Oʻzbek tilini sohada qoʻllanilishi fanidan mustaqil ish mavzulari
Badiiy asar tahlili (ixtiyoriy). O’qilgan badiiy asarni “Idrok xaritasi” innovatsion texnologiyasi asosida tahlil qilish
Download 304.63 Kb.
|
O zbek tilini sohada qo llanilishi fanidan mustaqil ish mavzular (2)
Badiiy asar tahlili (ixtiyoriy). O’qilgan badiiy asarni “Idrok xaritasi” innovatsion texnologiyasi asosida tahlil qilish.
Badiiy asar tahlili Tahlil va talqin tushunchalari, ularning tushunish jarayonidagi nisbati haqida. Badiiy asarni tushunish jarayonidagi obyektiv va subyektiv jihatlar haqida. Kontekstual va immanent tahlil. Tahlil metodlari. Adabiyotshunoslikda tahlil va talqin tushunchalari juda keng qo`llanilib, ular badiiy asarni tushunish jarayonining bir-biriga bog’liq jihatlaridir. Badiiy asarni tushunish, uning mazmun mohiyatini anglash jarayonida tahlil va talqin amallari har vaqt hozirdir. Tahlil atamasi odatda ilmda “analiz” deb yuritiladigan istilohning sinonimi sifatida tushuniladi. Analiz esa, ma’lumki, butunni anglash uchun uni qismlarga ajratishni, qismning butun tarkibidagi mohiyatini, uning boshqa qismlar bilan aloqasi butunlikning yuzaga chiqishidagi o`rnini o`rganishni ko`zda tutadi. Ayrimlar badiiy asarni tirik organizmga qiyos etishadi-da, “uni qismlarga ajratish jonsiz tanaga aylantirishdan boshqa narsa emas” degan qarashga tayanib, tahlilga qarshi chiqadilar. Biroq bu xil qarash asossizdir. Zero, adabiyotshunoslikdagi tahlil ham – o’qish, faqat bunda badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o’qish tushuniladi. Bu xil o’qish jarayonida tadqiqotchi badiiy asarni qismlarga ajratarkan, uning badiiyat hodisasi sifatidagi mavjudligini, undagi o`quvchi ongi va ruhiyatiga ta’sir qilayotgan, uning u yoki bu tarzda tushunilishiga asos bo`layotgan omillarni o`rganadi. Talqin atamasini biz “interpretatsiya” istilohining sinonimi sifatida tushunamiz. Talqin badiiy asarni sharhlash, uning mazmun mohiyatini, undagi badiiy konsepsiyani idrok etish demakdir. Keng ma’noda “talqin” so’zi o’zga tomonidan aytilgan gap yoxud yozilgan asar (ilmiy, falsafiy, diniy, badiiy va h.) mazmunini anglash, uni ma’lum yaxlitlikda tushunish va tushuntirish (adabiyotshunosning maqsadi tushunishning o`zigina emas, tushuntirish (adabiyotshunosning maqsadi tushunishning o`zigina emas, tushuntirish hamdir) ma’nolarini anglatadi. Yuqorida aytdikki, badiiy asarni tushunish jarayonida tahlil va talqin amallari har vaqt hozir, ular tushunish jarayonining ikki qirrasidir. Aytaylik, “o`quvchi badiiy asarni tushundi” degani, mohiyatan, “o`quvchi asarni o`zicha talqin qildi” deganidir. Ayni paytda, uning asarni tushunishida tahlil unsurlari ham mavjud, zero, oddiy o`quvchi ham tushunish jarayonida asar qismlarini (mas., alohida epizodlarni, personajlarni, ularning turli holatlardagi xatti-harakati, gap-so`zlarini va h.), ularning o`zaro mazmuniy aloqalarini tasavvur qiladi. Ilgari ham aytganimizdek, konkret badiiy asar turli o`quvchilar tomonidan turlicha tushunilishi mumkin. Biroq shunisi ham aniqki, o`quvchilar ongidagi minglab talqinlarni umumlashtiradigan mushtarak nuqtalar ham mavjud. Demak, konkret asar talqinlari nechog`li turfa bo`lmasin, ularning chegaralarini belgilab beruvchi muayyan asos, deylik, yadro (javhar) mavjudki, barcha talqinlar shu yadro atrofida hosil bo’ladi. Bu yadro esa – badiiy asarning o`zi, badiiyat hodisasini o’zida moddiylashtirgan badiiy matndir. Ayon bo`ldiki, badiiy asarni tushunish jarayoni obyektiv va subyektiv ibtidolardan tarkib topar ekan: agar bu o`rinda talqin qilayotgan shaxsni subyektiv ibtido deb olsak, badiiy matn obyektiv ibtidodir. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, agar talqin qiluvchi shaxs badiiy matnni yetarli darajada bilmasa, asar qismlarini, ularning o`zaro aloqalarini yetarli tasavvur qilolmasa, uning talqini subyektivlik kasb etadi. Boshqa tomondan, badiiy adabiyotning obrazlar orqali fikrlashi, obrazning esa assotsiativ tafakkur mahsuli ekanligini e’tiborga olsak, talqinning subyektsiz mavjud emasligi ayon haqiqatdir. Chunki ijodkorning assotsiativ fikrlashi mahsuli o’laroq yaratilgan va asarda aksini topgan obrazning mazmun qirralari faqat subyekt ongidagina (ya’ni, uning ham assotsiativ fikrlashi asosida) qayta tiklanishi mumkin bo`ladi. Aytilganlar tushunish jarayonida tahlil va talqin har vaqt hozirligining yorqin dalilidir. Oddiy o`quvchidan farq qilaroq, adabiyotshunos badiiy asarni talqin qilarkan, tahlilga tayanadi, uning talqini tahlil asosida yuzaga kelgani uchun ham ilmiy sanaladi. Shu ma’noda tahlil badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o`qish va uqish demakdir. Yuqoridagilardan ma’lum bo`ladiki, badiiy asar tahlilining maqsadi – asarni tushunish (asarni baholash ikkilamchi maqsad). Xo`sh, “asarni tushunish” deganda nima nazarda tutiladi? Bu masalada ham adabiyotshunoslikda turlichalik mavjud: ayrimlar asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishni nazarda tutsalar, boshqalari asarda tasvirlangan narsalardan (obyektiv ibtidodan) kelib chiqadigan mazmunni tushunishni nazarda tutadilar. Bu qarashlarning birinchisiga ko`ra tushunish jarayonida tahlil yetakchilik qilsa, ikkinchisida talqinning mavqei ustunroq ekanligi tayin; birinchisi badiiy asarni uning ichki va tashqi aloqalarini birlikda olib o`rganishni (kontekstul tahlil) taqozo etsa, ikkinchisi badiiy asarga alohida mavjudlik sifatida qarab, uning ichki aloqalarini o’rganish (immanent tahlil) bilan cheklanadi. Biroq mazkur qarashlarning ikkisini ham mutlaqlashtirib bo`lmaydi, bu o`rinda “oraliq” mavqening egallangani, har ikki yo`sindagi tahlilning ham mavjudligini, ularning bir-biridan ko`zlagan maqsadi va ahamiyati jihatidan farqli ekanligini tan olingani to`g`riroq bo’ladi. Tushunish jarayonining nazariy muammolarini o’rganuvchi soha – germenevtikaning asosiy qoidasi shuki: qismni butun, butunni qism orqali tushunish darkor. Bu qoida yuqoridagi tahlil yo’sinlarining ikkisiga ham birdek aloqador.Faqat bu o`rinda immanent tahlil “kontekst” tushunchasini asar doirasi bilan cheklab olsa, kontekstual tahlilda “kontekst” tushunchasining ko`lami kengayib boradi (konkret asar “yozuvchi biografiyasi”, “muallif yashagan davr shart-sharoitlari”, “muallifning ijodiy merosi”, “asar yaratilgan davr adabiyoti”, “milliy adabiy an’analar” kabi kontekstlar doirasiga kiradi). Kontekstual tahlil asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishga yo`l ochsa, immanent tahlil asarda tasvirlangan narsalarga (va, albatta, undagi muallif obraziga) tayangan holda o`quvchiga o’z mazmunini shakllantirish imkonini beradi. Mutaxassisdan farqli o`laroq, oddiy o`quvchilarning asarni tushunishida immanent tahlil unsurlari yetakchilik qiladi (shu bois ham o’quvchilar ongida konkret asarning turfa talqinlari mavjud). Zero, aksariyat o`quvchilar uchun konkret asarning qay maqsadda, qanday omillar ta’sirida yozilgani ahamiyatsiz- ular asarning o`zinigina taniydilar,uning o`zidangina zavq oladilar. Aksincha, adabiyotshunos uchun bularning bari muhim, chunki asarni tarixiylik tamoyiliga tayanib, biografik yoxud sotsiologik metodlar (kontekstual tahlil) asosida tekshirib chiqarilgan xulosalar adabiy-nazariy tafakkur rivojida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ular, tabiiyki, badiiy adabiyot rivoji hamda badiiy did tarbiyasiga ham bilvosita ta’sir qiladilar, bu xil xulosalar bilan badiiy didga bevosita ta’sir qilishga urinishning esa adabiyotga ziyon keltirishi ehtimoli ko`proq. Buni qanday tushunmoq kerak? Gap shundaki, o`zining ijtimoiy hayoti davomida badiiy asar turli talqinlarga duch keladi, zero, har bir konkret davr uning mazmun qatlamlaridan birini aktuallashtiradi. Ikkinchi tomondan, kitobxonlardagi ijodiy o’qish imkoniyatlari turlicha, shunday ekan, kitobxonlar ichida chinakam badiiy asarning hali hech kim e’tibor qilmagan mazmun qirralarini ochishga, uning hali hech kim ilg’amagan voqelik bilan aloqalarini ko`rishga qobillari har vaqt bo`ladi. Agar biografik yoki boshqa xil metodlarga tayanib amalga oshirilgan talqinni yagona, eng to`g`risi deb bilib, shu talqinni barcha o`quvchilarga singdirmoqchi bo`lsak, bu bilan ijodiy o`qish imkoniyatlarini cheklagan, badiiy didga jiddiy zarar yetkazgan bo`lib chiqamiz. Masalan, aksariyat kishilarda sho`ro davrida yozilgan asarlarning o`sha davrda amalga oshirilgan talqinlari o`rinlashib qolgan. Bu esa davr adabiyoti haqida muayyan tasavvur, munosabatga asos bo`ladiki, yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqilsa, ularni ilmiy jihatdan to`g`ri deb bo`lmaydi. Demak, talqinlar yangilanishi zarur. Zero, adabiyotshunosning vazifasi ham mavjud talqinlarni bilish emas, balki ularga tayangan (ularga ba’zan qo`shilib, ba’zan inkor etib) holda asarni bugungi kun nuqtayi nazaridan talqin qilish va baholashdir. Xulosa qilib aytsak, badiiy asarni alohida butunlik sifatida ham, kontekst doirasida ham tushunish (tahlil va talqin qilish) mumkin, faqat har ikkisining ham o`z o`rni, vazifasi va maqsadi tayinli ekanligini unutmaslik darkor. Badiiy asarni kontekstual tahlil qilishda unga turli jihatlardan yondashish mumkinki, shu asosda bir qator tahlil metodlari haqida gapirish mumkin bo`ladi. Download 304.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling