O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi
Terminlar va ularning vujudga kelishi
Download 0.97 Mb. Pdf ko'rish
|
OTSQ qollanma
Terminlar va ularning vujudga kelishi
Ilmiy adabiyotlarda ta’kidlanishicha, ma’lum fan, ishlab chiqarish sohasidagina qo‘llaniladigan va asosan o‘sha soha kishilari tushunadigan maxsus so‘zlar terminlar – atamalar sifatida qaraladi. «Hozirgacha termin tushunchasi tilshunoslikda turlicha talqin qilinmoqda. – deb qayd etishadi «O‘zbek tili leksikologiyasi» asarining mualliflari. – Ba’zi tilshunoslar terminga ilm va texnikaga oid so‘z va iboralarnigina emas, barcha uy-ro‘zg‘or asboblari nomlarini, ishlab chiqarishning hozirgi darajasidagi qurollarinigina emas, balki o‘tmishdagi ibtidoiy qurollarning barcha nomlarini, shuningdek kustarchilik kasb-hunarga oid so‘zlarni ham kiritadilar. Agar masala shu taxlitda qo‘yiladigan bo‘lsa, har bir konkret predmet nomini termin deb atash lozim bo‘lar edi. Gap terminning aniq bir ma’noni ifodalashida emas, bu jihatdan qaraladigan bo‘lsa, kasb-hunar leksikasning ilmiy-texnikaviy terminlardan deyarli farqi yo‘q. …termin har qanday tushunchaning aniq atamasi sifatidagina emas, balki ilmiy tushunchani ifodalovchi vosita sifatida asosan yozma shaklda maydonga keladi». Demak, «atama» so‘zini «termin» tushunchasi ma’nosida qo‘llaganimizda, uni umuman narsa-predmetlar, voqyea-hodisalarning nomi sifatida emas, balki aniq bir ilmiy tushunchani ifodalaydigan va ma’lum bir fan sohasiga tegishli bo‘lgan birliklarni anglashimiz lozim. Shu ma’noda kasb-hunarga oid so‘zlar atamalardan farqlanadi. Bu haqda quyiroqda to‘xtalamiz. O‘zbek tilshunosligida atamalarni o‘rganishga doir ko‘pgina ishlar amalga oshirilgan. Ko‘plab ilmiy kitoblar, risolalar, lug‘atlar, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar yozilgan, dissertasiyalar himoya qilingan. Bu borada 200 dan ortiq lug‘atlarning nashr etilishi fanimizning katta yutug‘i hisoblanadi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, «Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tish to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar qo‘mitasi olib borayotgan yirik hajmdagi ishlar atamashunoslik sohasining yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Mana shu tarzda har bir davrda jamiyatning taraqqiyoti bilan bog‘liq holda sohaviy atamalar ham son, ham sifat jihatdan takomillashib bordi. Uning taraqqiyotida XIX asrning II yarmidan keyingi davr va yana oradan yuz yildan ortiq vaqt o‘tib O‘zbekistonning mustaqillikka erishgan davri alohida o‘rin tutadi. Mana shu davr ichida jahonda yuz bergan o‘zgarishlar O‘rta Osiyo, jumladan O‘zbekistonda ham sanoatning o‘sishiga, dunyoviy fanlarning qaytadan rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Falsafa, huquq. tarix, filologiya, sosiologiya, ximiya, fizika, matematika, biologiya, geografiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyotga oid maxsus atamalar shakllandi va ular tilimizga kirib keldi. Bunda rus tilining ta’siri katta bo‘lganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.Atamalarning o‘zbek tilida son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etishi ularni mavzuviy guruhlarga bo‘lib o‘rganishni taqozo qiladi. Chunki o‘zbek atamashunoslari S.Ibrohimov, S.Akobirov, Olim Usmon, R.Doniyorov, H.Shamsiddinov, A.Madvaliyev va boshqalar ta’kidlaganlaridek, bunday tahlil atamalarning umumiy boyligini ko‘rsatishga, ularni ma’lum bir tartibga keltirishga ko‘maklashadi, sohalarga bo‘lib o‘rganishni osonlashtiradi. Atamalarni dastlab ikki katta gurhga ajratish to‘g‘ri bo‘ladi: 1. Umumiylik xususiyatiga ega bo‘lgan atamalar. 2. Xususiylik xususiyatiga ega bo‘lgan atamalar. Download 0.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling