya mahoratiga bog‘liq. Oiladagi axloqiy tarbiya asosan ota-onalar va oilaning yoshi katta a’zolari tomonidan amalga oshiriladi. Oila tarbiyasida muvaffaqiyatga erishish ko‘p jihatdan oiladagi ota va onaning birga bo‘lishi, ularning baxtli yashashiga bog‘liqdir. Bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda yuz berayotgan jadal o‘zgarishlar, yutuqlar bilan bir qatorda oilaviy munosabatlar tizimida ajralishlar, yoshlar orasida axloqsizlikning ko‘payganligi, ota-onalar va farzandlar o‘rtasida ziddiyatlarning paydo bo‘lishi, tirik yetimlar sonining oshishi kuzatilmoqda. Oilaning jamiyatdagi mavqeini saqlab qolish, uning mustahkamligini saqlash va kuchaytirish, uning muqaddasligini kelajak avlodlar ongiga singdirish hozirda dolzarb muammolardan hisoblanadi. Oilada jipslik, ahillikning yo‘qligi uni tashqi salbiy omillarga ta’sirchan qilib qo‘yadi. Shuning uchun, o‘tish davrida oila-nikoh munosabatlarida barqarorlikni saqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai-nazardan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi rezidenti I.A.Karimov “Oilaviy tarbiya masalasida xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun avvalo har qaysi xonadondagi ma’naviy iqlimni o‘zaro hurmat, axloq-odob, insoniy munosabatlar asosiga qurish ayni muddao bo‘lur edi. Bu haqda gapirganda, men mumtoz yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» asaridagi qahramonlarning o‘zaro muomala va muloqotlari, ularning hatto kichik farzandlarini ham «siz»lab gapirishi misolida ota-bobolarimizning oila ma’naviyatiga qanchalik katta e’tibor berganiga ishonch hosil qilaman”6 deb yozgan edi. Oilani mustahkamlashda reproduktiv salomatlikni o‘rni ham beqiyos. Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab mamlakatimizda ona va bola sog‘ligini muhofaza qilish, millat sog‘ligi to‘g‘risida qayg‘urish eng dolzarb vazifalar sirasiga kiritildi va bu borada davlat dasturlari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan qabul qilingan 2014 yil 1 avgustdagi “O‘zbekistonda aholi reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha 2014-2018 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2221 sonli qaroridan kelib chiqqan talab va vazifalarni amalga tatbiq etish uchun, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish masalalari bo‘yicha keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlar zamirida inson manfaatlari ko‘zda tutilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Oilalarni rivojlanishida oilaviy juftliklar hamda yigit qizlar sog‘lig‘ini yaxshilashda reproduktiv salomatlikka doir bilimlar amaliy ahamiyati bilan o‘ziga xosdir. Ayniqsa xotin-qizlarning sog‘lom turmush tarzi, reproduktiv madaniyatini shakllantirish, ularni sog‘lom onalikka tayyorlash, ijtimoiy-siyosiy statusini mustahkamlash kabi masalalarni amalga oshirishda oila, mahalla va nodavlat tashkilotlar o‘zaro kelishilgan hamkorligda faoliyat olib borish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir. Har bir millat va jamiyatning eng qimmatli xazinasi sog‘lom, axloqiy barkamol oiladir. Oilaning asosiy negizida esa ona tarbiyasi alohida o‘rin tutadi. Hozirgi sharoitda oilalarda umuminsoniy va milliy qadriyatlar ildiziga tayangan, sharqona axloqiy tarbiyadan bahramand bo‘lgan ma’naviy – axloqiy munosabatlar qaror topmoqda. Oilada axloqiy asoslar sog‘lom bo‘lmasa, o‘sib – unayotgan “umr daraxti” sinadi va hosil bermaydi. Oilaning mustahkamligi esa har tomonlama sog‘lom turmush tarziga, shuningdek, tom ma’noda aytadigan bo‘lsak, oilaning tibbiy madaniyatiga bog‘liqdir. Oilada tibbiy madaniyatni, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish – jismoniy barkamollik va salomatlikka erishishning muhim omilidir. Yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash, sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb atalishida ham respublikamizdagi har bir oilaning bekamu – ko‘st, baxtli, har tomonlama sog‘lom va farovon hayoti asosiy maqsad qilib olingan. Ushbu maqsad yo‘lida “O‘zbekiston fuqarosiman” degan har bir yoshu – keksa hayotining yanada farovonlashuvi yo‘lida tibbiy madaniyatga intilishi maqsadga muvofiqdir. Zero, sog‘liq tufayligina har qanday orzu maqsadlarga erishishlik muqarrardir. Nikoh shartnomasi - oila mustahkamligi omilidir. Oila kodeksining 29-moddasiga binoan, nikoh shartnomasi-nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrda yoxud er va xotin nikohdan ajralgan taqdirda, ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvdir. Oila huquqiy asoslarining uzviy bir qismi nikoh shartnomasi, nikohning rasmiy qayd etilishi, unda ishtirok etayotgan yigit va qizning shaxsiy hamda mulkiy huquqlarini yuzaga keltiradi. Oila qurayotgan yoshlar ichida bu jarayongacha, tadbirkorlik qobiliyati yoki intellektual salohiyati bilan moddiy-moliyaviy jihatdan ancha narsaga erishganlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Er va xotinning nikohgacha o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bitimlar asosida olgan mol-mulki faqat o‘zining mulki hisoblanadi. Shu ma’noda er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki esa ularning nikoh davomida orttirgan, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar umumiy mablag‘lari hisobiga olingan buyum yoki boshqa narsalari bo‘lishi mumkin. Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar yoki nikoh davrida tuzilishi mumkin. Nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar tuzilgan shartnoma u davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Shartnoma yozma shaklda tuziladi va albatta notarial idora orqali tasdiqlanishi shart. Nikoh shartnomasi er-xotin o‘rtasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni sud jarayonida to‘g‘ri va adolatli hal qilinishida yotdam beradi, ya’ni, er-xotin nikohdan ajralgan taqdirda ularning har biriga tegishli mulkni hajmi va miqdorini aniqlab olish imkoni ortadi. Muhimi, Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga muvofiq nikoh shartnomasini tuzish ixtiyoriydir. Ya’ni bunday shakldagi shartnomani tuzish yoki tuzmaslik er va xotinning o‘ziga bog‘liq. Nikoh shartnomasining yana bir afzalligi shundaki, u o‘zida nafaqat er-xotinning mol-mulkini vujudga keltirish yoki uning huquqiy tartibini o‘zgartirish, shu bilan birga, er-xotinning bir-biriga moddiy ta’minot berishini tartibga solishini ham aks ettiradi. Shu bois, nikoh shartnomasini faqat mulkiy nizolarni hal qilishga yordam beruvchigina emas, balki nikohni mustahkamlovchi omil deb qarash ham mumkin. Darhaqiqat, insonni hayoti davomida har tomonlama to‘kis, osoyishta, hotirjam va baxtli yashashi uchun, huquqiy tartib - qoidalarga og‘ishmay amal qilishsa, qurilgan oilaning poydevori mustahkam, kelajak kelajagi porloq bo‘lishi, shubhasiz. Davlatning oila tinchligi va barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni beqiyosdir shu bugungi kungacha oila institutini mustahkamlash maqsadida bir necha qarorlar va farmonlar qabul qilingan jumladan: Oilaviy munosabatning qonun bilan himoyalanishi Respublikamiz Konstitutsiyasida, Oila Kodeksida va boshqa qonun-hujjatlarda o‘z ifodasini topdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998 yil 30 apreldagi qarori bilan Respublikamizning yangi Oila kodeksi qabul qilindi va 1998 yil 1 sentyabrdan e’tiboran amalga kiritildi. O‘zbekistonda oila munosabatlariga doir qonunchilikning rivojlanishiga tarixiy nuqtai nazardan qaralsa, masalan, ittifoq davrida qabul qilingan 1978 yilgi Konstitutsiyada oila masalasiga faqat bitta, 51-modda ajratilgan edi. Bugungi Konstitutsiyamiz alohida «Oila» deb nomlangan XIV bobda to‘rtta modda oilaviy munosabatga bag‘ishlangan. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 63 – moddasida «Oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega»7,– deb belgilab qo‘yilgan. Jamiyat taraqqiyotida ma’naviy omillarning ahamiyati nihoyatda ortib borayotgan hozirgi davrda oilani mustahkamlash har bir millatning bu boradagi qadriyatlari va an’analarini o‘zlashtirish va uyg‘unlashtirish birinchi darajali vazifasi bo‘lib qolmoqda. «Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi»da oilaviy munosabatlar davlatlar zimmasiga yuklatilgan muhim vazifalardan biri bo‘lib, u keng ma’noga ega. Bu xalqaro hujjatda oilani jamiyatning tabiiy va asosiy quyi hujayrasi sifatida, uning daxilsizligini yaxshilash, bolalarga ta’lim va tarbiya berish, onalar va ishga yaroqsiz oila a’zolari uchun zarur bo‘lgan moddiy imtiyozlar tug‘dirish va oilani mustahkamlash borasida shunga o‘xshash yo‘lga qo‘yish lozim bo‘lgan muhim masalalar nazarda tutiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi va boshqa shu munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarning asosiy maqsadi: nikohdagilarning huquqiy holatlarini belgilash; mulkiy va shaxsiy huquqlarini ko‘rsatish; nikoh shartnomasini tuzish yo‘llarini belgilash; qon - qarindoshlik va bolalarning nasl-nasabini belgilash; alimentlar va boshqa moddiy-ma’naviy yordamlarni amalga oshirish masalasini hal qilish; bolalarning oiladagi huquqlari va ota-onalarni moddiy ta’minlash to‘g‘risidagi majburiyatlar; ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va majburiyatlarini himoya qilish va boshqa muhim qoidalardan iborat. Oilaviy munosabatlarni huquqiy tartibga solishdan asosiy maqsad oilaning mustahkam bo‘lishidan, oilaviy munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch, hurmat va hamjihatlilik zamirida, barcha a’zolarining mas’ulligi hissi asosida qurishdan iborat. Ushbu maqsad Oila kodeksining va boshqa qonun hujjatlarining asosiy g‘oyasi bo‘lib hisoblanadi. Oila qonunlarining muhim vazifalaridan va maqsadlaridan biri – fuqarolarning oila oldidagi o‘z mas’uliyatlarini his qilishdan iborat.8 Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, oila tarbiyasining manbalari muayyan xalqning asrlar davomida to‘plagan milliy-madaniy qadriyatlariga asoslangan bo‘lib, o‘zbek oilalarida o‘z shaxsiy farovonligidan ko‘ra oila sha’nining baland tutilishi, qarindosh-urug‘lari va yaqin odamlariga, qo‘ni-qo‘shnilariga g‘amxo‘rlik qilishni olingi o‘ringa qo‘yilishi – oliy darajadagi maqsad bo‘lib, oilani tashqi muhit bilan bog‘lashga va mustahkamligini ta’minlashiga xizmat qiladi. Download 40.43 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling