O‘ktam shoirning a’zam iqrori yoxud “bir kun”dan xulosalar jamoldin Yoqubov


Download 25.59 Kb.
Sana04.11.2020
Hajmi25.59 Kb.
#140822
Bog'liq
A'zam O'ktam. To'g'irlandi


O‘KTAM SHOIRNING A’ZAM IQRORI YOXUD

BIR KUN”DAN XULOSALAR

Jamoldin Yoqubov

Andijon davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi

Annotatsiya: Ushbu maqolada A’zam O’ktamning “Bir kun” she’ri tasavvufiy tahlil qilingan. She’rni tahlil etishda Qur’oni Karim, hadislar va tasavvufga oid ayrim kitoblar asos qilib olingan.

Kalit so’zlar: tasavvuf, nasf, subh, jon, e’tiqod.
Islomiy haqiqatlarni inson shuuriga singdirishda adabiyotning o‘rni, shubhasiz, buyukdir. VIII asr boshlaridan shakllangan aruz vaznida mumtoz she’riyatimizning ham badiiy, ham g‘oyaviy jihatdan yuksak namunalari yaratildi. Ularning ayrimlari to‘g‘ridan to‘g‘ri Haq ishqini tarannum etgan bo‘lsa, boshqalari majozni ko‘prik bilib tasavvufiy g‘oyalarni o‘z asarlari orqali kitobxon qalbiga jo etmoqqa urindilar.

Afsuski, sho‘ra mustamlakachilik siyosati natijasida ko‘plab adabiy merosimizga putur yetdi. Navoiy va Bobur kabi oliy maqsadlari Haqqa yetishish bo‘lgan ijodkorlarimizni dahriy sifatida tahlil va talqin etishga to‘g‘ri keldi.

XX asrning 80 – yillariga kelib, she’riyatda yangi avlod shakllana boshladi. Asqar Mahkam, A’zam O‘ktam, Aziz Sayid, Eshqobil Shukur va Abduvali Qutbiddin kabi 60 – yillarda tug‘ilgan yoshlar ozodlik g‘oyalarini kuylash bilan birga, diniy e’tiqod mavzularini ham she’riy san’atlar yo‘li bilan goh oshkor, goh yashirin tarzda ifoda etdilar.

A’zam O‘ktam biz yuqorida ta’kidlagan iste’dodlardan biri edi. Qayta qurish davridagi ma’lum bir erkinliklardan foydalanib, u ham inson va e’tiqod erki mavzusida go‘zal she’rlar yozdi. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, Islomiy mavzuda qalam tebratish osonlashdi. Shoirning “Ziyorat” (1992 – yil), “Taraddud” (1993 – yil), “Ikki dunyo saodati” (1998 – yil), “Qirqinchi bahor” (1999 – yil) kitoblarida ijtimoiy, tarixiy mavzular bilan bir qatorda diniy mavzuda yozilgan badiiy jihatdan yetuk she’rlar ham o‘rin olgan.

Jumladan, uning “Ziyorat” to‘plamiga kiritilgan “Bir kun” she’ri yuksak saviyadagi she’rxonning e’tiborini tortmay qo‘ymaydi. Biz ushbu she’rning ayrim bandlarini diniy – tasavvufiy nuqtai nazaridan tahlil etishga jazm etdik.

Dastlab, she’rning sarlavhasiga e’tibor bersak, “Bir kun” mashoyixlar inson umrini tong va shom oralig‘idagi kunduz qismidan iborat degan ekanlar. Shoir sarlavhada bizning nazarimizni yuqoridagi ma’noga qaratmoqchi bo‘lgan bo‘lsa ne ajab. She’rga epigraf qilib, ulug‘ shoir Rauf Parfining “Tuyg‘ular” (Rassom do‘stim Shuhrat Abdurashidov xotirasiga) she’ridagi:



Bu qanday oroldir osmon ko‘rinmas

Bu qanday daryodir ko‘rinmas sohil.
misrasi olingan.

Ardoqli shoirimiz Rauf Parfi va A’zam O‘ktam shu o‘rinda dunyoga ayni nigoh bilan qaramoqdalar: osmoni ko‘rinmagan orol va sohili ko‘rinmagan daryodan murod biz yashayotgan foniy dunyo.



Kim bilsin —

Nedan so‘ng qayta ishlangan

Suv birla yuzingni, qo‘lni yuvasan.

Hanuz ololmading o‘chni dushmandan,

Bu zolim to‘dani qachon quvasan?
Birinchi to‘rtlikdagi dushmandan muddao – shayton, to’da esa uning lashkarlari, dunyo hoyi havaslaridir. E’tibor bersak, she’r savol bilan boshlanmoqda. Bizningcha shoir o‘zgalarni emas, o‘z ruhiy olamini so‘roqqa tutmoqda.

Ko‘zingga qon emas,

Yosh to‘lar nogoh.

Qo‘lni musht qilmaysan, ko‘kka cho‘zasan.

Muncha so‘ranasan —

Garchi boy Olloh —

Ayt, undan qarzingni qachon uzasan?
Ikkinchi to‘rtlikda ham o‘z ruhini tergash davom etadi. Alloh taolo Qur’oni Karimning “Qiyomat” surasida “va malomat qiluvchi nafs bilan qasam” (2-oyat) deb marhamat qilgan. Shoirning poetik dunyosi naqadar kengligini yuqoridagi misralardan ham sezish mumkin. Haqning g‘aniy (boy) sifatini e’tirof etgan holda unga yig‘lab iltijo qilishdan oldin uning buyruqlarini bajarish muhimligi uqtirilmoqda.
Qutlug‘ so‘zni aytib rangpar muazzin

Ibodat qilmakka chorlar dunyoni.

Ammo bosib ketar uning ovozin

Bozordagi kaslar shovqin-suroni.
Rangpar muazzin va azondan iroda qilingan maqsad – inson qalbidagi irfoniy tuyg‘ularning jonli tasviri. Va lekin qalbga joylangan Rabboniy bu fitrat bor ersa-da, insonni yolg‘onchi dunyoning nag‘malari chalg‘itadi, bozordagi kaslarning shovqin suroni qalb sadosini sassiz bir holga olib keladi, muhrlaydi.
Xayyom so‘zi tushar esingga tinmay,

Baxtsizlik izhori seni aylar rom:

Sekin pichirlaysan bilib yo bilmay:

«Na chin musulmonmiz, na kofir tamom».
Oradan necha asrlar o‘tsa ham Xayyomning so‘zi o‘z haqiqatini yo’qotmagan. She’r yakunida shoir aniq bir xulosaga keladi.
Tong yaqin!

Uzun kun boshlanar shu zum,

Tong bu qora tunga bo‘lur nihoya.

O‘zingdan kerakdir o‘zingga hujum,

O‘zingga kerakdir o‘zdan himoya.
Tasavvuf ilmining bosh maqsadlaridan biri: inson nafsini poklash. Subh esa arab tilida toza, sof degan ma’noni anglatadi. Shoirning umidi tongni sof holda qarshi olish. Qora tundan ya’ni qalb kirliklaridan xalos bo’lish. Nafs so‘zi ayrim manbalarda “jon” va “o‘z” ma’nolarida keladi. Tasavvufiy istilohda esa o’zini yengish deganda nafsni jilovlash, ta’bir joiz bo’lsa, uni o’ldirish nazarda tutiladi. Demak, inson o‘z nafsi bilan doimiy kurashlarda bo‘lishi kerak.

A’zam O‘ktamning vafotidan so‘ng “Osmon yaqin” (2011 – yil), “Sahar vaqti yurak yig‘lar” (2014 – yil), “To‘maris bilan suhbat” (2019 – yil) kitoblari nashr etildi. Professor Bahodir Karimov ta’kidlaganidek: “adabiyotshunosligimizda A’zam O‘ktam ijodi hali yetarlicha tadqiq qilinmadi”.

Aksar diniy ruhdagi she’rlarning badiiy saviyasi u qadar yetuk bo‘lmaydi, biroq A’zam O’ktam she’riyati esa bundan mustasno. Bunga biz yuqoridagi she’r misolida amin bo‘ldik.

Nima bo‘lganda ham yuqoridagi talqin va fikrlar oddiy bir kitobxonning she’rxon sifatidagi qarashlari xolos. Islomiy ilmlar yoki tasavvuf adabiyoti bilimdonligiga aslo da’voyimiz yo‘q.



Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati


  1. A’zam O‘ktam. “Ziyorat”. Farg‘ona 1992.

  2. Qur’oni Karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. T:. Hilol nashr 2015.

  3. Rauf Parfi “Sabr daraxti” T:. G’afur G’ulom 1986.

  4. Mahmud Asad Jo’shon “Tasavvuf va nafs tarbiyasi”. Tarjimon: Nodirxon Hasan. T:. Sharq 1997.



Download 25.59 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling