O’zbekiston va Rossiya munosabatlari
Download 473 Kb.
|
o\'zbekiston va rossiya munosabatlari
O’zbekiston va Rossiya munosabatlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 14 noyabr` kuni rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi. Kremlda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o`rtasida yakkama-yakka uchrashuv bo`lib o`tdi. Muloqot chog`ida savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-madaniy, harbiy va harbiy-texnikaviy aloqalarga doir masalalar muhokama qilindi. Prezidentlar hamkorlik ko`lami muttasil kengayib, savdo-iqtisodiy aloqalarga doir ko`rsatkichlar oshib borayotganini, ushbu tashrif o`zaro aloqalar tarixidagi muhim voqea bo`lishini ta`kidladilar. Vladimir Putin Islom Karimovni Rossiyaga tashrifi bilan qutlar ekan, o`zaro munosabatlar faol rivojlanayotganini qayd etdi. O`zbekiston Prezidenti mamlakatimiz Rossiya bilan har tomonlama ravnaq topib borayotgan ikki tomonlama hamkorlikni qadrlashini ta`kidladi. O`zbekiston tashqi siyosatida Rossiya alohida o`rin tutadi. Toshkent va Moskvaning ko`plab xalqaro muammolarga munosabati o`xshash yoki yaqin, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasidagi qarash va intilishlari mushtarak. O`zbekiston va Rossiya barcha sohalarda o`zaro aloqalar ko`lamini kengaytirishdan manfaatdor. Ana shu manfaatdorlik, shuningdek, hamkorlikdagi o`zaro ishonch va hurmat ruhi, ikki davlat rahbarlarining o`zaro samimiy munosabati, ko`pgina masalalarda fikrdoshligi 2004 yili Toshkentda O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasida Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma imzolanishiga asos bo`lgan edi. O`zbekiston va Rossiya rahbarlari o`rtasida qaror topgan oliy darajadagi muloqotlar hamkorlikning yangi qirralarini ochish, ishga solinmayotgan imkoniyatlarni ko`rib chiqish, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar ko`p qirrali, hamkorlik barcha yo`nalishlarda rivojlanib bormoqda. O`tgan yili Prezidentlar etti marta uchrashgan edilar, Rossiyadan O`zbekistonga turli maqomdagi 32 delegatsiya tashrif buyurdi. Bu galgi Moskva muzokarasi esa so`nggi yarim yildagi beshinchi ikki tomonlama uchrashuvdir.
O`zbekiston va Rossiya siyosiy hamjihatlikni mustahkamlab, xalqaro maydondagi hamkorlikni rivojlantirmoqda, ijtimoiy-madaniy, ilmiy, harbiy-texnikaviy sohadagi aloqalarni kengaytirmoqda. Islom Karimov va Vladimir Putin muloqotida ko`tarilgan masalalar O`zbekiston va Rossiya rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tartibdagi muzokarasida davom ettirildi. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar xalq xo`jaligining qariyb barcha tarmoqlarini qamrab olgan. O`zbekiston va Rossiya o`rtasida savdo-sotiq, telekommunikatsiya, energetika, sug`urta, bank-moliya sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Mamlakatimizda Rossiya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 400 dan ortiq qo`shma korxona oziq-ovqat, dori-darmon, yog`ochni qayta ishlash, elektrotexnika, qurilish materiallari, mashinasozlik sanoatida, ko`plab boshqa muhim sohalarda faoliyat ko`rsatmoqda. Rossiyada O`zbekiston sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 267 qo`shma korxona faoliyat yuritayotir. O`zbekistonning ko`plab viloyatlari bilan Rossiya sub`ektlari o`rtasida bevosita hamkorlik aloqalari yo`lga qo`yilgan. O`zbekistonda Rossiyaning 82 firma va kompaniyasi o`z vakolatxonasini ochgan. 2004 yilda o`zaro savdo hajmi 2003 yildagiga nisbatan 42,9 foiz oshib, qariyb 1 milliard 642 million AQSh dollarini tashkil etdi. Mutaxassislar joriy yil yakuniga ko`ra o`zaro savdo hajmi 2 milliard dollardan oshishini ta`kidlamoqdalar. O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasida ayniqsa yoqilg`i-energetika majmuidagi sarmoyaviy hamkorlik diqqatga sazovordir. "O`zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi bilan "Lukoyl" va "Gazprom" ochiq aktsionerlik jamiyatlari o`rtasida imzolangan hujjatlar O`zbekiston neft`-gaz sanoatiga 2,5 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilishini ko`zda tutadi. Iqtisodiy doiralarda boshqa ko`plab yo`nalishlar bo`yicha o`zaro manfaatli yirik loyihalar rejalashtirilayotgani qayd etildi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasida madaniyat va san`at, ta`lim, sog`liqni saqlash, ekologiya va, umuman, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida izchil muloqotlar, yaqin hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Muzokaralar chog`ida Islom Karimov va Vladimir Putin xalqaro tashkilotlar, jumladan, Evroosiyo iqtisodiy hamjamiyati va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalar bilan bog`liq masalalarni ham muhokama qildilar. Xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik mavzuiga alohida to`xtaldilar. Bu yo`nalishlardagi hamkorlikning huquqiy poydevorini yanada takomillashtirish, aloqalarni kengaytirish uchun sharoit yaratish, samarali mexanizmlar ishlab chiqish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan ham fikr almashdilar. Muzokaralar yakunida Prezidentlar Islom Karimov va Vladimir Putin O`zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o`rtasida ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi shartnomani imzoladilar. Shuningdek, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi bitim, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasining Narkotiklar aylanishini nazorat qilish bo`yicha federal xizmati o`rtasida narkotik vositalarning, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamda prekursorlarni nazorat qilishda hamkorlik to`g`risidagi bitim imzolandi.
Ma`lumki, Islom Karimov va Vladimir Putinning oktyabr` oyida Sankt-Peterburgda bo`lgan uchrashuvida mamlakatimiz rahbari O`zbekiston bilan Rossiya ittifoqchilik munosabatlarini o`rnatish uchun imkoniyatlar etarli ekanligini va bunday munosabatlar ikki tomon manfaatlariga mos ekanligini ta`kidlagan edi. Prezidentimizning bu taklifi qisqa muddatda hayotda o`z in`ikosini topdi. Bu O`zbekiston va Rossiyaning maqsad va intilishlari mushtarakligiga yaqqol tasdiqdir. Zero munosabatlarga bunday maqom berilishi O`zbekiston bilan Rossiyaning hamkorligi strategik sheriklikdan yuqori darajaga ko`tarilayotganidan nishonadir. Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnomaning mantiqiy davomi bo`lgan mazkur hujjat ikki mamlakat hamkorligining huquqiy asosini ittifoqchilik tamoyillari bilan mustahkamlaydi. Shu tariqa O`zbekiston va Rossiya munosabatlari o`z tarixining mutlaq yangi davriga qadam qo`ymoqda. Moskva uchrashuvi mamlakatlarimizni yangi, yanada mustahkam rishtalar bilan bog`ladi, deyish mumkin. Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi shartnoma ikki mustaqil davlat o`rtasidagi munosabatlarni eng ishonchli darajaga ko`tarishini, ularni maksimal darajada yaqinlashtirishini ta`kidladilar. Islom Karimov bu hujjat nafaqat O`zbekiston bilan Rossiyaning mudofaa sohasidagi strategik maqsadlariga xizmat qilishi, balki o`zaro siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini ochib berishini qayd etdi. 15 noyabr` kuni Prezident Islom Karimovning "RUSAL" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Oleg Deripaska bilan uchrashuvi rejalashtirilgan. Ushbu kompaniya nafaqat Rossiya, balki jahon alyuminiy bozorida katta o`rin tutadi. Uchrashuvda O`zbekistonning tegishli kompaniyalari bilan "RUSAL" o`rtasida hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish va rivojlantirish bilan bog`liq masalalar muhokama etiladi. Download 473 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling