O’rta Osiyo xalqlari arablar istilosi va hukmronligi davrida. Reja: O‘rta Osiyoga arablar istilosining boshlanishi Xalifalik davrida iqtisodiy va madaniy
Download 183.33 Kb. Pdf ko'rish
|
1-mavzu
O’rta Osiyo xalqlari arablar istilosi va hukmronligi davrida. Reja: 1. O‘rta Osiyoga arablar istilosining boshlanishi 2.Xalifalik davrida iqtisodiy va madaniy o`zgarish 3.Xalifalikka qarshi xalq qo`zg`alonlari Tayanch tushunchalar: Abruy qo’zg’aloni, Arab xalifaligi, Ummaviylar, Abbosiylar, Qur’on, arablar istilosi, Movarounnahr, soliq siyosati, Muqanna, islom dini. Arablar istilosi va hukmronligi davrida O’rta Osiyo. VI asrning oxiri va VII asr boshlarida (ya’ni islom dinining vujudga kelishi arafasida) Arabiston yarim orolida Somiy (semit) qavmiga mansub arab qabilalari tarqoq holda yashadilar. Ular o’rtasidagi mavjud ijtimoiy - iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot darajasi bir xil emas edi. Arablar asosan ko’chmanchi, Chorvachilik bilan hayot kechirgan. Ko’chmanchilar badaviylar deb yuritilgan. Vohalardagi aholi dehqonchilik bilan shug’ullangan. Dengiz bo’ylari, vohalarda, xususan, yarim orolning Qizil dengizga tutash Hijoz vohasi va janubiy Yamanda ahvol birmuncha boshqacharoq bo’lib, bu hududlarda arab qabilalari asosan o’troq hayot kechirgan, savdo-sotiq, hunarmandchilik ham ancha rivoj topgan edi. Ayniqsa Hijozning bosh shahri-Makka xalqaro karvon savdosining muhim markazi hisoblangan. Muhammad alayhissalom 570-yil 27 avgustda Makka shahrida Quraysh qabilasining Hoshimiylar xonadonida dunyoga keldi. Uning bobosi Abumutallib Makkadagi Ka’ba ibodatxonasi kalitining nigohboni (saqlovchisi) bo’lgan. Muhammad (sav) go’dakligidayoq yetim qolgan. Tug’ilmasidan avval otasi-Abdulloh, 6 yoshligida esa-onasi Omina vafot etgan. U dastlab bobolari, so’ng amakilari Abu Tolib qo’lida tarbiya oladilar. Muhammad (sav) amakilarining maslahatiga ko’ra badavlat savdogar ayol Xadicha binti Xuvaylidning savdo ishlariga boshchilik qiladi va 25 yoshlarida unga uylanadi, Xadicha bu davrda 40 yoshda edilar. Muhammad ibn Abdullohislom dini va birinchi musulmonlar jamoasi asoschisi sifatida 40 yoshida, ya’ni 610 yilda payg’ambarlik faoliyatini boshlab, islom dini dastlab o’ziga yaqin bo’lgan kishilarga so’ngra aholi orasida targ’ib qila boshladi. Bu ta’limot aholining barcha qatlamlari manfaatlariga mos bo’lib, tez orada birinchi navbatda shahar ahli ichida tarqala boshlaydi. Lekin yangi din tarafdorlarining ahvoli ularning e’tiqodlariga ko’ra og’irlashib borgandan so’ng bir qism musulmon aholi Habashistonga, ba’zilari Shimolga qarab ketishga majbur bo’ldilar. Muhammad ham o’ziga qarshi turgan quraysh qabilasi a’zolarining ta’qibi kuchayib ketgach 622 yil 16 iyulda (ba’zi adabiyotlarda 15 iyul deyiladi) o’zining eng yaqin do’sti va safdoshi Abu Bakr bilan Makkadan Madinaga ko’chishga majbur bo’ladi. Bu arab tilida «hijrat» deb atalib, shu kundan boshlab musulmon olamida qabul qilingan hijriy yil boshlanadi. Hijriy yil hisobi 2 xil bo’ladi: hijriy-qamariy, ya’ni oy hisobi bo’yicha va hijriyshamsiy, quyosh hisobi bo’yicha belgilanadi. Madinada Muhammad o’z ta’limotini davom ettiradi. Muhammad binni Abdulloh hayotining oxirlariga kelib 630 yilda ko’p sonli arab qabilalarining islom bayrog’i ostida birlashuvi negizida yagona davlatga asos soldi. Mazkur davlat Yamandan Sino yarimoroligacha, Qizil dengiz sohillaridan Markaziy Qum sahrosigacha cho’zilgan yerlarni o’z ichiga olar edi. Bu davrdanboshlab Makka islim dini markaziga, Ka’ba musulmonlarning muqaddas ziyoratgohiga aylandi. 632 yil 25 yanvarda Makkayi Mukarramaga so’nggi hajga safar qilgan Muhammad alayhissalom haj safaridan so’ng qattiq betob bo’lib qoladilar. U kishi betobligida Ka’ba masjidiga imomlikni o’tashni qaynotalari Abu Bakrga topshiradilar (622 yilda Xadicha vafotidan so’ng Abu Bakrning qizi Oyshaga uylangan edi). Muhammad alayhissalom nasroniy yil hisobida 632 yil (hijriy yil hisobida 10 yili) 25 mayda o’z uylarida vafot etadi. Payg’ambarimiz vafotidan so’ng u kishining ishonchli noiblari yoki o’rinbosarlari (arabcha xalifalar) davlatni boshqarganlar. Ana shu tariqa tarixda «Arab xalifaligi» (632-1258) paydo bo’lgan. Islom musulmonlarida asosan ilk to’rt xalifa alohida ahamiyatga ega. Bular – Abu Bakr Siddiq (632-634), Hazrati Umar (634-644), Hazrati Usmon (644-656) va Hazrati Ali (656-661). Ular «alXulafo arroshidun» (to’g’ri yo’ldan boruvchi xalifalar) degan nom oldilar1. Narshaxiyning yozishicha, 673 yilning kuzida xalifa Muoviya I (661-680)ning farmoni bilan Xuroson noibi Ubaydulloh ibn Ziyod Amudaryodan kechib o’tib Buxoro viloyatiga bosib kiradi, Poykand va Romitonni egallab, Buxoro shahrini qamal qiladi. Bu jangda arablar g’olib keladilar. Arablar o’z foydasiga sulh tuzib, yuz ming (bir lak) dirham hajmida boj undirib, katta o’lja bilan orqaga qaytishgan. 676 yili Xurosonning yangi noibi Said ibn Usmon boshliq arablar Buxoro va Samarqandga yurish qiladi. Buxoro malikasi Xo’takxotun o’z qo’shini bilan arablarga qarshi chiqdi. Bu jangga So’g’d, Kesh, Nasafdan harbiy qo’shin yordamga kelgan. Ammo so’g’dliklar jang maydonini tashlab chiqib ketganlaridan so’ng malika kattagina boj to’laydi. Said ibn Usmonning Samarqandga qilgan yurishida Muhammad payg’ambarning jiyani Qusam ibn Abbos ibn Abdul - Mutallib ishtirok etadi. Lekin u Samarqand Namozgohida halok bo’ladi. U keyinchalik Shohizinda («Tirik shoh») nomini olgan qabristonga dafn etiladi. Samarqand 1 oy davomida qamal qilinadi. So’g’dliklar jasorat bilan qarshilik ko’rsatadilar. Said ibn Usmon so’g’dliklar bilan sulh tuzishga majbur bo’ladi. U Samarqanddan 30000 kishini asirga olib, orqaga qaytadi va yo’l - yo’lakay Termiz shahrini ham istilo etadi. 680 yilda xalifalik taxtini egallagan Yazid I 683 yilda vafot etdi. Bundan so’ng toju - taxt uchun kurash boshlanib ketadi. Bunday vaziyatda arablar yana Movarounnahrga hujum qilishdan deyarli to’xtab, o’z ichki nizolari bilan band bo’lib qoladilar. Xalifa Abdulmalik ibn Marvon (685-705) davrida ichki nizolarga chek qo’yildi. Arablar yana o’z e’tiborini Movaraunnahrga qaratdilar. 704 yili xalifa Qutayba ibn Muslimni Xurosonning yangi noibi etib tayinladi va uning zimmasiga butun O’rta Osiyo hududlarini uzil-kesil bosib olish vazifasini yukladi. 705 yildan bu hududni xalifalikka butunlay qo’shib olish va zabt etishning ikkinchi davri boshlandi. Bu paytda O’rta Osiyodagi siyosiy parokandalik va kichik davlatlar o’rtasida tez-tez nizolarning bo’lib turishidan Qutayba unumli foydalandi2. O’z harbiy yurishlarini Qutayba 705 yil Balx viloyatini bosib olish bilan boshladi. Balxdan tashqari u Chag’oniyon, Shuman va O’rta Osiyoning janubidagi kichik viloyatlarni o’ziga bo’ysundiradi. Chag’oniyon hokimi Tish arablar tomoniga o’tib ketadi. Qutayba jo’nab ketishi oldidan shaharda o’z ukasi Abdurahmon ibn Muslim boshliq yaxshi saralangan qo’shinni qoldirib ketadi. Ammo Sug’d aholisining qarshiligi bu bilan tugamaydi. Al-Yaqubiyning yozishicha, 712 yil kuzida Samarqandda arab noibiga qarshi qo’zg’olon ko’tariladi. Ularga turklar yordam beradi. Faqatgina 713 yil bahorida Qutaybaning yetib kelishi bilan shahardagi qo’zg’olon bostiriladi. Mug’ tog’idan topilgan hujjatga ko’ra Qutayba o’zining keyingi yurishlarida Shosh, Farg’ona va Turkiy hoqonlik qo’shinlaridan iborat yana bir harbiy ittifoqning qarshiligiga duch keladi. Sug’d, Choch, Farg’ona ittifoqiga Panjikent hokimi Devashtich ham qo’shiladi. Shunday bo’lsa-da, Qutayba 713 yilda Choch vohasini, 715 yilning boshida esa Farg’ona vodiysini uzil-kesil bosib oldi. Xullas, 713-715 yillarda Qutayba ibn Muslim Qashg’argacha bo’lgan yerlarni egallaydi. Ana shu tariqa u O’rta Osiyo yerlarini zabt etib, Xitoy hududigacha cho’zilgan o’lkada yashayotgan xalqlarni islom diniga kiritadi. U hamma viloyatlarga arablardan bo’lgan amirlarni noib etib tayinlaydi. Biroq uning faoliyati uzoqqa chuzilmadi. 705 yilda arab xalifaligi taxtini egallagan Volid 715 yilda vafot etdi. Xalifalik taxtiga Sulaymon ibn Abdulmalik (715-717) chiqdi. Qutayba Sulaymonga nisbatan g’animlik munosabatida bo’lib, unga isyon ko’tardi. Natijada bu isyon muvaffaqiyatsiz tugab, 715 yil Farg’onada askarlar tomonidan Qutayba o’ldirildi. Shunday qilib, o’n yil davomida olib borilgan doimiy kurashlar natijasida Movarounnahr xalifalik tarkibiga kiritildi. Buning eng asosiy va bosh sabablari quyidagilardan iborat: Birinchidan, o’lka xalqlari o’rtasida ijtimoiy - iqtisodiy va siyosiy birlikning bo’lmaganligi va tarqoqlikning mavjudligidir. Arablar Movarounnahr yerlariga bostirib kelgan paytda o’lkada bir-biriga dushman bo’lgan 15 dan ortiq kichik - kichik feodal davlatchalar bor edi. Bu holdan arablar ustalik bilan foydalandilar; Ikkinchidan, arablar ko’chmanchi turk qabilalari bilan mahalliy o’troq xalqlar o’rtasida mavjud bo’lgan qarama - qarshiliklardan ham foydalandilar. Uchinchidan, arablar Movarounnahrga qadar juda ko’plab boshqa mamlakatlar va aholi hududlarini bosib olgan edilar. Ular bu mamlakatlarning aholi kuchlari, moddiy boylik imkoniyatlaridan O’rta Osiyo hududlarini bosib olish chog’ida foydalandilar. To’rtinchidan, arablar Movarounnahr hududlariga bostirib kelganlarida bu yerda ko’p xudolik, ya’ni har xil diniy g’oyalarning mavjud bo’lganligi bilan bog’liqdir. Bu hol arablarga qarshi o’lkamiz hududi xalqlarining birlashuviga to’sqinlik qildi va arab bosqinchilarining g’alabasini yengillashtirdi. Arablar O’rta Osiyo bosib olinganidan so’ng bu hududlarni boshqarish markazi Marv shahri bo’lib qolgan edi. Bu yerda xalifalikning noibi turgan va u Movarounnahr va Xurosonni idora qilgan. Dehqonlar xalifalik noibining mahalliy aholi orasidan bo’lgan vakiliga bo’yso’nganlar. Bunday kishilar amir unvoniga ega hisoblanar edilar. Arab istilochilari zabt etilgan O’rta Osiyo hududlarida dastlab qattiq qo’llik bilan arablashtirish siyosatini olib bordilar. Ushbu maqsad yo’lida ular ming - minglab arablarni O’rta Osiyo hududlariga ko’chirib kelganlar va eng yaxshi yerlarni ularga zo’rlik bilan olib berganlar. Movarounnahr hududlarida arablar egallab olgan ba’zi yerlar hozirgacha ham «arab qishloq»lari nomi bilan saqlanib qolgan. Dali ibn Ziyod davridayoq o’lkaga 50 mingdan ortiq arab aholisi Basra, Kufa atroflaridan ko’chirilib keltirilgan. Iqtisodiy hayotni o’z qo’llaridan chiqarmaslik maqsadida arablar bosib olingan hududlarda an’anaviy davom etib kelgan soliq tizimi o’z kuchida qoldirgan holda sosoniylar tartibidagi soliq tizimini joriy qildilar. Bular asosan quyidagilar edi: 1. Qavonin yoki mukati’a-mayda viloyatlar va tumanlardan xazinaga tushib turgan yig’in; 2. Maqosima-hosilning ma’lum ulushi miqdorida to’langan. Uning hajmi sug’orishga bog’liq holda belgilangan; 3. Misoxa-yer hajmiga qarab miqdori belgilanadigan soliq bo’lib, unda ekin ekilishi yoki ekilmasligi e’tibor berilmagan. Bu soliq tizimiga quyidagi soliqlar ham qo’shilgan: Xiroj-arabcha- «chiqim, xarajat, sarf-soliq»; yer solig’i-hosilning 1/3 qismi miqdorida yig’ilgan; Ushr-arabcha - «o’ndan bir»-davlat idora ishlari uchun daromadning 1/10 hajmi hisobida olingan; Zakot-arabcha - «tozalanish»-mol-mulkning 1/40 qismi (2,5) hajmida olingan; Juz’ya (jon solig’i)-islomni qabul qilmagan aholidan olinadigan jon solig’i. Juz’ya natura yoki pul hisobida, asosan dehqonchilik mahsulotlaridan yig’ilgan. Bulardan tashqari aholiga mahalliy va mavsumiy soliq va majburiyatlar ham yuklangan edi. IX asr arab tarixchisi Xo’rdodbehning ko’rsatishicha, xalifalikka faqat xiroj solig’i hisobiga Sug’d viloyati 326 ming, Farg’ona 280 ming, Shosh 607 ming, Ustrushona 50 ming dirham soliq to’lagan. Buxoroga belgilangan xiroj solig’i miqdori bulardan ham ko’p bo’lgan. Shu boisdan istilochilar «kuch xirojda» deb bejiz aytmaganlar. Islom dinini qabul qilgan, musulmon bo’lgan mahalliy aholi vakillari dastlabki yillarda xiroj va juz’ya soliqlaridan ozod etilib, ularga anchagina imtiyozlar berildi. Namoz o’qish uchun masjidlarga borgan shaxslarga 2 dirhamdan pul ham berilar edi. Arablar og’ir soliqlarni o’z vaqtida to’lay olmaganlarni haqoratlab va xo’rlab taxtachalarga «qarzdor» degan yozuvlar yozdirib, ularning bo’yniga ostirib qo’yar edilar. Jumladan, Taboriyning so’zicha Xuroson va Movarounnahrning 735-738 yillardagi noibi Asad ibn Abdulloh juz’ya to’laydigan kishilarning bo’yniga tamg’a ostirgan. Islom dinini qabul qilganlarni juz’ya va xiroj soliqlaridan ozod qilish siyosatini xalifa Umar II ham yurgizgan va u bu siyosatni Xurosonga 717 yilda noiblikka tayinlangan Jarroh ibn Abdullohdan bajarilishini talab qilgan. Jarroh rasman xalifaga bo’ysungan bo’lsa-da, bosib olingan mamlakat aholisi islomni qabul qilgan bo’lishidan qat’i nazar xiroj solig’ini to’lashi kerak deb hisoblardi. Bundan tashqari Jarroh islomni qabul qiluvchilar uchun sunnatni shart qilib qo’ygan. Mahalliy xalq o’rtasida Jarroh zulmidan norozilik kuchaygan. Umar II vaziyatni murakkabligini hisobga olib Jarrohni 719 yilda ozor va arman yurtiga hokim qilib jo’natadi. Arablar o’z hukmronligi siyosiy negizini mustahkamlash va uning barqarorligini ta’minlashda islom dinini keng yoyishga va targ’ib qilishga katta e’tibor berdilar. O’rta Osiyo aholisi ichida e’tiqod qilayotgan zardushtiylik, moniylik, buddizm, nasroniy va boshqa dinlar soxta deb e’lon qilindi. Ayniqsa zardushtiylikka qarshi keskin kurash olib borildi. Bosib olingan yerlarda bu dinning barcha ibodatxonalari yo’q qilinib, ularning o’rniga masjidlar barpo qilina boshlandi. Zardushtiy adabiyotlar, xususan, diniy kitoblar, so’g’d tilidagi nomalar, xalq adabiyoti yo’q qilinib yuborildi. O’rta Osiyoda arablarga qarshi olib borilgan xalq qo’zg’olonlari 720 - 722 yillarda- Sug’diyonada G’urak va Divashtich boshchiligida; 725 - 729 yillarda- Samarqand, Buxoro, Xuttolonda; 736 - 737 yillarda-Tohariston va Sug’dda; 746-749 yillarda-Xuroson va Movarounnahrda Abu Muslim boshchiligida; 769-783 yillarda-Muqanna qo’zg’oloni; 806-809 yillarda-Rofe ibn Lais qo’zg’oloni. 720-722 yillarda So’g’diyonada yuz bergan G’o’rak (Sug’d ixshidi-ya’ni hukmdori) va Divashtich (Panjikent hokimi) boshchiligidagi qo’zg’olon arablar hukmronlikligiga qarshi yo’nalgan dastlabki shiddatli xalq harakatlaridan biri bo’lgan. Unda arablar siyosati va zulmidan g’azabga kelgan o’n minglab mahalliy xalq vakillari ishtirok etgan. 721 yilda Xurosonning yangi tayinlangan noibi Said Xarashiy katta muntazam harbiy kuch bilan mazkur qo’zg’olonni shafqatsizlik bilan bostirishga muvaffaq bo’ladi. Qo’zg’olon rahbarlaridan biri-Divashtich ham ushlanib qatl etiladi. Bundan so’ng 400 sug’d savdogari Xitoy jo’nab ketadi. 725-729 yillar davomida xalifalikning og’ir soliq siyosatiga qarshi Samarqand, Buxoro, Xuttalon viloyatlarida qo’zg’olonlar ko’tarilgan. Qo’zg’olonchilarning ancha qismi arab ma’murlari olib borgan siyosatiga (ayniqsa, xiroj masalasida) norzilik bildirib, islom dinidan chiqadilar. Qo’zg’olonchilar besh yil davomida arablarning hukmronligiga katta zarba berildi. 736-737 yillarda Toxariston va Sug’dda yangidan ko’tarilgan kuchli qo’zg’olon o’z safiga aholining turli ijtimoiy qatlamlarini jalb etgandi. Faqat Xuroson va Movarounnahrning yangi xukmdori Nasr ibn Sayyor (738- 748)ning olib borgan tadbirlari tufayligina qo’zg’olon harakatlari bartaraf etildi. Bunda u mahalliy aholiga, ayniqsa, uning nufuzli qatlamiga ma’lum darajada yon berishga majbur bo’ldi. Xususan, u arablarning mahalliy aholi bilan qon-qardoshlik aloqalarini kuchaytirishga intildi. Shu maqsadda o’zi ham Buxorxudot Tog’shodaning qiziga uylandi. Islomni qabul qilgan kishilar juzyadan ozod etilib, barcha musulmonlar huquqiy jihatdan tenglashtirildi. Xiroj solig’i to’lash barcha uchun baravar deb e’lon qilindi. Abu Muslimning o’chini olish uchun 755 yilda Reyda Sunbod boshchiligida (70 kun davom etgan), Movarounnahrda Ishoq rahbarligida, 722 yilda Xurosonda Ustoz Sis boshchiligida va 782 yilda Jurjonda qo’zg’olonlar bo’lib o’tgan. 769-783 yillarda arab istilochilari istibdodiga qarshi Movarounnahrda bo’lib o’tgan eng katta qo’zg’olon – «Oq kiyimlilar» (chunki qo’zg’olonchilarning asosiy jangovar guruhi oq rangdagi kiyim kiygan edilar) yoki qo’zg’olon rahbarining nomi bilan – Muqanna qo’zg’oloni deb yuritiladi. Bu qo’zg’olon deyarli butun O’rta Osiyo hududlariga tarqaldi. Muqanna ism emas, balki laqabdir. Bu so’z «niqobdor», «pardali» ma’nolarini anglatadi. Muqannaning asli ismi Hoshim ibn Hakim bo’lib, uning ismi va shaxsi to’g’risida yozma manbalarda turlicha ma’lumotlar mavjud. Jumladan, Ya’qubiyning tasvirlashicha, Muqannani Hoshim ul-a’var, ya’ni bir ko’zli Hoshim deb ham ataganlar. Muqanna rahbarligidagi «oq kiyimlilar» qo’zg’oloni yengilgan bo’lsa-da, biroq u Movarounnahrda Arab xalifaligining mustamlakachilik ildizlariga bolta urdi. Istilochilarga qarshi mahalliy xalq harakati to’la to’xtab qolmadi. 806 yilda Rofe ibn Lays boshchiligida xalifalikka qarshi yana qo’zg’olon ko’tarildi. Ushbu qo’zg’olon Samarqandda boshlanib, Shosh, Farg’ona, Buxoro, Narshax, Xorazm va boshqa hududlarga ham tarqadi va xalifalikni larzaga soldi. Xuroson noibi Ma’mun mahalliy zodagonlar- Somonxudot, uning nabiralari Nuh, Ahmad, Yahyo va Ilyoslar yordami bilangina qo’zg’olonni bostira oldi. Arablarga qarshi olib borilgan kurashi behuda ketmadi. Asta-sekin xalifalikning hukmronligi zaiflashi, uning ta’sir doirasi qisqarib bordi. Bu hol Movarounnahr aholisining ozodlikka erishuvida muhim ahamiyat kasb etdi. Download 183.33 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling