O‘zbek tilining izohli lug‘atlaridagi
Download 19.47 Kb.
|
41-44
O‘zbek tilining izohli lug‘atlaridagi huquqiy terminlarning shakliy-struktur tavsifi Har bir tilning o‘ziga xos formal struktur xususiyati terminlar va terminologiyaning boyitilishida ham o‘z aksini topadi. Ushbu tadqiqotimizda (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi) huquqiy terminlarning struktur tavsifini o‘rganish orqali milliy va o‘zlashma terminlardan iborat huquqiy terminologiyaning shaklga oid ba’zi xususiyatlari haqida fikr yuritiladi, taklif va mulohazalar keltiriladi. Xususan, terminlarning aynan struktur xususiyatidan kelib chiqib, so‘z shaklidagi terminologik birlikning so‘z birikmasi yoki butun boshli gap anglatadigan ma’nomazmunni o‘zida jamlay olishiga doir ayrim xulosalarni chiqarish mumkin. Bu (termin yasash yoki hosil qilishda strukturaviy o‘ziga xoslik) esa tilning unikal derivatsion jihatlarini ham dalillaydi. Masalan, sifatdosh qo‘shimchasi -(u)vchi orqali yasalgan (otlashgan) so‘zlar jarayonga oid (huquqiy jihatdan – protsessual huquqda ishtirok etuvchi) shaxslarni anglatuvchi terminlar guruhini hosil qilgan. Masalan, tergovchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va h. Demak, fe’lning sifatdosh yasovchi qo‘shimchasi -(u)vchi protsessual huquq sohasida ishtirok etuvchi shaxslarni nomlovchi terminni yasash uchun faol ishlatiladi. Xalq tiliga yaqin bo‘lgan bu xususiyat huquqiy terminologiyani milliy terminlar bilan boyitish ishlarida e’tibordan chetda qoldirilmasligi maqsadga muvofiq. Terminlar til tizimining boshqa birliklaridan tarkibiy tuzilmasining murakkabligi bilan ajralib turadi. Masalan, umumtil leksikasida birikma shaklidagi birliklarning mustaqil atov birliklari sifatida qo‘llanishi kam kuzatiladi. Ayrim hollardagina leksik bo‘shliqlar bilan bog‘liq bunday qo‘llanishlarga duch kelishi mumkin . Umumiste’mol til birliklari kabi ixchamlashtirish, “ishlov berish” xususiyatlariga ega bo‘lmagan huquqiy terminlar huquq sohasi terminologiyasida salmoqli o‘rinni egallaydi. Terminlar tor qatlam uchun xos bo‘lgan birlik va ko‘p hollarda birikmali shaklda mavjud. Masalan, azoblanishga qarshi kurash huquqi, avvaldan til biriktirmay bir guruh shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar, individual-aniq ashyo, indossatsiyalangan konossament, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar, inson va fuqaroning konstitutsiyaviy majburiyatlari, insonning konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi, insonning madaniyatga bo‘lgan huquqi, moddiy javobgar shaxs, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish, til suvereniteti, qabrni tahqirlash, asossiz boylik orttirish oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar va h. Shu kabi terminlarni shakliy jihatdan sintaktik usulda hosil bo‘lgan terminlar deyish mumkin. Chunki bu terminlar erkin birikma holida so‘zlarning birikishidan iborat bo‘lgani holda yaxlit bitta tushunchani ifodalaydi. Yuqoridagi kabi huquqiy terminlar huquqiy munosabat va huquqiy maqomni atashda faol qo‘llanuvchi shakl. Uni shakl jihatdan soddalashtirish terminning konseptologik semantikasiga putur yetkazishi mumkin. Bu kabi terminlar, shuningdek, tilning o‘ziga xos sintaktik qurilishi orqali tushunchani ifodalash yo‘sinini va uning o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. Huquq terminologiyasida mavjud terminlarning shakliy xususiyatiga ko‘ra tavsifini amalga oshirishda ularni uch (sodda, qo‘shma, juft) guruhga ajratish asosida tahlil olib borish – an’anaviy tasnifga ko‘ra tahliliy yondashuv ishimizning dastlabki bosqichini tashkil etadi. So‘zlar struktur tarkibi jihatidan turlarga ajratilganda ko‘p hollarda o‘zak miqdoriga ko‘ra sodda, qo‘shma, juft, takror, murakkab, birikmali, tarkibli kabi terminlar qo‘llangan holda guruhlanadi. Shuningdek, terminlarning morfologik jihatdan asosan ot so‘z turkumiga oidligi formal-struktur jihatdan qisqartma shakldagi terminlar ham mavjudligi tabiiy holat ekanligini ko‘rsatadi (ba’zi soha terminlarida abbreviatsion terminlar mavjud). Sohaviy terminologiya rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan olim R.Doniyorov terminlarning formal-struktur jihatdan tasnifini o‘ziga xos tarzda amalga oshiradi. Unga ko‘ra birdan ortiq leksik uzvdan tashkil topgan terminlar sintaktik usulda hosil bo‘lgan terminlar. O‘zbek tilida ham boshqa tillardagi kabi mazkur usulda yasalgan terminlar muhim nominativ manba. Xususan, olim tadqiq qilgan o‘zbek tilining texnik terminologiyasida ham sintaktik usulda hosil qilingan terminlar yakka so‘zli terminlarga qaraganda salmoqli. Rus tilshunosi A.N.Kojin “terminlarda ifodalanayotgan narsaning belgisi shundoqqina ifodalanib turadi, ular bilish sari harakat jarayonida ijtimoiy ma’lumotlarni mustahkamlashda so‘zdan iborat to‘siqni oshib o‘tishga yordam beradi” degan fikrni ilgari suradi. Ko‘rinadiki, R.Doniyorovning yuqoridagi xulosasiga ushbu fikr metodologik asos bo‘lgan . R.Doniyorov o‘z tadqiqotida sintaktik usulda hosil bo‘lgan texnik soha terminlarini ot+ot, nisbiy sifat+ot, sifatdosh+ot, jarayon nomi+ot tipidagi ko‘rinishlarga ajratadi. Olim, shuningdek, ot+ot ko‘rinishidagi terminlarni I tip izofali, II tip izofali, III tip izofali turlarga bo‘lgan. Bu kabi terminlar yasalishi jihatidan sintaktik usul bilan yasalgan terminlar sifatida, tuzilishi jihatdan esa qo‘shma terminlar sifatida baholangan . R.Doniyorov tomonidan amalga oshirilgan texnik terminlar tasnifida ayrim e’tiborga molik jihatlar mavjud. Olim sintaktik usul bilan hosil bo‘lgan terminlarning qoliplarini ayrim hollarda morfologik (masalan, ot+ot), ba’zi hollarda semantik (jarayon nomi+ot) mezon asosida belgilaydi. Shuningdek, bunday terminlar sirasida fe’l turkumiga mansublarini ajratmagan. Umuman olganda, olim tomonidan texnik terminlar sodda va qo‘shma kabi turlarga ajratilgan. Struktur tasnif jarayonida sodda va qo‘shma huquqiy terminlarni farqlash mumkin. Tasnifdagi “qo‘shma” so‘ziga sinonim sifatida “murakkab” so‘zi ham ishlatiladi. Ammo murakkab termin deyilganda nafaqat shakl, balki mazmuniy murakkablik ham tushunilishi mumkin. Aslida murakkab deyilganda komponentlar miqdori nazarda tutiladi. Birdan ortiq tarkibiy qismlardan tashkil topgan har qanday termin murakkab deyiladigan bo‘lsa, qo‘shma terminlar ham murakkab termin tushunchasi tarkibiga kirib qoladi. Ammo qo‘shma termin birdan ortiq so‘zning leksik uyg‘unlashuvi hamda natijada yaxlit lug‘aviy birlikning hosil bo‘lishi (tilxat, qonunbuzar, huquqbuzar). Shu sababdan “murakkab termin”ni sintaktik aloqa yordamida hosil qilinadigan terminlarga nisbatan qo‘llash maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Yuqorida keltirilgan ko‘p komponentli huquqiy terminlar (boquvchisini yo‘qotgan oila, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs, o‘ta og‘ir jinoyat kabi) murakkab terminga misol bo‘la oladi. Download 19.47 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling