O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining


Download 32.38 Kb.
Sana22.06.2023
Hajmi32.38 Kb.
#1649616
Bog'liq
04 3-02-34qq 05.10.2022




O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining
Qarori
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimini joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini Sirdaryo viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil ikkinchi yarim yillikdagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining 2022-yil ikkinchi yarim yillik ish rejasiga muvofiq Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 15 — 17-sentabr kunlari “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimini joriy etish” yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati Sirdaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.
Joriy yilning 1-sentabr holatiga Sirdaryo viloyati bo‘yicha 62 615 nafar oilalarga bolalar nafaqasi va 1 478 nafar oilaga moddiy yordam to‘lovlari amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 29,4 mlrd.so‘m budjet mablag‘lari ajratilgan.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etilishi natijasida Sirdaryo viloyati bo‘yicha kam ta’minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam qamrovi oshib bormoqda. Jumladan, 2019-yilning so‘nggi 3 oyida nafaqa va moddiy yordam olish uchun 11 ming nafar fuqarolardan ariza taqdim etilib, 3,2 ming nafariga (28,6%) nafaqalar tayinlangan bo‘lsa, 2020-yilda ariza taqdim etgan 60,5 ming nafar oilaning 27,1 ming nafariga (44,7%), 2021-yilda ariza taqdim etgan 118,3 ming nafar oilaning 54,3 ming nafari (45,9%) hamda 2022-yilning 8 oyi davomida ariza bergan 84,9 ming nafar oilaning 43,5 ming nafariga (51,3%) bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan.
Shu bilan birga, viloyat aholisi o‘rtasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimining afzalliklari, inson omilining bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi ishlarning samarali tashkil etilganligi natijasida aholi o‘rtasida kam ta’minlangan oilalar tomonidan nafaqalar tayinlash masalasida murojaatlar soni kamaygan. Jumladan, 2019-yilning 4 choragida 203 ta, 2020-yilda 3 295 ta, 2021-yilda 5 658 ta va 2022-yilning 8 oyida 2 259 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlardan kelib chiqib, tizim to‘g‘risida fuqarolarga tushuntirishlar berish hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirish maqsadida Pensiya jamg‘armasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari tomonidan tumanlar va mahalla fuqarolar yig‘inlarida muntazam ravishda fuqarolar bilan sayyor uchrashuvlar tashkil etib bormoqda.
Tahlillar natijasi aholi tomonidan nafaqa tayinlashning elektron tizimiga bo‘lgan ishonch tobora ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu yo‘nalishda fuqarolarning murojaatlari va muammolari tahlili natijasida kam ta’minlangan oilani belgilash me’yorlari doimiy ravishda tahlil etilib, takomillashtirib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi imkoniyatlaridan foydalanish, aholiga qulaylik yaratish borasidagi ijobiy ishlar bilan birgalikda ayrim kamchiliklar ham mavjudligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4797-sonli qarorining 4-ilovasi, 7-bandida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni elektron ko‘rinishda onlayn rejimida qabul qilishni ta’minlash vazifasini 2022-yil 1-aprelgacha yakunlash vazifasi belgilangan bo‘lsada amalda bajarilmagan. Shuningdek, joriy yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 1-maqsad, 3-vazifasida ham “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida arizalarni elektron ko‘rinish hamda onlayn rejimida 2023-yil yakuniga qadar 70 — 80 foiz qabul qilishni ta’minlash bo‘yicha choralarni ko‘rishni 2022-yil yakuniga qadar amalga oshirish belgilangan bo‘lsada, bu vazifani bajarilishida bir qancha muammolar mavjud.
Hozirgi kunda 2021-yil 21-oktabrdagi Vazirlar Mahkamasining 654-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 3, 3a, 3b, 4 va 5 ilovalaridagi ariza va ma’lumotlar fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman, shahar bo‘limlariga qog‘oz shaklida topshirilmoqda.
Garchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4797-sonli qarorining 4-ilovasida 2021-yil 1-yanvarigacha FHDE arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanadigan barcha hujjatlarni (nikoh tuzish, nikohdan ajralish, tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risidagi yozuvlarni) raqamlashtirishni tugatish va “FHDY elektron arxivi” axborot tizimiga kiritish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifa etib belgilangan bo‘lsada bu ishlar yakunlanmagan. Buning natijasida ariza beruvchilardan nikoh tuzish, nikohdan ajralish, tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risidagi hujjatlarning nusxalarini taqdim etish talab etilmoqda.
Tanlov asosida o‘rganilgan Pensiya jamg‘armasi Boyavut va Guliston tuman bo‘limlarida haqiqatdan ham yuqoridagi hujjatlar barcha arizalarga ilova shaklida olinayotganligi tasdiqlandi. Mas’ul xodimlardan ushbu holat bo‘yicha izoh so‘ralganda FXDYo elektron arxivida ma’lumotlar to‘liq shakllantirilmaganligi bois umumiy arizalarning 15 — 20% ni FXDYo bo‘limlari bilan individual tarzda taqdim etilgan hujjatlar asosida ko‘rib chiqilishiga to‘g‘ri kelinayotgani ma’lum qilindi.
Guliston tuman FXDYo bo‘limiga ushbu muammoni o‘rganish uchun borilganda bo‘lim mudiri tomonidan axborotlashtirish tizimida haqiqatdan ham muammolar borligi, aniqlangan muammolarning 70 — 80 foizi bo‘limning o‘zida hal etilayotganligi, 20 foizi esa otani (shar’iy otani) bazaga kiritish hamda chaqaloqlarning o‘limini qayd etilmaslik holatlari bilan bog‘liq bo‘lib, boshqa viloyatlar bilan axborot almashish uchun muayyan vaqt talab etishi ta’kidlandi. Bu holat butun respublika bo‘yicha bazani to‘liq shakllantirish bilan bog‘liq muammolarning mavjudligidan ya’ni jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsion raqami (JShShIR) to‘liq ko‘rinmasligidan kelib chiqayotganligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari sud qarori bilan ajrim bo‘lganda ajrim guvohnomasi ham FXDYo bo‘limlari tomonidan berilayotganligi va ajrim guvohnomasini ayol olsada, er tomonidan olinmasligi ham elektron bazada ajrashganlik holati ko‘rinmasligi ta’kidlandi. Bu ham ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda elektron bazada muayyan muammo keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari, pensiya jamg‘armasi bo‘limi va bandlikka ko‘maklashish markazlari o‘zaro integratsiya jarayonlarida ham bir qator muammolar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Boyavut tumani bandlikka ko‘maklashish markazi faoliyati o‘rganilganda fuqaroning maslahat so‘rab murojaat qilganligi, ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olinganligi yoki ishsizlik nafaqasi tayinlanganligi ijtimoiy himoya yagona reyestrida boshqa idora foydalanuvchilari uchun ochiq ma’lumot. Lekin qayta aloqa ya’ni fuqaroga pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan nafaqa tayinlanganligi, fuqaro subsidiya olib o‘zini o‘zi band etib faoliyat boshlaganligi, banklardan mikrokreditlar olganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bandlik markazining dasturida ko‘rish imkoniyati mavjud emas.
Natijada tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan ishsizlik nafaqasini tayinlashga doir arizalarni ko‘rib chiqishda budjetdan tashqari pensiya jamg‘armalari fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar tayinlanganligi, xalq banki tuman bo‘limiga bir foizlik jamg‘arilib boriladigan pensiya hisob raqamiga mablag‘larning kelib tushayotganligi, Davlat soliq inspeksiyalariga soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatda turishi to‘g‘risidagi so‘rov xatlarini chiqarishga va yozma tarzda javob olishga majbur bo‘lmoqda. Guliston tuman bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari ham ular foydalanayotgan tizimni boshqa taalluqli idoralar bilan integratsiya qilish ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Shu bilan birga bunday holat fuqarolarga bir muddat davomida bir nechta imtiyozlardan foydalanishga imkoniyat yaratib bermoqda.
Boyavut tumani Madaniyat mahalla fuqarolar yig‘inida, mahalla raisi, xokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi bilan suhbatlashildi. Ayollar daftarining “Aziz ayol”, yoshlar daftarining “Yoshlar balansi”, temir daftarning “Onlayn mahalla.uz” elektron platformalarida aks ettirilganligi ko‘rildi. Ushbu platformalar alohida alohida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Daftarlarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga integratsiyalashuvi jarayoni amalga oshirilmagan. Mahalladagi hokim yordamchilari bilan suhbat jarayonida shu narsa aniqlandiki, “Onlayn mahalla.uz” elektron platformasidan faqatgina tuman sektorlari rahbarlari foydalanishi mumkin. Temir daftarda ro‘yxatda turganlar soni mahalla raisi va mahalladagi hokim yordamchilarining ma’lumotlaridan farq qiladi. Masalan, Madaniyat MFY mutasaddilari temir daftarga kiritilgan oilalar soni 34 ta ekanligini tasdiqlashsada, elektron platformada 29 tani tashkil qiladi. Mahallabay ishlash va kambag‘allikni qisqartirish agentligining tumandagi bo‘limlari xodimlarida ham bu platformadan foydalanish imkoniyati mavjud emas. Bu tizimni faqat sektor rahbarlari va ularning sektordagi kotiblari foydalanishlari mumkinligi tizimning yopiq ekanligidan dalolat beradi. Xokim yordamchilari foydalanadigan elektron bazalar soliq va bandlikka ko‘maklashish markazi bazalari bilan ham integratsiya qilinmagan. Vaholanki, xokim yordamchilari mahalladagi aholining bandligi, o‘zini o‘zi band qilganlar to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar bilan bevosita ishlaydilar.
Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar to‘g‘risida ularga berilgan imtiyozlardan foydalanish uchun ma’lumotnomalarni davlat xizmatlari agentligi bo‘limlaridan olishlari mumkin bo‘lgan. Ya’ni ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi davlat xizmatlari agentligi bazasida shakllangan. Biroq joriy yilda bu ma’lumotlarni davlat xizmatlari agentligi bazasida ko‘rinmasligi oqibatida bugungi kunda fuqarolar ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turishi to‘g‘risida mahalla fuqarolar yig‘inidan ma’lumotnoma olishmoqda. Bu holatlar ijtimoiy daftarda turuvchi talabaning yotoqxonaga joylashishdagi imtiyoz, maktabgacha ta’lim muassasasiga farzandini joylashda berilgan imtiyozdan foydalanish kabi vaziyatlarda ko‘rinmoqda.
Ushbu masalada davlat xizmatlari agentligining Boyavut tuman bo‘limiga borib o‘rganilganda haqiqatdan ham “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar to‘g‘risida bugungi kunda ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlandi.
“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimini joriy etish” yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati Sirdaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimini joriy etish” yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini Sirdaryo viloyatida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari bo‘yicha Ishchi guruhi (N. Tilavoldiyev)ning axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ko‘rsatilgan quyidagi vazifalarning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash maqsadida quyidagilar:
Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida arizalarni elektron ko‘rinishda onlayn rejimida 2023-yil yakuniga qadar 70 — 80 foiz qabul qilishni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni 2022-yil yakuniga qadar bajarish choralarini ko‘rish (1-maqsad, 2-vazifa);
kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash tizimini avtomatlashtirish. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga integratsiya qilish (85-maqsad, 309-vazifa);
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish (85-maqsad, 311-vazifa);
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4797-sonli qarorining 4-ilovasi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi va manfaatdor vazirlik va idoralar axborot tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro elektron hamkorlikni yanada yaxshilash va kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining barcha bandlarini sifatli bajarilishini ta’minlash;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni elektron ko‘rinishda onlayn rejimida qabul qilish tizimini joriy etish;
aholining keng qatlamlarini bugungi kunda shaxsiy aloqa vositalari orqali My.gov.uz platformasidan foydalangan holda elektron ma’lumotlarni olish mumkinligi bo‘yicha tushuntirish va ko‘nikma shakllantirish choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga:
“FXDE elektron arxivi” axborot tizimiga FHDY arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanadigan barcha hujjatlarni (nikoh tuzish, nikohdan ajralish, tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risidagi yozuvlarni) raqamlashtirish maqsadida ma’lumotlarni kiritishdagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
“FHDE elektron arxivi” axborot tizimi tomonidan fuqaroning oila a’zolarining tarkibi, jumladan qarindoshlik darajasi va oilaviy holati to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etish va tasdiqlash hamda ushbu ma’lumotni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATga arizachining davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini olish uchun shaxsiy identifikatsiya raqami yordamida taqdim etish orqali funksional imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini yakunlash choralarini ko‘rish vazifasi topshirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mahalladagi hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchilarini yagona axborot tizimi reyestrlaridan va integratsiya qilingan vazirliklarning ma’lumotlar bazasidan foydalanishi bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vazirlikning elektron axborotlar bazasini tegishli vazirlik va idoralar elektron axborot bazalari bilan integratsiyasini qayta ko‘rib chiqib, ma’lumotlar almashish imkoniyatini kengaytirish orqali ish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratsin.
6. Sirdaryo viloyati hokimligiga:
viloyatda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi samarali ishlashiga mas’ullar va mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollarining huquqiy, siyosiy bilimlarini oshirish bo‘yicha tizimli ravishda seminarlar tashkil etib borish;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali viloyatda kam ta’minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam ajratilishining shaffofligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini mahalliy Kengash sessiyalarida muhokama etib borish;
amalga oshirilgan ishlar haqida joriy yilning 25-dekabr kuniga qadar Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasiga ma’lumot taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N. Tilavoldiyev zimmasiga yuklatilsin.
Qo‘mita raisi M. XODJAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 5-oktabr,
04/3-02-34qq-son

Download 32.38 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling