Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi mirzo ulug’bek nomidagi o’zbekiston milliy universiteti ijtimoiy fanlar fakulteti siyosatshunoslik
Download 246.08 Kb.
|
OLIY VA O
- Bu sahifa navigatsiya:
- Reja : O’zbekistondagi Prezidentlik instituti haqida . O’zbekistondagi Prezidentlik institutini o’rnatilishi
OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI IJTIMOIY FANLAR FAKULTETI SIYOSATSHUNOSLIK YO’NALISHI 1-KURS B PATOK TALABASI RAFIQJONOV ABDULAZIZNING SIYOSIY TIZIM FANIDAN YOZGAN REFERAT TOSHKENT-2023 Reja : O’zbekistondagi Prezidentlik instituti haqida . O’zbekistondagi Prezidentlik institutini o’rnatilishi Xulosa . O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIX bobi prezidentlik institutiga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi. Bundan yigirma yetti yil avval, 1990 yil 24 martda demokratiya jarayonlarini yanada rivojlantirish, siyosiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, konstitutsion tuzumni, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va xavfsizligini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy organlarining o‘zaro aloqasini takomillashtirish maqsadida MDH davlatlari ichida esa birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasida Prezidenti lavozimi ta’sis etildi . O‘zbekiston tarixida ilk daf’a joriy etilgan Respublika Prezidenti lavozimi yangi O‘zbekiston davlat hokimiyati organlari tizimida markaziy o‘rinni egalladi. U siyosiy tizimning o‘zagi bo‘lib qoldi. Prezidentlik hokimiyatida Prezidentning davlat boshlig‘i ... vakolatlari mujassamlashgan. Bu hokimiyat jamiyatdagi barqarorlikning va O‘zbekiston islohotlar yo‘lidan muvaffaqiyatli olg‘a borishining kafolati bo‘lgani holda, yangi o‘zbek davlatchiligi binosining asosiy tayanchiga aylanib qoldi . O‘zbekiston Respublikasida prezidentlik lavozimi milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz bilan rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini uyg‘unlashtirish natijasida vujudga keldi. O‘zbekistonda ta’sis etilgan Prezident lavozimining huquqiy asoslarini tahlil qilib baralla aytishimiz mumkinki, mamlakatimizda Prezidentning saylanishi, vakolatlari demokratik standartlarga mos to‘la keladi. Dunyoda prezident lavozimi mavjud bo‘lgan davlatlarni shartli ravishda 3 ga ajratilib, prezidentlik va parlamentar, aralash respublikalar degan tasniflash mavjud. Bunda asosiy mezonlardan biri bo‘lib, Prezidentning saylanish usuli hisoblanib, bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylangan Prezident kuchli vakolatlarga ega bo‘ladi. Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanganda fuqarolar uning saylovoldi dasturi bilan bevosita tanishish, mamlakat va fuqarolarni qiziqtirayotgan masalalarga nomzodlar e’tiborini qaratish imkoniyati mavjuddir. Konstitutsiyamiz 90-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Prezidentni umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash dunyoning 110 ta davlatida qabul qilingan usuldir. O‘zbekistondagi Prezidentlik institutining o‘ziga xosligi shundaki, bizda davlat boshlig‘ining vakolatida fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishiga kafillik belgilanganligi, davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlashi, Prezident saylovi kuni Konstitutsiyada aniq belgilab qo‘yilgani, saylov komissiyalarining a’zolari saylovdan manfaatdor biron bir partiya a’zosi, yoki nomzod, uning ishonchli vakili bo‘lishi mumkin emasligi, Prezident saylovining moliyaviy ta’minoti davlat mablag‘lari tomonidan qoplanishi va teng taqsimlanishi, nomzodlardan hech qanday saylov garovi, saylov fondini tashkil etish talab qilinmasligi, nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun davlat hisobidan teng efir vaqti va bosma maydon ajratilishi, yig‘ilishlar va uchrashuvlar o‘tkaziladigan vaqt hamda joy haqida saylovchilarga barvaqt xabar qilinishi, davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning rahbarlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni tashkil etishda, zarur ma’lumot va axborot materiallari olishda yordam ko‘rsatishlari shartligi kabilarda ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekistonda Prezidentlik institutining xalqimiz hayotiga yaqinligini mustaqillik yillarida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlarida saylovchilarning 90 % dan ortig‘i ishtirok etganligidan ham bilib olishimiz mumkin. Jahonning ko‘plab davlatlarida bu raqam odatda o‘rtacha 50-60 %dan oshmasligini ko‘rishimiz mumkin. Shu ma’noda prezidentlik instituti demokratik institut hisoblanib, birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li saylanadi va fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda vakilligini ta’minlashdek konstitutsiyaviy funksiyani bajaradi. Ikkinchidan, Prezident lavozimiga nomzod bo‘lishda O‘zbekiston Respublikasi barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoliga, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi. Uchinchidan, Prezident saylovi demokratik standartlarda belgilangan holda halollik bilan ochiq, shaffof o‘tishi, erkin, ixtiyoriy, haqiqiy va adolatli tashkil etilishi va o‘tkazilishi Konstitutsiya va qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan. To‘rtinchidan, Prezident vakolatlari Konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo‘yiladi. Ya’ni bunda demokratik saylovlar orqali saylab qo‘yilgan vakillari orqali xalq ishtirok etadi. Beshinchidan, monarxiyadan farqli o‘laroq, Konstitutsimiz 1-moddasiga asosan O‘zbekiston – suveren demokratik respublika bo‘lganligi bois Prezidentning lavozimda bo‘lish vaqti konstitutsiyaviy asosda ma’lum muddatlar bilan chegaralangan. Ya’ni Asosiy qonunimizga asosan besh yil muddatga saylanadi. Bu ham demokratik standartlardan bo‘lib, xalq davlat hokimiyatining manbai sifatida davriy asosda o‘z nomidan, ya’ni xalq nomidan ish olib borishi mumkin bo‘lgan shaxsni muqobillik asosida saylab turish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Oltinchidan, respublika Prezidenti lavozimga kirishish oldidan xalq saylagan oliy vakillik organi – Oliy Majlisda qasamyod qabul qilishi ham o‘z qasamyodida birinchi jumla “O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga” degan jumlaning o‘ziyoq demokratiyaning belgilari sifatida aytilgan: demokratiya xalqdan chiqishi, demokratiya xalq tomonidan va xalq manfaatlari yo‘lida oshirilishiga yaqqol misol bo‘la oladi. Yettinchidan, prezidentlik instituti huquqiy davlatning muhim va ajralmas belgisi – hokimiyat bo‘linishi prinsipining tarkibiy qismidir. Prezident lavozimining joriy etilishi o‘zbek davlatchiligi tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, “Prezident institutining joriy etilishi – respublikamiz uchun suverenitet va davlatchilikda prinsip jihatdan yangi bosqichga o‘tilishini bildiradi. Chunki shunchaki emas, balki haqiqiy davlatchilik hokimiyatning bunday tuzilmasini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega. ... Prezident boshqaruvini hayotning o‘zi, qayta qurishning mantig‘i, mohiyati, uning murakkab va ziddiyatli jarayonlari taqozo etdi” . Dastlabki bosqichda prezidentlik instituti davlat hokimiyati tizimida markaziy o‘rinni egallab, siyosiy tizimning o‘zagiga aylandi. Demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining poydevorini barpo etish hamda davlatning bosh islohotchi bo‘lishi zarurati o‘tish davrida Prezident zimmasiga katta mas’uliyat va strategik vazifalarni hal etish zaruratini yuklash barobarida uning keng vakolatlarga ega bo‘lishini taqozo etdi. Prezident davlat va ayni vaqtda ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i sifatida islohotlarning tashabbuskori, yangilanish va o‘zgarishlar jarayonini harakatga keltiruvchi asosiy kuchga aylandi. Demokratiyaga o‘tish jarayoni strategiya va taktik jihatdan kuchli prezidentlik bo‘lishini taqozo etadi, Prezident nafaqat modernizatsiyalashni amalga oshirishi, balki demokratik huquq va erkinliklarning haqiqiy kafili bo‘lishi, jamiyatda buzg‘unchi jarayonlarning ta’sirini yo‘q qilish, bartaraf qilish imkoniga ega bo‘lishi lozim” edi. Milliy davlatchilik asoslarini shakllantirishga qaratilgan islohotlar natijasida siyosiy va iqtisodiy hayot, davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, mustaqil sud tizimi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish hamda fuqarolik jamiyatini barpo etishning mustahkam poydevori yaratilib, demokratik islohotlar ortga qaytmas jarayonga aylandi. Ushbu mustahkam poydevor asosida mamlakatimizni jadal isloh etish va modernizatsiya qilishning yangi davri – milliy taraqqiyotimizning keyingi mantiqiy bosqichi izchil davom etmoqda. Faol demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri hisoblanmish ushbu bosqichda davlat hokimiyati tizimida o‘zaro mutanosib va barqaror muvozanatni ta’minlash, hokimiyat tizimida prezidentlik institutining o‘rni va roliga oid muhim demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Milliy davlatchiligimiz va biz uchun yangi bo‘lgan erkin bozor iqtisodiyoti shakllanayotgan va qaror topayotgan dastlabki yillarda Prezidentga berilgan huquq va vakolatlarning bir qismini hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi tuzilmalariga berish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. Agar mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 7 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilingan bo‘lsa, ularning 5 tasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga oid XIX bobdagi qator moddalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani prezidentlik institutining huquqiy asoslari sezilarli takomillashayotganidan dalolat qiladi. Xulosa qilib aytganda mamlakatimizda prezidentlik instituti O‘zbekistonni davlat mustaqilligiga erishishining asosiy omili bo‘ldi, respublikamiz uchun suverenitet va davlatchilikda prinsip jihatdan yangi bosqichga o‘tilishini bildirdi hamda prezidentlik instituti qaysidir ma’noda davlat mustaqilligi kafili hamda davlat ramziga aylandi. Prezidentlik instituti ta’sis etilishini hayotning o‘zi, murakkab va ziddiyatli jarayonlar yechimi taqozo etdi. Prezidentlik instituti huquqiy davlatning muhim belgisi bo‘lgan hokimiyat bo‘linishi prinsipining tarkibiy qismi sifatida huquqiy tizimimizga kiritildi. Prezident lavozimi ta’sis etilishi bilan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud tarmoqlari faoliyatini o‘zaro kelishtirish, avvalo qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish mexanizmlari yaratildi. Prezidentlik instituti jamiyatdagi barqarorlikning kafolati bo‘lgani holda, yangi o‘zbek davlatchiligi binosining asosiy tayanchi vazifasini bajarmoqda. O‘zbekiston tarixida ilk daf`a joriy etilgan Respublika Prezidenti lavozimi yangi O‘zbekiston davlat hokimiyati organlari tizimida markaziy o‘rinni egalladi. U siyosiy tizimning o‘zagi bo‘lib qoldi. M.M.Mirakulovning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy-huquqiy maqomining shakllanishi va rivojlanishi uch bosqichga bo‘linadi. Birinchi bosqich 1990-yil 24-martdan 1990-yilning 1-noyabriga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ini qamrab oladi. Ushbu bosqichda prezidentlik institutining huquqiy tabiati parlamentar-prezidentlik respublikalariga o‘xshash bo‘lgan. Prezidentning xalq tomonidan emas, balki Parlament tomonidan saylanishi uning vakolatlari shakllanishi jarayoniga ham o‘z ta`sirini o‘tkazgan. Prezident o‘sha vaqtda ijro etuvchi hokimiyat rahbari hisoblanmagan. Ijro etuvchi hokimiyat vazifasini Ministrlar Soveti bajargan. Mazkur davrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari an`anaviy parlamentar respubliklarga xos bo‘lgan: ichki va tashqi siyosatda respublika nomidan ish yuritish; davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta`minlash; respublika ordenlari, medallari va yorlig‘i bilan mukofotlash, malakaviy va faxriy unvonlar berish; fuqarolikka oid hamda siyosiy boshpana berishg oid masalalarni hal etish; amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish va O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni avf etish kabilardan iborat bo‘lgan. Mazkur davrdagi prezidentlik institutiga xos bo‘lgan muhim xususiyatlardan biri Prezidentning konstitutsiya va qonunlarning samaralishi ijro etilishini ta`minlashga xizmat qiladigan, hamma uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlarni chiqarish vakolatining shakllanganligi hisoblanadi. M.M.Mirakulovning ta`kidlashicha, birinchi bosqich prezidentlikning institutlashuvi hamda kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar yuzasidan Prezidentning qarorlar qabul qilish vakolatining yetarli emasligi prezidentlik Respublikasiga o‘tish va buning oqibatida Prezidentning davlat rahbari bo‘lishi zaruratini yuzaga keltirganligi bilan belgilanadi. 1990-yil 1 noyabrda «O‘zbekiston SSRda ijroiya va boshqaruv hokimiyatining tuzilishini takomillashtirish hamda O‘zbekiston SSR Konsitutsiyasi(Asosiy Qonun)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinishi bilan prezidentlik instituti rivojlanishidagi ikkinchi bosqich boshlangan va bu bosqich 2008 – yilning 1-yanvariga qadar davom etgan. Mazkur qonun o‘z mazmunga ko‘ra davlat boshqaruvining prezidentlik respublikasi shaklini o‘rnatdi. Ushbu qonunga ko‘ra, O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasida yangi bob hukumat faoliyatiga bag‘ishlangan 13-bob bilan birlashib, unga «O‘zbekiston SSR Prezidenti va Hukumati» deb nom berildi. O‘z navbatida ushbu qonun bilan O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti O‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga o‘zgartirilgan va Prezident Vazirlar Mahkamasiga rais etib belgilangan. Mazkur qonun O‘zbekiston Respubliksi Prezidentining asosiy vakolatlari shakllanishi hamda prezidentlik instituti takomillashishiga asos bo‘lib xizmat qildi. O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e`lon qilganidan so‘ng, oradan qisqa vaqt o‘tmay, 1991-yil 18-noyabrda ittifoqdosh respublikalar orasida birinchi bo‘lib «O‘zbekiston Respublikasi Przidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. 1991-yil 29-dekabr kuni esa xalqimiz uzoq yillik mustamlakachilikdan so‘ng haqiqiy mustaqillik ramzi sifatida o‘z tarixida birinchi bor umumxalq xohish irodasi bilan mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylandi. 1992-yil 8-dekabr O‘zbekiston hayotida unitilmas va eng muhim kun bo‘ldi. Shu kuni Oliy Kengashning XI sessiyasida mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan Prezidentning huquqiy maqomida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Konstitutsiyaning 89-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat va ijro etuvchi hokimiyt boshlig‘i va ayni vaqtda Vazirlar Mahkamsining Raisi hisoblanishi mustahkamlab qo‘yildi. Bu qoida shundan dalolat beradiki, Prezident davlat hokimiyat organlari faoliyatining samaradorligini ta`minlab tursa, ijro etuvchi hokimiyat rahbari sifatida qabul qilinayotgan qonunlar ijrosining uzluksizligini hamda operativ tarzda qarorlar qabul qilinishini ta`minlaydi. Yangi Konstitutsiya bilan prezidentlikka nomzodlarning yosh chegarasi (65 yoshgacha)ga qo‘yilgan talablar bekor qilindi. Shu bilan birga, nomzodlarga o‘zbek tilini yaxshi bilish, saylovga qadar O‘zbekiston hududida 10 yildan kam bo‘lmagan muddatda muqim yashaganlik, prezidentlikka saylanganidan so‘ng deputatlik faoliyatini ,shuningdek, tadbirkorlik va haq to‘lanadigan boshqa ish bilan shug‘ullanmaslik kabi bir qator yangi talablar o‘rnatildi Mamlakatimiz o‘z istiqlolini qo‘lga kiritganida davlat boshqaruvining kuchli prezidentlik hokimiyatiga asoslangan shakli tanlandi. Bu davrda Prezident katta vakolatlarga ega bo‘lib, buni huquqiy demokratik davlat poydevorini barpo etish va mustahkamlashda davlatning bosh islohotchilik rolini o‘tashi zarurati bilan izohlash mumkin. Yangi mingyillikning kirib kelishi, demokratik-huquqiy davlat qurish jarayonida orttirilgan tajriba, vakillik organlari va ko‘ppartiyaviylikning rivojlanishi, jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining roli kuchayishi bilan davlat boshqaruvini demokratlashtirish, Prezident maqomini demokratik huquqiy davlatlarda umume`tirof etilgan andozalarga mos ravishda takomillashtirish zarurati yuzaga keldi. Bu yo‘nalishda mamlakatimizda 2002-yil 27-yanvarda o‘tkazilgan Referendum va uning asosida 2003-yil 24-aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risda»gi Qonun muhim ahamiyat kasb etdi. Islohotlarga ko‘ra, ikki palatali Oliy Majlis tashkil etilib, Konstitutsiyaning 89- moddasidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining raisi hisoblanadi» degan qoidadan iborat bo‘lgan ikkinchi xatboshi olib tashlandi. Demak, Vazirlar Mahkamasi raisi tugatildi, Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga rahbarlik qilish, u tomonidan qabul qilanayotgan qarorlar va ularning ijrosini ta`minlash ma`suliyati to‘laligicha Bosh Vazir zimmasiga yuklatildi. Amalga oshirilgan bu o‘zgarishlar davlat boshqaruvini demokratlashtirish yo‘lida yangi yutuqlarni qo‘lga kiritish imkoniyatini yaratdi. 2007-yil 11-aprelda «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiaya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi bilan prezidentlik instituti rivojlanishidagi ikkinchi bosqich tugab, uchinchi bosqich boshlandi. Ushbu qonunga homahang tarzda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining moddalariga tuzatishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib Konstitutsiyaga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Konstitutsiyaning 89-moddasidan «ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘idir» deyilgan norma chiqarilib, Prezidentning davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta`minlashi belgilab qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasining shakllantirilishi va iste`fosining yangicha tartibi, siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish masalalari huquqiy tartibga solindi. 2010-yil 12-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ni taqdim etdi. Mazkur konsepsiya mamlakatimiz kelgusi taraqqiyotining asosiy strategik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat bo‘lib, mamlakat Prezidentining davlat rahbari sifatida maqomini yanada mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida Vazirlar Mahkamasining roli, uning davlat hokimiyati tizimida mavqei va ma`suliyatini oshirish hamda vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlarning muhim asosi siatida e`tirof etildi. Davlat boshqaruvini demokratlashtirish jarayonida 2011-yil 18-aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (78, 80, 93, 96, va 98 moddalariga)»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni keyingi qadam bo‘ldi. Qonun Oliy Majlis Bosh vazir hisobotlarini eshitishi va mukoma qilishi tartibini belgiladi. Bosh prokuror o‘rinbosarlarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi prezident farmonlarini tasdiqlash Senatning mutlaq vakolatlaridan chiqarildi. Qolaversa, Prezident ijro etuvchi hokimiyatga rahbarlik qilishi haqidagi norma chiqarildi. Qonun bilan Prezident viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini tayinlashi hamda lavozimidan ozod etishi Bosh vazir taqdimiga binoan amalga oshirilish tartibi o‘rnatildi. Bundan tashqari, Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi belgilandi. Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi norma mustahkamlandi. 2011-yil 12-dekabrda «O‘zbekiston Respublikasi Kostitutsiyasining 90-moddasiga tuzatish kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan Prezidentning vakolat muddati 7 yildan 5 yilga qisqartirildi. Shundan so‘ng, 2014-yil 16-aprel «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida(32,78,93,98 103 va 117 moddalariga)» gi qonun qabul qilinib, Konstitutsiyaning 93-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Prezidentning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan tuzishi va tugatishi, Bosh vazir iste`foga chiqqanda, Bosh vazirga nisbatan bildirilgan ishonchsizlik votumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qabul qilinganda yohud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda lavozimidan ozod qilishi tartibi belgilandi. XULOSA VA TAKLIFLAR Xulosa qilib aytganda mamlakatimizda prezidentlik instituti O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishishining asosiy omili bo‘ldi, respublikamiz uchun suverenitet va davlatchilikka prinsip jiihatdan yangi bosqichga o‘tilishini bildirdi hamda prezidentlik instituti qaysidir ma`noda davlat mustaqilligi kafili hamda davlat ramziga aylandi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI : Mirakulov.M.M. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviyhuquqiy maqomi (qiyosiy-huquqiy tahlil): diss. …y.f.d . –Toshkent, 2016- 258 b Abbosxodjayev Sh.A. Demokratik davlat qurilish sharoitida prezidentlik institutining huquqiy asoslari : diss. … y.f.n. –Toshkent, -163.b file:///D:/%D0%97%D0%B0%D0%B3%D1%80%D1%83%D0%B7%D0%BA%D0%B8/O%E2%80%98zbekistonda%20prezidentlik%20institutining%20rivolanish%20bosqichlari%20.pdf https://fayllar.org/download/ozbekistonda-prezidentlik-institutining-rivolanish-bosqichlari.doc Download 246.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling