Nutq madaniyati avvalo, to‘g‘ri, adabiy til me’yorlariga amal qilgan holda so‘zlashdir. Shunga ko‘ra nutq haqidagi quyidagi fikrlarga e’tibor beraylik: - Agar nutqda adabiy til me’yorlariga amal qilingan bo‘lsa, bunday nutq to‘g‘ri nutqdir.
- Agar nutqda adabiy tilga begona bo‘lgan, shu tilga o‘zlashmagan so‘zlar, gap qurilishlari … o‘rin olmasa, bunday nutq sof nutqdir.
- Agar nutqda ko‘p va har xil adabiy til belgilaridan (ifoda vositalaridan) foydalanilgan bo‘lsa, bu nutq boy nutq hisoblanadi.
- Agar nutqni tashkil etgan so‘zlar, so‘z birikmalarining ma’nolari ular ifodalagan tushunchalar hajmiga to‘g‘ri kelsa, mos bo‘lsa, bunday nutq aniq nutqdir.
- Agar nutq tuzilishiga kirgan so‘z, so‘z birikmalariga xos ma’nolarning aloqasi mantiq qonunlariga, tafakkur qonunlariga zid bo‘lmasa, bunday nutq mantiqli nutqdir.
- Agar nutq til vositalarining yaxshi tanlab joylashtirilishi orqali tuzilib, faqat tinglovchining ongigagina ta’sir etib qolmasdan, unga his-hayajon ham bag‘ishlasa, tinglovchining diqqatini tortsa, qiziqtirolsa, bunday nutq ifodali nutqdir.
- Agar nutq tuzilishi tinglovchi ongiga ta’sir qilish bilan birga unda borliq haqida ma’lum bir aniq tasavvur sezdirsa, o‘sha narsani ko‘z oldida gavdalantirsa, bu nutq obrazli nutq bo‘ladi.
- Agar nutq tinglovchi ongining ko‘p tomonlarini egallab olib, uni so‘zlovchiga mahliyo, tobe qilib qo‘ysa, bunday nutq ta’sirli nutqdir.
- Agar nutq o‘z o‘rnida, o‘z vaqtida, o‘z janrida, vazifasiga ko‘ra tuzilgan bo‘lsa, shu sharoit yoki vaziyatlarga mos kelsa, bunday nutq jo‘yali nutqdir.
- Agar nutqning til tuzilishi tinglovchining qabul qilinishini osonlashtirishga xizmat qilsa, bunday nutq tushunarli nutq hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |