Ona tili millatning ruhidir


Download 15.86 Kb.
Sana09.11.2023
Hajmi15.86 Kb.
#1759160
Bog'liq
Ona tili millatning ruhidir (Lotincha)


Ona tili millatning ruhidir
Inson uchun Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik muqaddas bo‘lsa, ona tili ham shunchalik azizdir. Hattoki, go‘dak ham dunyoni ona tili orqali anglaydi.
SHuning uchun doim til, millat, Vatan tushunchalari yonma-yon yuradi. Tilsiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy topmaydi. Ona tili – millat ruhi, or-nomusi.
Ma’lumki, bugungi kunda ingliz tili xalqaro muloqot tillarining asosiylaridan biri hisoblanadi. U hayotimizning har bir jabhasiga kirib borgan va siyosiy hamda iqtisodiy masalalarni hal etishni osonlashtiradi, desak adashmagan bo‘lamiz. Biroq har bir mamlakat o‘z tilini saqlab qolishga harakat qilishi kerak, chunki aynan til uni o‘ziga xos qiladi va boshqa mamlakatlardan ajratib turadi.
Davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining 30 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat”, ekanini alohida ta’kidlab o‘tgandi. Darhaqiqat, til –millat tafakkurining bebaho mahzani, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dunyo tillarini saqlab qolish, madaniy, intellektual merosning yo‘q bo‘lib ketish xavfining oldini olish maqsadida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) tomonidan 1999 yil noyabrda “21 fevralь – Xalqaro ona tili kuni”, deb e’lon qilingan. Mazkur sana dunyoda tillarga bo‘lgan e’tibor va hurmatning ramziy ma’nosini ifodalab keladi.
Quvonarlisi, yurtimizda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor har qachongidanda kuchaydi. Bugun ona tilimizni ulug‘lash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodga etkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etildi. Muhammad Rizo Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim YUsupov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad YUsuf nomidagi ijod maktablarida saboq olgan yoshlar o‘zbek tili va adabiyoti, badiiy ijod sirlarini chuqur o‘rganishi sir emas. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Tarixga yuzlanadigan bo‘lsak, taassufki, mustabid tuzum davrida millat ruhi, g‘ururi bo‘lmish o‘zbek tilining mavqeini pasaytirishga urinishlar ko‘p bo‘ldi. Millat oydini, ma’rifatparvar adib Abdulla Qodiriy “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, degan xitobi bilan o‘tmishning achchiq sitamlarini namoyon etdi. Sobiq ittifoq davrida ona tiliga bo‘lgan bepisandlikka qaramay, xalqimiz o‘z milliy tilini saqlab qoldi. 1989 yil 21 oktyabrь kuni qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, o‘zbek tili davlat tili, deb e’lon qilindi.
Mazkur tarixiy sanadan o‘ttiz yil o‘tib, ona tilimizni e’zozlash yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimizning 2019 yil 4 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori hamda 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni buning yorqin dalilidir. Farmonga binoan 21 oktyabrь yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni”, deb e’lon qilindi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tuzilmasining tashkil etilgani o‘zbek tilining nufuzini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash uchun xizmat qilishi shubhasiz.
Bundan tashqari, ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tarish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi.
Bu esa ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho ma’naviy merosni kelajak avlodga etkazish, uni asrab-avaylash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
YAna bir jihatga to‘xtalib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Fan-texnika rivojlanib, ilmiy atamalar ko‘paygani sari milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifaga aylandi. SHu maqsadda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan yuqoridagi farmonga muvofiq, yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasini tuzish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”, deb o‘zbek tilining ahamiyati va jozibasini yanada ulug‘ladi.
Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk marta o‘zbek tilida nutq so‘zlashi ona tilimizning nufuzi va mavqeini yanada oshirdi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan “Navoiy tili” deb e’tirof etiladigan ona tilimizning jahonda e’tirof etilishi nihoyatda katta va muhim tarixiy voqelik bo‘ldi. Bu har bir yurtdoshimiz ko‘nglida g‘urur-iftixor tuyg‘usini yanada oshirdi.
SHu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniyning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamay, insoniy tuyg‘ularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladi”.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.
CHunki yillar o‘tib, qaysi yurtning farzandlari o‘z ona tillarida o‘qishni to‘xtatsa, o‘sha til yo‘qlik qa’riga singib ketadi. SHu sababli ham tilning yot ta’sirlardan saqlash xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Ona tili xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’analarini saqlaydi. SHunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir.
Download 15.86 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling