QO‘LLANISH DOIRASI CHEGARALANMAGAN
VA CHEGARALANGAN SO‘ZLAR
So‘zlar qo‘llanish doirasiga ko‘ra chegaralanmagan va chegaralangan so‘zlarga bo‘linadi.
Umumxalq tilida keng qo‘llaniladigan va shu tilda so‘zlashuvchilarning barchasi uchun tushunarli bo‘lgan so‘zlarga qo‘llanish doirasi chegaralanmagan so‘zlar deyiladi.
Ular neytral leksika atamasi bilan ham yuritiladi. Masalan, non, un, bug‘doy, salom, daftar, qor, bulut va boshqalar.
Faqat ma’lum sotsial guruh hamda ma’lum bir hudud doirasidagina qo‘llanilib, umumxalq tiliga xos bo‘lmagan so‘zlar chegaralangan so‘zlar sanaladi.
Bunday so‘zlarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
1. Hududiy chegaralangan so‘zlar (dialektizmlar).
2. Sotsial chegaralangan so‘zlar.
Faqat ma’lum bir hudud doirasidagina qo‘llanilib boshqa hududda yashovchi o‘zbek tili vakillari uchun xos bo‘lmagan so‘zlar hududiy chegaralangan (shevaga xos) so‘zlar yoki dialektizmlar deyiladi. Masalan:
Eshik - «hovli», «uy» (Andijon);
Shoti, (boshqa hududlarda – zangi) - «narvon» (Andijon, Farg‘ona, Namangan);
Takya - «do‘ppi» (Xorazm);
Narvon – “Narvon” (Toshkent);
Inak - “sigir” (Buxoro);
Uy - “sigir” (Qipchoq);
Gavora – “beshik”;
Uchak – “tom” (Xorazm);
Kallapo`sh, qalpoq – “do`ppi”;
Dovuchcha – “pishmagan o`rik” (Toshkent);
G`o`ra – “pishmagan o`rik” (Farg`ona);
Mo`rcha – “chumoli” (Samarqand, Buxoro);
Qarindja – “chumoli” (Xorazm);
Mayak – “tuxum” (qipchoq);
Yumirta – “tuxum” (Xorazm);
Huvnon – “Xonim” yoki “O`rama” (Ayrim hududlarda);
Yop – “Kanal (suv havzasi)” (Xorazm)
Ma’lum ijtimoiy guruh doirasidagina ishlatiladigan so‘zlarga sotsial chegaralangan so‘zlar deyiladi. Masalan, «otarchi»lar doirasida qo‘llaniladigan so‘zlar: yakan «pul», danap «qiz bola»; temiryo‘l kuzatuvchilari doirasida qo‘llaniladigan so‘zlar: qaychi «taftishchi», kolxoz «chiрtasiz yo‘lovchi».
Bunday so‘zlar argolar deb yuritiladi.
Ayrim argolar umumtil leksikasidan olinadi. Bunday vaqtda bu so‘zlar umumtildagiga nisbatan boshqa ma’noda qo‘llaniladi. Masalan, kolxoz umumtil leksikasida eskirgan bo‘lib, jamoa xo‘jaligini ifodalagan bo‘lsa, temiryo‘l kuzatuvchilari tilida boshqa ma’noni ifodalaydi.
Shuningdek, ayrim tabaqa vakillari tilida faol ishlatiladigan leksemalar ham uchrab turadi, so`zni buzib ishlatishga odatlangan holda yuzaga keladi va bular jargonlar deyiladi. Masalan, olampanoh, volidayi muhtarama, padari buzrukvor, manzirat qilmoq, uxlatdim, mixladim, krutoy, sessiyani yopdim va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |