O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat Sanitariya vrachining


Download 59.28 Kb.
Sana16.06.2023
Hajmi59.28 Kb.
#1493205
Bog'liq
0010-21 30.03.2021




[OKOZ:

1.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sog‘lomligi / 14.01.08.02 Sanitariya va gigiyena me’yorlari hamda qoidalari;

2.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sog‘lomligi / 14.01.08.05 Sanitariya-epidemiologik nazorat. Sanitariya talablarini buzganlik uchun javobgarlik]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]

O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat Sanitariya vrachining
qarori
COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari ichida infeksiyalarni oldini olish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari
SanQvaN 0010-21
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 30-martda hisobga olindi, hisob raqami 8-son]
Ushbu sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (keyingi o‘rinlarda — sanitariya qoidalari) COVID–19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari va saralash punktlari ichida infeksiyalarni oldini olish bo‘yicha sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy talablar
1. Ushbu sanitariya qoidalari O‘zbekiston Respublikasi hududidagi tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar COVID-19 infeksiyasi davolashga moslashtirilgan barcha tibbiyot tashkilotlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan davolash-profilaktika muassasalarida nazorat ishlari ushbu sanitariya qoidalari asosida olib boriladi.
3. Tibbiyot tashkiloti tomonidan COVID-19 infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish uchun quyidagi profilaktik tadbirlar olib boriladi:
kasallikni tibbiyot xodimlari orasida shifoxona ichida tarqalishini oldini olish;
tibbiyot tashkilotida sanitariya gigiyena va epidemiyaga qarshi chora tadbirlarni to‘liq hamda sifatli amalga oshirilishi nazoratini amalga oshirish;
atrof-muhit va muhandislik-texnik tizimlar holatini nazorat qilish.
4 Tibbiyot tashkilotida ertalab ish boshlanishidan avval barcha xodimlarning tana harorati kontaktsiz pirometrlar yordamida o‘lchanadi.
Tana xarorati ko‘tarilgan yoki yuqumli kasallik belgilari bo‘lgan xodimlar ishga qo‘yilmaydi.
5. Tibbiyot tashkilotlarida tana harorati ko‘tarilgan yoki kasallik belgilari (yo‘tal, aksirish va shu kabilar) bilan ishdan vaqtincha chetlatilgan xodimlar ro‘yxati yuritiladi.
6. COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan tibbiyot tashkilotlarida faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlarning qo‘l gigiyenasiga mazkur Normativlarning 1-ilovasiga muvofiq rioya qilinadi.
7. Tibbiyot tashkilotlari binosiga kirish joyida teri antiseptiklari bilan ishlov berish uskunalari (dozatorli uskuna, namli salfetkalar va shu kabilar) o‘rnatiladi.
8. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlarida begona shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
9. Tibbiyot tashkilotlari binosining kirish va chiqish qismida odamlarni to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy masofani saqlash uchun ikki metr o‘lchamdagi oraliq masofani belgilovchi chiziqlar belgilanadi.
Xizmat vazifasi bilan bog‘liq bo‘lmagan xodimlarni qizil hududlarga kirishi ta’qiqlanadi.
Zaruriyatga ko‘ra texnik xizmat xodimlari qizil hududlarga kirishiga ehtiyoj paydo bo‘lganda shaxsiy himoya vositalari (tibbiy niqob va qo‘lqop) bilan ta’minlangan holda kiritiladi.
Tibbiy niqobdan mazkur Normativlarning 3-ilovasida ko‘rsatilgan tartibda foydalaniladi.
2-bob. SOVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlariga nisbatan qo‘yilgan talablar
10. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkiloti aholi yashash punktlaridan 100 metr uzoqlikda joylashtirilgan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, 1000 va undan ortiq bemor o‘rinlariga ega bo‘lgan ushbu yo‘nalishdagi tibbiyot tashkilotlari yoki saralash punktlari aholi yashash punktlaridan 500 metr uzoqlikdagi masofada joylashtiriladi.
11. Faoliyat yuritayotgan yuqumli kasalliklar shifoxonalari (bo‘limlari) aholi yashash punktlaridan 50 metr uzoqlikda tashkil etishi kerak.
12. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlarida bemorlar harakatini inobatga olgan holda hamda tibbiy xodimlar orasida infeksiyaning tarqalishini oldini olish maqsadida quyidagi 3 ta zonaga bo‘linishi lozim:
qizil zona — bemorlar zonasi;
yashil zona — tibbiy xodimlar zonasi;
sariq zona — qizil va yashil zonalar orasidagi bufer zona.
Sariq zonada shaxsiy himoya vositalarini dezinfeksiya qilish va sanitariya-tozalov ishlari uchun maxsus joy tashkillashtirish lozim.
13. COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni diagnostika qilishda asosan portativ uskunalardan (rentgen, UTD, EKG va boshqalar) foydalaniladi.
14. Tibbiyot xodimlarining qizil zonaga har bir kirish-chiqishi va shaxsiy himoya vositalarini almashtirishi maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan javobgar shaxs tomonidan nazoratga olinishi lozim. Bemorlar yoki kasallikka gumon qilingan shaxslarga shoshilinch holatlarda diagnostika ishlari amalga oshirilganda har bir tekshiruvdan keyin xonada dezinfeksiya ishlari o‘tkazilishi kerak.
15. Xodimlarning tibbiy xodimlar zonasiga (yashil zona) kirishi va chiqishi bo‘lim katta hamshirasi tomonidan nazoratga olinishi lozim.
16. COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan barcha tibbiyot tashkilotlari ichimlik suvi, issiq suv, isitish tizimi, kanalizatsiya va ventilatsiya tizimiga ega bo‘lishi kerak.
17. Markazlashtirilgan tibbiy kislorod tizimi bo‘lmagan tibbiyot tashkilotlarining reanimatsiya bo‘limlari 100 foiz, boshqa davolash bo‘limlari esa har 2 ta o‘ringa 1 tadan kislorod konsentratorlari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
18. Tibbiyot tashkilotining har bir bo‘limida erkaklar va ayollar uchun alohida har 10 nafar bemorga 1 ta unitaz bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
19. Tibbiy xodimlar uchun alohida yuvinish xonalari va hojatxonalar tashkil etiladi.
20. Bemorlar uchun yuvinish xonalari ayollar, erkaklar va tibbiy xodimlar uchun alohida tashkil etilishi kerak.
21. Tibbiyot tashkilotlari hududida avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilish maydoni tashkil etiladi.
22. Tibbiyot tashkilotining har bir bo‘limi va zonasining kirish joyida dezinfeksiya vositasi bilan namlangan gilamcha to‘shaladi.
23. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlari tomonidan har bir navbatchilikda har bir xodimga 2 juft shaxsiy himoya vositalari, jumladan tibbiy yoki xirurgik maska, respirator, qo‘lqop, himoya kiyimi, himoya ko‘zoynagi) bilan ta’minlanishi kerak.
24. Davolash va yordamchi bo‘limlar bir marotabalik tibbiy asbob-anjomlar va buyumlar, antiseptik va dezinfeksiya vositalari bilan yetarlicha ta’minlangan bo‘lishi kerak.
25. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlari reanimatsiya bo‘limlari o‘pkani sun’iy ventilatsiyasi apparati (IVL), sipap, narkoz apparaturalari va uning tarkibiy qismlari va boshqa tibbiy uskunalar bilan ta’minlanishi kerak.
26. Tibbiyot tashkilotlarining kirish-chiqish nazorati (filtr) punktlari masofadan tana haroratini o‘lchovchi asboblar (pirometr) bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
27. Bemorlarni davolash jarayonida hosil bo‘lgan tibbiy chiqindilar mazkur Normativlarning 7-ilovasiga muvofiq utilizatsiya qilinadi.
28. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlarida bemorlar va tibbiy xodimlarning ovqatlanishiga bo‘lgan talablar mazkur Normativlarning 5-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
29. COVID-19 infeksiyasini davolash uchun vaqtincha moslashtirilgan boshqa yo‘nalishdagi tibbiyot tashkilotlari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish faoliyatini davom ettirishdan oldin barcha davolash va yordamchi bo‘limlarda yakuniy dezinfeksiya ishlari o‘tkaziladi.
3-bob. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlari qabul bo‘limlarida shifoxona ichi infeksiyasi profilaktikasi
30. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlarida bemorlarni saralash va bo‘limlarga yotqizish qabul bo‘limi orqali amalga oshiriladi.
31. Bemorlarni qabul qilish tizimlarida qabul bo‘limining vazifalari aniq belgilangan ketma-ketlik asosida bajariladi, ya’ni bemorlarni qabul qilish, diagnostika va sanitariya tozalov qismlarga ajratiladi.
32. Tibbiyot tashkilotlari qabul qilinayotgan bemorlar soniga qarab yetarli miqdorda shpatellar, pulsoksimetr hamda kontaktsiz (pirometr) va simobli termometrlar bilan ta’minlanishi lozim.
33. Bemorlarni qabul qilish vaqtida tibbiy xodimlar shaxsiy himoya vositalaridan mazkur Normativlarning 2-ilovasiga muvofiq tartibda foydalanadi.
Qabul bo‘limida faoliyat yurituvchi tibbiy xodimlari tomonidan shaxsiy himoya vositalari 1 navbatchilik (smena) davomida foydalaniladi va navbatchilik (smena) tugagandan keyin utilizatsiya qilinadi.
34. Ish jarayonida butunligi buzilgan va mexanik shikastlangan hollarda shaxsiy himoya vositalari almashtiriladi.
35. Bemor shifoxonaga yotayotganda o‘zi bilan shaxsiy gigiyena buyumlarini olishiga hamda shaxsiy toza kiyimlarda bo‘lishiga ruxsat etiladi.
36. Qabul bo‘limining shifokorlari yuqumli kasalliklarni ro‘yxatga olish jurnalini (060-h/sh) yuritishi va shoshilinch xabarnomalarni (058-h/sh) o‘z vaqtida hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga taqdim etishi kerak.
37. Har bir bemor qabul qilingandan so‘ng (yoki zaruratiga qarab) xona 3 foizli tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositalari yoki O‘zbekiston Respublikasida ishlatishga ruxsat etilgan boshqa dezinfeksiya vositalari bilan joriy tozalov ishlari olib boriladi.
Ishlatilgan tozalov anjomlari sanitariya xonasida dezinfeksiya qilinadi, yuviladi va quruq holda saqlanadi.
38. Yuqumli kasallikka chalingan bemorni olib kelgan tez tibbiy yordam avtotranspor vositasi dezinfektor tomonidan maxsus ajratilgan maydonchada zararsizlantiriladi. Maydoncha qattiq qoplamalar (asfalt yoki boshqalar) va suv oqib ketishi uchun qulay yoki ariqchaga ega bo‘lishi kerak.
39. Qabul bo‘limi xodimlari ish smenasi tugagandan so‘ng sanitariya tozalov ishlaridan o‘tishlari kerak.
4-bob. Bo‘limlarda sanitariya va epidemiyaga qarshi tartibga rioya etish bo‘yicha talablar
40. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlari bo‘limlari, xonalari va maydonlari amaldagi sanitariya qoidalari talablariga javob berishi kerak.
41. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlarida har bir bemor uchun mo‘ljallangan maydon 9,0 kv.metrni va har bir qo‘shimcha o‘rin uchun 7,0 kv.metrni tashkil etishi kerak.
42. Palatalarda koykalar joylashtirilgan oraliq masofa 1,5 — 2,0 metrni tashkil etishi kerak.
43. Palatalarda koykalar gigiyenik normativlarga qat’iy rioya etgan holda qo‘yilishi va bunda har bir palatadagi koykalar soni 4 tadan oshmasligi kerak.
Palatalar koykalar soni qarab, stullar va tumbochkalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
44. Bo‘limning koridor qismi va holda bemorlarga shprits va sistemani ularni oldida ochilishini eslatib turuvchi yozuvlar bo‘lishi kerak.
45. Bemorlarning oziq-ovqat mahsulotlari alohida ajratilgan sovutgichda saqlanadi. Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari birga saqlanishi ta’qiqlanadi.
46. Bemor uchun qo‘yilgan tuvaklar va sudnalar alohida ajratilgan xonada yoki hojatxonada saqlanadi. Tuvaklar to‘kilgandan keyin maxsus kvachlar (shyotka)lar bilan yuvilib, tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasining 3 foizli ishchi eritmasida 30 daqiqa yoki boshqa turdagi dezinfektantda ushbu dezinfeksiya vositasining yo‘riqnomasiga muvofiq zararsizlantiriladi.
47. Termometrlar foydalanilgandan so‘ng sovun bilan yuviladi va quruq holda saqlanadi.
48. Bir marotaba ishlatishga mo‘ljallangan shpatellar ishlatilgandan so‘ng amaldagi sanitariya qoidalari asosida utilizatsiya qilinadi.
49. Ko‘p marotabalik shpatellar ishlatilgandan keyin 3 foizli tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasi yordamida 15 daqiqa davomida yoki boshqa turdagi dezinfektantda zararsizlantiriladi va toza suvda chayilib, sterilizatsiya qilish uchun markaziy sterilizatsiya bo‘limiga yuboriladi.
50. Bo‘limlarda barcha muolajalar palatalarda amalga oshiriladi. Xodimlar har bir bemorga muolaja vaqtida shaxsiy himoya vositasi, xususan rezina qo‘lqop ustidan ikkinchi rezina qo‘lqop kiyib olishi kerak. Ushbu rezina qo‘lqop bitta bemor uchun bir navbatchilik (smena) davomida ishlatishga ruxsat etiladi.
51. Agar rezina qo‘lqop qon yoki organizmning boshqa biologik suyuqliklari bilan ifloslangan holatlarda, amaldagi sanitariya qoidalari talablari asosida utilizatsiya qilinadi.
52. Barcha ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlar 3 foizli tarkibida xlor saqlovchi eritmada 15 daqiqa davomida yoki boshqa dezinfeksiyalovchi vosita bilan zararsizlantiriladi va oqar suv ostida chayilib, markaziy sterilizatsiya bo‘limiga topshiriladi.
53. Bemorlarga ishlatilgan choyshablar polietilen qoplarga to‘planadi va vaqtinchalik saqlash uchun maxsus ajratilgan xonada saqlanadi. Ishlatilgan choyshab to‘plamlarining bo‘limlarda saralanishiga ruxsat etilmaydi.
COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar tomonidan foydalanilgan choyshablarni dezinfeksiya qilish mazkur Normativlarning 4-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
54. Bo‘limlarda joriy tozalash ishlari bir kunda uch marotaba tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasi yordamida mazkur Normativning 6-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
55. Nafas maskalari va burun konyulyalari ta’minotida tanqislik bo‘lganda, bo‘limlarda maxsus ajratilgan xonalarda 3 foizli tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya eritmasida zararsizlantiriladi va oqar suvda chayiladi. Shuningdek, ushbu asbob-anjomlar sterilizatsiya oldi tozalov ishlaridan o‘tkaziladi va 3 foiz vodorod peroksid yoki boshqa dezinfeksiya vositasida ushbu dezinfeksiya vositasining yo‘riqnomasiga asosan kimyoviy dezinfeksiya qilinadi.
56. Har bir bo‘limda ovqat tarqatish xonalari tashkil qilinishi lozim. Tayyor ovqatlar bir marotabalik maxsus idishlarda keltirilib, palatalarga tarqatiladi. Ishlatilgan bir marotabalik idishlar alohida konteynerlarga yig‘iladi va utilizatsiya qilinadi.
57. Shifoxona bo‘limlaridan chiqqan ovqat qoldiqlari va idishlar shifoxona hududidan tashqariga chiqarilmaydi.
58. Palatalar, yo‘laklar, hojatxonalar, muolaja xonalari va boshqa yordamchi xonalar uchun tozalov ishlari anjomlari yorliqlanadi, ishlatilganidan so‘ng yuviladi, dezinfeksiya qilinadi va maxsus ajratilgan xona (joy)da quruq holda saqlanadi.
59. Ishlatilgan dori flakonlari amaldagi sanitariya qoidalari talablari asosida utilizatsiya qilinadi.
60. Bo‘limlarda shaxsiy himoya vositalari 5 kunlik zaxira bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
61. Bo‘limda hosil bo‘lgan tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish mazkur Normativlarning 7-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. COVID-19 infeksiyasini davolash tadbirlari belgilangan tibbiyot tashkilotlarida karantindan chiqish bo‘yicha talablar
62. Karantin tadbirlari tugatilgan tibbiyot tashkilotlarida yakuniy dezinfeksiya ishlari o‘tkaziladi.
Yakuniy dezinfeksiya ishlari tibbiyot tashkiloti yoki dezinfeksiya stansiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
63. Yakuniy dezinfeksiya ishlari tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositalari yoki O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan boshqa dezinfeksiya vositalari yordamida amalga oshiriladi.
64. Yakuniy dezinfeksiya jarayonida tibbiyot tashkilotining barcha xonalariga dezinfeksiya vositalari (eritmalari) sepiladi, xonadagi qattiq inventarlar dezinfeksiya vositasi yordamida artiladi.
65. Ko‘rpa-to‘shaklar va yumshoq inventarlar kamerali zararsizlantirish yordamida yakuniy dezinfeksiya qilinadi.
66. Tibbiyot tashkiloti xonalari bakteritsid lampalar (ultrabinafsha nurlanish) yordamida 1 soat davomida zararsizlantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i B.K. YuSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-mart,
0010-21-son
COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyalarini oldini olish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga
1-ILOVA
Tibbiy xodimlar qo‘l gigiyenasiga bo‘lgan talablar
1. Tibbiy xodimlar bajaradigan tibbiy muolaja va qo‘l terisidagi mikroblar kontaminatsiyasining kamaytirish darajasi talabiga qarab qo‘llar gigiyenik va xirurgik usullarda zararsizlantiriladi.
2. Tibbiy xodimlar tomonidan qo‘llarni samarali yuvilishi va zararsizlantirilishiga erishish uchun quyidagi shartlarga rioya qilinishi lozim:
tirnoqlar kalta olingan bo‘lishi, tirnoqlar lak bilan bo‘yalmagan bo‘lishi, sun’iy tirnoqlar bo‘lmasligi;
qo‘lda uzuk va boshqa zargarlik bezaklarining bo‘lmasligi;
jarrohlar qo‘llarini zararsizlantirishdan avval soat, braslet va boshqa shu kabi buyumlarini yechishi.
3. Tibbiy xodimlar qo‘l yuvish va zararsizlantirish vositalari hamda kontaktli dermatitlarni yuzaga kelishini kamaytirish maqsadida qo‘l terisini parvarishlovchi vositalar bilan yetarli ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Qo‘lni yuvish vositalari, antiseptiklar va qo‘l terisini parvarishlash vositalarini tanlashda qo‘l terisining individual sezuvchanligi inobatga olinishi kerak.
4. Qo‘lga quyidagi holatlarda gigiyenik ishlov berilishi kerak:
bemor bilan bevosita muloqotda bo‘lishda oldin;
jarohatlanmagan bemor terisi (masalan, arterial bosim va pulsni o‘lchaganda) bilan muloqotda bo‘lgandan keyin;
organizmning biologik chiqindilari va shilliq qavatlari bilan muloqotda bo‘lgandan keyin;
bemorni parvarishlash bo‘yicha har xil muolajalardan oldin;
bemorni bevosita yonida turgan tibbiy uskunalar va boshqa obyektlar bilan muloqotda bo‘lgandan keyin;
hojatxonaga borgandan keyin va h.
5. Qo‘llarni gigiyenik ishlov berish ikki xil usulda o‘tkaziladi:
ifloslanish va mikroorganizmlar miqdorini kamaytirish uchun qo‘llarni sovun hamda suv bilan yuvish;
mikroorganizmlar miqdorini xavfsiz darajagacha kamaytirish uchun qo‘llarni teri antiseptiklari bilan zararsizlantirish.
6. Qo‘l yuvish uchun dozatorli (dispenser) suyuq sovun yoki magnitli yoki sovunni quruq holda saqlaydigan idishda solingan qattiq (qolipli) sovundan foydalaniladi. Qo‘llar bir marotabalik sochiq bilan artiladi.
7. Tarkibida spirt yoki boshqa vositalar saqlovchi antiseptiklar ushbu vositani qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomasida tavsiya etilgan miqdori bilan qo‘l terisini artish orqali zararsizlantiriladi va zararsizlantirishda barmoq uchlari tirnoq atrofi terisi va barmoqlar orasiga alohida e’tibor berilishi kerak.
8. Dozator ishlatilgan holatlarda antiseptik (yoki sovun) yangi porsiyasi solinishidan oldin dozator suv bilan yuvilib, quritilib va dezinfeksiya qilinishi kerak. Qo‘llarni yuvish va zararsizlantirishda tirsakli va fotoelementli dozatorlardan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
9. Qo‘lni zararsizlantirish uchun teri antiseptiklari davolash-diagnostika jarayonlarining barcha bosqichlarida qulay joylashtirilgan bo‘lish kerak. Bemorlarni jadal parvarishlash va tibbiy xodimlar yuqori nagruzka bilan ishlaydigan bo‘limlarda (reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlari va b.) teri antiseptikli dozatorlar ular uchun qulay joylarda (palatalarga kirish joyida, bemor yonida va b.) joylashtirilishi kerak. Shuningdek, tibbiy xodimlar shaxsiy idishlar (flakonlar)dan foydalanishlari ham mumkin.
COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyalarini oldini olish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga
2-ILOVA
Shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishga bo‘lgan talablar
1. COVID-19 infeksiyasini oldini olishda bemor kasallikka gumon qilinishidan yoki kasallik tasdiqlanishidan qat’iy nazar barcha bemorlarga nisbatan standart ehtiyot choralariga rioya etilishi kerak.
2. Standart ehtiyot choralari elementlariga quyidagilar kiradi:
qo‘l gigiyenasiga rioya qilish;
nafas olish gigiyenasi (etiket) rioya qilish;
mavjud xavflardan kelib chiqqan holda tegishli shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish;
inyeksiyalarni amalga oshirayotganda ehtiyot choralari va kesuvchi yoki sanchuvchi tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish;
bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan tibbiy asbob-anjomlarni dezinfeksiya qilish;
xonalarni tozalash;
ifloslangan choyshablarni xavfsiz zararsizlantirish;
tibbiy chiqindilarni xavfsiz utilizatsiya qilish.
3. COVID-19 infeksiyasini davolashga mo‘ljallangan tibbiyot tashkilotlarida faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlari bemorlarga shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, shuningdek to‘g‘ri tanlash va ularni qanday qilib kiyish yoki taqish, yechish va utilizatsiya qilishga o‘rgatadilar.
COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyalarini oldini olish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga
3-ILOVA
Tibbiy niqoblardan foydalanishga bo‘lgan talablar
Tibbiy niqobni kiyish tartibi:
1. Niqobga tegmasdan oldin qo‘llar spirtli antiseptik bilan artiladi yoki sovun bilan yuviladi.
2. Niqob qo‘lga olinadi va uning yaxlitligi tekshiriladi (teshiklari yoki yirtilgan joylari bo‘lmasligi kerak).
3. Niqobning past va tepa qismi belgilab olinadi (niqobning yuqori qirrasi bo‘ylab metall tasma mavjud bo‘ladi).
4. Niqobni to‘g‘ri taqilganligiga ishonch hosil qilinadi, bunda niqobning rangli tarafi tashqarida bo‘lishi kerak.
5. Niqob yuzga qo‘yiladi, metall chiziqni yoki niqobning qattiq cheti bukiladi va burunning shaklini oladi.
6. Niqobning pastki qismi tortiladi, bunda niqob og‘izni va yuzni iyak qismini qoplashi kerak.
Tibbiy niqobni yechish tartibi:
1. Niqob qo‘llanilgandan keyin elastik quloqchalarini ushlab olib tashlanadi.
2. Niqob yechilganda yuzga yoki kiyimga tegmasligi kerak.
3. Ishlatilgan niqob darhol plastik paketga tashlanadi va utilizatsiya qilinadi.
4. Niqob yechilishidan oldin qo‘llar yuvilishi kerak.
Respiratorlardan foydalanish tartibi
1. COVID-19 infeksiyasini oldini olishda respiratorlarining samaradorligi ularning nechog‘lik to‘g‘ri ishlatilishiga bog‘liq.
2. Tibbiy xodimlar xavfli hududga kirishdan oldin respirator kiyish kerak.
3. Respiratorlardan foydalanishda quyidagi qoidalarga rioya etish kerak:
respirator germetik holatdaligiga ishonch hosil qilish;
respiratorni to‘liq ochish uchun chetlari orqali orasi ochiladi;
kichik yoy hosil qilish uchun sim qismi bukiladi;
respirator pastki qismi tepaga ko‘tarib, bosh tasmalari chiqariladi.
ko‘rsatkich va katta barmoqlar bilan tasmalar tortiladi va kengaytiriladi;
tasmalar ko‘rsatkich va katta barmoqlar bilan ushlab turilib, respiratorni engak tagiga olib boriladi;
tasmalar bosh ortiga olib boriladi;
quyi tasmani bo‘yin asosiga joylashtirish.
ikkinchi tasmani boshning yuqori qismiga joylashtirish.
barmoqlar bilan respiratorni qansharga mahkam bosib taqish.
respirator yuzga zich yopishib turganini sezmagungacha uni yuzga germetik taqishni davom ettirish kerak.
respirator yuqori qismidagi qattiq qismini burun relyefiga moslashtirib qisiladi.
4. Respirator ishlatilgandan keyin tegishli chiqindi idishga tashlanishi kerak.
5. Respiratorni taqishdan oldin va yechilgandan keyin qo‘llar yuviladi hamda zararsizlantiriladi.
Respirator germetik holatini tekshirish uchun ko‘rsatmalar
1. Respirator mustahkamligi va xavfsizligini aniqlash uchun har bir ishlatishdan oldin uni germetik holatini tekshirish zarur. Buning uchun bir necha marta kuch bilan nafas olib, nafas chiqarish kerak. Bunda:
respirator nafas olganda biroz botishi va nafas chiqarganda biroz kengayishi kerak;
undan foydalangan shaxs respirator orasida havo sizib o‘tishini sezmasligi kerak.
2. Havo sizib o‘tmasligi respirator yuzga zich yopishib turgani va niqob holati germetik ekanligidan darak beradi.
3. Agar respirator yuzga botmasa va kengaymasa yoki yuz bilan respirator orasida havo sizib o‘tsa, bu respirator holati germetik emasligidan darak beradi. Foydalanuvchi havo sizib o‘tishini bartaraf qilish uchun respiratorni yuziga yana bir bor zich yopishtirishga harakat qilish kerak, bunga erishsa, dyemak, respiratorni ishlatish xavf tug‘dirmaydi.
4. Respirator yopishishi zichligini yaxshilash uchun quyidagilarni qilib ko‘rish tavsiya etiladi:
respirator to‘g‘ri taqilganiga ishonch hosil qilish uchun oynadan foydalanish;
respirator zirak yoki sochga ilinib qolmaganini tekshirish;
tasmalar to‘g‘ri joylashganiga ishonch hosil qilish. Tepadagi tasma bosh qoq uchida joylashishi ayniqsa muhim, chunki u respiratorni engakka tortib turishi kerak.
5. Respiratorlarni foydalanishdan oldin ularni ishlatish muddati bo‘yicha ta’minlovchi tavsiyalari bilan tanishib chiqish kerak.
6. Respiratorlar qayta ishlatilganda, ular ochiq holatda, quruq joyda saqlanadi.
7. Respiratorlarni plastmassa quticha yoki sellofanlarda saqlash mumkin emas.
COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyalarini oldini olish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga
4-ILOVA
COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar tomonidan foydalanilgan choyshablarni dezinfeksiya qilishga bo‘lgan talablar
1. COVID-19 infeksiyasi yuqtirgan yoki kasallikka gumon qilingan bemorlarga ishlatilgan choyshablarni dezinfeksiya qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
2. Bemorlarga ishlatilgan choyshablarga quyidagilar kiradi:
– bemorlarga ishlatilgan kiyim-kechaklar, o‘rin-ko‘rpalar, yostiq jildlari;
– palatada bemor to‘shaklariga ishlatilgan adyollar.
3. Zararlangan choyshablar bir marotabalik polietilen paketlarga joylashtirib, zich yopiladi va polietilen paket usti dezinfeksiya qilinadi.
4. Sariq rangdagi qopga bo‘lim va zararlangan choyshab nomi yozilgan maxsus etiketka yopishtiriladi va kirxonaga transportirovka qilinadi.
5. Zararlangan (kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan ifloslangan) materiallarni transportirovka qilish uchun maxsus transport vositalardan foydalaniladi. Ushbu transport vositalari har bir zararlangan choyshablarni kirxonaga tashigandan keyin zudlik bilan dezinfeksiya qilinishi kerak.
6. Choyshablarni transport vositalari tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasining 3,0 foizli ishchi eritmasida yoki boshqa dezinfeksiya vositasida uning yo‘riqnomasiga asosan artiladi. Dezinfeksiya vositasi 30 daqiqa ekspozitsiyadan keyin toza suv bilan artiladi.
7. COVID-19 infeksiyasi yuqtirgan bemorlar choyshablari kirxonada saralanadi va vannalarda tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasining 0,5 foizli ishchi eritmasida dezinfeksiya qilinadi.
8. Birlamchi dezinfeksiyadan o‘tgan choyshablar kir yuvish mashinalarida yuviladi va tsentrifugalar yordamida quritiladi.
9. Quritilgan choyshablar dazmollanib, alohida paketlarda saqlanadi.
10. Ishlatilgan yoki ifloslangan choyshablar bilan ishlashda tibbiy xodimlar shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishi kerak.
COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyalarini oldini olish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga
5-ILOVA
Bemorlar va tibbiy xodimlar ovqatlanishiga bo‘lgan talablar
1. Bemorlar va tibbiy xodimlarga ovqat tayyorlash tibbiyot tashkiloti oshxonasidan yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi 16-son “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida autsorsing xizmatlari asosida amalga oshiriladi.
2. Oshxonada tayyorlangan ovqatlarni “Shifoxona ichi infeksiyalari” sanitariya qoida va normalari (SanQvaN 0342-17) 15-bob, 7,11-bandiga asosan bo‘limlarga olib borishda termoslar, sirli yoki alyuminiy idishlardan foydalanilishi mumkin.
3. Bemorlar va tibbiy xodimlar tomonidan ovqatlanish uchun ishlatilgan idishlar davolash bo‘limlaridagi ovqat tarqatish xonasida yuviladi, qaynatiladi va dezinfeksiya qilinadi hamda quruq holda saqlanadi.
4. Oshxonadan bo‘limlarga ovqatlarni tashishda ishlatilgan xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasining 1,0 foizli ishchi eritmasida yoki boshqa dezinfeksiya vositasi bilan artiladi. Ishlatilgan dezinfeksiya vositasi 30 daqiqa ekspozitsiyadan keyin toza suv bilan yuvib yoki artib tashlanadi.
5. Bemorlar va tibbiy xodimlar ovqatlanish uchun bir marotabalik idishlardan foydalanish mumkin. Ushbu idishlar ishlatilgandan keyin tibbiy chiqindi sifatida bir marotabalik polietilen paketlarga yig‘iladi, paketlar ¾ qismi to‘lgandan keyin zich yopilib, xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasining 3,0 foizli ishchi eritmasida yoki boshqa dezinfeksiya vositasi bilan dezinfeksiya qilinadi va utilizatsiya qilinadi.
COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyalarini oldini olish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga
6-ILOVA
Joriy va mukammal tozalash ishlarini o‘tkazishga bo‘lgan talablar
1. Pollarni dezinfeksiya qilish:
1. Dezinfeksiya qilishdan avval ko‘zga ko‘ringan ifloslanishlar tozalanadi. Xonalarni zararsizlantirish ishlari esa ularni qon va organizmning boshqa biologik suyuqliklarini tozalash rejimida o‘tkazilishi kerak, ya’ni 1:5 nisbatda zararsizlantiradi.
2. Pol va devorlar 3 foiz tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositalari bilan 100 ml/kv.m miqdorida yuvish, sepish yoki artish yordamida dezinfeksiya qilinadi.
3. Dezinfeksiya ishlaridan keyin 30 minut ekspozitsiya qilinadi.
4. Dezinfeksiya ishlari kuniga 3-marta va ifloslanish darajasiga qarab olib boriladi.
2. Tashqi yuzalarni dezinfeksiya qilish:
5. Dezinfeksiya qilishdan oldin ko‘zga ko‘ringan ifloslanishlar tozalanadi. Xona yuzalarida zararsizlantirish ishlari esa ularni qon va organizmning boshqa biologik suyuqliklarini tozalash rejimida o‘tkazilishi kerak.
6. Ishchi yuzalar tarkibida 3 foizli xlor saqlovchi dezinfeksiya vositalari bilan salfetka yordamida artiladi. 30 daqiqa ekspozitsiyadan keyin ishchi yuzalar toza suvda yuviladi. Dezinfeksiya ishlari kuniga 3-marta o‘tkaziladi. Ifloslanish darajasiga qarab, dezinfeksiya ishlari takroriy olib boriladi.
7. Tozalash ishlari toza uchastkadan boshlanib, keyinchalik ifloslangan yuzaga o‘tiladi. Ishchi yuzalar tozalangandan keyin ishlatilgan lattalar zararsizlantiradi, yuviladi va quruq holda saqlanadi.
8. Xonalar havosi bakteritsid lampalar yordamida 20 daqiqa yordamida zararsizlantiriladi.
9. Bakteritsid lampalarning yorug‘lik to‘lqini uzunligi 250— 400 nm bo‘lishi kerak.
3. Mukammal tozalov ishlari
10. Mukammal tozalov ishlari sanitariya-gigiyenik qoplamaga ega devorlarni yuvish bilan olib boriladi. Shuningdek, eshiklar, derazalar, plintuslar, yoritish qurilmalari, asbob-uskunalar ham yuviladi.
11. Mukammal tozalov ishlari bir paytning o‘zida 2 ta chelakdan foydalangan holda amalga oshiriladi. Birinchi chelakda tarkibida xlor saqlovchi dezinfektantning 3,0 foizli eritmasidan iborat yuvish to‘plami tayyorlanadi, bunga yuvish vositasi — 50 gr. bo‘lakli xo‘jalik sovuni yoki 25 gr. istalgan yuvish kukuni qo‘shiladi. Ikkinchi chelakda toza suv bo‘ladi. Dastlab latta yuvish eritmasi solingan chelakka botiriladi, biroz siqib olinadi va yuvilishi kerak bo‘lgan kichikroq joy artib chiqiladi. So‘ngra ishlatilgan latta toza suvli chelakda chayiladi. Keyin ushbu jarayon takrorlanadi.
12. Mukammal tozalov ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
– mukammal tozalov ishlari oldidan xonalar kamida 20 daqiqaga shamollatiladi;
– barcha yuzalar yuvish-dezinfeksiya eritmasi bilan artib chiqiladi;
– toza suvli latta bilan artib chiqiladi va 30 daqiqa davomida kvarslanadi.
13. Dezinfeksiyalovchi vositalar bo‘lgan tarkibida xlor saqlovchi, vodorod peroksid yoki boshqa dezinfektantlar har hafta almashtirilib qo‘llanilishi tavsiya etiladi. Dezinfeksiya eritmasining sarfi — 1 kv. m.ga — 100 ml.ni tashkil etadi.
14. Dezinfeksiya qilingan oqova suvlarda qoldiq xlorning umumiy konsentratsiyasi 10 mg/l. dan kam bo‘lmasligi kerak.
COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyalarini oldini olish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga
7-ILOVA
COVID-19 infeksiyasini davolash natijasida yuzaga keladigan tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish
1. Infeksiyaga gumon qilingan va tasdiqlangan bemorlar bilan bog‘liq barcha chiqindilarni tibbiy chiqindi sifatida utilizatsiya qilinadi.
2. Tibbiy chiqindilar ikki qavatli paketlarga solinadi va paketlar zich yopilib, tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasining 3,0 foizli ishchi eritmasi sepiladi.
3. O‘tkir predmetlar maxsus plastik konteynerlarga (iglootsekatel) solinadi va konteyner to‘lgandan to‘liq yopilib, konteynerga tarkibida 3,0 foizli xlor saqlovchi dezinfeksiya vositasi sepiladi.
4. Qadoqlangan chiqindilarni tibbiy chiqindilarni tashish uchun mo‘ljallangan markirovkalangan konteynerlarga solinadi hamda zich yopilib, belgilangan joyga olib boriladi.
5. Chiqindilar belgilangan yo‘nalish va vaqt bo‘yicha tibbiy chiqindilarni vaqtinchalik saqlash punktiga olib boriladi hamda alohida saqlanadi.
6. “B” sinfga oid chiqindilar sariq rangli yoki sariq markirovkali bir marotabalik plastik paketlar yoki qattiq, teshilmaydigan qadoqlarga (konteynerlar) yig‘iladi.
7. “B” sinfga oid o‘tkir uchli chiqindilar uchun bir martalik teshilmaydigan, namlikka chidamli idishlardan (konteynerlar) foydalaniladi. Idishda mustahkam yopiladigan va qayta ochilmaydigan qopqoq bo‘lishi kerak.

Download 59.28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling