7-rasm. Jahon donli ekinlar maydonining tarkibiy tuzilishi
Dunyo bo’yicha yiliga 600 mln tonna bug’doy yetishtiriladi. Bug’doy ikki navga bo’linadi. Qattiq bug’doy unidan makaron mahsulotlari ishlab chiqariladi, yumshoq bug’doy unidan non yopiladi. Bug’doy Osiyo, Shimoliy Amerika, Yevropa va MDH davlatlarida yetishtiriladi, bu davlatlar ichida bug’doy yetishtirish bo’yicha:
Xitoy (100 mln tonna atrofida);
Hindiston (70 mln tonna atrofida);
AQSh (60 mln tonna atrofida) yetakchilik qiladi.
8-rasm. Bug’doy etishtiruvchi etakchi davlatlar
Makkajo’xori yetishtirish butun dunyoga keng tarqalgan. Yiliga dunyoda 700 mln tonna makkajo’xori doni yetishtiriladi. Ayni vaqtda eng ko’p makkajo’xori yetishtiradigan davlatlar
AQSh ( 270 mln tonna atrofida);
Xitoy (145 mln tonnadan ortiq);
Braziliya (40 mln tonnadan ortiq) hisoblanadi.
9-rasm. Makkajo’xori etishtiruvchi etakchi davlatlar
Sholi Sharqiy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining asosiy ekini hisoblanadi. Dunyo bo’yicha yiliga 630 mln tonna guruch yetishtiriladi. Asosiy guruch yetishtiruvchi mamlakatlar Xitoy (180 mln tonnadan ortiq), Hindiston (140 mln tonna atrofida), Indoneziya (50 mln tonnadan ortiq) bo’lib, shuningdek Bangladesh, Vetnam, Tailand, Myanma, Filippin, Braziliya va Yaponiya davlatlari ham guruch yetishtirish bilan shug’ullanadi.
Don mahsulotlarini eng ko’p eksport qiluvchi davlat AQSh hisoblanadi. Shuningdek Kanada, Avstraliya va Argentina kabi davlatlar o’zlarida yetishtirilogan donning 80% ini eksport qiladi.
Eng ko’p don import qiluvchi davlat Yaponiyadir (30 mln tonnagacha).
Moyli ekinlardan eng ahamiyatlilari hisoblanadigan soyaning vatani Xitoy bo’lib, ayni kunda AQSh, Braziliya va Argentina mamlakatlari soya hosilining 80% ini beradi. Vatani Janubiy Amerika bo’lgan yeryong’oq hosilining katta qismi Hindiston va G’arbiy Afrika mamlakatlariga to’g’ri keladi. Zaytun an’anaviy tarzda O’rta Yer dengizi mamlakatlari bo’lgan Italiya, Ispaniya va Gresiyada yetishtiriladi. Meksika va Markaziy Amerikadan tarqalgan kungaboqar eng ko’p Rossiya, Ukraina va Fransiyada ekiladi.
Kraxmal olinadigan asosiy ekin kartoshkadir. Hozirgi kunda kartoshka yetishtiruvchi eng yirik davlatlar Osiyo, MDH davlatlari, Yevropa va Shimoliy Amerika mintaqalarida joylashgan, bu borada Xitoy (70 mln tonnadan ortiq), Rossiya (40 mln tonna atrofida), Hindiston (25 mln tonna atrofida) kabi davlatlar yetakchilik qiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |