Oʻzbek tilshunosligi” kafedrasi “tasdiqlayman” O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor


O‘zbek milliy tili- ko‘p dialektli til


Download 0.78 Mb.
bet4/50
Sana08.02.2023
Hajmi0.78 Mb.
#1176813
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   50
Bog'liq
Majmua. O\'zbek dialektologiyasi

O‘zbek milliy tili- ko‘p dialektli til.
O‘zbek milliy tili ko‘p dialektli tillardan hisoblanadi. Bu hol uning o‘ziga xos murakkab tarixiy rivojlanish sharoit va o‘zbek millatining o‘tmishdagi xilma-xil etnik tarkibi bilan izohlanadi.
O‘zbek milliy tilining uchta katta ichki manbai-uchta dialektlar guruhi bor. Bular 1) qarluq- chigil-uyg‘ur lahjasi: 2) qipchoq lahjasi: 3) o‘g‘uz lahjasi:
Bularning har biri o‘z navbatida bir qancha dialekt va shevalarga bo‘linadi.
O‘zbek tilining ko‘p dialektli murakkab til ekanligini nazarda tutib,Y. D. Polivanov: «O‘zbek tili (o‘zbek dialektlarining bir butun yig‘indisi sifatida) yagona sistemaning, hech qachon amalda bo‘lmagan o‘zbek bobo tilining dialektologik parchalanish yo‘li bilan emas, balki til sistemalarining birlashuvi yo‘li bilan paydo bo‘lgan»-deb yozgan edi.
O‘zbek tilining dialekt va shevalari uzoq o‘tmishda o‘zbek xalqining tarixiy sharoiti bilan bog‘liq ravishda o‘zaro umumiylik kasb etib, yagona o‘zbek umumiy xalq tili bo‘lib birika borgan va uning ajralmas qismiga va quyi shakliga aylanib qolgan, lekin o‘zbek tilining lahjalari va ayrim shevalar orasidagi ko‘pgina farqlar hozirgi vaqtgacha ham saqlanib qolmoqda. Masalan, o‘zbek tilining qipchoq shevalari singarmonizm xususiyatining to‘liq saqlanib qolganligi, 9 ta unli fonemaning mavjudligi, so‘z boshida, ko‘pincha, y tovushi o‘rnida j tovushining qo‘lanilishi, f tovushining, deyarli, qo‘llanmasligi, x tovushining ko‘pchilik shevalarda q tarzida qo‘llanilishi, so‘z o‘rtasida va oxirida, ko‘pincha, g‘ tovushining v tovushiga o‘tishi, ba’zi hollarda so‘z oxirida g‘, q, k tovushlarining tushib qolishi, ba’zan esa o tovushining a sifatida aytilishi (jay, chay, chach kabi), ba’zan l tovushining so‘z o‘rtasida tushib qolishi (bo‘sa, kesa, osa), boshqa hollarda o yoki a tovushining i tovushi bilan almashishi (masalan, bordimi> bordima kabi) yana e tovushining o ga o‘tishi (tepa>toba, bedana>bodana, belanchak>bolanchak) kabi; morfologik jihatdan qaraganda, II shaxs o‘tgan zamon fe’lida oddiy va hurmat shakllarining to‘liq saqlanib qolganligi, o‘tgan zamon fe’lining III shaxs ko‘plik shakli (o‘qiydilar) ning deyarli ishlatilmasligi: leksik tomondan qaraganda, qipchoq shevalarida: checha (yanga), bo‘la (xolavachcha), jelak (xotin-qizlarning boshga yopinadigan buyumi), qog‘onoq (uvuzning qotgan turi yoki palla), uvuz (qo‘y va sigirlarning tuqqandan keyingi dastlabki quyuq suti), tulup (junli issiq po‘stin), bosma (junli issiq chakmon), lochira , g‘ilmindi, kulchatoy, janchmich (ovqatning turlari) singari ko‘plab o‘ziga xos qadimiy so‘z va atamalarning saqlanib qolganligi yuqorida aytilgan fikrni tasdiqlaydi.
Shunga o‘xshash xususiyatlar o‘zbek tilining, deyarli, har bir dialekti va shevasida ozmi-ko‘pmi saqlangan. Masalan, Toshkent shevasida singarmonizm qonuni buzilgan, 7-8 unli fonema saqlanib qolgan, shuningdek, h tovushi deyarli qo‘llanmaydi. Uning o‘rnida x tovushi qo‘llanadi. a tovushi esa e ga o‘tadi(qaytdimda> qaytdimde, ayt>et), ba’zan a tovushi i ga o‘tadi. (bormaydi> bormiydi, bo‘lmaydi> bo‘miydi) o tovushi ba’zan tarzida, lablashgan holda qo‘llanadi ( kasi), so‘z oxirida k tovushi, ko‘pincha, y ga o‘tadi (eshik-eshiy, o‘rdak-o‘rday), ba’zan esa v ga o‘tadi. (borduv, kelduv) Assimilyasiya hodisasi juda ko‘p uchraydi. (bizni- bizzi, oshni- oshshi kabilar); morfologik jixatdan qaraganda, Toshkent shevasida, boshqa shahar shevalaridagi singari kelishik ko‘rsatkichlarining soni, asosan, beshta bo‘lib, asliga ko‘ra qisqarib qolgan, hozirgi kelasi zamon I shaxs ko‘plik shaklidagi shaxs- son affiksi –miz –vuz tarzida qo‘llanadi. (boravuz, ishliyvuz, kelavuz): hozirgi zamon fe’l shakli –vot, affiksi yordamida yasaladi: ishlavotti, kevotti kabi.
Samarqand, Buxoro shahar tipli shevalar tojik tilining kuchli ta’siriga uchragan. Ularda faqat 6 ta unli fonema saqlanib qolgan; til orqa o‘ (o) va q fonemalari, deyarli yo‘qolgan, kelishiklar soni ham to‘rttaga kelib qolgan; ularning leksik qatlamida esa arabcha, ayniqsa, forscha-tojikcha so‘zlar ko‘p.
Bu xususiyatlardan ba’zilari, shubhasiz, dialektizm va shevachilikning ko‘rinishi sifatida adabiy tilga xizmat qilishdan uzoqda tursa-da, lekin ularning hammasi o‘zbek tilining tarixiy dialektologiyasini va umuman, til qonuniyatlarini, tildagi integratsiya va differensiatsiya hodisalarini o‘rganish uchun xizmat qiladi va dialektologik atlaslar yaratishda zarur bo‘ladi. Shuning uchun ham bu xususiyatlarning barchasi to‘planadi va qunt bilan o‘rganiladi.
Lekin bunday o‘ziga xos tafovutlarga qaramay, o‘zbek tilining hamma dialekt va shevalarijuda ko‘p o‘xshashliklar va umumiy tomonlarga ega bo‘lganligi bilan xarakterlanadi. Ular o‘zbek adabiy tilini yanada boyitish uchun xizmat qiladi. Shuning uchun ham ularga o‘zbek milliy tilining ichki rezervi sifatida qarash va ulardan unumli foydalanish talab qilinadi.
O‘zbek adabiy tilining lahjalari orasida, odatda, qarluq-chigil lahjasi hamda unga qarashli bo‘lgan ayrim sheva va dialektlar o‘zbek adabiy tilining tayanch sheva va dialektlari deb hisoblanadi. Bunda ularning talaffuz me’yorlarini belgilashdagi roli, ko‘pincha atamalarning ularda ilgaridan shakllanganligi, bu sheva vakillarining ko‘p jihatdan milliy madaniyat va leksik an’analarimizni boshqarishda o‘zlariga xos xizmatlari borligi asosga olingan. Ma’lumki qarluq-chigil lahjasiga Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qo‘qon, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qarshi, O‘sh, Marg‘ilon, Jalolobod va boshqa shaharlarning shevalari kiradi. Ba’zi olimlar o‘zbek adabiy tilining me’yorlarini belgilashda Toshkent shevasini fonetik jihatdan, Andijon, Farg‘ona shevalarini mofologik jihatdan tayanch sheva deb hisoblaydilar.
Toshkent shevasi poytaxt shahar shevasi sifatida leksik tomondan ham o‘zining ko‘pgina elementlarini adabiy tilga kiritgan va kiritmoqda. Lekin aslida, A.K. Borovkov qayd qilganidek, o‘zbek tilining birorta shevasini ham adabiy tilga hamma jihatdan asos bo‘lgan deb aytib bo‘lmaydi. Chunki o‘zbek tilining hamma dialekt va shevalari adabiy til taraqqiyotiga ma’lum bir hissa qo‘shgan, ikkinchi tomondan ularning har birida juda ko‘p o‘ziga xos xususiyatlar mavjud. Masalan, Andijon,Farg‘ona shevalari o‘zbek adabiy tiliga eng ko‘p tarqalgan grammatik shakllardan birini – hozirgi zamon fe’lining –yap affiksi vositasida yasaluvchi shaklini bergan. Bundan tashqari, Andijon va Farg‘ona shevalari o‘zbek adabiy tilining asosiy talaffuz bazasi sifatida ham xizmat qiladi. Bu shevalarning adabiy tilimizga o‘zlarining fonetik xususiyatlari bilan ham maksimal darajada yaqinlashuvi shu bilan izohlanadi. Bu shevalar o‘zbek adabiy tiliga o‘zlarining leksik boyligi, uslubiy imkoniyatlari hamda boshqa til vositalari bilan ham hissa qo‘shgan.
Shunisi diqqatga sazovorki, bir qarashda o‘zbek adabiy tilidan birmuncha uzoqroq turgandek ko‘ringan qipchoq shevalari ham o‘zbek adabiy tiliga juda ko‘p leksik boyligi, uslubiy imkoniyatlari hamda boshqa grammatik vositalari bilan hissa qo‘shgan. Masalan, o‘zbek adabiy tilidagi qaratqich kelishigining to‘liq shakli qipchoq shevalaridan qabul qilingan. Adabiy tilimizdagi hozirgi zamon fe’lining –yotir affiksi vositasida yasaluvchi shakli ham qipchoq va o‘g‘uz dialektlariga xos shakldir va hokazo…
Qipchoq shevalarining adabiy tili leksikasini, xususan, undagi chorvachilik atamalarini rivojlantirishda, adabiy tilning uslubiy imkoniyatlarini kengaytirishda ham o‘ziga xos hissasi bor. Masalan, qirqim, to‘l, qo‘ton, oqsoqol, sarimoy, tuyoq (farzand ma’nosida), o‘tog‘asi, bosma, qirqlik singari umumiy va chorvachilik atamalari; quyruq-bovur, to‘g‘iz-tovoq, g‘ilmindi, oq patir, kulchatoy kabi pazandachilik atamalari va otni qamchilamoq, jilovini bo‘sh qo‘ymoq, ot izini toy bosadi, otni toblamoq, uloqni olib chiqmoq, yaxshi otga bir qamchi kabi iboralar va frazeologizmlar qipchoq shevalarining hammasida ham keng qo‘llaniladi.
Adabiy tilni rivojlantirishga o‘zbek tilining boshqa dialekt va shevalari ham, jumladan, o‘g‘uz dialektlari ham ma’lum hissa qo‘shgan,masalan, yoshulli,o‘g‘lon, buyon,qayongacha, qaydin galdingiz, al(qo‘l ma’nosida), qorago‘z va boshqalar.
Demak, o‘zbek adabiy tilining rivojlanishida barcha dialekt va shevalar manba bo‘lib xizmat qilgan. Lekin bunda qarluq-chigil lahjasiga oid dialekt va shevalar yetakchi manba rolini o‘ynagan.
Shu narsani ham alohida qayd qilib o‘tish kerakki, xalq shevalari bilan adabiy tilning o‘zaro munosabati haqida fikr yuritganda, bugungi kunda ular o‘rtasida juda katta integratsiya hodisasining yuz berganligini, bu hodisaning hozir ham jadal ravishda davom etayotganligini hisobga olish lozim.
O‘zbek xalqi turmush tarzining tubdan o‘zgarganligi, umumiy o‘rta va oliy ta’lim, vaqtli matbuot, barcha adabiyotlar, radio va televideniy, turli ma’ruza va suhbatlarning adabiy tilga asoslanganligi, nutq madaniyati sohasida amalga oshirilayotgan tadbirlar – bular hammasi o‘zbek adabiy tili bilan uning shevalari o‘rtasidagi tafovutlarni keskin kamaytirdi, bu shevalarning silliqlashuviga va adabiy til bilan yaqinlashib, uning doirasiga tobora chuqurroq singib borishiga xizmat qildi va xizmat qilmoqda.
Xalq shevalariga adabiy til me’yorlarining asta-sekin singitib borish jarayoni davom etayotir va yagona adabiy til yanada boyib, to‘la-to‘kis shakllanish jarayonini o‘z boshidan kechirmoqda.
Demak, o‘zbek adabiy tilining rivojlanishi va yanada boyib mukammallashuvida yetakchi qarluq-chigil guruh shevalari bilan bir qatorda boshqa dialekt va shevalarning har birining ichki manba sifatida o‘ziga xos o‘rni bor.

Download 0.78 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   50




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling