52-modda. Boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilayotgan davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning protsessda ishtirok etishi
Davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar qonunda nazarda tutilgan hollarda, boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat etish huquqiga ega.
Davlat boshqaruvi organlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish, fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida ish yuzasidan xulosalar berish uchun sud tomonidan sud protsessida ishtirok etishga jalb qilinishi yoki o‘z tashabbusi bilan protsessga kirishishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 68-moddasi uchinchi qismi, 242-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuni 27-moddasining ikkinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonuni 31-moddasi ikkinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonuni 21-moddasi birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonuni 12-moddasi birinchi qismining o‘n oltinchi xatboshisi, 13-moddasi birinchi qismining o‘n uchinchi xatboshisi.
53-modda. Boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilayotgan davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning protsessual huquq va majburiyatlari
Ushbu Kodeksning 52-moddasida ko‘rsatilgan sud protsessi ishtirokchilari mazkur Kodeksning 40-moddasida nazarda tutilgan protsessual huquqlardan foydalanadi, shuningdek boshqa shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun arz qilingan talablarni to‘liq yoki qisman qo‘llab-quvvatlash, ulardan voz kechish, o‘zlari arz qilgan talablar bo‘yicha tushuntirishlar berish huquqiga ega. Mazkur organlar, tashkilotlar va fuqarolarning boshqa shaxsning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga bergan arizasidan voz kechishi ushbu shaxsni ishni mazmunan ko‘rib chiqishni talab qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |