Okoz: 11. 00. 00. 00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11. 04. 00. 00 Er osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11. 04. 04. 00 Er osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11


Download 46.67 Kb.
Sana21.10.2019
Hajmi46.67 Kb.



[OKOZ:

1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Er osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Er osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.05 Er qa’rini geologik jihatdan o‘rganish]

[TSZ:

1.Tabiiy resurslar / Er osti boyliklari]

PDF-faylidagi rasmiy manba

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GEOLOGIYA VA MINERAL RESURSLAR QO‘MITASI

Qarori

GEOLOGIYA-QIDIRUV IShLARI QIYMATINI JORIY NARXLARDA HISOB-KITOB QILISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA YO‘RIQNOMANI TASDIQLASh HAQIDA

[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 23-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2395]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 27-avgustdagi PQ-1396-son “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 35-36-son, 301-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyundagi 165-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 22-23-son, 235-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi qaror qiladi:



1. Geologiya-qidiruv ishlari qiymatini joriy narxlarda hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.

Rais v.b. I. TO‘RAMUROTOV

Toshkent sh.,

2012-yil 3-sentabr,

5-son

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2012-yil 3-sentabrdagi 5-son qaroriga


ILOVA

Geologiya-qidiruv ishlari qiymatini joriy narxlarda hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risida

YO‘RIQNOMA

Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-avgustdagi PQ–1396-son “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 35-36-son, 301-modda), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1999-y., 2-son, 9-modda) va 2003-yil 15-oktabrdagi 444-son “Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning xarajatlarini hisobga olish va moliyaviy natijalarini shakllantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 19-son, 183-modda) qarorlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan va O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (bundan buyon matnda Davlat geologiya qo‘mitasi deb yuritiladi) va uning tasarrufidagi tashkilotlar, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” OAJ tomonidan amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlari qiymatini joriy narxlarda hisob-kitob qilish tartibini belgilaydi.



I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan geologiya-qidiruv ishlarining yillik dasturiga kiritiladigan obyektlarga oid loyiha-smeta hujjatlarini tuzishda qo‘llaniladi.

2. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan va Geologiya-qidiruv ishlarining yillik dasturlarini davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning (ro‘yxat raqami 2278, 2011-yil 18-oktabr) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 42-son, 457-modda) 3-bandida ko‘rsatilgan geologiya-qidiruv ishlarining turlariga tatbiq etiladi.

Boshqa manbalardan moliyalashtiriladigan geologiya-qidiruv ishlari uchun ushbu Yo‘riqnoma tavsiya xususiyatiga ega.

3. Mazkur Yo‘riqnomadan foydalanishda geologiya-qidiruv ishlarining tegishli turlari bo‘yicha Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan, materiallar xarajati normalari, mehnat xarajatlari normalari, har bir ish turi uchun zarur asbob-uskunaning ro‘yxati keltirilgan smeta normalari qo‘llaniladi.

4. Geologiya-qidiruv ishlari qiymatini joriy narxlarda hisob-kitob qilishning asosi bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

geologiya-qidiruv ishlariga oid smeta normalaridan foydalanilgan holda xarajatlarni hisob-kitob qilish;

mehnat sarfi qiymatini baholash uchun 2012-yil uchun davlat statistika hisoboti shakllariga (ro‘yxat raqami 2283, 2011-yil 17-noyabr) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 45-46-son, 484-modda) 159-ilovaga muvofiq shakldagi Mehnat hisobotiga (bundan buyon matnda 1-T hisoboti deb yuritiladi) muvofiq o‘tgan yil uchun ishlab chiqarish xodimlarining o‘rtacha ish haqini qo‘llash;

moddiy resurslarga oid amaldagi mavjud narxlar kataloglarini yuritish va smetani tuzish chog‘idagi hisob-kitoblarda ulardan foydalanish;

qonunchilikka muvofiq asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasiga oid xarajatlarni hisob-kitob qilish.

5. Smeta normalarida yoki boshqa hujjatlarda ko‘zda tutilmagan geologiya-qidiruv ishlari qiymatini yangi smeta normalari chiqqunga qadar belgilangan tartibda buyurtmachi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan loyiha tarkibida ko‘zda tutiladigan ish tarkibiga, shunga o‘xshash ish turi yoki xarajatlar asoslangan holda hisob-kitob qilish bo‘yicha loyihalashtiriladiganiga yaqin bo‘lgan ishlar turi uchun tasdiqlangan normalar bo‘yicha belgilash mumkin.

6. Geologiya-qidiruv ishlariga geologiyaga oid axborot beradigan barcha turdagi ishlar kiradi.

7. Qo‘shimcha ishlar va xarajatlarga vaqtinchalik dala bazalarini jihozlash, yuklar va xodimlarni transportda tashish xarajatlari va qoplanadigan xarajatlar kiradi.

8. Geologiya-qidiruv ishlari obyektlaridagi vaqtinchalik dala bazalarini jihozlashning joriy narxlardagi smeta qiymati, ushbu ishlar hajmlaridan va ularni bajarishga oid smeta narxlaridan kelib chiqqan holda loyihani amalga oshirish vaqtiga belgilanadi.

9. Loyiha ma’lumotlariga ko‘ra konstruksiyalarni, binolar va inshootlarni buzib tashlash natijasida takroran qo‘llash uchun yaroqli bo‘lgan konstruksiyalar, materiallar va buyumlar olish ko‘zda tutiladigan hollarda smetalar yakuni bo‘yicha mablag‘lar miqdorini kamaytiradigan “qaytarma materiallar” ma’lumot uchun keltiriladi.

10. Bajarilgan ishlarga oid dalolatnoma tuzishda bunday konstruksiyalar, materiallar va buyumlar qiymati komissiya tomonidan eskirishini chegirishni, shuningdek ularni foydalanish uchun yaroqli holga keltirishga doir xarajatlarni hisobga olgan xolda belgilanadi. Komissiya buyurtmachi tomonidan uning rahbari (rahbar o‘rinbosari) yoki bosh muhandisi raisligida ijrochining ishtirokida tuziladi.

Komissiya tarkibiga buyurtmachining mas’ul mutaxassislari, buxgalteriya xodimlari va moddiy javobgar shaxslari kiritilishi lozim. Komissiya buyurtmachi rahbarining buyrug‘i bilan tuziladi.

11. Binolar va inshootlarni qurishda va qismlarga ajratishdagi (buzib tashlashda) ishlarning qishki qimmatlashishiga oid xarajatlar smetaga alohida satr bilan kiritiladi.

12. Kompleks ishlab chiqarish-texnik va sanitariya-maishiy ehtiyojlar, shuningdek smeta normalarida ko‘zda tutilgan asbob-uskunalar to‘plamiga kirmaydigan, burg‘ulash brigadasi ish joyini berkitish uchun foydalaniladigan mobil binolar va inshootlarning amortizatsiyasiga oid xarajatlar loyiha tarkibida tasdiqlanadigan tegishli hisob-kitob bilan belgilanadi va dala ishlari qiymatiga loyihaning amal qilish muddatiga qo‘shimcha xarajatlar sifatida alohida satr bilan kiritiladi.

13. Ko‘chki, surilma va sel xavfi bo‘lgan hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borishni ta’minlaydigan chora-tadbirlarga oid xarajatlar loyiha bilan asoslangan ishlar hajmlaridan hamda joriy narxlardagi smeta hisob-kitoblarni tuzishdan kelib chiqqan holda belgilanadi. Ushbu chora-tadbirlarga, xususan, dambalarni, ko‘chki to‘sqichlarini, ogohlantiruvchi belgilarni, serpantinlarni, pana joylarni, toshli devorlarni, g‘ovlarni barpo etish, ko‘chki, surilma va sel hosil bo‘lishi yuzasidan muntazam kuzatuvlar olib borish, ko‘chkilarni sun’iy ravishda portlatish va akustik usullar yordamida bartaraf etish, toshqinlarni oldini olishga doir ishlarni bajarish va boshqalar kiradi.

Vaqtinchalik yo‘llarni tiklashga, yo‘llar, aerodromlar (qordan tozalashdan tashqari), so‘qmoqlarni, daryolar farvaterlarini va ishlab chiqarish maqsadidagi boshqa qurilish obyektlarini foydalanishga yaroqli holda saqlashga oid xarajatlar smeta normalari bo‘yicha belgilanadi.

14. Yordamchi ishlar va xarajatlarga alohida satrlar bilan loyiha tarkibida tasdiqlanadigan barcha xarajatlar asoslangan holda hisob-kitoblar bilan belgilanadigan quyida sanab o‘tiladigan xarajatlar ham kiradi:

qurilishlar smetasiga kirmaydigan asbob-uskunalarni montaj qilish va ishga tushirish-sozlash ishlariga, shu jumladan mavjud qo‘shimcha va yordamchi asbob-uskunalarni hisobga olgan holda hisoblash komplekslariga oid asbob-uskunalarni o‘rnatish va montaj qilishga doir xarajatlar;

kon-shaxta uskunalarini almashtirishga doir ishlar.

15. Yuklar va ishlab chiqarish xodimlarini ish joyiga olib borish va qaytarib kelish, texnikani boshqa joyga ko‘chirishga oid xarajatlarning joriy narxlardagi smeta qiymati oxirgi yildagi ushbu ishlarga bo‘lgan amalda qilingan xarajatlarning dala ishlarining umumiy qiymatiga o‘zaro nisbati bo‘yicha belgilanadi. Alohida ish turlariga oid texnologik va maxsus transport xarajatlari smeta normalari bo‘yicha hisob-kitob qilingan hollarda umumiy transport xarajatlarini hisob-kitob qilishda ular chiqarib tashlanishi kerak.

16. Qoplanadigan xarajatlarga qonunchilikda ko‘zda tutilgan hamda amalda qilingan xarajatlar (xizmat safarlari, dala ta’minoti va yerdan foydalanuvchilarning zararlarini qoplash) bo‘yicha ishlarni bajaruvchilarga qaytariladigan xarajatlar kiradi.

17. Maqsadiga ko‘ra xizmat safarlari quyidagilarga bo‘linadi:

ishlab chiqarish (geologiya-qidiruv ishlarini loyihalash hamda tematik va boshqa ishlarni bajarish uchun materiallar to‘plash, loyiha bo‘yicha ish jarayonida olingan geologik natijalarni himoyalash bo‘yicha);

loyihaning vazifalariga bog‘liq yig‘ilishlarda, konferensiyalarda, anjumanlarda, shu jumladan xorijdagi, qatnashish.

18. Xizmat safarlariga oid smeta xarajatlari qonunchilikda belgilangan limitlar doirasida xizmat safarlarining soni va davomiyligidan, borish manzillaridan, yo‘lkira qiymati va xizmat safarlari xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilish orqali belgilanadi.

19. Yer uchastkalarini olib qo‘yish yoki vaqtinchalik band qilish natijasida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlar qonunchilikka muvofiq belgilanadi.

20. Materiallar, asbob-uskunalar va ishlab chiqarish xodimlarining so‘nggi yil uchun o‘rtacha ish haqi darajasiga oid narxlarning o‘zgarishiga qarab ikkinchi va keyingi har bir yil uchun smeta qiymatiga umumiy smeta qiymati qayta tasdiqlangan holda smeta ishlari qoldiqlarini bevosita qaytadan hisob-kitob qilish orqali tuzatishlar kiritiladi.

21. Smetaga foiz hisobida kiritiladigan xarajatlar rasmiylashtirilgan (rahbar va bosh buxgalterning imzosi va muhri bilan), va oxirgi yil uchun geologiya-qidiruv ishlarini bajarayotgan tashkilotning (yoki uning tuzilmaviy bo‘linmalarining) amaldagi xarajatlari asosida tuzilgan ma’lumotnomalar bo‘yicha asoslanadi.

II. Geologiya-qidiruv ishlari qiymatini joriy narxlarda hisob-kitob qilish uslubiyoti

22. Geologiya-qidiruv ishlariga oid smetalarni tuzish uchun quyidagi ko‘rsatkichlardan dastlabki ma’lumotlar sifatida foydalaniladi:

ishlab chiqarish xodimlarining ish haqi miqdorlarini belgilash uchun amaldagi mehnat sarfi normalari;

muayyan ish turiga oid qabul qilingan o‘lchov birliklarida materiallarning amaldagi xarajat normalari;

har bir ish turini bajarishda qo‘llaniladigan asosiy vositalar turlari hamda ularga oid amortizatsiya ajratmalar to‘g‘risida amaldagi ma’lumotlar.

23. Joriy narxlardagi smetalarni tuzishda xarajatlarning har bir qismi smetani tuzish paytida amaldagi narxlarga, me’yoriy hujjatlarga va qonun hujjatlariga muvofiq hisob-kitob qilinadi.

Geologiya-qidiruv ishlari birligi qiymati ishlab chiqarish xarajatlaridan, davr xarajatlaridan va ishlab chiqarish tannarxiga nisbatan 10 % gacha miqdordagi foydadan tashkil topadi.

24. Ishlab chiqarish xarajatlari quyidagi xarajatlar turlarini o‘z ichiga oladi:

ishlab chiqarish moddiy xarajatlar (qaytariladigan chiqitlar qiymati chiqarib tashlangan holda);

ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo‘lgan mehnatga haq to‘lash xarajatlari;

ishlab chiqarishga tegishli bo‘lgan ijtimoiy sug‘urtaga ajratmalar;

asosiy fondlar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;

ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa xarajatlar.

25. Davr xarajatlari va foyda koeffitsiyenti geologiya-qidiruv ishlarining har bir turi uchun ishlab chiqarish xarajatlariga nisbatan hisoblanadi.

26. Geologiya-qidiruv ishlari birligining joriy narxlardagi qiymati quyidagi formula bo‘yicha belgilanadi:

S = (Szp+Sm+Sa+Sp) x Krp.p, bunda:

S — geologiya-qidiruv ishlari birligining joriy narxlardagi qiymati;

Szp — yagona ijtimoiy to‘lovlar (bundan buyon matnda YIT deb yuritiladi) ajratmalarini, geologiya-qidiruv ishlari birligini hisobga olgan holda ish haqiga oid xarajatlar;

Sm — geologiya-qidiruv ishlari birligining smeta normalarida hisobga olingan materiallarga, shu jumladan yoqilg‘i, moylash materiallari, elektr energiyasi, siqilgan havoga oid xarajatlar;

Sa — har bir ish turi bo‘yicha asosiy vositalar ro‘yxatiga kiritilgan mashinalar, mexanizmlar, asbob-uskunalarning amortizatsiyasiga oid xarajatlar;

Sp — quyidagi formula bo‘yicha belgilanadigan ishlab chiqarish tavsifidagi boshqa xarajatlar:

Sp = Szp x Kpr/100, bunda:

Kpr — mazkur Yo‘riqnomaning 32-bandida o‘rnatilgan tartibda aniqlanadigan ishlab chiqarish tavsifidagi boshqa xarajatlar koeffitsiyenti;

Krp.p — quyidagi formula bo‘yicha belgilanadigan davr xarajatlari va foyda koeffitsiyenti:

Krp.p = 1+U/100, bunda:

U — mazkur Yo‘riqnomaning 34-bandida belgilangan tartibda aniqlanadigan davr xarajatlari va foyda darajasi (miqdori).

27. YIT ajratmalarini hisobga olgan holda ish haqiga oid xarajatlar kishi-soatlardagi normativ mehnat sarfi smeta normalarining tegishli jadvallari bo‘yicha joriy bir kishi soat qiymatiga (so‘mda) hamda quyidagi formula bo‘yicha YIT ajratmalari miqdorini hisobga oladigan koeffitsiyentga ko‘paytirish orqali belgilanadi:

Szp = T x Sch x Kss, bunda:

T — kishi-soatlardagi tegishli smeta normasi bo‘yicha ishlarning normativ mehnat sarfi;

Sch — ishlab chiqarish xodimlari birligining o‘rtacha soatdagi ish haqi;

Kss — quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadigan YIT ajratmalarining koeffitsiyenti:

Kss = (1+ YITstavkasi/100).

28. O‘rtacha soatdagi ish haqi quyidagi formula bo‘yicha hisoblanadi:

Sch = Zms / F / Ch, bunda:

Zms — o‘tgan yil uchun ishlab chiqarish xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi (ishlab chiqarish xodimlari va ma’muriyatga ajratgan holda 1-T hisoboti), smeta tarkibiga alohida satrda kiritilgan dala ta’minoti va xizmat safarlari bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari bundan mustasno. Geologiya-qidiruv ishlarini bajarayotgan va yuridik shaxs bo‘lmagan bo‘linmalar uchun yuqori turuvchi tashkilotga (kon-metallurgiya kombinatiga) taqdim etiladigan, ishlab chiqarish xodimlari va ma’muriyatga ajratgan holda 1-T hisoboti qabul qilinadi;

F — O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining o‘tgan yil uchun ma’lumotlari bo‘yicha soatlardagi o‘rtacha oylik ish vaqtining fondi;

Ch — Yollanib ishlovchilarning soni va ish haqi statistikasi bo‘yicha yo‘riqnomaga (ro‘yxat raqami 788, 1999-yil 30-iyul) muvofiq aniqlanadigan o‘tgan yil uchun ishlab chiqarish xodimlarining oylik o‘rtacha soni.

29. Materiallar, shu jumladan yoqilg‘i, moylash materiallari, elektr energiyasi, siqilgan havo qismi bo‘yicha xarajatlar materiallarga oid smeta normalari va narxlarga muvofiq har bir ish turi bo‘yicha materiallar xarajatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Materiallarning joriy narxlardagi qiymati konyunkturani (ya’ni talab va takliflarni) hisobga olgan holda ichki va tashqi bozorlardagi mavjud narxlarning umumiy darajasidan kelib chiqqan holda quyidagi formula bo‘yicha belgilanadi:



Mn — material sarfining normasi;

Si — 1 dona materialning joriy narxlardagi birlik narxi.

30. Joriy narxlar ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning va materiallarni yetkazib beruvchilarning sotish narxlari, birja narxlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan chiqariladigan qurilish materiallariga oid joriy narxlar katalogi asosida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi Milliy standarti (4-sonli BHMS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ning (ro‘yxat raqami 1595, 2006-yil 17-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 28-29-son, 282-modda) 43-bandiga muvofiq belgilanishi mumkin.

31. Amortizatsiya qismi bo‘yicha xarajatlar ushbu ish turida foydalanilayotgan muayyan uskunaning qiymati asosida, qayta baholashni, undan foydalanish vaqtini, loyihada asoslangan amortizatsiyaga oid normalar va usullarni hisoblashni hisobga olgan holda dastlabki qiymati bo‘yicha aniqlanadi.

Amortizatsion ajratmalarini aniqlash O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 52 (I)-son) va O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining Milliy standarti (5-son BHMS) “Asosiy vositalar”ga (ro‘yxat raqami 1299, 2004-yil 20-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 3-son, 35-modda) muvofiq amalga oshiriladi.

Mavsumiy geologiya-qidiruv ishlarini bajarishda amortizatsiya smeta normalariga tuzatish koeffitsiyentlarini qo‘llash orqali mavsumiy ish davridan qat’i nazar, butun yilga umumiy norma bo‘yicha hisob-kitob qilish orqali belgilanadi.

Hisob-kitoblarda rezerv uskuna amortizatsiyasi faqat loyihada tegishli asos mavjud bo‘lgandagina ko‘zda tutiladi.

32. Ishlab chiqarish tavsifidagi boshqa xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq xarajatlarni o‘z ichiga oladi.

Ishlab chiqarish tavsifidagi boshqa xarajatlar koeffitsiyenti (Kpr) o‘tgan yildagi ishlab chiqarish tavsifidagi boshqa xarajatlar miqdorini ushbu davr uchun YIT ajratmalarini hisobga olgan holda ish haqi xarajatlari miqdoriga nisbatan aniqlanadi.

III. Geologiya-qidiruv ishlari qiymatini joriy narxlarda hisob-kitob qilish uchun davr xarajatlari

33. Davr xarajatlariga bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar va sarflar, ya’ni xo‘jalik yurituvchi subyektning boshqarish bo‘yicha xarajatlari, umumxo‘jalik maqsadidagi boshqa xarajatlar kiradi.

Loyiha-smeta hujjatlarini tuzishda geologiya-qidiruv ishlari qiymati joriy narxlarda qo‘llaniladigan davr xarajatlari va foyda miqdori O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2002-yil 27-dekabrdagi 140-son “Moliyaviy hisobot shakllari va ularni to‘ldirish bo‘yicha qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1209, 2003-yil 24-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-yil, 1-2-son) 2-ilovaga muvofiq shakldagi moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot – 2-shakl, 1-T hisoboti va mehnat sarfi qiymatini baholash uchun 2012-yil uchun davlat statistika hisoboti shakllariga (ro‘yxat raqami 2283, 2011-yil 17-noyabr) 73-ilovaga muvofiq shakldagi korxona xarajatlari to‘g‘risida hisoboti (Z-M shakli), shuningdek hisobot ko‘rsatkichlarining tahlili asosida o‘tgan yil uchun amaldagi ma’lumotlar bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.

Davr xarajatlari miqdorini belgilashda foydani hisob-kitob qilishda hisobga olinayotgan xarajatlar ro‘yxatiga kiruvchi qismlarni hisobdan chiqarish zarur.

34. Davr xarajatlari va foyda darajasi (miqdori) geologiya-qidiruv ishlarining ishlab chiqarish tannarxiga nisbatan foizlarda, quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:

U = (Srp + P) / Spr x 100, bunda:

U — davr xarajatlari va foydaning tegishli bazis davrida (oxirgi yil) o‘z kuchi bilan bajarilgan geologiya-qidiruv ishlarining ishlab chiqarish tannarxiga nisbatan foizlardagi darajasi (miqdori);

Srp – tegishli bazis davrida qabul qilingan davr xarajatlari (geologiya-qidiruv ishlariga oid qiymat ko‘rsatkichi);

P — ishlab chiqarish tannarxining 10 % oshmaydigan miqdorda tegishli bazis davrida qabul qilingan foyda (geologiya-qidiruv ishlariga oid qiymat ko‘rsatkichi);

Spr — buxgalteriya hisobotining ma’lumotlariga ko‘ra o‘z kuchlari bilan tegishli bazis davrida (oxirgi yil) bajarilgan geologiya-qidiruv ishlarining ishlab chiqarish tannarxi.

IV. Geologiya-qidiruv ishlari qiymatini joriy narxlarda hisob-kitob qilish uchun foyda hisobiga qilinadigan xarajatlar

35. Loyiha-smeta hujjatlarini tuzishda foyda hisobiga qilinadigan hamda geologiya-qidiruv ishlarining joriy narxlardagi qiymatiga kiritiladigan xarajatlar ro‘yxati etib, quyidagilar hisoblanadi:

qonunchilikda o‘rnatilgan stavkalarda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, shuningdek o‘zga soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qilingan xarajatlar;

xodimlarning bevosita ishlab chiqarishdagi ishtiroki bilan bog‘liq bo‘lmagan sog‘liqni saqlash va dam olishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarga oid xarajatlar (davolanish va dam olish, ekskursiyalar va sayohatlarga, sport seksiyalarida, to‘garaklarida, klublarida shug‘ullanish uchun ajratiladigan yo‘llanmalar, madaniy-ko‘ngilochar va jismoniy tarbiya (sport) tadbirlariga borish, obuna bo‘lish va boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar), xodimlarning ovqatlanish va yo‘lkira xarajatlarini qoplash;

jamoa shartnomasiga muvofiq pensiyaga chiqayotgan mehnat faxriylariga bir martalik nafaqalar (faqat boshqaruv xodimlariga to‘lovlar hisobga olinadi, chunki ishlab chiqarish xodimlariga to‘lovlar geologiya-qidiruv tashkilotining 1-T hisobotiga oid qabul qilinayotgan asosiy ish haqida hisobga olinadi*);

sog‘liqni saqlash obyektlarini, qariyalar va nogironlar uylarini, sog‘lomlashtirish oromgohlarini, madaniyat va sport obyektlarini, xalq ta’limi muassasalarini, shuningdek uy-joy fondini saqlashga oid xarajatlarni;

ijtimoiy sug‘urtaga oid ajratmalarni hisobga olgan holda xodimlarga jamoa shartnomasi bo‘yicha qonunchilikda ko‘zda tutilganidan tashqari qo‘shimcha ta’tillar, ular bo‘yicha kompensatsiyalar to‘lash (faqat boshqaruv xodimlariga to‘lovlar hisobga olinadi, chunki ishlab chiqarish xodimlariga to‘lovlar geologiya-qidiruv tashkilotining 1-T hisobotiga oid qabul qilinayotgan asosiy ish haqida hisobga olinadi*);

ijtimoiy sug‘urtaga oid belgilangan ajratmalarni hisobga olgan holda jamoa shartnomasi doirasida xodimlariga moddiy yordam to‘lashga oid xarajatlar (bunda faqat boshqaruv xodimlari bo‘yicha hisobga olinadi, chunki ishlab chiqarish xodimlari bo‘yicha ular geologiya-qidiruv tashkilotining 1-T hisoboti ma’lumotlari bo‘yicha qabul qilinayotgan asosiy ish haqlarida hisobga olinadi);

* Geologiya-qidiruv ishlarini olib borayotgan va yuridik shaxslar hisoblanmaydigan bo‘linmalar uchun (ishlab chiqarish xodimlari va ma’muriyatga ajratgan holda) yuqori turuvchi tashkilotga (kon-metallurgiya kombinatiga) taqdim etiladigan 1-T hisoboti taqdim etiladi.

36. Geologiya-qidiruv ishlarining umumiy qiymatiga geologiya-qidiruv ishlari qiymatining asosiy narx belgilovchi komponentlariga prognoz qilinayotgan narxlarni o‘sish indeksidan kelib chiqib aniqlanadigan tavakkalchilik koeffitsiyenti qo‘llanadi. Tavakkalchilik koeffitsiyenti buyurtmachi va ijro etuvchi o‘rtasida kelishilgan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha navbatdagi yilga “Yer osti boyliklari geologiyasi va qidiruvi” sohasi bo‘yicha prognoz qilinayotgan inflatsiya darajasida qabul qilinadi.

V. Yakuniy qoida

37. Geologiya-qidiruv ishlari qiymatini joriy narxlarda hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” OAJ bilan kelishilgan.

Moliya vaziri R. AZIMOV

28-avgust 2012-y.



Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA

18-avgust 2012-y.



Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. ZOKIROV

20-avgust 2012-y.



“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK Bosh direktori K. SANAQULOV

6-avgust 2012-y.



“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” OAJ Bosh direktori A. FARMONOV

25-avgust 2012-y.


(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 43-son, 498-modda)


Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling