3-bob. Nogironlarni reabilitatsiya qilish
12-modda. Nogironlarni reabilitatsiya qilishning maqsadi
Nogironlarni reabilitatsiya qilishning maqsadi nogironlarga to‘laqonli turmush kechirish hamda o‘z huquqlari va potensial imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish imkonini beruvchi ijtimoiy maqomini, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishga va kasbiy faoliyatning har xil turlariga doir qobiliyatlarini tiklashdan iboratdir.
13-modda. Nogironlarni reabilitatsiya qilish turlari
Nogironlarni reabilitatsiya qilish quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi chora-tadbirlarning yaxlit tizimidir:
nogironlarni tibbiy reabilitatsiya qilish, bu tiklash terapiyasi, rekonstruktiv jarrohlik, protezlash va ortezlashdan iborat bo‘ladi;
nogironlarni kasbiy reabilitatsiya qilish, bu kasbga yo‘naltirish, kasb ta’limi berish, kasb-hunar-ishlab chiqarish moslashuvidan va ishga joylashtirishdan iborat bo‘ladi;
nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, bu ijtimoiy-muhitda yo‘lini topa olish va ijtimoiy-maishiy moslashuvdan iborat bo‘ladi.
14-modda. Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi
Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi tibbiy-ijtimoiy ekspertiza asosida ishlab chiqilgan, nogiron uchun eng maqbul reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari kompleksi bo‘lib, u organizmning izdan chiqqan yoki yo‘qolgan funksiyalarini, shuningdek nogironning mehnat faoliyati muayyan turlarini bajarishga bo‘lgan qobiliyatlarini tiklashga, ularni kompensatsiya qilishga qaratilgan tibbiy, kasbiy reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarini hamda reabilitatsiya qilishning boshqa chora-tadbirlarini ro‘yobga chiqarishning ayrim turlari, shakllari, hajmlari, muddatlari va tartibini o‘z ichiga oladi.
Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi tashkilotlar bajarishi uchun majburiydir.
Nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi nogiron uchun tavsiya tusiga ega bo‘lib, nogiron reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarining u yoki bu turini, shaklini va hajmini, shuningdek dasturning amalga oshirilishini butunlay rad etishi mumkin. Nogiron o‘zini muayyan texnika vositasi yoki boshqa vosita yoxud reabilitatsiya qilish turi, shu jumladan avtomobillar, o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya buyumlari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytirgich apparatlar, signalizatorlar, subtitrli yoki surdo tarjimasi bo‘lgan videomateriallar, boshqa shunga o‘xshash vositalar bilan ta’minlash to‘g‘risidagi masalani mustaqil ravishda hal qilishga haqlidir.
Nogironlarga reabilitatsiya qilishning texnika vositalarini taqdim etish va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatish, qoida tariqasida, natura shaklida amalga oshiriladi.
Nogiron reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini butunlay rad etgan yoki bu dasturning ayrim qismlari ro‘yobga chiqarilishini rad etgan taqdirda, tegishli tashkilotlar mazkur dasturning yoki dastur ayrim qismlarining bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |