5.4. O‘qituvchining muloqot asosida sinf jamoasini
boshqarish usullari
Ijtimoiy munosabatlar ko‘lamining kengayishi o‘qituvchidan o‘sib kelayotgan yosh avlodni o‘ta murakkab xususiyatga ega munosabatlar jarayonida har tomonlama chuqur bilimga ega, barkamol inson qilib tarbiyalash vazifasini qo‘ymoqda. Psixologik, intellektual va fiziologik jihatdan sog‘lom muhitda mukammal tarbiyalangan inson hayotiy qarama-qarshiliklar, xususan turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolish, nosog‘lom turmush kechirish va noqonuniy hatti-harakatlarni sodir etishdan o‘zini saqlab qola oladi. shuningdek, shaxsning aqliy salohiyatga egaligi jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlovchi asosiy omildir.
O‘zbekiston respublikasida demokratik va huquqiy jamiyat barpo etilayotgan mavjud sharoitda yosh avlodning mustaqil va erkin fikrlay olishi ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga shaxsiy munosabatini bildirishga imkon beradi. ijtimoiy borliqda kechayotgan o‘zgarishlarga nisbatan shaxsiy nuqtai nazarning shakllanishi shaxs faolligini ko‘rsatuvchi muhim jihatlardan biridir. Qolaversa, mustaqil fikr egasi bo‘lgan shaxs o‘z imkoniyatlari, qobiliyatini erkin namoyon eta oladi. ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning ham asosiy maqsadi erkin, mustaqil fikrga ega bo‘lgan barkamol shaxs va malakali mutaxassislarni tarbiyalab voyaga yetkazishdan iborat.
Ushbu yuksak javobgarlikni talab qiluvchi vazifalar o‘qituvchilar zimmasiga yanada ulkan mas’uliyatlarni yuklaydi. Bu xususda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti I.A.Karimov quyidagilarni e’tirof etadi: «umumlashtirgan holda kadrlar tayyorlash tizimining shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishining asosiy tamoyillaridan biri… ta’lim tizimini tuzilish va mazmun jihatidan isloh qilish uchun o‘qituvchilarni va murabbiylarni qayta tayyorlash… o‘quvchi yoshlarni vatanga sadoqat, yuksak axloq, ma’naviyat va ma’rifat, mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash»1 lozim.
Pedagogik mahorat bo‘lajak o‘qituvchilarda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi uchun mas’uliyat hissini shakllantiradi. O‘qituvchi bunday murakkab vazifalarni amalga oshiruvchi, davlat va jamiyatning ishonchli vakilidir. O‘quvchilar jamoasini birlashtiruvchi sinfda ta’lim–tarbiyaviy jarayonni tashkil etish va boshqarishda o‘qituvchining bilimi, pedagogik mahorati va psixologik xususiyatlari ochiq namoyon bo‘ladi. Avvalo, o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida o‘zaro hamkorlik va bir-birlariga nisbatan ishonch tuyg‘ulari bo‘lishi hamda o‘qituvchi o‘z kasbiy bilimlaridan tashqari boshqa o‘quv fanlarini ham puxta egallagan bo‘lishi lozim.
Zero, sinf jamoasini boshqarish – pedagogik jamoa, ota-onalar oldida o‘qituvchining obro‘–e’tibori qay darajada ekanligini ko‘rsatuvchi mezon. O‘qituvchining axloqiy saviyasini, bilimini muloqot asosida sinf jamoasini boshqarishda erishayotgan yutuqlari belgilaydi. Odatda o‘qituvchilarning xarakteri, individual xususiyatiga qarab: tashabbuskor, ijodkor, tashabbussiz, o‘z fikriga ega bo‘lmagan, barcha ishlarga befarq qarovchilar toifasiga ajratishadi. Pedagog va psixolog olimlarning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari, kuzatishlari va ilmiy tajribalariga asoslangan holda o‘qituvchilarning rahbar sifatida sinf jamoasini boshqarishida qo‘llaydigan muloqot uslublari quyidagicha tavsiflanadi:
1. Avtoritar uslubda faoliyat ko‘rsatuvchi o‘qituvchilar.
2. Demokratik uslubda faoliyat ko‘rsatuvchi o‘qituvchilar.
3. Liberal uslubda faoliyat ko‘rsatuvchi o‘qituvchilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |