O‘zbekiston tarixi
Download 1.88 Mb.
|
Murtazaeva R - O\'zbekiston tarixi. 2005
- Bu sahifa navigatsiya:
- Avesto”. Madaniy hayot.
Qo‘shinlar. Ahmoniylar davlatida muntazam qo‘shin mavjud bo‘lib, uning asosini tarkibida o‘n ming jangchi bo‘lgan «abadiy o‘lmas» polk tashkil etgan. Qo‘shinlarning bosh qo‘mondoni shahanshoh edi. Harbiy tuzilmada keyingi o‘rinda «xazarpat»-mingboshi turgan. Ahmoniylar qo‘shinlari quyidagi qismlardan iborat bo‘lgan: 1. – «abadiy o‘lmas» polk; 2-piyoda qo‘shinlar; 3-otliq qo‘shinlar (suvoriylar); 4-satraplar qo‘shinlari; 5-yunon yollanmalari; 6-ko‘ngilli qo‘shin. Qo‘shinning qismlari 10,100,1000, 10000 kiishilik harbiylardan iborat bo‘lib, har bir qismning tayinlab qo‘yilgan boshlig‘i bo‘lgan.
Yilda bir marta shahanshohning shaxsan o‘zi qo‘shinlarni ko‘rikdan o‘tkazib, yaxshi xizmat qilganlarni taqdirlagan, harbiy qoidalarni buzganlarni jazolagan. Butun davlat hududi to‘rtta harbiy okrugga bo‘lingan. Har bir okrug harbiy boshlig‘i markazdan tayinlanib bevosita shahanshohga bo‘ysungan. Bosib olingan hududlar va chegara rayonlarda harbiy gornizonlar joylashtirilgan. Ahmoniylar qo‘shinlarining harbiy tartibi haqida Gerodot va Kursiy Ruf batafsil ma’lumotlar beradilar. Bu ma’lumotlarga ko‘ra, ularning asosiy harbiy qurollari qilich, gurzi, o‘q-yoy, qalqon, xanjar, harbiy bolta va nayzalardan iborat bo‘lgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, Ahmoniylar bosib olgan barcha hududlar satrapiya hokimliklarga bo‘lingan bo‘lib ularni fors podsholari tomonidan tayinlab qo‘yilgan satrap-hokimlar boshqarganlar. Gerodot ma’lumotlariga ko‘ra, Baqtriya XII satrapiya bo‘lib 300 talant (talant-Bobil pul birligi bo‘lib, 1 talant 30 kg dan ziyodroq kumushga teng), saklar va kaspiylar XV satrapiya bo‘lib 200 talant Xorazm, So‘g‘d, Parfiya va Ariya XVI satrapiya bo‘lib 300 talant miqdorda yillik soliq to‘lar edilar. Shuningdek, O‘rta Osiyoliklar soliq sifatida qimmatbaho toshlar, chorvachilik va dehqonchilik mahsulotlarini ham fors podsholariga berib turganlar. Mil. avv. VI-IV asrlar O‘rta Osiyo viloyatlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot ancha rivojlanadi. Bu davrda Baqtriya yirik davlat bo‘lib, fors podsholarining Sharqdagi yirik markazlaridan biri edi. So‘nggi yillarda O‘rta Osiyoning janubida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Qadimgi Baqtriya hududidan o‘ttizdan ziyod ahmoniylar davriga oid manzilgohlar ochilgan. Ularning har birida o‘zlashtirilgan maydonlar va sug‘orish tartibidan tashqari turar joylar va xo‘jalik xonalari, mehnat va harbiy qurollar, kulolchilik buyumlarining qoldiqlari mavjuddir. Bu davr Baqtriya aholisining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik edi. Qalayimir, Kuchuktepa, Qizilcha, Bandixon kabi ko‘plab yodgorliklardan dehqonchilik bilan bog‘liq bo‘lgan mehnat qurollari-o‘roqlar, ketmonlar, yorg‘uchoq va dehqonchilik mahsulotlari qoldiqlarining topilishi dehqonchilikdan dalolat berib, dehqonchilik asosan sun’iy sug‘orishga asoslanganligini ko‘rsatadi. Baqtriyaning poytaxti qadimgi Baqtra (Hozirgi Balx) shahrida qazish ishlari olib borilib, u yerdan topilgan kulolchilik buyumlari ko‘hna shaharning eng qadimgi qatlamlari mil. avv. I ming yillikning o‘rtalariga oid ekanligidan dalolat beradi. Bu davrda Baqtriyada badiiy hunarmandchilik ham yuqori darajada bo‘lgan. 1877 yilda Kobadiyon bekligi (Tojikiston) dan oltin va kumushdan iborat katta xazina topilgan. “Amudaryo xazinasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu xazinada oltin va kumushdan quyilgan jang aravalari, jangchilar qiyofasi, hayvonlar tasvirlarini uchratish mumkin. Bu xazina mahalliy ustalar ijodi bo‘lib, mil. avv. V-IV asrlarga oiddir. Mil. avv. VI-IV asrlarda So‘g‘diyona hududlarida ko‘plab shahar va qishloqlar bo‘lib, ular fors podsholariga katta-katta soliqlar to‘lab turar edilar. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Zarafshon va Qashqadaryo vohalaridan bu davrga oid Uzunqir, Yerqo‘rg‘on, Daratepa, Sangirtepa, Lolazor, Afrosiyob, Xo‘ja Bo‘ston kabi 50 dan ziyod ko‘hna shahar va manzilgohlar ochib o‘rganilgan. So‘g‘diyonaning poytaxti bo‘lgan Afrosiyob (Samarqand)da shahar hayotining rivojlanishi So‘g‘diyona va butun O‘rta Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy hayotning yuksalishi hamda inqirozi bilan muvofiq tarzda kechgan. So‘g‘diyonaning “ikkinchi poytaxti” bo‘lgan Yerqo‘rg‘onni (Qashqadaryo) tadqiqotchilar yunon-rim tarixchilari tomonidan eslatilgan Ksenippa viloyatining markaziy shahri deb hisoblaydilar. So‘g‘diyona hayotida dehqonchilik katta ahamiyatga ega edi. Shunisi muhimki, dehqonchilik sun’iy sug‘orishga asoslangan bo‘lib, bu haqda yozma manbalar ma’lumot beradi. Xususan, Straboning yozishicha, Politimet (Zarafshon) daryosi vohadagi eng katta suv manbayi bo‘lib, sug‘oriladigan yerlarga kanallar orqali suv chiqarilgan. Qo‘hna shaharlarda esa hunarmandchilik va savdo-sotiq rivojlanib borgan. Mil. avv I ming yillikning o‘rtalarida Xorazm ham rivojlanishi jarayonini boshdan kechiradi. Xorazm tadqiqotlari natijalariga qaraganda VI-IV asrlarda bu hududda yirik-yirik manzilgohlar mavjud edi. Bu davrda Xorazmda inshootlar qurilishida xom g‘isht, paxsa ishlatilgan. Manzilgohlar va turar joylardan topilgan topilmalarning boy va qashshoqligi bu yerda mavjud bo‘lgan ijtimoiy va mulkiy tengsizlikdan dalolat beradi. Shaharlar aholisining asosiy mashg‘uloti hunarmandchilik bo‘lgan. Ko‘plab topilgan sopol, bronza, temir buyumlar fikrimiz dalilidir. Xorazmda bu davrda mahalliy o‘troq aholidan tashqari ko‘chmanchi chorvadorlar ham yashagan bo‘lib, ular o‘rtasida doimiy harbiy to‘qnashuvlar, iqtisodiy va madaniy munosabatlar bo‘lib turgan. O‘rta Osiyo xalqlari ahmoniylar madaniyat yodgorliklari bunyod etilishida katta hissa qo‘shdilar. Bu davrda O‘rta osiyo xalqlari ilk marta zarb qilingan tanga pullar bilan tanishdilar. O‘rta Osiyo hududidan ahmoniylar pul tartibiga oid oltin dariklar va boshqa tangalar topilgan. Ahmoniylar davrida ko‘pgina Sharq xalqlarining siyosiy birligi - butun jahon tarixida, iqtisodiy va madaniy rivojlanishida muhim davr bo‘lib qoldi. Bu o‘rinda O‘rta Osiyo hududidagi xalqlar va qabilalarning ham hissasi nihoyatda katta bo‘ldi. Ma’lumki, ahmoniylar davlati turli xalqlar va elatlarni bosib olib birlashtirish yo‘li bilan tashkil topgan edi. Bu davlat tarkibidagi xalqlar doimiy ravishda o‘z ozodligi va mustaqilligi uchun kurash olib bordilar. Undan tashqari ahmoniy hukmdorlarining taxt uchun kurashlari ham davlatni zayiflashtirib bordi. Mil. avv. IV asrning o‘rtalaridan boshlab esa, Bolqon yarim orolidagi shahar-davlatlar kuchaya boshlaydi. Bu davrda Makedoniya podshosi Fillip II Bolqon yarim orolida o‘z mavqeini mustahkamlab oldi va ahmoniylarga qarshi kurashga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Fillip II o‘z davriga mos harbiy islohotlar o‘tkazib tartibli va yaxshi qurollangan qo‘shin tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Mil. avv. 336 yilda ahmoniylar davlatiga qarshi kurash boshlandi. Ammo, Fillip II ning o‘ldirilishi tufayli bu kurash to‘xtab qoldi. O‘sha yili taxtga Fillip II ning o‘g‘li 20 yoshli Iskandar (Aleksandr) o‘tirdi. Bu paytga kelib, yunon shahar-davlatlarida Iskandarga qarshi harakatlar boshlangan bo‘lib, yosh podsho bu harakatlarning barchasini shafqatsizlik bilan bostirdi. Iskandar ahmoniylarga qarshi urushga jiddiy kirishib Kichik Osiyodan Parmenion boshliq qo‘shinlarni chaqirtirdi. Harbiy kengash tuzib quruqlikda va suvda harakat qilayotgan qo‘shinlar oldiga aniq vazifalar qo‘ydi. Mil. avv. 334 yilning bahorida makedon qo‘shinlari “urush olovini Osiyoga, Osiyo baxtini esa o‘zimizga qaratamiz” shiori ostida forslarga qarshi yurish boshladi. Mil. avv 334 yil may (Granik daryosi yonida), 333 yil noyabr (Issa shahri, Suriya chegarasida), 331 yil oktyabr (Gavgamela, Shimoli-sharqiy Mesopotamiyada) bo‘lgan hal qiluvchi janglarda fors qo‘shinlari to‘la mag‘lubiyatga uchradi. Arrianning ma’lumot berishicha ahmoniylarning so‘nggi hukmdori Doro III Baqtriyaga qochib ketadi va Baqtriya satrapi Bess tomonidan fitna uyushtirilib o‘ldiriladi. Mil. avv. 330-329 yillar qishida Makedoniyalik Iskandar qo‘shinlari Hinduqush dovonidan o‘tib Shimoliy Baqtriya yerlariga chiqib keladilar. Bess o‘z qo‘shinlari bilan Iskandarga qarshi chiqdi. Ammo, tajribali yunon-makedon qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchradi. Iskandar Baqtriyaning poytaxti Baqtra shahri, Aorn, Drapsak kabi mustahkam qal’alarni egalladi. Mil. avv. 329 yilning bahorida Makedoniyalik Iskandar qo‘shinlari Oks (Amudaryo) bo‘ylariga yetib kelib katta qiyinchilik bilan daryoni kechib o‘tdilar. Daryodan o‘tgan qo‘shinlarning dastlab Ptolemey Lag boshchiligidagi ilg‘or qismi keyin esa asosiy qo‘shinlar Navtaka viloyatiga (Sharqiy Qashqadaryo) kirib boradilar. Bu yerdan esa Iskandar qo‘shinlari So‘g‘diyonaning poytaxti Marokandaga (Samarqand) yo‘l oldilar. Kursiy Ruf ma’lumotlariga qaraganda, yunon-makedon qo‘shinlari Maroqandani egallashda unchalik qarshilikka uchramadilar va “shaharda o‘z garnizonlarini qoldirib, yaqin atrofdagi qishloqlarni yondirib va vayron etib”, shimoli-sharqqa tomon harakatlana boshladilar. Maroqandadan so‘ng yunon-makedon qo‘shinlarining yurishi nihoyatda og‘ir kechdi. Mahalliy so‘g‘diy aholi dushmanni o‘ta norozi kayfiyatda kutib oldi hamda bir tan- bir jon bo‘lib unga qarshi chiqdi. Ular o‘z yerlarining ozodligi va mustaqilligini mardonavor turib chet el bosqinchlaridan himoya qildilar. Iskandar Ustrushonaning (Samarqand va Jizzax oralig‘ida) tog‘li hudud aholisini qiyinchilik bilan yenggach dasht ko‘chmanchilari (saklar) va o‘troq aholi (so‘g‘diylar) o‘rtasida chegara hisoblangan Yaksart (Sirdaryo) tomonga harakat qila boshladi. Yunon-makedonlar daryo bo‘yida to‘xtab bu yerdagi shaharlarga o‘z harbiy qismlarini joylashtira boshladilar. Ko‘p o‘tmay bu shaharlar aholisi Iskandarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Daryoning o‘ng qirg‘og‘idagi saklar ham o‘z qo‘shinlarini bir yerga to‘play boshlaydilar. Xuddi shu paytda Baqtriya va So‘g‘diyona hududlarida ham Iskandarga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlanib ketadi. Iskandar dastalab Yaksart bo‘yida o‘z mavqeini mustahkamlashga qaror qilib, bu yerdagi qo‘zg‘olonlarni bostirdi. So‘g‘diyonada mil. avv. 329 yil kuzida Spitaman boshchiligidagi qo‘zg‘olonni (Maroqandada) bostirish uchun sarkarda Farnux boshchiligidagi qo‘shinlarni jo‘natdi. O‘zi asosiy kuchlar bilan saklar ustiga yurish qildi. Ammo, bu yurish muvaffaqiyatsiz tugadi. Farnux boshchiligida Maroqandaga jo‘natilgan qo‘shinlar Spitaman tomonidan mag‘lubiyatga uchradi. Iskandarning o‘zi asosiy kuchlar bilan So‘g‘diyonaga qaytishga majbur bo‘ldi. O‘rta Osiyo hududlarida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar yunon-makedon zulmidan ozod bo‘lishga qaratilgan bo‘lib, Iskandarning “varvar”larni osonlikcha bosib olmoqchi bo‘lgan rejalarini puchga chiqardi. So‘g‘diyonaning tog‘li hududlaridagi bosqinchilar qadami yetmagan joylarda qo‘zg‘olonchilar yashirinib olgan edilar. So‘g‘diyonaning deyarli barcha aholisi Spitaman tomonida bo‘lib, uning g‘alabalariga katta umid bog‘lagan edilar. Iskandar esa, mil. avv. 329-28 yillar qishlovini Baqtriyada (ba’zi manbalarda Navtakada deyiladi) o‘tkazar ekan vaqtni behuda ketkazmadi. U bu yerda Xorazm hukmdori Farasman bilan muzokaralar olib bordi. Natijada Iskandarning Xorazmga yurish rejasi to‘xtatildi. Mil avv. 328 yilning bahoridan yunon-makedonlarga qarshi kurash yana avj oldi. Mahalliy aholi yirik shaharlar, qal’alar, tog‘li hududlarda kurashni davom ettirdilar. Ahvol jiddiylashganidan xavotirga tushgan Iskandar 30 ming qo‘shinini 5 guruhga bo‘lib, bu guruhlarga ishonchli sarkardalar-Gefestion, Ptolemey Lag, Perdikka, Ken va Artabozlarni boshliq etib tayinladi. Yunon-makedonlarning shafqatsiz urushlari natijasida ko‘pgina mahalliy aholi qirilib ketdi. Qolganlari ham tog‘li hududlarda kurashni davom ettirdilar. Bu o‘rinda Spitamanning jasorati haqida to‘xtalish joizdir. U doimo raqiblarining zayif joylarini izlar va ularga aynan o‘sha joylardan zarbalar berar edi. Spitaman so‘g‘diy va baqtriyalik zodagonlar, hamda saklar bilan ittifoqlikda dushmanga qarshi kurashishga harakat qildi. Manbalarning ma’lumot berishicha mil. avv. 328 yilning oxirida Spitaman o‘z vatandoshlari xiyonatining qurboni bo‘ladi. Spitaman tajribali davlat arbobi va sarkarda bo‘lib, u bosqinchilarni Ona-yurtidan haydab chiqarishi uchun imkoniyati bo‘lgan barcha tadbirni ko‘rdi, choralardan unumli foydalanishga harakat qildi. U mohir sarkarda bo‘lib dushmanning kichik xatosidan ham unumli foydalanar va uning zayif tomonlarini topishga harakat qilardi. Ammo, Iskandar harbiy kuch-qudrati jihatdan Spitamandan ustun edi. Spitaman halok bo‘lganidan so‘ng asosan tog‘ qal’alari qo‘zg‘olon o‘choqlariga aylanadi. Yozma manbalarda eslatilgan “So‘g‘d qoyasi” (yoki “Arimaz qoyasi”), “Xoriyen qoyasi” shular jumlasidandir. Makedoniyalik Iskandar mahalliy aholini kuch bilan yengish nihoyatda og‘ir ekanligini anglab yetganidan so‘ng turli yo‘llar bilan ularga yaqinlashishga qaror qildi. Mahalliy xalq vakillariga nisbatan siyosatini tubdan o‘zgartirdi. Xususan, zardo‘shtiy qohinlariga birmuncha erkinliklar berib o‘zi ham bu dinni qabul qildi. Qo‘zg‘olon boshliqlari Oksiart, Sisimitr, Xoriyen kabilarni avf etib, mol-mulklarini qaytarib berdi. Hatto, qo‘zg‘olonga qatnashganlarga mukofotlar tarqata boshladi. Mahalliy aholi bilan qarindoshlik munosabatlarini o‘rnatib Oksiartning qizi go‘zal Roksanaga (Rohshanak) uylandi. Natijada mahalliy zodagonlarninng deyarli barchasi Iskandar hokimiyatini tan olib uning xizmatiga o‘tib ketdilar. Mil. avv. 327 yilning oxirida So‘g‘diyonadagi qo‘zg‘olonning so‘nggi o‘choqlari ham bostirildi. Yunon-makedon bosqinchilariga qarshi uch yil davomida kurash olib borar ekan, O‘rta Osiyo xalqlari mislsiz jasorat namunalarini ko‘rsatdilar. Ular yunonlar o‘ylaganidek, “varvarlar” va madaniyatdan orqada qolgan emas, balki o‘z davrining yuksak harbiy san’ati va madaniyatiga ega ekanliklarini namoyish etdilar. Iskandar qo‘shinlari butun Sharq davlatlarini o‘zlariga bo‘ysundirganlarida So‘g‘diyona va Baqtriyadagi kabi qattiq qarshilikka uchramagan edilar. Bu holni Iskandar tarixini yozgan ko‘pgina qadimgi davr tarixchilari ham e’tirof etadilar. O‘zbekiston hududlarida yashagan mahalliy aholi qadimgi davrlardan boshlab bosqinchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borib o‘z ozodligi va mustaqilligi yo‘lida bir tan-bir jon bo‘lib harakat qilganlar. Ammo, kuchlar nisbati va harbiy texnikaning teng emasligi ko‘p hollarda bosqinchilar ustunligini ta’minlagan. “Avesto”. Madaniy hayot. Olib borilgan tadqiqotlar natijalariga qaraganda, ilk temir davri O‘rta Osiyoda yashagan xalqlar va qabilalar orasida keng tarqalgan va asosiy din zardo‘shtiylik edi. Bu diniy ta’limotning asoschisi Zaratushtra va bu dinning muqaddas kitobi “Avesto” haqidagi bahs va munozaralar tadqiqotchilar orasida hozirgacha davom etmoqda. Zaratushtra (o‘rta fors tilida “oltin tuyali”, “oltin tuya yetaklagan odam”) tarixiy shaxs bo‘lib Spitama avlodidan kelib chiqqan. Zaratushtraning otasi Pourushasp qohinlar avlodidan bo‘lgan. Zaratushtra tug‘ilgan joy haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Uning tug‘ilgan yilini tadqiqotchilar keng sanalar bilan (mil. avv. 1500-1000 yillardan boshlab, mil. avv. VII-VI asrlargacha) bog‘laydilar. Sosoniylar davri (III-VII asr) zardo‘shtiylar an’analariga e’tibor beradigan bo‘lsak, Zaratushtraning hayoti mil. avv. VII-VI asrning boshlariga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar bu sanani to‘g‘ri deb hisoblaydilar. Zaratushtra tug‘ilgan joy hamda “Avesto” paydo bo‘lgan hudud haqida ham olimlar orasida yagona fikr yo‘q. Bir guruh olimlar Zaratushtrani hozirgi Ozarbayjon, yana bir guruh qadimgi Baqtriyada, boshqa guruh olimlar Xorazmda va Yeronda tug‘ilib faoliyat ko‘rsatgan va “Avesto” ham shu hududlarda paydo bo‘lgan deb hisoblaydilar. Zaratushtraning yangi ta’limoti o‘z vatanida tarafdorlarini topmaganligi sababli u o‘z yurtidan ketishga majbur bo‘lgan. Zaratushtra diniy ta’limotini birinchi bo‘lib qabul qilgan tarafdorlar qadimgi Baqtriya podshosi Kavi Vishtasp, malika Xutaosa va ularning yaqin qarindoshlaridir. Zaratushtra o‘z g‘oyalarida qonli qurbonlik qilishni qat’iyan qoralaydi. U yana shuni ta’kidlaydiki, odamzod yashashga haqli bo‘lib, bu huquqdan uni mahrum qilishga hech kimning haqi yo‘q. Zaratushtra o‘z g‘oyalarini targ‘ib qila boshlagan davr O‘rta Osiyo va Yeron xalqlari tarixida eng muhim davr edi. Ibtidoiy jamoa munosabatlari o‘zgarib, davlatchilik tizimi munosabatlari qaror topmoqda edi. Yangi din esa bu o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirib, tug‘ilayotgan sinfiy jamiyatga xizmat qilar edi. U birlashishga va kuchli markazlashgan hokimiyat tuzishga, o‘sha davrda o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi vodiy aholisi uchun “xudoning qamchisi (tig‘i)” hisoblangan ko‘chmanchi xalqlarga qarshi keskin kurashga chaqirdi. Zardo‘shtiylarning diniy falsafasi qarama-qarshi kuchlarning kurashiga asoslangan. Bu kurash yorug‘lik, yaxshilik kuchlari xudosi Axuramazda, qora va zulmat kuchlari xudosi Axriman o‘rtasida boshlanib jamiyat va insonlar orasida davom etgan. Zaratushtra ta’limotiga ko‘ra jamiyat yaxshilik va yomonlikdan iborat. Shuningdek, bu ta’limotga ko‘ra insonlar hayotining asosiy mazmuni doimo xayrli ishlar qilish, bir-biriga mehr-oqibatli, xushmuomala bo‘lish va olijanob fazilatlardan iborat. Zardo‘shtiylarda to‘rt unsur - olov, yer, suv va havo muqaddas hisoblangan va ular doimo ardoqlanib kelingan. Zardo‘shtiylar o‘limni dunyoda, jamiyat taraqqiyotida eng yovuz narsa deb hisoblaganlar. Shuning uchun ham ular muqaddas yerga o‘likni ko‘mmaganlar hamda o‘ziga xos ko‘mish marosimlariga amal qilganlar. O‘likni (odam, hayvon) yerga ko‘mish qattiq jazolangan. Zardo‘shtiylar o‘likni maxsus joylarda saqlab, hayvonlar va qushlar ular suyaklarini tozalaganidan so‘ng tozalangan suyaklarni tosh, loy yoki ohakdan yasalgan maxsus “astadon” (“ossuariy”)larga dafn etganlar. Zaratushtra dini vaqt o‘tishi bilan asta-sekin, eron tiliga mansub xalqlar o‘rtasida tarqalar ekan o‘z asosini saqlagan holda biroz o‘zgaradi. Axuramazda va Axrimandan tashqari “Avesto” bir qator boshqa xudolar - Mitra, Xouma, Anaxita, Ashi va Zurvon kabi ulug‘ xudolar faoliyati haqida ham hikoya qiladi. Zardo‘shtiylik Sosoniylar davrida (mil. III-VII asrlar) uzil-kesil rasmiylashgan. Bu davrda zardo‘shtiylik adabiyoti ham keng tarqaldi. Dastlabki paytlarda zardo‘shtiylik dinining muqaddas matnlari avlodlarga og‘zaki yetkazilgan va Zaratushtra o‘limidan so‘ng bir necha asr o‘tgach ma’lumotlar to‘planib yagona matn yozilgan. “Avesto” shu tariqa yuzaga kelgan. Bir qator olimlar zardo‘shtiylik aqidalariga tayanib “Avesto”ni ilk sosoniylar (III-IV asrlar) davriga bog‘lasalarda, shunga qaramay uning birinchi tahriri mil. avv. I asrda bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi. “Avesto” (“Asos”, “Asosiy matn”) jumlasi ham o‘sha paytda paydo bo‘ladi. Olib borilgan tadqiqotlar natijalariga qaraganda, ilk temir davri O‘rta Osiyo hududlarida madaniy hayot, milliy urf-odatlar, an’analarning rivojlanganligini kuzatishimiz mumkin. Shunday an’analardan biri Navro‘z bayramidir. Navro‘z qadim avlodlarimizdan bizgacha yetib kelgan muqaddas urf-odatlardan bo‘lib, uni bayram qilish O‘rta Sharq va O‘rta Osiyoda qadimdayoq rasm bo‘lgan. Asrlar o‘tishi bilan Navro‘z bilan bog‘liq an’analar xalqlar va elatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarning rivojlanishi zaminida keng yoyila borib, ko‘p o‘lkalarning an’anaviy milliy bayramiga aylandi. Narshaxiyning ma’lumot berishicha, “Navro‘z - Yangi yil bayramini o‘tkazish” an’analari boshlanganiga uch ming yildan o‘tgan. Ingliz olimasi M.Boys fikricha, zardo‘shtiylarda “olov hamda ezgulik homiysi Asha Vahishta sharafiga bahoriy udum - Navro‘zni o‘tkazish an’anasi paydo bo‘lgan”. Beruniyning yozishicha, “Navro‘z yangi yilning birinchi kuni bo‘lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni taqozo etadi. Yeronliklar o‘tmish zamonlarda yillarni qabisali oylarga bo‘lishgan. Bu vaqt quyoshninng Saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorda keladigan bo‘ldi. Yendi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni, bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, ... o‘simlik unib chiqa boshlashidan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan.” Demak, Navro‘z 3-3,5 ming ilgari paydo bo‘lgan bo‘lib, asrlar davomida yangicha qarashlar va an’analar bilan boyib bordi. Shu bilan birga uning tarkibida ajdodlarimining qadimgi mifologik tasavvurlari va hayot tarzi bilan aloqador marosim va urf-odatlar ham saqlanib qoldi. Download 1.88 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling