4
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bozor munosabatlari
ancha jo‘shqin rivojlanmoqda. Bu mehmonxona servisida band bo‘lgan
tijoratchilarga katta imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekiston bilan chet elda
mehmonxona ishini tashkil etishdagi keskin tafovutlar asta-sekin yo‘qolib
bormoqda. O‘zbekiston Respublikasining mehmonxona korxonalari mijozlarga
xizmat ko‘rsatish saviyasini, nomerlarning shinamligi va qulayligi darajasini,
xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning malakasini izchil oshirib bormoqdalar.
Mehmonxona servisi korxonalarining rang-barangligi, shuningdek, vaqti-
vaqti bilan mehmonxona xizmati yangi-yangi turlarining paydo bo‘lishi
joylashtirish korxonalari tasnifi va tipologiyasini ancha shartli qilib qo‘yadi.
Samarqandning zamonaviy mehmonxona binolari arxitekturasini bugungi
kunda shaharda yangi qurilgan va qurilayotgan mehmonxonalarsiz tasavvur qilish
qiyin. Ular turizm sohasi arxitekturasini shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Samarqand shahri arxitekturasining taraqqiyoti va istiqboldagi kelajagi
uchun bu sohadagi bugungacha bajarilgan ishlar ilmiy tahlil qilinishi,
umumlashtirilishi va tegishli xulosalar chiqarilishi kerak.
Me’morlarimizning ijodiy ishlari ko‘lamini ko‘zdan kechirsak, so‘nggi o‘n
yil ichida Samarqand shahri arxitekturasining kelgusidagi ulkan taraqqiyotini his
etish mumkin. Bu o‘rinda arxitekturaning g‘oyaviy tomonlari, milliylik va
zamonaviylikning birlashgan holda olib borilayotganligini ta’kidlashimiz lozim.
Samarqand shahri Mustaqillik yillari arxitekturasining o‘ziga xos
yo‘nalishlaridan biri bu milliy va umummilliy arxitektura rivoji tamoyillarini
hisobga olgan holda hayotga tadbiq etishdir. Biz ana shu imkoniyatlarni hisobga
olib mazkur bitiruv malakaviy ishining tadqiqot ob’ektlarini, predmetini va
maqsadini belgilashga muyassar bo‘ldik.