О`збекистон республикаси олий ва о`рта махсус
Diqqatning nerv- fiziologik asoslari
Download 1.42 Mb.
|
Psixologiya kitob
2. Diqqatning nerv- fiziologik asoslari
Odamga har bir daqiqada atrof-muhitdan juda ko‘p narsa va hodisalar ta’sir etib turadi. Lekin odamga ta’sir etayotgan bu narsa va hodisalarning hammasi bir xil aniqlikda aks ettirilmaydi. Ulardan ayrimlari aniq yaqqol aks ettirilsa, boshqa birlari shunchaki juda xira aks ettiriladi, yoki umuman aks ettirilmaydi. Bu esa ana shu odamga ta’sir etayotgan narsalarga diqqatning qay darajada qaratilishiga bog‘liqdir. Demak, diqqatimiz qaratilgan narsa va hodisalar aniq va to‘la aks ettiriladi. Diqqat tushunchasiga olimlar tomonidan bir qator ta’riflar keltirilganligini ta’idlash mumkin. P.I.Ivanov tomonidan diqqat deb- ongni bir nuqtaga to‘plab muayyan bir ob’ektga aktiv qaratilishga aytiladi. F.N.Dobrinin, N.V.Kuzmina, I.V.Straxov, M.V.Gamezo, N.F.Gonobolin va boshqalarning fikricha, diqqatning vujudga kelishi ongning bir nuqtaga to‘planishi ong doirasining torayishini bildiradi, guyoki ong doirasi bir muncha tig‘izlanadi.Ye.B.Pirogovaning ta’kidlashicha, tomonidan diqqat individning hissiy, aqliy yoki harakatlantiruvchi faolligi darajasining oshirilishini taqazo etadigan tarzda ongning yo‘naltirilganligi va biror narsaga qaratilganligidir. Diqqat shunday muhim jarayondirki, u odamning barcha faoliyatlarida albatta ishtirok qiladi. Eng sodda faoliyatdan tortib eng murakkab faoliyatni ham diqqatning ishtirokisiz bajarish mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun diqqatning inson hayotidagi roli benihoya kattadir. Jumladan, fransuz olimi Kyuve geniallikni chidamli diqqat deb ta’riflashi, Nyutonning kashfiyot fikrni doimo shu masalaga qaratilish jarayoni, deyishi, K.D.Ushinskiyning «diqqat ruhiy hayotimizning shunday yagona eshigidirki, ongimizga kiradigan narsalarning barchasi shu eshik orqali o‘tib kiradi» degan fikrlari uning ahamiyatini bildiradi. Haqiqatdan ham diqqat eshigidan tashqarida qolgan narsa ongimizga yetib bormaydi. Diqqat psixik faoliyatning yo‘naltirilishi va shaxs uchun ma’lum ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ekt ustida to‘planishidan iborat bilish jarayonidir. Yo‘naltirish deganda psixik faoliyatning tanlovchanlik tabiati, ob’ektni ixtiyoriy va beixtiyoriy tanlash tushuniladi. O‘quvchi maktabda o‘qituvchi gapirayotgan gaplarni eshitib o‘tirganda mana shu eshitib o‘tirish faoliyatini ongli ravishda tanlab olgan, uning diqqati ongli ravishda qo‘zg‘algan shu maqsadga bo‘ysundirilgan bo‘ladi. O‘quvchining biror boshqa narsaga chalg‘imasdan o‘quv materialining mazmuniga zehn qo‘yib o‘tirishida uning psixik faoliyatining yo‘nalishi ifodalanadi. Psixik faoliyatning yo‘naltirilishi deganda ana shu tanlashgina tushunilib qolmay, balki ana shu tanlanganni saqlash va qo‘llab-quvvatlash tushuniladi.Diqqatning bilish jarayoni uchun ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tish lozimdir. Diqqat sezish jarayonida, idrok qilishda, xotira, xayol va tafakkur jarayonlarida har doim ishtirok etadi. Diqqat barcha aks ettirish jarayonlarimizning doimiy yo‘ldoshidir. Diqqat barcha psixik jarayonlarimizda qatnashsa ham, lekin diqqatning o‘zi hech narsani aks ettirmaydi. Odam biror narsaga zo‘r diqqat bilan kirishgan paytida uning tashqi qiyofasida ayrim o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Demak, diqqat odatda o‘zining sirtqi ya’ni tashqi alomatlariga egadir. Birinchidan, diqqat qaratilgan narsani yaxshi idrok qilish uchun unga muvofiqlashishga urinishdan iborat harakatlar (tikilib qarash, quloq solish) qilinadi. Ikkinchidan, ortiqcha harakatlar to‘xtaydi. Jiddiy diqqatning xususiyatlaridan biri qimirlamasdan jim turishdir. Masalan, auditoriya va teatr zalidagi jimlik diqqat vaqtidagi harakatsizlik natijasi bo‘lib, bu jimlik odamlar ma’ruzachini yoki artistni zo‘r e’tibor bilan tinglashayotganini anglatadi. Uchinchidan, kuchli diqqat paytida kishining nafas olishi sekinlashib va pasayib qoladi. Demak, diqqat paytida organizm retseptorlarimiz alohida holatda bo‘ladi. Ammo bu holat diqqatning faqat tashqi ifodasi bo‘libgina qolmay, balki uning ma’lum yo‘nalishi va barqarorligini saqlab turuvchi shartlardan biri hamdir. Shuning uchun ko‘pincha biror ishni bajarishdan avval organizmimizni shu ishga moslab muayyan bir holatda tutib olamiz. Diqqatning tashqi ifodalanishiga rassomlarning rasmlari, turli jurnallardan olingan suratlar eng yaxshi illustrativ material hisoblanadi. Ular yordamida kishi diqqatining tashqi ifodasiga xos bo‘lgan mimika va pantomimikani ko‘rsatish mumkin. Odamga har bir daqiqada ta’sir qilib turadigan qo‘zg‘atuvchilar turlicha reflekslarga sabab bo‘ladi. Chunki har qanday refleks organizmning tashqi ta’sirotga beradigan qonuniy javob reaksiyasidir. Diqqatning nerv - fiziologik asosida orietirovka yoki tekshirish deb ataladigan maxsus refleks yotadi. Bunday refleksni akademik I.P.Pavlov maxsus ibora bilan «bu nima gap refleksi» deb ham ataydi. Ana shu refleks odatda organizmga to‘satdan birorta yangi narsaning ta’siri yoki haddan tashqari kuchli ta’sirot orqali hosil bo‘ladi. Orientirovka yoki tekshirish refleksi diqqatning fiziologik asosi hisoblanadi, chunki bu refleks bosh miya yarim sharlarining po‘stida kuchli qo‘zg‘alish jarayonidan iborat bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda har bir daqiqada organizmga turli narsalarning ta’siridan hosil bo‘lgan qo‘zg‘alishlarga nisbatan orientirovka yoki tekshirish refleksi ayni chog‘da nisbatan kuchli (ya’ni optimal) qo‘zg‘alish manbaini yuzaga keltiradi. Bosh miya yarim sharlarining po‘stida paydo bo‘ladigan kuchli qo‘zg‘alish manbai nisbatan uzoqroq saqlanib turadigan mustahkam qo‘zg‘alish bo‘ladi. Ana shu nuqtai- nazardan akademik I.P.Pavlov “diqqatning fiziologik asosini bosh miya po‘sti qismidagi optimal qo‘zg‘alish manbai tashkil qiladi”, deb ta’kidlagan. Buni biz akademik I.P.Pavlovning quyidagi so‘zlaridan ochiq oydin ko‘rishimiz mumkin. «Miya yarim sharlarining optimal qo‘zg‘alishga ega bo‘lgan qismida –deydi I.P.Pavlov,- yangi shartli reflekslar yengillik bilan hosil bo‘ladi va differensirovkalar muvaffaqiyatli ravishda paydo bo‘ladi. Shunday qilib, optimal qo‘zg‘alishga ega bo‘lgan joy ayni chog‘da bosh miya yarim sharlarining ijodga layoqatli qismi desa bo‘ladi. Miya yarim sharlarining sust qo‘zg‘algan boshqa qismlari bunday xususiyatga qobil emas. Ularning ayni chog‘da funksiyasi juda nari borganda tegishli qo‘zg‘ovchilar asosida ilgaridan hosil qilingan reflekslarni qayta tiklashdan iboratdir». I.P.Pavlov tomonidan kashf etilgan nerv jarayonlarining induksiya qonuni diqqatning fiziologik asoslarini tushunib olish uchun ahamiyatga egadir. Mana shu qonunga muvofiq, bosh miya po‘stining bir joyida maydonga kelgan qo‘zg‘alish jarayonlari bosh miya po‘stining boshqa joylarida tormozlanish jarayonlarini yuzaga keltiradi. Bosh miya po‘stining ayrim bir joyida yuzaga kelgan tormozlanish jarayoni bosh miya po‘stining boshqa joylarida kuchli qo‘zg‘alish jarayonlarini paydo bo‘lishiga olib keladi. Ayni shu paytda har bir onida miya po‘stida qo‘zg‘alish jarayoni uchun optimal, ya’ni nihoyatda qulaylik bilan harakatlanuvchi biror bir kuchli qo‘zg‘alish manbai mavjud bo‘ladi. «Agar bosh suyagiga qarash imkoni bo‘lganda, degan edi I.P.Pavlov, uning ichidagi miya ko‘rinadigan bo‘lsa, agar miya yarim sharlarida optimal kuchli qo‘zg‘alish uchun eng yaxshi sharoit tug‘ilgan nuqtasi miltillab ko‘rinadigan bo‘lsa, yangi sog‘lom bir narsani o‘ylab turgan odamning miyasiga qaraganimizda uni miyasini katta yarim sharlarida juda g‘alati jimjimador shakli, surati va hajmi har damda bir o‘zgarib, turlanib, jimir-jimir qilib turgan yorug‘ narsani u yoqdan bu yoqqa yugurib qimirlab turganini va miya yarim sharining bu yorug‘ narsa atrofidagi boshqa yerlarni bir muncha xira tortib turganini ko‘rardik». A.A.Uxtomskiy tomonidan ilgari surilgan dominantlik tamoyili ham diqqatning fiziologik asoslarini aniqlash uchun katta ahamiyatga ega. Dominantlik tamoyiliga muvofiq miyada qo‘zg‘alishning har doim ustun turadigan hukmron o‘chog‘i mavjud bo‘ladi, bu hukmron qo‘zg‘alish o‘chog‘i aynan shu damda miyaga ta’sir qilib, unda yuzaga kelayotgan hamma qo‘zg‘alishlarni qandaydir ravishda o‘ziga tortib oladi va buning natijasida boshqa qo‘zg‘alishlarga nisbatan uning hukmronligi yanada oshib boradi. Nerv tizimi faoliyatining tabiati qo‘zg‘alishning hukmron bo‘lishi yoki dominantning mavjudligi bilan asoslanadi. Bu hol psixologik jihatdan biror qo‘zg‘atuvchilarga diqqatning qaratilishi va ayni chog‘da ta’sir qilib turgan boshqa qo‘zg‘atuvchilardan diqqatning chalg‘ishida ifodalanadi. Jiddiy diqqat, odatda o‘ziga xarakterli bo‘lgan tashqi ifodalari bilan bog‘liq bo‘ladi. Narsani yaxshilab idrok qilishga qaratilgan harakatlar bilan (tikilib qarash bilan eshitish) ortiqcha harakatlarni to‘xtatish, nafas olishni sekinlashtirish, diqqat uchun xos bo‘lgan yuz harakatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Download 1.42 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling