401-modda. Norezidentning daromadlaridan ushlab qolingan soliqni qaytarish tartibi
O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomasi qo‘llanishi huquqiga ega bo‘lgan norezident jismoniy shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlardan soliq ushlab qolingan va budjetga to‘langan taqdirda, bunday norezident ushbu Kodeksning 12-bobida nazarda tutilgan tartibda to‘langan soliqni qaytarib olish huquqiga ega.
XIV BO‘LIM.
IJTIMOIY SOLIQ 58-bob. Ijtimoiy soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash
402-modda. Soliq to‘lovchilar
Ijtimoiy soliqni soliq to‘lovchilari (bundan buyon ushbu bo‘limda soliq to‘lovchilar deb yuritiladi) deb quyidagilar e’tirof etiladi:
O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar, chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari va filiallari;
ushbu Kodeksning 408 va 409-moddalarida nazarda tutilgan tartibga muvofiq ijtimoiy soliq to‘laydigan jismoniy shaxslarning ayrim toifalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |