Axborot inqilobi – fan-texnika inqilobining rivojlanish bosqichi bo‘lib, bunda axborot o‘ta muhim resursga aylanadi.
Irratsionalizm – borliqni oqilona mantiqiy bilish imkoniyatini rad etuvchi nuqtai nazar.
Kauzallik – sababiyat, sabab va oqibatning qonuniy aloqasi.
Kommunikatsiya (keng ma’noda) – muloqot. Ekzistensializmda – muloqot turi bo‘lib, uning yordamida «Men» o‘zini boshqa odamda topadi.
Konstitutsiyalash – yaratish, belgilash, muayyan tashkiliy tus berish.
Konsyumerizm – iste’mol qilishga bo‘lgan kuchli ehtiyoj.
Koevolyusiya – birgalikda tadrijiy rivojlanish.
Kreatsionizm – butun borliqni Xudo yaratgan deb hisoblaydigan diniy ta’limot.
Materializm – dunyoning moddiyligidan va ongdan qat’iy nazar mavjudligidan kelib chiqadigan falsafiy yo‘nalish.
Mahalliy muammolar tushunchasi yuqoriroq darajadagi muammolarga, aniqroq aytganda, ayrim mamlakatlarga yoki yirik mamlakatlarning ancha katta hududlariga tegishli bo‘lgan muammolarga nisbatan tatbiq etiladi. Bu erda odatda kuchli zilzilalar, yirik suv toshqinlari yoki, masalan, kichik davlatdagi fuqarolar urushi nazarda tutiladi.
Metafizika – Gegeldan oldingi va hozirgi G‘arb falsafasida borliqning o‘ta hissiy tamoyillari va asoslari haqidagi fan. Falsafaning sinonimi sifatida ishlatiladigan atama.
Metodologiya – metod haqidagi ta’limot, bilishning yangi metodlarini yaratish tamoyillarini ishlab chiqish.
Milliy muammolar tushunchasi ijtimoiy-siyosiy va ilmiy muomalada ba’zan muayyan davlat yoki milliy hamjamiyatning ma’lum qiyinchiliklari, g‘am-tashvishlarini aks ettiradi. Miqyos darajasiga qarab ular mintaqaviy yoki mahalliy muammolar sifatida talqin qilinishi mumkin.
Mintaqaviy muammolar ayrim qit’alar, dunyoning yirik ijtimoiy-iqtisodiy hududlari yoki ancha yirik davlatlarda yuzaga keladigan muhim masalalar doirasini qamrab oladi
Mistika – sirli, g‘ayritabiiy, tushunarsiz narsa yoki hodisa.
Do'stlaringiz bilan baham: |