O‘zbekiston tarixi
Download 2.25 Mb. Pdf ko'rish
|
@Kutubxona Elektron-O zbekiston tarixi maruzalar matni
3. Yunon – Baqtriya davlati. Vatanimiz xalqlarining salavkiylarga qarshi ozodlik kurashi muvaffaqiyatli yakun topgach, O‘rta Osiyoning katta hududida Yunon-Baqtriya davlati vujudga keladi. Uning tarkibiga Baqtriya (hozirgi Qashqadaryo, Surxondaryo, Tojikiston janubi), Sug‘diyona (Zarafshon vohasi), hozirgi Afg‘onistonning shimoliy, Turmanistonning sharqiy erlari kirgan. Bu davlatning Yunon-Baqtriya deb atalishining boisi shundaki, uning markazi Baqtriya hududlari edi, hukmdorlari esa asosan yunon aslzodalari edi. Mustaqil Yunon-Baqtriya davlati unga asos solgan, o‘zini shoh deb e’lon qilgan Diadot I, uning o‘g‘li Diodot II davrlarida bir muncha yuksaladi. Bu jarayon Evtidem I va u boshlab bergan evtidimiylar sulolasi boshqaruvi davrida yanada kuchayadi. Ko‘plab arxeologik qazishmalar va boshqa tarixiy manbalar, Yunon va Rim olimlarining ishonchli ma’lumotlari Yunon-Baqtriya davlatining keng hududlarga yoyilishi (masalan, u keyinchalik Sharqiy Turkiston, Sharqiy Eron, shimomiy-g‘arbiy Hindiston, Sind o‘lkasi hududlarigacha kengaygan), uning xo‘jalik, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti ham ancha yuksak darajaga ko‘tarilganligidan guvohlik beradi. Shimoliy Afg‘onistonning Oyxonum, Tojikistonning Ko‘hnaqal’a Kaykobodshoh, Surxondaryo viloyatining Dalvarzintepa, Zartepa va boshqa joylarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar qadimda bu shahar - qal’alarda to‘laqonli hayot tarzi hukm surganligidan, ularda savdo-sotiq, hunarmandchilik va boshqa kasb turlari ravnaq topganligidan dalolat beradi. Shu boisdan ham Yunon olimi Yustin Yunon- Baqtriyani ming shaharli davlat deb bejiz ta’riflamagan. Bu davlatning poytaxti Balx shahri bo‘lib, u qadimda Baqtra nomi bilan atalgan. Bu shahar xalqaro karvon savdosi - Buyuk Ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashganligidan, unda savdo-hunarmandchilik sohalari bir muncha rivoj topgan. Mamlakatning Eron, Xitoy, Hindiston, Vizantiya singari o‘sha davrning rivojlangan davlatlari bilan olib borgan savdo-tijorat munosbatlari asosan mana shu shahar orqali o‘tgan. Shuningdek eski Termiz, Marv, Qayqobodshoh, Qo‘hnaqal’a, Marokand (Samarqand) singari shaharlarning ham savdo-sotiqning yirik markazlari sifatidagi mavqei yuksak bo‘lgan. Yunon-Baqtriya davlati o‘zining pul birligiga ega bo‘lgan. Oltin, kumush va misdan kerakli miqdorda tanga pullar zarb etilib muomalaga chiqarilgan. Bu pullarda, shubhasiz, Yunon xudolari – Appolon, Afina, Gelios, Zevs, Gerakl, Poseydon va erli hukmdorlarning tasvirlari aks ettirilgan. Yunon-Baqtriya tangalarining turli davlatlar hududida topilishi - bu mamlakatda savdo-tijoratning o‘sganligi, uning xalqaro miqyosda kengayib borganligiga ishonchli dalildir. Bundan tashqari yunon-rim olimlari bu mamlakatda turli xil don ekinlari, serunum erlarida uzumzor bog‘lar ko‘p bo‘lganini va ularda tilni yorar uzumlar, sharbatli mevalar etishtirilganini bayon etadilar. Bu hol unda dehqonchilik madaniyatining o‘sganligidan, sun’iy-sug‘orish inshootlari tizimi keng tarmoq otganligidan yaqqol dalolatdir. Garchand Yunon- Baqtriya davlatida quldorlik munosabatlari mavjud bo‘lsa-da, biroq unda erkin dexqon jamoalari mehnati salmoqli rol o‘ynagan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarining nisbatan tez o‘sishiga, shaharlar hayotining rivojlanishiga muhim turtki bergan. Tojikistonning Kafirnixon daryosi bo‘yida o‘tgan asrning 70 yillarida topilgan «Amudaryo xazinasi» (100dan ziyod oltin, kumush va boshqa qimmat baho buyumlar) namunalari ham qadimgi Baqtriya davlatiga tegishli bo‘lib, u quyosh mahalliy xalqlar e’tiqod qilgan xudo Mitraga bag‘ishlangan serxasham ibodatxonaning noyob bezaklari sirasiga kirgan. Miloddan avvalgi II asr o‘rtalariga kelib bir qator ichki va tashqi vaziyat taqozosi bilan yuz bergan keskin o‘zgarishlar oqibatida Yunon-Baqtriya davlati tushkunlikka yuz tutdi. Buning muhim sabablaridan biri- qo‘shni Parfiya davlatining kuchayib ketishi va o‘z hududlarini Yunon-Baqtriya hisobiga kengaytirishga intilishi bo‘ldi. Bu hol Yunon-Baqtriya davlatini mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Tez orada Hind erlari hamda Sug‘diyona uning tarkibidan ajralib ketdi. Mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlariga esa sharqdan kelgan ko‘psonli katta yuechji qabilalarining xujumi kuchayib, ular asta-sekin Farg‘ona, Surxondaryo hududlari sari siljiy boradi. Buning natijasida 120 yilcha mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lgan Yunon-Baqtriya davlati halokatga uchradi. O‘rta Osiyoda salavkiylar hukmronligining inqirozi natijasida mil. av. III asr o‘rtalarida vujudga kelgan mustaqil davlatlardan yana biri Parfiyadir. Bu davlatga parnlar (dahlar) ning ko‘chmanchi sak qabilalari yo‘lboshchisi Arshak asos solgan. Arshakiylar sulolasining uzoq hukmronligi uning nomi bilan bog‘liq. Arshak mil. av. 247 yilda salavkiylar satrapligini engib, Girkaniyani egallaydi. Asta-sekin uning hududlari kengaya boradi. Bu davlatning ilk poytaxti hozirgi Asxabod shahri yaqinidagi qadimgi Nisodir. Bu shahar xarobalaridan topilgan juda ko‘plab noyob topilmalar, asori atiqalar qadimgi Parfiyaning o‘z davrida ancha taraqqiy etgan, moddiy va ma’naviy madaniyati yuksalgan davlatlardan biri bo‘lganligidan davlolat beradi. Mohir sarkarda, usta diplomat Arshak o‘zining uzoq yillik podsholik davrida Parfiyani dovrug‘li davlatga aylantirish bilan birga uning hududlarini kengaytirishga ham salmoqli hissa qo‘shgan. Uning avlodlaridan Mitradat I davrida (mil. av. 171-138 y) bu davlat salavkiylar va Baqtriyaning katta hududlarini o‘ziga qo‘shib oladi. 155 yilda Midiya podsholigi bosib olinadi. Mil. av .147 yilda esa mashhur Bobil shahri ham egallanadi. Mitradat II davriga kelib (mil.av. 128-88) Parfiya davlati qudrati benihoya kuchayib, u Rim imperiyasining Sharqdagi asosiy raqobatchisiga aylanadi. Davlat hududlari g‘arbga tomon kengayib borganligidan, uning poytaxti ham Ktezafon shahriga ko‘chirilgan. Mil. av. 40 yillarda Kichik Osiyo, Suriya va Falastin erlari ham Parfiya qo‘l ostiga o‘tgan. Biroq tez orada Rim imperiyasi bu hududlarda o‘z ta’sirini qayta tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Buning sababi Parfiya davlati ichida vujudga kelib kuchaya borgan mahaliy bosh boshdoqlik, sulolaviy nizolar, so‘ngra ko‘chmanchi alanlarning xujumlari - bular pirovard oqibatda uning ichki zaiflashuviga, siyosiy beqarorligining kuchayishiga sabab bo‘ldi. Buning ustiga to‘xtovsiz davom etgan tashqi va ichki urushlar mamlakatni holdan to‘ydirib, uni parchalanish va halokatga duchor etdi. Milodning 207-222 yillarida Parfiya hukmdori bo‘lgan Vologez V davrida saltanat ikkiga, ya’ni Mesopotomiya va Midiya davlatlariga ajraladi. Xuddi shu davrda Fors hududlarida yangidan vujudga kelib qudrati tobora oshib borayotgan Eron sosoniylari davlati tez orada Parfiyaga hal qiluvchi zarbalar berib, uning erlarini o‘z tarkibiga kiritadi. Bu milodning III asri 20 yillarida sodir bo‘ldi. Download 2.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling