Savol va topshiriqlar:
1-topshiriq. Matnni o‘qing. Unda ifodalangan fikrlar atrofida o‘z mulohazalaringizni bildiring.
O‘zbek hujjatchiligini shakllantirish va takomillashtirishdagi eng muhim va dolzarb masalalardan biri hujjatlarning tili va uslubi masalasidir. Hujjat tayyorlash va rasmiylashtirishda, eng avvalo, o‘zbek tilining barcha asosiy qonuniyatlari va qoidalarini ma’lum darajada tasavvur etish zarur. Har bir rahbar, boshqaruv muassasalarining xodimlari, umuman, faoliyati ish qog‘ozlarini tuzish bilan bog‘liq kishi o‘zbek tilining imlosini, tinish belgilari va uslubiy qoidalarini egallagan bo‘lishi kerak. Busiz bugungi taraqqiyotimiz talablariga javob beradigan aniq, lo‘nda va teran mantiqli hujjatchilikni yaratib bo‘lmaydi. Hisob-kitoblarga qaraganda, boshqaruv sohasidagi xizmatchilar o‘z ish vaqtlarining 80 foizgacha qismini hujjatlashtirish ishiga sarflar ekan. Ular o‘zbek tili qonuniyatlaridan yaxshi xabardor bo‘lmasa, ish vaqtlarining hammasini – 100 foizini bu ishga sarflaganlarida ham, ijobiy natijaga erishish qiyin.
2-topshiriq. Matnni undagi gaplarning mazmuniga mos ohang bilan o‘qing, so‘z va gap urg‘ularini to‘g‘ri belgilang. Rivoyatdan kelib chiqadigan ibratli xulosa haqida fikrlaringizni bayon qiling.
Bir bog‘bondan ikki yalqov o‘g‘il qolibdi. «Kambag‘allik qursin, o‘g‘illarimga arzigulik meros qoldirolmay dunyodan o‘tyapman» deb, tashvish tortadigan bo‘libdi ota umr adog‘ida.
Bog‘bon bisotidagi kichkinagina bog‘ini ikki o‘g‘liga bo‘lib beribdi.
– Esim qursin, – depti ota jon berish oldidan, – sal bo‘lmasa, unutayozgan ekanman. Qaysidir bir tokning tagiga xazina ko‘mgandim...
Ota qazo qilgach, ikki noshud o‘g‘il tok tagiga ko‘milgan xazinani axtarishga tushishdi. Tagi ag‘darilmagan birorta tok qolmadi. O‘g‘illardan biri toklarning ildizigacha qo‘porib tashladi. Lekin xazinani topolmadi.
Ikkinchi o‘g‘ilning aqli bir qadar butunroq ekan, toklarning ildiziga zarar yetkazmay, tokzorni birma-bir ag‘darib chiqdi. Biroq u ham ota ko‘mgan xazinani topolmadi. Ammo yozga chiqib, tokzor shunday hosil berdiki, bargidan uzumi ko‘p, g‘uj-g‘uj... yegan va sotgan bilan ado qilib bo‘lmadi.
O‘g‘illardan biri barmoq tishlasa, ikkinchisi bol yedi. Ana shundan so‘nggina ular dono ota «ko‘mib qoldirgan» xazina ma’nosini tushunishdi. «Xazinaning kaliti o‘zimizda ekan» degan xulosaga kelishdi ikki o‘g‘lon.
Do'stlaringiz bilan baham: |