Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqining vujudga kelishi
Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilganda, qonunchilikda belgilangan tartibda yuzaga keladi.
Diplomatiya vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlarning yer uchastkalariga mulk huquqi ularga o‘zlari vakolatxona binosi sifatida foydalanayotgan imorat yoki imoratning qismlari, shu jumladan vakolatxona boshlig‘ining qarorgohi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, shuningdek mazkur vakolatxonalarning imoratlarini qurish uchun yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda realizatsiya qilinganda vujudga keladi.
Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning — diplomatiya korpusi xodimlarining, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan matbuot vakillarining, firmalar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar doimiy vakolatxonalari xodimlarining, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarda doimiy asosda ishlovchi shaxslarning, shuningdek respublikada doimiy istiqomat qiluvchi va yashash uchun guvohnomasi bo‘lgan shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi ularga uy-joy binolari shu binolar joylashgan yer uchastkalari bilan birga qonunchilikda belgilangan tartibda realizatsiya qilinganda vujudga keladi.
Yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi
Yer uchastkalari viloyat va Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan davlat organlariga, muassasalariga va korxonalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga beriladi. Yerlarning mo‘ljallangan asosiy maqsadiga muvofiq:
shahar va posyolka quriladigan yerlarning ma’muriy imoratlar hamda inshootlar qurilgan yerlari yoki shunday imoratlar va inshootlar qurish uchun berilgan yerlar, aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari, shaharlardagi daraxtzorlar egallagan yerlar;
sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar;
tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar;
tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar;
o‘rmon fondi yerlari;
suv fondi yerlari;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, yer fondining boshqa toifadagi yerlari foydalanishga berilishi mumkin.
Ko‘p kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi, shuningdek ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasi, agar u ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqacha tarzda tegishli bo‘lmasa, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati organlari tomonidan ushbu mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi asosida umumiy foydalanishga beriladi.
Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |