O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi


Download 431.45 Kb.
bet80/107
Sana05.01.2022
Hajmi431.45 Kb.
#222618
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   107
Bog'liq
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev

Ichki ishlar organlari. 1946-yil 4-aprelda SSSR ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan shahar uchastka militsionerlari lavozimini tugatadigan ko‘rsatma e’lon qilindi. Unda bunday deyiladi: «Militsiyaning jamoat tartibini, fuqarolarning shaxsiy va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash hamda o‘z vaqtida jinoyatlarning oldini olish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish uchun shahar militsiya bo‘limining hududi uchastkalarga bo‘linadi, bu uchastkalarga xizmat qilish uchastka vakillari zimmasiga yuklatiladi...» Uchastka vakillari tartibni saqlash, jinoyatlarni aniqlash, oldini olish va xotima berish yuzasidan muntazam ish olib borishlari, uchastkada sodir bo‘lgan har bir hodisani bilishlari, jamoatchilik bilan aloqa qilib turishlari, fuqarolarni qabul qilishlari va ularning arizalarini ko‘rib chiqishlari, pasport rejimiga rioya etilishini tekshirishlari, bezorilik, bolalar qarovsizligi hollariga va boshqa salbiy hodisalarga yo‘l qo‘ymasliklari kerak edi.

Shunday qilib, uchastka vakillarining vazifasi tashqi xizmat doirasidan chiqib, ma’lum darajada militsiya faoliyatining hamma turlarini o‘z ichiga olishi lozim edi.

Uchastka vakillari jinoyatlarning oldini olishga va ularga chek qo‘yishga, jinoyatchilarni aniqlashga asosiy e’tibor berdilar. Ular o‘z uchastkasidagi aholi bilan muntazam aloqa qilib borishi, jinoyatchilikka qarshi kurashga jamoatchilikni safarbar etishi lozim edi.

Militsiyaning tashkiliy tuzilishi va uning me’yoriy negizi takomil- lashib, rivojlanib bordi. 1948-yilda militsiya postlari va patrul xizmatining yangi Nizomi kuchga kirdi. Bu Nizomda bir qancha yangi qoidalar ko‘zda tutilgan bo‘lib, ilgari kamdan-kam amalga oshiriladigan militsiya patrul xizmati endilikda tashqi xizmatning zarur qismiga aylandi.

1952-yilda to‘plangan tajribaga va Nizomning yangi shartlariga asosan postlar va patrul xizmati yangilandi. Postda turuvchi va soqchining vazifalari hamda huquqlari belgilab qo‘yildi. Bunda jamoat tartibini, mol- mulkni, fuqarolarning shaxsiy va mulkiy xavfsizligini qo‘riqlash, transport va piyodalar harakatini nazorat qilish masalalarida militsiya idoralariga qo‘yilgan yangi talablar hisobga olindi.

Transport va piyodalar harakatini tashkil etish ham militsiya idoralarining vazifasiga kirgan. Bu vazifa davlat avtomobil inspeksiyasi va yo‘l harakatini boshqarish bo‘limlariga (shu bo‘limlar mavjud

joylarda) topshirilgan. Transport hodisalarining sonini kamaytirish, yo‘llarda transportlarni harakatlanish imkoniyatini oshirish, shuningdek, piyodalar va transport vositalarining oqimini boshqarish ularning asosiy vazifalari hisoblangan.

1948-yilning fevralida O‘zbekiston SSR militsiya idoralarida tergov bo‘limlari va bo‘linmalari tuzilgan bo‘lib, ularning vazifalari militsiya operativ xodimlari tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlarni tergov qilishdan hisoblangan.

1953-yil 27-martda SSSR Vazirlar kengashi «Jamoat tartibini saqlashni va jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirish choralari to‘g‘risi- da» qaror qabul qildi. Shu yil 20-iyulda esa, O‘zbekiston SSR Vazirlar kengashi bilan O‘zbekiston Markaziy ijroiya qo‘mitasi «O‘zbekiston SSRda jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish va jamoat tartibini saqlash choralari to‘g‘risida» qaror qabul qilgan. Ushbu qarorlarda jinoiy ishlarga doir tergovni olib borish sifatini yaxshilash, tashqi xizmat va jinoyat qidiruv apparatini mustahkamlashga e’tibor qaratilgan. Operativ bo‘limlar jinoiy ishlar bo‘yicha tergov olib borishdan ozod qilingan.

1960-yil yanvarda SSSR Ministrlar Soveti SSSR Ichki ishlar vazirligini tugatib, uning vazifalarini ittifoqdosh respublikalar ichki ishlar vazirliklariga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining Rayosati 1962-yil 7-sentabrda O‘zbekiston SSR Jamoat tartibini saqlash vazirligini qayta tashkil etish to‘g‘risida farmon chiqargan.

1966-yil 26-iyulda SSSR Oliy Kengashi Rayosatining farmoni bilan jamoat tartibini saqlash idoralarining faoliyatiga yagona operativ rahbarlikni ta’minlash maqsadida jamoat tartibini saqlash ittifoq- respublika vazirligi tuzildi. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining Prezidiumi 1966-yil 29-iyuldagi farmoni bilan O‘zbekiston SSR Jamoat tartibini saqlash vazirligini O‘zbekiston SSR Jamoat tartibini saqlash ittifoq-respublika vazirligiga aylantirdi.

SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, qonuniylikni yanada mustahkamlash hamda jinoiy sudlovning demokratik asoslarini kengaytirish maqsadida 1963-yil 6- apreldagi farmoni bilan jamoat tartibini saqlash idoralariga dastlabki tergov yuritish huquqini berdi. Ana shu farmonga muvofiq ravishda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining Prezidiumi 1963-yil 27-aprelda

«O‘zbekiston SSR jinoyat — protsessual kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida» farmon chiqardi. Unda jamoat tartibini saqlash idoralarining tergovchilari dastlabki tergov ishlarini olib boradigan jinoyat turlari belgilab qo‘yildi.

Tergov ishlarini tashkil etish va unga rahbarlik qilish uchun O‘zbekiston SSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi tarkibida tergov boshqarmasi, jamoat tartibini saqlash viloyat boshqarmalarida, Qoraqalpog‘iston Avtonom SSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi, Toshkent shahar ijroiya komiteti militsiya boshqarmasi va yo‘l militsiya bo‘limida esa tergov bo‘limlari tashkil etildi. Shaharlarda, rayonlarda, temir yo‘l uchastkalarida tergov bo‘linmalari va tergovchilar guruhlari tuzildi. Militsiya idoralaridagi dastlabki tergovni olib borish bilan shug‘ullanadigan maxsus tuzilma tugatildi. Dastlabki tergovni olib borish militsiya idoralari operativ boshliqlar tarkibiga, shu jumladan uchastka vakillariga topshirildi.

O‘zbekiston SSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi idoralarida tergov apparatini tashkil etish va uning faoliyati to‘g‘risidagi nizomga muvofiq oliy huquqiy ma’lumotga ega bo‘lgan kishilargina tergovchi etib tayinlanishi mumkin edi. O‘rta huquqiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar istisno tariqasida tergov ishiga jalb qilingan. Shunda ham ular jinoiy ishlarni tergov qilish borasida katta tajriba orttirgan bo‘lishi shart edi. Bu borada aytish lozimki, 1963-yilga qadar jinoiy ishlarga doir dastlabki tergovni prokuratura idoralari olib borgan. 1963-yildan boshlab ichki ishlar idoralari huzurida tergov apparati tuzilgan.

1966-yil 23-iyunda qabul qilingan «Jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish choralari to‘g‘risida»gi birgalikda qaror qabul qilingan. Militsiya xodimlari davlat va jamoat manfaatlarini, fuqarolarning shaxsi va huquqlarini jinoiy xurujlardan himoya qilish chog‘ida o‘z burchini bajarib, so‘nggi chora sifatida qurol ishlatishi mumkin bo‘lgan.

O‘zbekiston SSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi tomonidan 1963- yil oktabrdagi buyruq bilan «Militsiya soqchilik-postlar xizmati Nizomi» tasdiqlandi. U xizmatni o‘tashning tashkiliy shakllarini va taktik usullarini, tashqi xizmat kuchlarini tashkil etish va ularga rahbarlik qilish bilan shug‘ullanuvchi mansabdor shaxslarning vazifalarini, shuningdek militsiya soqchilik va postlar naryadlarining vazifalari va huquqlarini belgilab bergan.

Ushbu nizom ko‘chalarda, jamoat to‘planadigan joylarda, temir yo‘l transportida, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish chog‘ida, tabiiy ofat yuz berganda, fuqarolar mudofaasi sharoitida militsiyaning jamoat tartibini saqlash xizmatini tashkil etish tartibini mustahkamlagan. Barcha militsiya xodimlari soqchilik va postda xizmatni o‘tash chog‘ida, shuningdek xizmatdan tashqari vaqtda ham, jinoyatlar va jamoat tartibini buzishning oldini olish bo‘yicha o‘z burchini bajarishda unga amal qilishi shart

bo‘lgan. Mazkur nizom faqat tashqi xizmat xodimlarining emas, shu bilan birga jinoyat qidiruv, BXSS, Davlat avtomobil nazorati, pasport apparati hamda boshqa bo‘linmalar xodimlarining vazifalarini ham tartibga solgan.

Jamoat tartibini saqlash yuzasidan katta shaharlarda militsiyaning motorlashtirilgan maxsus qismlari tuzilgan. Bezorilikka qarshi kurashda, fuqarolarning salomatligiga xavf soladigan va ularning qadr-qimmatini haqoratlaydigan jinoiy harakatlarga chek qo‘yishda militsiya xodimla- rining huquqlari kengaytirilgan.

SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining «Jamoat tartibini saqlash idoralariga dastlabki tergovni olib borish huquqini berish to‘g‘risida»gi 1963-yil 6-aprelda chiqargan farmoni ichki ishlar idoralarida tergov apparatini tuzishga asos bo‘lgan. Farmonga muvofiq ittifoqdosh respubli- kalarning jinoyat-protsessual kodekslariga tegishli o‘zgartishlar kiritildi va tergov idoralari 1963-yil 1-iyuldan rasmiy ravishda o‘z vazifalarini bajarishga kirishgan.

Tergov bo‘linmalari o‘sha vaqtda militsiya tekshirish bo‘linmalari tarkibida tashkil etilgan. Lekin ular tekshirish bo‘limlaridan va prokuratu- raning tergov apparatidan ham farq qilgan. Xususan, militsiya tergovchilariga protsessual mustaqillik, jinoiy ishlar yuzasidan prokuror ruxsati va tasdig‘i talab qilinadigan hollardan tashqari barcha hollarda o‘zi qaror qabul qilish huquqi berilgan. Militsiya tergovchisi prokuratura tergovchisidan farqli ravishda ichki ishlar idoralarida olib borilayotgan jinoiy ishlarni tergov qilishda hamkorlikni tezroq tashkil qilgan va xizmat imkoniyatlaridan to‘laroq foydalana olgan.

1970-yilga qadar faqat respublika ichki ishlar vazirligi, viloyat va shahar boshqarmalari tarkibida tergov apparati tashkil etilgan. Tergovchilar shahar va rayon ichki ishlar bo‘limlari huzurida tergov ishlarini olib borishgan. 1970-yildan boshlab shahar va rayon bo‘limlari tarkibida ham tergov bo‘limlari va guruhlari tashkil etilgan. 1972-yilda transport ichki ishlar boshqarmasida ham tergov apparati tuzilgan.

Mazkur davrda O‘zbekiston SSRning huquqiy tizimida ham katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. Turli sohalarga oid huquq manbalari, kodekslar ishlab chiqilgan. Jumladan, Jinoyat kodeksi (1959-y.), Jinoyat-protsessual kodeksi (1959-y.), Grajdanlik kodeksi (1963-y.), Grajdanlik-protsessual kodeksi (1963-y.), Nikoh va oila kodeksi (1969-y.), Yer kodeksi (1970-y.), Mehnat qonunlari kodeksi (1971-y.), Suv kodeksi (1972-y.) va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

1977-yil 7-oktabrda SSSRning yangi Konstitutsiyasi, uning asosida esa ittifoqdosh va avtonom respublikalarning Konstitutsiyalari ishlab chiqilgan va qabul qilingan.

O‘zbekiston SSRning yangi Konstitutsiyasi 1978-yil 19-aprelda respublika Oliy Sovetining navbatdan tashqari to‘qqizinchi chaqiriq VI sessiyasida qabul qilindi. Konstitutsiyada davlat hokimiyati, boshqaruv, sud va prokuratura idoralari tizimi saqlanib qolgani holda, ularning vakolatlari va faoliyatlarining asosiy yo‘nalishlarida ba’zi o‘zgarishlar qilingan. Fuqarolarning huquq va erkinliklari ma’lum darajada kengaytirilgan.

Konstitutsiya mazmunidan kelib chiqib, uning asosida «O‘zbekiston SSR Oliy Sovetiga saylovlar haqida» (1978-y.), «O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti haqida» (1978-y.), «O‘zbekiston SSR Xalq deputatlari mahalliy Sovetlariga saylovlar haqida» (1979-y.), «O‘zbekiston SSR Xalq deputatlari oblast Soveti haqida» (1980-y.), «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va foydalanish haqida» qonunlar va boshqa normativ- huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Sovet hokimiyati davri haqida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston SSR boshqa ittifoqdosh respublikalar kabi mustaqil deb e’lon qilingan bo‘lib, amalda tom ma’nodagi mustaqil davlat bo‘lmagan. Uning konstitutsiyasi, qonunlari, davlat organlari tizimi, fuqarolarning huquq va burchlari va boshqalar holatlar SSSRda amalda bo‘lgan siyosiy-huquqiy qurilmalarga albatta mos bo‘lishi kerak edi. O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar o‘rnatish vakolatiga ega bo‘lmasdan, uning taqdiri markazning qo‘lida bo‘lgan.

1985-yilda boshlangan qayta qurish, demokratiya va oshkoralik uchun harakatlar SSSRning tarqab ketishiga va ittifoqdosh respublika- larning mustaqillikka erishishiga olib keldi.


Download 431.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling