O’zbek xalq ertak va dostonlarida tushning tutgan o’rni. Kirish so’zlar: syujet, motiv, folklor, ertak, doston


Download 24.84 Kb.
Sana09.01.2023
Hajmi24.84 Kb.
#1084974
Bog'liq
maqola


O’zbek xalq ertak va dostonlarida tushning tutgan o’rni.
Kirish so’zlar: syujet, motiv, folklor, ertak, doston.
Butunni bilish uchun uni yuzaga keltiruvchi qismlarni bilish kerak bo’ladi. Shu ma’noda epik asarlarning syujet asosini tashkil etuvchi motivlarni bilmasdan ularning mohiyatini anglash mushkul. Motiv o’zi nima? Izohli lug’atlarning birida “Syujet tarkibidagi halqalardan biri”, deyilgan. Syujet asar mazmunini tashkil etgan voqealar tizimi bo’lsa, motiv shu voqelikni yuzaga keltiruvchi asosiy unsur hisoblanadi.
Ma’lumki, epik asar syujeti albatta biror makon va zamonda kechar ekan, bu harakat, shubhasiz, motivlar harakati orqali amalga oshiriladi. Xususan, tush motivining epik asardagi o’rni, boshqa motivlar bilan munosabati, voqelikni yuzaga keltirishdagi tadrijiy rivojini tahlil etamiz. Zero, tush va tush motivi epik asarlarda muhim o’rin tutadi.
O’zbek folklorida, xususan, xalq ertak va dostonlarida tushning muayyan asar tarkibida tutgan o’rni, badiiy-estetik vazifasi va boshqa jihatlarni tadqiq etish uchun, avvalo tush motivi mavjud bo’lgan asarlarni jamlab olib, ularni o’zaro muqoyasa qilib, ma’lum yetakchi xossalariga ko’ra tasniflab, so’ngra turli yo’nalishlar bo’yicha tadqiq etish talab etiladi. O’tkazilgan izlanishlar natijasida ommaviy nashr etilgan 160 ertakdan 19 tasida, 60 ta dostonning 16 tasida bevosita tush motivi mavjudligi aniqlangan.
Bir xil tipdagi ertaklar nisbatan kam sonli bo’lsa-da, ularda tush voqea asosini tashkil etuvchi tayanch – o’zak motiv vazifasini bajarishi bilan ajralib turadi. “Sotilgan tush”, “Xosiyatli tush”, “Sirli tush”, “Ibratli tush”, “Davlatmirza”, “Xon bilan kambag’al”, “Qiron aka”, “Malikai Birmisqol”, kabi ertaklarni ayni guruhga kiritish mumkin. Ushbu asarlardan bir qanchasining nomlanishi ham ularda tushning yetakchi o’rin egallashini ko’rsatib turibdi.
“Xosiyatli tush” va uning versiyasi boʼlmish «Musofirbek» ertagini bu guruhning mukammal namunasi sifatida keltirish mumkin. “Xosiyatli tush” ertagining qisqacha mazmuni quyidagicha: «Kambagʼal ayolning yolgʼiz kal oʼgʼli oʼtinchilik bilan umr kechirardi. Bir kuni u gʼaroyib tush koʼribdi. Tushida kalning oʼng tomonida quyosh, chap tomonida oy balqib turganmish, kal goh quyoshni, goh oyni quchib, bagʼriga bosarmish. Kal onasining maslahati bilan bu tushining taʼbirini dono malikaga aytadi. Malika kalni urishib, haydaydi. Kal darvoza oldida poylab, bu tushning taʼbirini oʼz oshigʼiga aytgan payti bilib oladi. Taʼbirga koʼra, kal malikaga va yana bir goʼzal pariga uylanishi kerak ekan. Malika va oshigʼi taqdirga qarshi tadbir koʼrib, bu yurtdan ketishga ahdlashadi. Kal yana onasining maslahatiga koʼra uxlab qolgan oshiq yigit oʼrniga borib, malika bilan birga oʼzga yurtga ketadi. Kal malikaning sinovidan oʼtib, unga uylanadi. Ular oʼzga podsholikda yashay boshlaydi. Shu mamlakat vaziri kalning xotinini koʼrib, husniga mahliyo boʼlib, podshoga aytadi. Podshoning ham malikaga ishqi tushib, halovatini yoʼqotadi. Podsho malikaga yetishish uchun vazirining maslahati bilan kalga shartlar qoʼyadi. Kal malika xotini yordamida bu shartlar (yoʼlbars suti, Guliqahqahni olib kelish)ni bajaradi va zolim podshodan qutulib, yurtga podsho boʼladi.
Ko’rinib turibdiki, ertak syujeti tush tizimiga mos ravishda rivoj topib, yakunlanmoqda. Mabodo ertak tarkibidan tush motivi olinsa, asar sochilib, o’z qiyofasini yoqotadi.
Ushbu tipdagi ertaklar xalqning tush – inson taqdiri va kelajagi toʼgʼrisida sirli xabar va shiorlar ekanligi haqidagi tasavvurlarini oʼziga xos ravishda badiiy ifoda etmoqda. Xususan, kimki tush koʼrsatmalariga binoan tadbir yuritsa, albatta amalga oshishi «Xosiyatli tush» orqali, mabodo ayni imkon oʼzgaga berilsa, bu azaliy «yuk» boshqa oʼzanga oʼtib, roʼyobga chiqishi «Musofirbek» misolida tasvirlab berilmoqda. Taqdiri azalning amalga oshuvi bevosita inson xatti-harakati va intilishlariga bogʼliqligi haqida ushbu qarashlar xalqimizning tush hodisasi bilan bogʼliq sakral tasavvurlarining mukammal tizimga ega ekanligini yana bir bor isbot etadi.
Keltirilgan ertaklarning birida xalqning tush hodisasi bilan oʼta muhim qarashlari oʼz ifodasini topganligini taʼkidlab oʼtish lozim. Bular quyidagilar:

  • “Tushning boshi qil” maqolida obrazli aytilgan eʼtiqod mavjud. Bunda tush dastlab qanday taʼbir qilinsa, oʼsha holatda roʼy beradi, deb qaraladi.

  • Har qanday tushni yaxshilikka yoʼyish va tushni asosan taʼbirni biladigan oqil kishiga aytish.

Ertakda cholning tushini beoʼrin taʼbir qilgan kampir yaxshilikning yomonlikka aylanishiga sabab boʼladi. Eshon shu sababli ham cholga: “hech vaqt oʼz tushingni xotiningga aytma”, – deb maslahat beradi.
– Tush koʼruvchi taʼbirchiga oʼz tushini imkon qadar batafsil, buzmasdan bayon etishining muhimligi. Chunki har bir koʼrilgan tush qatorida toʼqilgan tush ham amalda roʼy berishi mumkin, degan qatʼiy ishonch mavjud. Jumladan, islom olamida keng tarqalgan Yusuf alayhissalom hayoti bilan bogʼliq qissalarda ham ayni hodisa aks etgan. Eshonning cholni tushini aniq aytishga majbur etishi ana shu talabdan kelib chiqqadi.
“Аlpomish dostonining barcha variantlarida biz tush motiviga duch kelamiz. Dostondagi voqealar boshlanishida, rivojida va yakunida kelgan bunday tushlar oʼrniga qarab bir-biridan farqlanib turadi. Misol uchun, dostonning Fozil Yoʼldosh oʼgʼli variantida tush motivi voqeaning boshida va rivojida keladi. Qahramon, yaʼni Аlpomishning dunyoga kelishi, ulgʼayishi, uylanishi, hayot qiyinchiliklarini yengib, murod-maqsadiga yetishi tush motivi orqali ochib beriladi. Аgar dostondagi tush motivi tushirib qoldirilsa, unda syujet jiddiy zarar koʼradi. Dostondagi befarzandlik, ulgʼayish, sinov, safar, uylanish va uyga qaytish motivlari bevosita tush motivi bilan chambarchas bogʼliq holda keladiki, tush bu oʼrinda voqealar rivoji uchun asosiy poydevor vazifasini oʼtaganini koʼramiz.
Tush motiviga xos boʼlgan asosiy xususiyatlardan biri uning koʼpincha boshqa motivlarni oʼzi bilan birga yetaklab kelishidir. “Аlpomish” dostonida Аlpomish, Barchin va Qorajon bir vaqtning oʼzida ayni bir tushni koʼradi: “Аlpomish choʼponlarning qoʼshxonasida uxlab yotdi. Kechasi fayzi sahar vaqtiga yetdi, sahar vaqti choʼponlarning qoʼshxonasida yotib bir tush koʼrdi. Izlab borayotgan Barchin yori, bul ham baxmal oʼtovda yotib, subhi sodiq tuqqan vaqtda bir tush koʼrdi. Kashal gʼorida, toʼqson qalmoqning ichida Qorajon alp ham bir tush koʼrdi. Uchovining tushi oldin keyin, doʼgʼulish koʼrdi”. Аna shu tush motivida butun doston voqealari oldindan bashorat qilinib, ramzlar tilida bayon etiladi. Yaʼni doston syujetining butun keyingi voqealari rivoji ana shu parchada koʼrsatib beriladi. Ushbu motivdan soʼng doston voqealari tezlashib, syujetning keyingi halqalari uchun vaziyat yaratiladi. Qorajon ana shu tush tufayli Аlpomish bilan doʼst tutinadi. Sinovda oʼzi tugʼishgan akalarining yonida turib emas, Аlpomish tomonda turib davraga tushadi. Аlpomishning doʼsti, sirdoshi, yaqin koʼmakchisiga aylanadi. Shuning uchun ham ana shu tush parchasini doston syujetining “yadrosi” deb qarash mumkin.
Keltirilgan qisqacha ma’lumotlar orqali o’zbek folklorida tushlarning o’rni sezilarli ekanligi va tush motiviga jiddiy diqqat qaratilganini ko’rsatib o’tdik. Xulosa qilib aytish mumkinki, ming yillardan beri tushlar O’rta Osiyo aholisi uchun va xususan, o’zbeklar uchun ham muhim faktorlardan biri bo’lib kelgan va yana ming yillar davomida shunday bo’lsa ham ajab emas.
Fodalanilgan adabiyotlar:
1. “O’zbek folklorida tush va uning badiiy talqini”. Jabbor Eshonqul.
Download 24.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling