Oʻzbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, Ijtimoiy-siyosiy voqealarga doir maʼlumotlar
Orol dengizi umid va yangilanish ramziga aylanmoqda
Download 272.47 Kb.
|
28-hafta
Orol dengizi umid va yangilanish ramziga aylanmoqda
Oʻzbekiston delegatsiyasi BMTning tarixiy konferensiyasida ishtirok etdi 22-24-mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari boʻyicha konferensiyasi oʻtkazilmoqda. Unda 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlari yoʻlida obihayot orqali dunyoni birlashtirish, sayyoramiz farovonligida dengiz va okeanlarning ahamiyati, bu boradagi global tashabbuslar BMTga aʼzo barcha mamlakatlar, ixtisoslashgan idoralar tomonidan nufuzli spikerlar ishtirokida koʻrib chiqilmoqda. Xalqaro hamjamiyat 45 yillik tanaffusdan soʻng ilk marotaba bunday konferensiyada jam boʻldi. Chunki masala nihoyatda dolzarb: 2050-yilga borib sayyoramiz aholisining 5 milliard kishisi suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin. Oʻzbekistonning ham bu borada aytar soʻzi va takliflari, salmoqli tajribasi bor. Chunki kattaligi boʻyicha oʻz vaqtida dunyoda 4-oʻrinda boʻlgan Orol dengizi Oʻzbekistonda joylashgan va uning bugungi taqdiri faqat bizgina emas, balki butun xalqaro hamjamiyatga daxldor masala. Qolaversa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har gal Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy darajadagi yigʻilishlarida ishtirok etar ekan, aynan shu muammoni koʻtardi va bu yoʻnalishda muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Konferensiya ishida tuzilmaga aʼzo 198 mamlakat qatorida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. 23-mart kuni konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva nutq soʻzlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va bu boradagi xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishda mamlakatimizning yetakchiligi xususida soʻz yuritdi. Saida Mirziyoyeva Orolboʻyidagi Moʻynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar boʻlgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning oʻlik qirgʻoqlari kemalar qabristoniga aylanganini taʼkidlab, qoraqalpoq elining atoqli shoiri Ibrohim Yusupov ijodidan dengizning koʻz ochib yumguncha sahroga aylanishi tasvirlangan satrlarni oʻqib berdi. Orol dengizining inqirozi insoniyatning atrof-muhitga eʼtiborsizligi oqibatlari haqida dahshatli eslatmadir. Biroq, gʻamxoʻr odamlarning saʼy-harakatlari tufayli u yana umid va yangilanish ramziga aylanmoqda, – dedi Saida Mirziyoyeva. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro darajada qoʻllab-quvvatlanib, 2021-yilda BMT Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish haqidagi rezolyutsiya qabul qilingani, sal avvalroq – 2018-yilda Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi trast fondiga asos solingani qayd etildi. Davlatimiz amalga oshirayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz borganda, mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, asosiysi, matonatli qoraqalpoq elining salomatligini tiklash, hududda yashil bogʻlarni yaratish uchun 14 million dollardan ortiq mablagʻ ajratilgani aytildi. Fojia oqibatlarini bevosita oʻz boshidan kechirayotgan Qoraqalpogʻiston xalqining matonati, mehnatsevarligi, yaratuvchanligi alohida eʼtirof etildi. Mintaqaning ogʻir sharoitida, ayniqsa, ayollar kuchli gʻamxoʻrlik va koʻmakka muhtojligi, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Soʻzining yakunida Saida Mirziyoyeva xalqaro hamjamiyatni global suv masalalari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishda Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. 22-mart kuni BMTning Suv masalalari konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tashabbusi bilan tashkil etiladigan “Aral Culture Summit” – Orol madaniyat sammiti loyihasining taqdimoti oʻtkazildi. Bu mahalliy va xalqaro hamjamiyat, yetakchi olimlar, arxitektorlar, rassom va dizaynerlarni birlashtiradigan yangi institut. Orol madaniyati sammiti doirasida yosh avlodni mintaqadagi vaziyatni yaxshilashga hissa qoʻshadigan koʻnikmalarni shakllantirishga undaydigan taʼlim va almashinuv dasturlari, stipendiyalar va stajirovkalar tashkil etiladi. Shuningdek, sammit doirasida biodizayn ferma-laboratoriyasi tashkil etiladi. Loyiha doirasida mintaqani suv bilan taʼminlash, yangi ekin turlarini yaratish, shuningdek, hududda shoʻrlanishni kamaytirish boʻyicha turli texnologiyalar oʻrganiladi va ishlab chiqiladi. Sammit ijodkorlarni mahalliy fermerlar bilan birlashtirib, yangi oʻsimliklar yetishtirish uchun biodizayn sohasida barqaror aloqalarni oʻrnatishi va shu orqali kelgusi 10 yilga moʻljallangan strategik rejani ishlab chiqishi maʼlum qilindi. Bu mahalliy hamjamiyatda ulkan oʻzgarishlar uchun zamin yaratadi. Boʻlajak sammitning mazmun-mohiyati va ahamiyati konferensiya doirasida oʻtgan “Suv hamkorlik uchun: suv resurslari sohasida transchegaraviy va xalqaro hamkorlik, suv sohasidagi tarmoqlararo, shu jumladan, ilmiy aloqalar hamda 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibining suvga oid maqsadlariga erishish” mavzusidagi sessiyada va jamgʻarma tomonidan xalqaro ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan “Sanʼatdan – harakatga: Orolboʻyi mintaqasining qayta tiklanishi uchun sahroni oʻrmonga aylantirish” mavzusidagi panel muhokamasida batafsil ochib berildi. Shuningdek, BMT konferensiyasida ishtirok etish asnosida Nyu-York shahrida AQSHdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Nyu-York meri Erik Adams ham ishtirok etdi. Saida Mirziyoyeva yigʻilganlarni Navroʻz bayrami bilan tabrikladi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar toʻgʻrisida soʻzlab berdi. Samimiy suhbatda vatandoshlarimiz ona yurti bilan aloqalarini uzmayotgani, mamlakatimizda boʻlayotgan oʻzgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotgani, turli loyihalarni amalga oshirish orqali Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi madaniy, siyosiy va iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashga hissa qoʻshayotgani xususida soʻz yuritildi. Download 272.47 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling