Birlashtiruvchi nazariyalar tarixi. Birlashtiruvchi nazariyalar - barcha 4 ta fundamental o’zaro ta’sirni tushuntiruvchi nazariya. Elementar zarralar to’g’risidagi konsepsiyaning o’zgarishi bilan tabiatning asosiy kuchlari va shu bilan birga elementar zarralar orasidagi fundamental o’zaro ta’sirlar to’g’risidagi tasavvurlarimiz ham o’zgarib bordi. 1800 yillarda 4 ta kuch asosiy kuchlar deb qaralgan edi: gravitasiya, elektr, magnit hamda atomlar va molekulalar orasida mavjud bo’lgan kam o’rganilgan kuchlar. 19 asr oxiriga kelib elektr va magnit kuchlari yagona elektromagnit kuchlarning turli ko’rinishlari ekanligi ma’lum bo’ldi. Keyinroq atomlar strukturaga egaligi va musbat zaryadlangan yadro va elektron bulutidan tashkil topganligi, elektromagnit o’zaro ta’sir orqali bog’lanib turgani ma’lum bo’ldi. Umuman atomlar elektr zaryadi jihatdan neytral. Lekin qisqa masofalarda atomlar orasidagi elektr maydoni butunlay yo’qolib ketmaydi va qo’shni atom va molekulalar bir-biri bilan ta’sirlashadi. Turli ko’rinishdagi “kimyoviy kuchlar” (masalan, Van-der-Val’s kuchi) elektromagnit kuchlarning ifodalari hisoblanadi.
Yadro fizikasi rivojlanishi bilan ikkita qisqa masofada namoyon bo’luvchi kuchlar bir sinfga birlashtirildi. Bu kuchlar nuklonlar orasida ta’sir qiluvchi yadro kuchlari va yadroning β- parchalanishida o’zini namoyon qiluvchi zaif kuch. Bugun biz yadro kuchlarining fundamental kuch emasligini bilamiz.
XX asr davomida bu o’zaro ta’sirlarni birlashtirish bo’yicha ko’plab nazariyalar ilgari surildi. Ulardan birortasi ham eksperimentda tasdiqlanmadi yoki eksperimentni o’tkazish imkoni bo’lmadi. Bu yo’ldagi asosiy qiyinchilik Kvant mexanikasi va Umumiy nisbiylik nazariyasi (UNN) ning qo’llanish sohalari har xilligidir. Kvant mexanikasi, asosan, mikrodunyo jarayonlarini tushuntirishga xizmat qiladi, Umumiy nisbiylik nazariyasi esa makrodunyoda qo’llaniladi. Maxsus nisbiylik nazariyasi (MNN) yuqori tezliklardagi jarayonlarni tushuntiradi.
XIX asr oxirida elektrodinamika fani shakllandi. Bu fan doirasida Maksvell tenglamalari asosida elektr va magnit maydonlari (kuchlari) yagona elektromagnit maydonga birlashtirildi. Shundan keyin barcha fundamental o’zaro ta’sirlarni birlashtirish g’oyasi ilgari surildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |