O‘zbek qissalari poetikasi O‘zbekiston respublikasi
Ma’ruza mashg’ulotini o‘tkazishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar
Download 0.54 Mb.
|
O‘zbek qissalari poetikasi-hozir.org
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2. ILK O‘ZBEK REALISTIK QISSALARI
Ma’ruza mashg’ulotini o‘tkazishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar
Mazkur ma’ruza mashg’ulotini o‘tkazishda dastlab talabalarning bilim va tasavvurlarini faollashtirib olish muhim hisoblanadi. Buning uchun interfaol o‘qitishning “aqliy hujum”, blis-so‘rov, insert texnikasi usullarini qo‘llagan holda, o‘zbek qissachiligining tarixiy taraqqiyoti, janr tabiati va genezisi to‘g’risidagi talabalarning bilim va tasavvurlarini faollashtirib olish maqsadga muvofiqdir. Taqdim etilgan ma’lumotlarning talabalar tomonidan puxta o‘zlashtirilishini ta’minlash uchun tarqatma materiallardan samarali foydalanish tavsiya etiladi. 2. ILK O‘ZBEK REALISTIK QISSALARI XX asr boshida adabiyot maydoniga yangi yo‘nalishdagi ijodkorlar kirib keldi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi shoir va yozuvchilar shular sirasini tashkil etadi. Ular, bir tomondan, milliy adabiyotimizning ko‘p asrlik an’analaridan boxabar bo‘lsalar, ikkinchi tomondan, rus va Yevropa adabiyotidan yetarlicha xabardor bo‘lgan, ijodlari bilan iste’dodlari g’arbu sharqni birlashtirgan adib edilar. Shuning uchun ham ular ijodida o‘zbek realistik qissalarining ilk namunalarini ko‘rish mumkin. Mirmuhsin Shermuhammedovning «Befarzand Ochildiboy», Cho‘lponning “Do‘xtir Muhammadyor”, S.Ayniyning «Odina» kabi asarlari o‘zbek realistik qissalarining ilk namunalari hisoblanadi. Albatta, bu qissalarni XX asrning 60-80- yillarida yaratilgan o‘zbek realistik qissalari bilan solishtirib bo‘lmaydi. Lekin mumtoz qissalar yoki sof realistik prinsiplar asosida yaratilgan keyingi davr qissalari bilan solishtirganda 20- yillarda yaratilgan yuqorida nomlari qayd etilgan asarlar qissa janri taraqqiyotida olg’a qo‘yilgan qadam bo‘ldi. Bu asarlarda real voqelik, real insonlar, ularning o‘y-kechinmalari, hatti-harakatlari, maqsad-intilishlari butun murakkabligi bilan badiiy asarlarning, ya’ni qissalarning mazmun-mohiyatini, badiiy asosini tashkil etadi. Savol tug’iladi: mumtoz qissalardan yangi tipdagi realistik qissalarga o‘tishda transformasiya jarayoni qanday kechdi? Bu jarayon qanday kechdi, subyektiv hamda obyektiv omillar nimalar edi? An’anaviy qissachilikdan yangi realistik qissachilikka o‘tishning obyektiv ham subyektiv sabablari mavjud. Obyektiv omillar shundan iboratki, har bir milliy adabiyotning u yoki bu tarixiy davrdagi holati, tarixiy taraqqiyoti, jahon adabiyotidagi jarayonlar bilan bog’liq. Shu nuqtai nazardan baholaydigan bo‘lsak, XX asr boshida o‘zbek adabiyoti rus, ozarbayjon, tojik, usmoniy turk adabiyoti bilan adabiy aloqada bo‘ldi. Pirovardida o‘zbek adabiyoti rus, tatar va ozarbayjon adabiyoti orqali butun Yevropa adabiyoti yutuqlaridan bahramand bo‘ldi. XX asr boshlarida rus, tatar va ozarbayjon adabiyotida XX asr boshlarida realistik tasvir prinsiplari ildiz otgan edi. Shu bois, mumtoz qissachilik an’analari yangi davr adabiyotida yetakchilik qila olmadi. Realistik qissachilikning qaror topishidagi subyektiv omil bo‘lsa, shu davrlardagi ijodkor jadidlarning rus, tatar, turk va ozarbayjon adabiyoti orqali realistik ijod tamoyillarini puxta o‘zlashtirib olgani bilan bog’liq. Shuning uchun M.Shermuhammedovning «Befarzand Ochildiboy»idan tortib A.Qodiriyning «Obid ketmon»igacha bo‘lgan asarlarda badiiy realizmning ko‘pgina qirralarini shu davr o‘zbek badiiy nasrining asosiy tamoyili darajasiga ko‘tara oldilar. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, realistik qissachilik o‘zbek qissanavisligida yangi bir sahifa bo‘ldi. Shu tariqa XX asr boshida realistik qissachilik vujudga keldi. U muqarrar estetik hodisa sifatida yuzaga kelishida quyidagi badiiy saralash jarayonini boshdan kechirdi: - Realistik qissalar syujeti mumtoz qissalarning sayyor syujetlaridan farq qiladi. Ularning har biri betakror va hayotiy voqealardan tashkil topgan. - Realistik qissa qahramonlari asar mualliflari bilan zamondoshdirlar. Ular badiiy to‘qima asosida yaratilgan. Bu chizgi yangi tipdagi qissalarni naturalistik tasvirdan farqlab turadi. Mumtoz qissalarda an’anaviy qahramonlar romantik ideal nuqtai nazaridan tasvirlangan va shunga asosan harakat qiladilar. Realistik qissalardagi qahramonlardan farqi ham shunda. - Mumtoz qissalarda fantaziya, mubolag’aviy tasvir yetakchilik qilsa, realistik qissalarda hayotiylik, ijtimoiy - psixologik voqelik prinsipi yetakchilik qiladi. - Mumtoz qissalarda makon va zamon ham an’anaviy epik makon va zamondan iborat bo‘lib, ular aniq tarixiylik o‘lchamlariga emas, balki kvazitarixiylik (o‘ta keng va umumiy tarixiylik) miqyoslariga mos keladi. Realistik qissalar xronotopi esa real makon va zamon o‘lchamlariga mos keladi. - Mumtoz qissalarda an’anaviy mavzu yetakchilik qiladi. Ishqiy sarguzashtlar nohaqlikka qarshi kurash, saroy fitnalari adolatning tantana qilishi kabi. Zamonaviy qissalarda real voqelik va inson qismati, ma’rifat bilan jaholat, sevgi, vafo hamda bevafolik kabi hayotdagi ustuvor mavzular yetakchilik qiladi. Ya’ni, yangi realistik qissalar mavzui mazmun jihatdan ham, mohiyat jihatdan ham chegarasi kengaygan. - Realistik qissalarda badiiy til erkinligi ko‘zga yorqin tashlanadi, mumtoz qissalarda andozaga solingan barqaror formulaviylik uslubi yetakchilik qiladi. Bu qissanavis hamda qissaxonlar tomonidan an’anaviy syujetlarni tez va oson o‘zlashtirishga imkoniyat beradi. Realistik qissalarda real voqelik an’anaviy barqaror formulalar qobig’iga sig’mas edi. Ularda qahramon, uning hatti-harakati, ruhiyati, har bir voqea hamda vaziyat xuddi hayotdagidek betakror tasvirni talab etadi. Shu tariqa an’anaviy o‘zbek qissachiligidagi hayotdagi turli murakkabliklarni keng epik qamrovda aks ettirish tajribasi yangi realistik qissachilikka ham o‘tdi. Buni ijodkorlar mavjud adabiy tajriba bilan yanada boyitdilar, yangi voqelik mezoni asosida uni sinab ko‘rdilar. Aniqroq qilib aytganda, mumtoz qissachilik tajribalarini realistik qissachilik ijodkorlari yuqorida alohida qayd qilingan filtrasiya (tozalash) orqali ma’qulini qabul qildilar. XX asrning 30-yillari mamlakat hayotida katta o‘zgarishlar yuz berishi bilan xarakterlidir. Bir tomondan, millatning yetakchi namoyandalariga nisbatan olib borilgan qatag’onlar, ikkinchi tomondan, qishloq xo‘jaligida yuz bergan o‘zgarishlar, kollektiv xo‘jaliklarning tashkil etilishi, o‘rta hol dehqonlarning ekspluatator sinfi sifatida quloq qilinishi, mamlakatni industrlashtirish siyosati, savodsizlikni tugatish yo‘lidagi urinishlar barcha-barchasi qissa janri uchun tuganmas mavzu berishi tabiiy bir hol edi. Chunki xalq hayotida yuz bergan voqealar, xalq taqdiri, shaxs qismati, hayotidagi o‘zgarishlar qissa janri uchun manba vazifasini o‘tadi. Shu bois 30-yillar o‘zbek realistik qissachiligining yuksalish davri bo‘ldi desak bo‘ladi. Ayni shu yillarda G’.G’ulomning «Netay» (1930) , «Yodgor» (1936), «Shum bola» (1936-1938), G’ayratiyning “Oqim hukmi” (1932), A.Qahhorning «Qishloq hukm ostida» (1932), A.Qodiriyning «Obid ketmon» (1934), S.Ayniyning «Eski maktab» (1935), «Sudxo‘rning o‘limi» (1937), H.Shamsning «Marmar lavha» (1938) qissalari o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Ushbu asarlar ana shu davr taqozosi bilan «povest» deb nomlangan bo‘lsalar-da, ular realistik qissa namunalari edi. Unda zamonaviy mavzu qalamga olinib, qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish, sanoatni yuksaltirish, bosmachilarga qarshi kurash, yangi davr kishisini tarbiyalash, o‘tmish hayotini aks ettirish kabi shu davr uchun dolzarb muammolar o‘z aksini topdi. 30-yillarda badiiy nasrda ijod qilgan adiblarning ko‘pchiligi yozgan asarlarining janr xususiyatiga jiddiy e’tibor bermaganlar. (Masalan, G’.G’ulom «Netay» asarini «hikoya» deb nomlagan bo‘lgan), S.Ayniy yaratgan qissalarining janri haqida hyech narsa demaydi. Biroq, bu asarlar syujetning murakkabligi, personajlarning ko‘pligi, ulardan birining faol va yetakchiligi bilan to‘la ma’noda qissa janri talablariga javob beradi. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, 30-yillarda yaratilgan povest (qissalar), garchi janrning tashqi va ichki talablariga javob bersalar ham, biroq g’oyaviy- badiiy jihatdan ular kommunistik partiyaning adabiyot va san’at oldiga qo‘ygan talablari doirasida yozilgan edi. Shu sababli ularda sinfiy kurash, yuksak partiyaviylik uchun intilish tamoyili yetakchilik qildi. Binobarin, 30-yillarda yaratilgan o‘zbek qissalarida bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda badiiylik hamda g’oyaviy mukammallikni izlash mushkuldir. Ularni o‘z davrining g’oyaviy-estetik mezonlari bilan o‘lchashimizga to‘g’ri keladi. XX asrning 40-yillarida boshqa janrlar qatori qissa janri ham vatan mudofaasi bilan bog’liq muammolarni, 50-yillarda esa urushdan keyingi tinch qurilish, mamlakatni tiklash masalalarini yoritishga bag’ishlandi. A.Qahhorning «Sinchalak» povesti kollektiv xo‘jalikda partiya tashkilotining tutgan o‘rni, manmanlik kasaliga mubtalo bo‘lgan peshqadam raislarning intizomga asta-sekinlik bilan bo‘ysundirilishi Saida Aliyeva hamda Arslonbek Qalandarov o‘rtasidagi munosabatlar misolida ochib berilgan. Bu povest qishloq hayotining o‘ziga xos tomonlarini badiiy jihatdan mohirona tasvirlaganligi bilan bugun ham kitobxonni befarq qoldirmaydi. Shu bois ham «Sinchalak» qissasi 50-60-yillar o‘zbek realistik qissachiligining yuksak namunasidir deb ayta olamiz. Darhaqiqat, 70-80-yillar adabiyotshunosligi va tanqidchiligida «Sinchalak» povesti bir ovozdan yuksak baholandi. Pirimqul Qodirov: «Povestning muvaffaqiyati ko‘p yillik ijodiy takomilning natijasi edi. A.Qahhor «Sarob» va «Qo‘shchinor» kabi dovonlardan o‘tib, «Sinchalak» day ijodiy yuksaklikka chiqdi»15, deb yozsa; tanqidchi O.Sharafiddinov: «Sinchalak» qissasining eng qimmatli tomonlaridan biri yana shundaki, unda yozuvchi Saida obrazida bugungi ilg’or o‘zbek qizlarining yetakchi sifatlarini ifodalash bilan cheklanmagan, balki qahramon taqdiri orqali o‘zbek ayolining Sovet hokimiyati yillaridagi taqdirini ham ko‘rsatgan»16, - deydi. Yuqorida keltirilgan ikki tadqiqotchining fikri Abdulla Qahorning “Sinchalak” povesti o‘zbek realistik qissachiligining yuksak namunasi sifatida madaniyatimizning oltin xazinasidan munosib o‘rin olganini yana bir bor tasdiqlaydi. 50-yillarning ikkinchi yarmida A.Muxtorning «Qoraqalpoq qissasi» asari chop etildi. Bu qissada adib qoraqalpoqlar hayoti, patriarxal-urug’chilik munosabatlari, u keltirgan fojealar, sinfiy kurash avj olgan davr voqealarini qalamga oladi. 80-yillarda «Buxoroning jin ko‘chalari» tarixiy qissasini yaratdi.Qissada yirik davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev hayot yo‘lining dastlabki bosqichlari qalamga olingan. Qissada Buxoro amirligining ijtimoiy-siyosiy inqirozi, o‘sha davrdagi buxoro ziyolilarning vakili Fayzulla Xo‘jayev dunyoqarashining shakllanish jarayonlari yoritilgan. 60-yillarning boshida o‘zbek realistik qissachiligi rivojiga yozuvchi O.Yoqubov «Muqaddas» qissasi bilan o‘z ulushini qo‘shdi. Qissada adib ikki yoshning hayotdagi dastlabki qadamlari va bu qadamning ular hayotida belgilovchi ahamiyat kasb etishi, vijdon va burch, diyonat, iymon-e’tiqod pokligi kabi chizgilarni yoritdi. Bu mavzu adibning «Bir felyeton qissasi» (1963), «Qanot juft bo‘ladi» (1968) kabi qissalarida yanada rijojlantirildi. 60-70-yillar o‘zbek qissachiligi rivojida O‘tkir Hoshimovning ham o‘ziga munosib o‘rni bor. Uning «Cho‘l havosi», «Odamlar nima derkin», «Shamol esaveradi», «Bahor qaytmaydi», «Dunyoning ishlari», «Qalbingga quloq sol» kabi qissalari inson qalbining chuqur, ichki qatlamlarini, inson ruhiyatining turfa nuqtalarini: odamiylikning oliy nuqtasi, yoxud yuztuban pastga ketishga oid jihatlarni mohirona talqin etilgani bilan ajralib turadi. Shu bois 60-70-yillar yaratilgan O‘.Hoshimov qissalari kitobxonlar o‘rtasida katta shuhrat qozondi. Qissachilik adibga katta janr - romanchilikda qalamini sinab ko‘rishga ijodiy maydon vazifasini o‘tadi. 60-70-yillar qissachiligi haqida so‘z ketganda yozuvchi P.Qodirovni ham eslamasdan o‘tish mumkin emas. «Meros», “Qadrim” va “Erk” nomli qissalarida ana shu davr hayotini butun murakkabligi bilan aks ettirishga muvaffaq bo‘lgan. Adib qissalarida hukmron mafkura ta’siri, sosrealizm ta’siri mavjud. Bu ta’sir 60-70- yillar o‘zbek adabiyotining barcha janrlarida yaratilgan asarlarda seziladi. Shunga qaramay, adib o‘z qissalari markaziga qo‘ygan muammolar, uning yechimi, syujet chizig’i va konflikt masalalari, obraz yaratish muammolari hamda asar tili bilan bog’liq o‘rinlarda mahoratning cho‘qqisini egalladi va o‘zbek realistik qissachiligini yuzaga kelishiga munosib hissa qo‘shdi. O‘tgan asrning 80-90- yillari o‘zbek qissachiligi tarixida alohida burilish davri bo‘ldi. Murod Muhammad Do‘st, Tog’ay Murod, E.A’zamov, X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul, Sh.Bo‘tayev kabi yosh iste’dodli qalamkashlar bu janrda samarali ijod qilishdi. Bu o‘zbek nasriga ham sifat, ham son jihatdan boyitish imkonini berdi. Yosh ijodkorlar o‘z qissalarida davrning dolzarb muammolarini ko‘tarib chiqdilar. Ular uslubiy yo‘nalishlari, asarlarining g’oyaviy-badiiy o‘ziga xosliklari bilan bir-birlaridan ajralib turar edilar, bu janrning shu davrdagi ijtimoiy-badiiy faolligini ta’minlash jihatidan olg’a qo‘yilgan qadam bo‘ldi. Murod Muhammad Do‘stning «Galatepaga qaytish» qissasida polifonik tasvir prinsiplariga rioya qilinishi, ijtimoiy-siyosiy hayot va shaxs munosabati, shaxs va umuminsoniylik konsepsiyasining yangi tarixiy davr voqeligida tutgan o‘rnining badiiy talqini alohida e’tiborga loyiq. 80-yillar o‘zbek adabiyotida Tog’ay Murodning to‘rtta qissasi katta voqea bo‘ldi. Uning «Yulduzlar mangu yonadi» (1976), «Ot kishnagan oqshom» (1979), «Oydinda yurgan odamlar» (1980), «Momo Yer qo‘shig’i» (1985) kabi qissalarida ajdodlar sha’ni, mardlik va tantilik, or-nomus tuyg’usi, halollik va haqiqatga shaydolik, muhabbat va insoniylik, el-yurtga, ona zaminga sadoqat tuyg’ulari o‘ta mahorat, o‘ziga xos milliylik bilan tarannum etilgan. Tog’ay Murod qissalarining qimmati nimada? Nega ular fikrni band etadi, xayolan uning qahramonlari o‘rniga o‘zingizni ko‘rasiz, tushga ham kiradi? Buning sabablarini quyidagilarda ko‘ramiz: Qissalarda milliylik kuchli. Bu asar qahramonlarining hatti-harakati, o‘y-fikrlari, kechinma va tashvishlarida aks etgan. Ularning xarakteridagi o‘ziga xosliklar, so‘zlash tarzi, o‘zaro munosabatlari hozirgi zamon yoshlarida bir-biriga zid fikrlarni uyg’otishi mumkin. Ammo, asarning qimmatini aynan mana shunda, fikr uyg’otishida; Qissa qahramonlari qishloqning zahmatkash kishilari: biri kuragi yerga tegmagan polvon, biri mohir chavandoz, yana biri hayotini haqiqiy sevgiga tikkan yigit. Ular oddiy mehnatkash insonlar. Lekin har birining hayot, inson, umrning mohiyati va qadri, Ona yurt sha’ni haqida o‘z falsafasi, qarashi bor. Bu esa ulardagi e’tiqod bilan bog’liq. Shuning uchun qissa qahramonlarini izdan chiqarish, mafkurasiga tazyiq o‘tkazishning iloji yo‘q. Vaziyatga baho berishda ularning aql-idroki pand bermaydi. Bunday mag’rur, ruhan boy insonlar esa hammavaqt insoniyatning ma’naviy-axloqiy mehvarini tashkil etib kelgan. Mana shunday insonlar qissa qahramoni ekan, albatta, kitobxon qalbidan muhim o‘rnini topadi. Tog’ay Murod o‘zbek realistik qissachiligida yangi bir bayon an’anasini boshlab berdi. U voqealar bayonini yaxlit va uzluksiz ketma-ketlikni saqlagan holda olib bormay kichik-kichik qismchalarga bo‘lib davom ettiradi. Har bir qism syujet voqealari yaxlitligiga putur yetkazmaydi, ularning xronologik hamda makoniy izchilligini saqlash bilan birga rivojini ham ta’minlaydi. Epik bayonning bu shakli bir qancha qulayliklarga ega. Bir tomondan, bu shakl syujet voqealari yoki uning muhim halqalari o‘rnini tez-tez almashtirish imkonini beradi. Ikkinchi tomondan, qissaxonni voqealarning kerakli o‘rniga tez va qulay olib kirishga imkon beradi. O‘zbek realistik nasri, xususan, qissachilikda epik bayonning bu shakli avval qo‘llanilmagan. Bu faqat Tog’ay Murod qissachiligiga xos epik bayon bo‘lib, uni o‘rganish, uning subyektiv hamda obyektiv asoslarini va kelgusidagi rivojlanish tamoyillarini aniqlash zarurati yuzaga keldi. Qahramonlar ruhiyatini tasvirlash borasida ham Tog’ay Murod 70-80- yillar o‘zbek qissachiligida keskin burilish yasadi. U an’anaviy qissachiligimizda qo‘llanilgan ichki monolog, o‘y-mulohaza yuritish, g’azab, hatti-harakatdagi ritmik o‘zgarish kabi inson psixologiyasida yuz beradigan holatlarni o‘ziga xos bir yo‘sinda tasvirladi. Tog’ay Murodning o‘ziga xosligi shundaki, u boshqa ijodkorlar singari barcha ruhiy holatlarni tafsilotlari bilan birma-bir bayon qilib o‘tirmay, urg’uni eng avj nuqtalariga beradi, ixcham va lo‘nda so‘z yoki jumlalar takrori orqali ifodalaydi. Bu usul ijodkorga badiiy bayon ritmini muayyan darajada tutib turish mashaqqatini yuklasa ham, o‘quvchiga qahramon ruhiyatini aniq tasavvur etish imkonini beradi. Holat va xatti-harakat uyg’unligining takror va takror berilishi esa tasvirning ta’sirchanligini oshiradi. Psixologik tasvirning bu usulini nasrda Tog’ay Murod birinchilardan bo‘lib istifodaga kiritdi. Uning qissalarida badiiy nasrga xos ritmning emosional ta’sir ko‘lami barcha qirralari bilan namoyon bo‘ladi. Matndagi ohangdorlik tasvir qirralaridan birini tashkil etadi. Yozuvchi og’zaki va mumtoz prozamizda ko‘p asrlardan buyon keng qo‘llanib kelingan musajja’, takror kabi usullardan o‘rinli foydalanadi. Chunki bu usul nasriy matnning muayyan o‘rinlarida takror qo‘llanilishi bilan har bir jumlani o‘zaro nisbiy teng qismlarga bo‘lib tashlaydi. Bir tomondan, shu qismlarning nisbiy tengligi, ikkinchi tomondan, ularning so‘ngidagi saj’ hamda leksik takrorlar nasriy bayon ritmini yuzaga keltirdi. Bu Tog’ay Murod qissalarida badiiy ritm tabiati va g’oyaviy estetik vazifasi bilan bog’liq masalani tadqiq etishni taqozo etadi. Tog’ay Murod qissalari zamon va makon munosabatining o‘ziga xosligi bilan alohida diqqatga sazovor. Chunki uning qissalarida zamon shu qadar tovlanuvchan, shu darajada aniq va ayni paytda shu darajada shartliki, bevosita mana shu aniqlik hamda shartlilik adibning voqelikka nisbatan estetik pozisiyasini aniq belgilashga yordam bergan. Qissalardagi epik makon esa o‘zining barqarorligi va bir paytning o‘zida o‘zgaruvchanligi bilan xalqimiz o‘z boshidan kechirgan ham yaxshi, ham yomon kunlar haqida aniq, kuchli taassurot qoldiradi. Tog’ay Murod qissalaridagi zamon va makon munosabatlariga xos bu kabi xususiyatlar badiiy adabiyotda zamon va makon chegaralarini yorib, nigohini kelajakka qaratadi. Realistik qissachiligimizda Tog’ay Murod talqindagi zamon va makon munosabati, uni yozuvchi tomonidan berish mahorati tadqiq etilishi lozim bo‘lgan masalalar sirasini tashkil etadi. XX asrning 80-90-yillarida o‘zbek qissachiligiga iste’dodli yosh yozuvchilar kirib keldi. Ular realistik qissachiligimizni faqat son jihatdan emas, sifat jihatdan boyishini ham ta’minladilar. X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul, Sh.Bo‘tayevlar ijodi fikrimizning dalilidir. X.Do‘smuhammadning «So‘roq», «Hay-y, Gulshod, Gulish!... yoxud quyiqishloqcha qotillik», «Oromkursi», Sh.Bo‘tayevning «Shamol o‘yini», «Eski arava», «Sho‘rodan qolgan odamlar» kabi qissalari hozirgi va yaqin o‘tmishdagi kishilarning ma’naviy-axloqiy qiyofalarini, ularning turmushi hamda intilishlarini o‘ziga xos tarzda aks ettirishi bilan alohida ajralib turadi. Ularda badiiy xarakter yaratishning qissaga xos chizgilarini ko‘rsatish bilan bir qatorda boshqa xalqlar adabiyotidan ijodiy ta’sirlanish, taqlid qilish kabi jihatlarni ham ko‘rish mumkin. Bunday holatlarning hayotiy va badiiy asoslarini, xarakter yaratish borasidagi individualligi hamda mushtarak jihatlarini o‘rganish, hozirgi badiiy nasrimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni tahlil etishi qissachilikning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifasiga aylandi. Betakror hikoyalari bilan kitobxonlar e’tiborini qozongan N.Eshonqul kuchli ramziy va majoziy tasvir prinsiplariga amal qilgan holda, «Tun panjaralari», «Qora kitob» kabi qissalarini yaratdi. U modern yo‘nalishida ijod qilayotgan yozuvchilardan. Uning bu urinishlari o‘zbek qissachiligida yangi bir sahifadir. Yozuvchi asaridagi qahramonlar zimmasiga tushgan barcha kulfatlar, jabru jafolar ramziy ma’noda tipikligi bilan e’tiborni tortadi. Shuni ta’kidlash lozimki, Nazar Eshonqulning “Urush odamlari” qissasi yuqoridagi qissalardan tubdan farq qilib, unda an’anaviy qissachilik uslubi yetakchilik qiladi. Qissada urush yillarida Tersota qishlog’ida kechgan voqealar badiiy ifodasini topgan. Asarda qishloq odamlarining ma’naviy dunyosi, or-nomusi, sha’ni to‘g’risida hikoya qilinadi. Urushning olis bir qishloq ahlining ruhiga ko‘rsatgan mash’um ta’siri ochib berilgan. Og’ir damlarda mashaqqatli mehnat qilgan urush ayollari timsolidagi Anzratning ayanchli taqdiri, qoraxat kelib, bir yildan so‘ng nogiron holda qaytgan Normat polvonning istirobli qismati bilan qissa davomida tanishamiz. Turli taqdirli, turli qiyofadagi urush odamlarining katta hayot sinoviga duch kelishlari asarda ishonarli tasvirlangan. Yozuvchining mahorati shundaki, ular bir-birini takrorlamaydigan, har biri o‘z olamiga va o‘z qismatiga ega odamlardir. Yuqorida biz hozirgi o‘zbek qissasi bilan bog’liq muammolar yuzasidan qayd etgan qarashlarimiz hozirgi qissachilikda milliy xarakter va ruhiyat tasviri masalalarini tadqiq etish vaqti yetganidan dalolatdir va ishimizning keyingi boblarini shu masala tadqiqiga qaratdik. Mazkur fasldagi kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, qissa janri juda qadimdan fors-tojik hamda turkiy xalqlar adabiyotida keng tarqalgan adabiy janr bo‘lib, u og’zaki va yozma ko‘rinishga ega bo‘lgan. O‘rta asrlar yozma adabiyotida mavjud bo‘lgan qissalar ilmiy adabiyotda «xalq kitoblari» termini bilan yuritilgan. XX asrning 30-yillaridan boshlab o‘zbek nasrida rus adabiyoti ta’sirida ko‘plab «povest»lar yaratildi. Shu asnoda «qissa» va «povest» janrlari alohida mustaqil janr degan fikr hukm surdi. Aslida «povest» va «qissa» terminlari yagona bir janrning atamasi bo‘lib, “qissa” janrning sharqona, “povest” ruscha atamasidan iborat. Download 0.54 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling