81-modda.
Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.
Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Ommaviy axborot vositalari oʻzi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.
82-modda.
Senzuraga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
TOʻRTINCHI BOʻLIM. MAʼMURIY-HUDUDIY VA DAVLAT TUZILISHI
XVI bob. Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi
83-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasidan iborat.
84-modda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish, shuningdek viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi.
XVII bob. Qoraqalpogʻiston Respublikasi
85-modda.
Suveren Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining suvereniteti Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi.
86-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻz Konstitutsiyasiga ega.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid boʻlishi mumkin emas.
87-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida ham majburiydir.
88-modda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining hududi va chegaralari uning roziligisiz oʻzgartirilishi mumkin emas. Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻz maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini mustaqil hal qiladi.
89-modda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan
Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega.
90-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining oʻzaro munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida tuzilgan shartnomalar hamda bitimlar bilan tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi nizolar murosaga keltiruvchi vositalar yordamida hal etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |