I bob OQSILLARNING TUZILISH
1. Oqsillarning tasnifi va nomlanishi. Turli o`simliklar, hayvonlar va mikrob hujayralaridan, hujayra komponentlaridan, to`qimalar ekstraktlaridan xilma-xil oqsil preparatlari ajratib olingan. Organizmning turli a’zo va to`qimalarida o`ziga xos oqsillar uchraydi. Har xil turga mansub o`simlik va hayvonlarning oqsillari ham bir-biridan farq qiladi, umuman oqsillarning turga xosligi tabiat qonunidir. Olimlar ularni ayrim guruhlarga bo`lish ustida ko`pdan ish olib borsalar ham haligacha qoniqarli tasnif topilgani yo`q. Buning sababi ularning bir xil elementlardan tuzilganliklari, shuningdek xilma-xil struktura variantlari va funktsional xususiyatlaridir. Shunga asosan oqsillar fizik-kimyoviy, funktsional va struktura belgilari bo`yicha tasniflashga harakat qilinadi.
Fizik-kimyoviy tasniflash oqsillarni elektrokimyoviy va qutbli xossalariga asoslanadi. Bunday belgilarga ko`ra oqsillar qutbli yoki gidrofil (tarkibida qutbli guruhlari ko`p, yaxshi eriydigan), qutbsiz yoki gidrofob (tarkibida qutbsiz qoldiqlar bo`ladi, deyarli erimaydi) va amfipatik yoki amfifil (ikki tomonlama belgilarni namoyon qiladi – molekulaning bir qismi qutbsiz, boshqa qismi esa qutbli; asosan membrana oqsillari) ga bo`linadi.
Funktsional tasniflash oqsillarning biologik vazifalariga asoslanadi.
Struktura belgilariga ko`ra oqsillar ikkita yirik guruhga bo`linadi: oddiy oqsillar (protein, apoprotein) – gidrolizlanganda faqat aminokislotalarga ajraladi va murakkab oqsillar (proteid, goloproteid) – gidrolizlanganda aminokislotalardan tashqari oqsil bo`lmagan komponentlar ham bo`ladi, masalan uglevod, yog`, nuklein kislota va hokazolar.
Oqsillar tasodifiy belgilariga asoslanib, ko`pincha ular ajratib olingan manba yoki molekulaning eruvchanligi, konfiguratsiyasiga qarab nomlanadi.
2. Oddiy oqsillar va ularning vakillari. Oddiy oqsillar eruvchanligiga, aminokislota tarkibiga va boshqa ba’zi xususiyatlariga asosan quyidagi guruhlarga bo`linadi: gistonlar, protaminlar, albuminlar, globulinlar, prolaminlar, glutelinlar va proteinoidlar (skleroproteinlar).
Do'stlaringiz bilan baham: |