O. M. Mirtazaev epidemiologiyadan amaliy mashg


Download 1.27 Mb.
bet50/153
Sana16.02.2023
Hajmi1.27 Mb.
#1204497
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   153
Bog'liq
эпид китоб лотин

Axborot uchun ma’lumot

Dezinfeksiya o’zi nima? Dezinfeksiya bu tashqi muhit ob’eklaridan patogen mikroorganizmlarni yo’qotishdir. Sog’liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati Departamenti mamlakat miqyosida dezinfeksiya ishlariga rahbarlik qiladi.


Dezinfeksiya o’tkazuvchi muassasalar yuqumli kasalliklar bilan og’rigan bemorlarni kasalxonalarga yotqizish hamda yuqumli kasalliklar o’chog’ida dezinfeksiya ishlarini olib borish va tashkillashtirish kabi tadbirlarni amalga oshiradi.
Meyoriy va uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va ularni amalda joriy qilish, ularning bajarilishini nazorat qilish, kadrlar tayyorlashni tashkillashtirish, dezinfeksiya ishlariga va dezinfeksiyalovchi vositalarga sarf qilinadigan mablag’larning to’g’ri taqsimlanishini nazorat qilish, dezinfeksiya ishlari bo’yicha uslubiy rahbarlik qilish, shu sohadagi yangi uslublarni joriy qilish va ularni tashkillashtirish, ushbu soha bo’yicha ilmiy tekshirishlarning borishini nazorat qilish va rejalashtirish bilan shug’ullanadi.
Viloyatlarda dezinfeksiya ishlarini boshqarish joylardagi viloyat DSENM dezinfeksiya bo’limlari orqali amalga oshiriladi. Shahar va tumanlarda esa shahar va tuman DSENMlari orqali ularning tarkibiga kiruvchi dezinfeksiya bo’limlari yoki dezinfeksiya stansiyalari yordamida amalga oshiriladi.
Dezinfeksiya xizmati amalga oshiradigan ishlarning bir qismini profilaktik dezinfeksiya tashkil qiladi, profilaktik dezinfeksiya u yoki bu hududlarda yuqumli kasalliklarning tarqalishi va kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan. Kasallikning oldini olish uchun o’tkaziladigan dezinfeksiya ishi yashash joylarida, xizmat binolarida, omborxona va boshqa binolarda buyumlarni dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish hamda ayrim hudud va uchastkalarda, uy xo’jaliklarida sanitariya va epidemiologik ahamiyatga ega bo’lgan ob’ektlarda (bozor, umumiy ovqatlanish ob’ektlari, ovqat mahsulotlari va hayvonlardan olinadigan xom ashyoni saqlash va qayta ishlash joylari, axlatxonalar va Shunga o’xshashlar) pashshalarni, kemiruvchilarni yo’q qilish bo’yicha o’tkaziladigan chora-tadbirlardir.
Dezinfeksiya stansiyasi mustaqil maxsuslashtirilgan tashkilot bo’lib dezinfeksiyaning barcha turlarini bajaruvchi muassasa hisoblanadi. Dezinfeksiya stansiyasi mavjud bo’lgan shaharlarda dezinfeksion bo’limlar DSENM strukturasida ko’zda tutilmaydi. Dezinfeksiya stansiyasi dezinfeksiya va sterilizatsiya ishlari bo’yicha yuqori va o’rta tibbiyot ma’lumotiga ega bo’lgan kadrlarni tayyorlovchi baza bo’lib ham hisoblanadi.
Hozirga vaqtda ish joylari normalariga, maxsus jihozlariga qarab, bajaradigan ishlar hajmiga qarab, aholiga xizmat ko’rsatish soniga qarab shahar dezinfeksion stansiyalari 2 ta toifaga bo’linadi. 350 dan to 600 minggacha aholisi bo’lgan shaharlarda I — toifa, 200 dan to 350 minggacha II - toifa. Mamlakatimizning yirik shaharlaridagi dezinfeksiya stansiyalar (aholisi 1 milliondan ko’p bo’lgan) bu toifalarga kirmaydi, chunki ularning tuzilishi alohida xususiyatlarga ega. Tumanlar DSENM dezinfeksiya bo’limlari va dezinfeksiya stansiyalarining asosiy vazifalari quyidagilar:
1. Yuqumli kasalliklar bilan og’rigan bemorlarni kasalxonalarga olib borish, yuqumli kasalliklar o’choqlarida dezinfeksiya ishlarining hamma turlarini o’tkazish.
2. Kasallik o’chog’ida dezinfeksiya o’tkazishda olingan buyumlar hamda davolash-profilaktika bo’limlari tomonidan olib kelingan zararlangan materiallarni kamera yordamida zararsizlantirish.
3. Yuqumli kasallik o’chog’ida bemorlar bilan muloqatda bo’lgan kishilarni sanitariya ko’rigidan o’tkazish.
4. Davolash-profilaktika hamda bolalar muassasalarida, yuqumli kasalliklar o’choqlarida kundalik dezinfeksiya ishlarini tashkil qilish va ularni bajarishda metodik yordam berish.
5. Sanitariya-epidemiologiya muassasalarida va davolash-profilaktika muassasalarida sterilizatsiya ishlariga metodik yordam ko’rsatish va ularning bajarilishini nazorat qilish.
6. Profilaktik dezinfeksiya ishlarini tashkil qilish.
7. Kasallik o’choqlarida dezinfeksiya, sterilizatsiya ishlarining sifatini tekshirish va Shu bilan birga bu maqsadda ishlatiladigan dezinfeksiya vositalarining, jihozlarining sifatini tekshirish.
8. Xizmat ko’rsatilayotgan hududlardagi sterilizatsiya jihozlarini, dezinfeksiya kameralarini to’g’ri ishlatish, sifati va texnik ahvolini tekshirish.
9. Infeksiya o’chog’idagi bemorni, buyumlarini va boshqa yuqumli materiallarni tashishda ishlatiladigan transport vositalarini dezinfeksiya qilish.
10. Dezinfeksiya, sterilizatsiya, dezinseksiya va deratizatsiya masalalari bo’yicha maslahatlar berish. Aholi orasida dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiyada ishlatiladigan vositalar va buyumlar, ularni ishlatishning qulay usullari haqida sanitariya-oqartuv ishlarini amalga oshirish.
11. Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan shakllar bo’yicha hisobot ishlarini olib borish.
12. Bu vazifalardan tashqari dezinfeksiya xizmati xodimlari yuqumli kasalliklarning hisoboti va qayd qilish ishlarini ham olib borishlari va Shu bilan birga yuqumli kasalliklar shifoxonalarida epidemiyaga qarshi kurash va dezinfeksiya rejimini tekshirib borishlari mumkin.
13. Dezinfeksiya xizmatining asosiy vazifalaridan yana biri dezinfeksiya stansiyalarining faoliyatini yanada rivojlantirib takomillashtirishdan iboratdir.
Yuqumli kasalliklar o’chog’idagi xizmatni bir markazdan turib boshqarish tizimi dezinfeksiya stansiyalarga qo’shimcha vazifalarni yuklaydi: aniqlangan barcha yuqumli kasalliklar va yuqumli kasalliklarga gumon qilinganlar haqida telefon orqali beriladigan xabarlarni kecha-kunduz qayd qilish, tumanlar DSENMni barcha yuqumli kasallik hollari haqida zudlik bilan ogohlantirish. Davolash profilaktika muassasalaridan yuqumli kasalliklar diagnozining tasdiqlanishi yoki o’zgarishi haqida doimiy ma’lumot olib turish va yuqumli kasalliklarni statistik tahlil qilish. Yuqumli kasalliklar paydo bo’lishi holatlarida kasallik o’choqlarida zudlik bilan epidemiyaga qarshi choralarni o’tkazishga yordam beradi.
Dezinfeksiya stansiyasining asosiy bo’linmalari quyidagilar: yuqumli kasalliklarni qayd etish va evakuatsiya qilish bo’limi, kasallik o’chog’ida o’choqli dezinfeksiya o’tkazish bo’limi, kamerali dezinfeksiya va sanitariya qayta ishlov berish bo’limi, profilaktik dezinfeksiya bo’limi, kimyoviy, biologik va entomologik tekshirishlar o’tkazuvchi laboratoriya.
Qishloq joylarda o’choqli dezinfeksiya tadbirlarini tashkil etish va qo’llash tuman DSENM tarkibidagi dezinfeksiya bo’limlari tomonidan olib boriladi. Qishloq vrachlik punktida, ambulatoriya yoki bo’limda, kasalxona dezinfektori dezinfeksiyani o’tkazadi. Bundan ko’rinib turibdiki, dezinfeksiya tadbirlarini o’tkazishda feldsherlik-doyachilik punktlari, qishloq vrachlik punktlari ham qatnashadi. Dezinfeksiya tadbirlari natijalariga baho berish va tahlil qilish uchun sifat ko’rsatkichlaridan foydalaniladi. Dezinfeksion chora-tadbirlarni tahlil qilish va baholash uchun sifatiy ko’rsatkichlar mavjuddir. Yakuniy dezinfeksiyani baholashda asosiy ko’rsatkichlar bo’lib quyidagilar xizmat qiladi: dezinfeksiyani bajarish muddatlari, ishlov berishning to’liqligi, kamerali dezinfeksiya o’tkazish, vizual va laboratoriya nazoratini o’tkazish. Joriy dezinfeksiyada asosiy e’tibor epidemik o’choqlarda, davolash-profilaktika muassasalarida bemorlar va bakteriya tashuvchilar tarqatayotgan zararli ajratmalarni zararsizlantirishni o’z vaqtida tashkil etishga qaratiladi.
Dezinseksiya bo’yicha asosiy sifat ko’rsatkichlari quyidagilar: hasharotlardan tozalangan maydonlarning ko’payishi, ishlov berilayotgan ob’ektlarda o’z vaqtida to’liq dezinseksiya samarasining ta’minlanishi, pashshalarga qarshi kurashishda esa lichinkalarning bo’lmasligi va qanot chiqargan pashshalar sonini eng kam miqdorigacha kamaytirish.
Deratizatsiya bo’yicha sifat ko’rsatkichlari bo’lib quyidagilar xizmat qiladi: kemiruvchilardan tozalangan maydonlarning ko’payishi, ishlov berilayotgan maydondagi kemiruvchilar sonini kamaytirishdir.
Sterilizatsiya fizik va ximik usullar yordamida barcha mikroorganizmlar va ularning sporalarini yo’qotishdir. Kasalxona ichida tarqaluvchi infeksiyalarning oldini olishda ham sterilizatsiya muhim ahamiyatga ega. Shuningdek sterilizatsiya bir qator yuqumli kasalliklarning oldini olishda, ayniqsa qon orqali o’tadigan kasalliklarga (gepatit V, S, bezgak, OITS) qarshi kurashishda katta ahamiyatga ega. Sterilizatsiya qaynatish, bug’li, havoli, kimyoviy aralashmali preparatlar, gazlar yordamida amalga oshiriladi. Usul tanlash ishlov beriluvchi ob’ektning xususiyatiga, u yoki bu apparaturaning mavjudligiga, uning nima uchun qo’llanishiga bog’liq ishlov bir necha bosqichdan iborat.
Yara yuzasi bilan, qon va infeksiya preparatlari bilan aloqada bo’lmagan tibbiyot buyumlari dezinfeksiya qilinadi. Yara yuzasi, qon va infeksiya preparatlariga tegadigan tibbiy buyumlar oldin dezinfeksiya qilinib, keyin sterilizatsiya qilinadi. Yiringli jarrohlik va yuqumli kasalliklar bemorlariga qo’llaniladigan tibbiy ashyolar (masalan: V gepatitda) avval dezinfeksiya qilinadi, keyin esa sterilizatsiya oldi ishlovi berilib, so’ngra sterilizatsiya qilinadi. Yuqorida aytib o’tilganlar V va S gepatit kasalliklarini boshidan kechirganlar va ushbu kasalliklar qo’zg’atuvchilarini tashuvchilarga qo’llaniladigan ashyolarga ham taalluqlidir.

Download 1.27 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   153




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling