O’quv-uslubiy majmua O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 14-avgustdagi № bd-5110100 02 bilan tasdiqlangan falsafa fanidan namunaviy dastur asosida ishlab chiqilgan
Download 6.3 Mb.
|
FALSAFA MAJMUA
Estetik did tushunchasining o’ziga xosligi shundaki, u bir tomondan, idrok, fahm, farosat kabi ildizi aqlga borib taqalsa, ikkinchidan, o’zining ehtiros, his-hayajon, sub’ektiv baholash xususiyati bilan ulardan ajralib turadi. SHu sababli biz did haqida gapirganimizda odatda, estetik didni – insondagi go’zallik, ulug’vorlik, fojeaviylik singari estetik xususiyatlarni, umuman, nafosatni idrok etish qobiliyatini nazarda tutamiz. Masalan, osmonni qora bulut to’liq qoplab olganini ko’ra-bila turib, yomg’irpushsiz va soyabonsiz yo’lga chiqqan odamni fahmsiz, chang, loy poyafzalini echmay, gilamni bosib, ichkariga kirgan odamni farosastiz deb ataymiz, qalampirnusxa rangli ko’ylak, jinsi shim va ayni paytda kirza etik kiyib, salla o’rab olgan odamni ko’rsak, uni didsiz deymiz. Birinchi hodisada biz tabiiy sharoitga moslashmay, o’ziga jabr qilayotgan kishini, ikkinchisida ham gigienik, ham axloqiy qonun-qoidalarga amal qilmay tarbiyasizligi tufayli uy egasini ranjitgan odamni, uchinchi hodisada kiyinishdagi uyg’unlikni tushunmagan, go’zallik bilan bachkana yaltiroqlilikning farqiga bormagan kimsani ko’ramiz. YOki, boshqacha qilib aytganda, biz ongning, birinchi hodisada – haqiqatga, keyingisida – ezgulikka, uchinchisida – go’zallikka munosabatini uchratamiz. Har uchala hodisaning asosida ham qobiliyat yotadi. Fahm – aqliy, farosat –axloqiy, did – estetik qobiliyatni yuzaga chiqaradi. Uchala qobiliyatning ham ibtidosi, tabiiy-tug’malikka borib taqalsa-da, ular o’zlarini asosan tarbiya, ijtimoiy munosabatlar orqali ro’yobga chiqaradi. Ayniqsa, estetik did murakkab tarbiya jarayonini taqozo etadi. Chunki u ham aqliy, ham axloqiy, ham hissiy tarbiya uyg’unlashgan umumiylikdan iboratdir.
Biz yuqorida estetik bahoning estetik did va ideal bilan bog’liqligini aytib o’tgan edik. Xuddi shunday holat estetik did uchun ham xos. U estetik baho bilan shu qadar uzviy bog’liqki, ularni ba’zan ajratib bo’lmay qoladi, go’yo estetik baho estetik didning ajralmas qismiday tuyuladi. Lekin, shunday bo’lsa-da, ularni aynanlashtirish yoki bir hodisa sifatida qabul qilish mumkin emas, aks holda bunday qarash ilmiy tahlil tamoyillaridan yiroq «ko’cha gapi»ga aylanib qoladi. Zero estetik did muayyan estetik baho yoki baholar yig’indisi emas, balki estetik bahoga layoqatni anglatadigan, sub’ekt uchun baho me’yorlarini va mezonlarini tayyorlab beruvchi – «ishlab chiqaruvchi» jarayondir. Demak, estetik didsiz estetik bahoning mavjudligi mumkin emas. Ayni paytda shunday holni estetik ideal bilan bog’liqlikda ham ko’rish mumkin: estetik ideal estetik didning yashash sharti hisoblanadi; did ma’lum ma’noda idealning amaliyotda namoyon bo’lishidir; estetik idealning o’zgarishi albatta didning o’zgarishiga olib keladi. SHunday qilib, did estetik anglash jarayonidagi o’rnini almashtirib bo’lmaydigan muhim xalqalaridan biri, estetik anglashning eng muhim unsuridir. Ana shu nuqtai nazardan estetik did tarbiyasi inson shaxsi kamolotida katta rol o’ynaydi, estetik did tarbiyasining asosan uch ildizi mavjud. Ular go’zallik, san’at va badiiy ijod. Albatta, badiiy ijod deganda faqat san’at asarlarining yaratilish jarayonini tushunish kerak emas, u ayni paytda dizaynda, modada, atrof-muhitni va mehnatni go’zallashtirishda ham namoyon bo’ladi. To’g’ri, badiiy did estetik didga nisbatan xususiy, tor qamrovli, lekin u shuning barobarida estetik didning asosini tashkil etadi, deyish mumkin. Estetik did har kimda har xil bo’lishini, unda sub’ektiv mushohada kuchli ekanini yaxshi bilamiz. Buyuk ingliz faylasufi Deyvid Hyum shundan kelib chiqib, did haqida bahslashmaydilar, ya’ni har kimning didi har xil degan fikrni ilgari surgan. Lekin shunday estetik qadriyatlar borki, ular muayyan zamon, ijtimoiy hayot, umummilliy, umuminsoniy madaniy daraja bilan shartlanadi. Ular idrok etilganida bahslashish mumkin emas, Chunki bunda bir-ikki odamning yoki guruhning didi o’zgacharoq bo’lsa, xususiylikka nisbatan maxsus e’tiborini qaratish shart emas: ularning fikri sukut saqlash yo’li bilan inkor etiladi. Chunki yuz minglab yoki millionlab shaxslar va qator zamonlar tan olgan qadriyatni «bu menga yoqmaydi», deyishga hech kimning ma’naviy haqqi yo’q, agar shunday deydiganlar topilsa, ularning didi, aytilganidek, e’tiborga noloyiq. SHuning uchun ham Kant o’zining did haqida bahslashish ham mumkin va aksincha bahslashmaslik ham mumkin, degan mashhur qoidasini, o’ziga xos antinomiyani o’rtaga tashlaydi. Kantning haqligini quyidagi misolda yaqqol ko’rish mumkin. Deylik, Eshmat chinnigulni, Toshmat esa atirgulni yaxshi ko’radi. Bu holatda ularning birortasini tanqid qilib bo’lmaydi, Chunki har ikki did o’ziga xos sub’ektiv kechinmalarga asoslansa-da, ularning umumiy ob’ektiv ildizlari bor, ular gullardagi go’zallikni ikki xil shaklda ko’radilar va bu holat tabiiy. SHu sababli har ikki did ham hurmatga, e’tiborga loyiq. Bordiyu Eshmat tovus va uning dumini, Toshmat esa echkiemar va uning dumini go’zal desa, Toshmatning fikri yonom chiqarish uchun qilinayotgan oliftagarchilik yoki estetik didsizlik tarzida qabul qilinadi. Chunki insoniyat zamonlar mobaynida tovusni – jannat qushi, go’zallik ramzi tarzida, echkiemarni esa xunuklik timsoli sifatida qabul qilib keladi: bu o’rinda did borasida bahslashish mumkin emas, tovusning go’zalligi umubashariy «tasdiqdan o’tgan». SHu sababli Toshmatning fikri tanqid rad etiladi, uning «o’ziga xos», «sub’ektiv» qarashi hisobga olinmaydi. SHunday qilib, umumbashariy yoki umuminsoniy estetik qadriyat sifatida tan olingan estetik ob’ektlar haqida bahslashilmaydi, ular barcha rasmona did egalari tomonidan yuksak baholanadilar. Ayni paytda shuni ham nazarda tutish lozimki, did yagona, mutlaq estetik hodisa emas, u ham muayyan nisbiylik tabiatiga ega. Chunonchi, uning to’rt xil darajasi haqida fikr yuritish mumkin, bu darajalar odamlarning mavqei, saviyasi, madaniylik toifasi bilan bog’liq. Birinchisi, estetik ob’ektni qanday bo’lsa, shundayligicha, aniq bir reallik tarzida idrok etuvchi sub’ektiv fikri ojiz, biror ob’ektni hamma zo’r desa, zo’r ekan deb qaraydigan faqat jo’n idrok etishga asoslangan did. Ikkinchisi, uning aksi – nafosatni zavqlanish uchun emas, balki o’zining boshqalardan madaniyatliligini, o’qimishliligini ko’rsatish uchun bir vosita deb biladigan, zavqlanishni murakkab tahlil bilan almashtiradigan did egalari. Ularni odatda, nafosatbozlar-estetlar deb ataymiz. Uchinchisi, bejamadorlikdan, yaraqlab turadigan narsa-hodisalardan hayratlanadigan, modaparast did egasi. To’rtinchisi, milliy va umumbashariy estetik qadriyatlardan zavqlanadigan, ularni, baholay oladigan, badiiy soddalikni anglay biladigan kishilar didi. Birinchi xildagi did estetik ob’ektni faqat hodisa tarzida qabul qilib, uning mohiyatini butunlay anglamaydigan, jo’n hissiyotga asoslangan did; ikkinchisi, mohiyatni hodisadan ajratib olib, uni «kavlashtiraveradigan», o’ta murakkablashtiradigan, faqat intellekt bilan, aql bilan ish ko’radigan did; uchinchisi, o’ta yaltiroqlikni, yoqtiradigan har bir Yangilikni qadriyat sifatida qabul qiladigan bachkana did. To’rtinchisi, hodisa bilan mohiyatni yaxlitlik tarzida idrok etadigan, hissiy-intellektual yondashuvning uyg’unligiga asoslangan did. Ana shu to’rtinchi xil didni haqiqiy yuksak estetik did, deyish mumkin. Aytilganlardan estetik did masalasi shaxs, jamiyat va millat madaniyati uchun katta ahamiyatga ega ekani ravshan bo’lib turibdi. SHu sababli estetik did tarbiyasi har doim ham muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Ayniqsa, mustamlaka botqog’idan chiqqan halqimizning tenglar ichida teng bo’lib, jahonga rosmana chiqishi uchun estetik did tarbiyasi alohida dolzarblikka ega. Biz qurayotgan erkin fuqarolik jamiyati va unda har bir shaxsning yuksak estetik didga erishishi zamon talabidir. Chunki faqat yuksak estetik did egasigina haqiqiy erkin fikrlash salohiyatiga, dunyoni, Vatanni, hayotni go’zallik prizmasi orqali ko’ra bilish qobiliyatiga ega bo’la oladi. Estetik did murakkab hissiy-intellektual hodisa, dedik. Uning bu xususiyati doimo, yuqorida aytganimizdek, estetik ideal bilan bog’liq – estetik ideal, bir tomondan, didni belgilab bersa, ikkinchi tomondan, estetik did estetik idealning amaldagi ko’rinishidir. Xo’sh, estetik idelning o’zi nima? Endi estetik anglashning ana shu unsuriga to’xtalamiz. Download 6.3 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling