I BOB. “SAB’AI SAYYOR” DOSTONI BADIIY XUSUSIYATLARI
1.1 “Sab’ai sayyor” dostoni yaratilish tarixi
Alisher Navoiy “Xamsa”sining toʻrtinchi dostoni “Sab’ai sayyor” deb atalib, 1484 yilda yozib tugallangan. Asarning bosh qahramoni Bahrom boʻlib, tarixiy shaxs sifatida Eronning sosoniy hukmdori Varaxran V (420 – 438 yillarda podsholik qilgan) bilan bogʻliq. Bu hukmdor qulon (yovvoyi kiyik)ni ovlashga nihoyatda oʻch boʻlganligi uchun xalq orasida Bahrom Goʻr (qulon) laqabi bilan shuhrat topgan. Sharq mamlakatlarida Mars (Mirrix) yulduzi Bahrom deb atalib, jang-u jadallar homiysi sifatida keladi. Bahrom bilan bogʻliq xalq naqllari, afsona va rivoyatlar dastavval eronliklar tomonidan vujudga keltirilgan va davrlar oʻtishi bilan Sharq xalqlari orasida keng tarqalib ketadi. Bahrom obrazi dastlab forsiy adabiyotda Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”sida tasvirlanadi. Firdavsiy Bahromni musbat va manfiy jihatlarga ega murakkab shaxs sifatida tasvirlaydi: u bir tomondan, adolatsevar podsho, vatanparvar yurt egasi, tengsiz aql-idrok, kuch-quvvat sohibi, mohir ovchi boʻlsa, ikkinchi tomondan, kitobxon koʻz oʻngida aysh-ishratga, ehtirosga oʻch, xudbin va qahri qattiq shaxs sifatida gavdalanadi. “Shohnoma”- da Bahrom Goʻr haqidagi voqea dostonning faqat bir faslini tashkil etib, unda Bahromning tugʻilishi, taxtga chiqishi, mamlakatni idora qilish tadbirlari, ov vaqtida oʻz kanizagi Ozoda bilan toʻqnashuviga doir voqealar qalamga olingan. Bahrom Goʻr va uning kanizagi orasidagi “Shohnoma”dan olingan bu lavha Nizomiy Ganjaviy tomonidan qayta ishlanib, mashhur “Haft paykar” dostoni vujudga keladi. Nizomiy Bahrom qiyofasidagi asosiy xususiyatlarni: mohir merganlik, pahlavonlik, kuchli shijoat va dovyuraklik, mamlakatni adolat bilan boshqarish kabi fazilatlarni saqlab qolgani holda uni yangi ma’no va mazmun bilan boyitadi, ushbu timsol orqali oʻz davri ijtimoiy masalalarini, umuminsoniy gʻoyalarni ilgari suradi. Nizomiy Firdavsiy dostonidagi Bahromning kanizak bilan bogʻliq hikoyasini qoliplovchi hikoya qilib olib, unga 7 mustaqil hikoyat kiritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |