O‘zbekistonda ekologik siyosat reja
Download 56.61 Kb.
|
O‘ZBEKISTONDA EKOLOGIK SIYOSAT
Fanning vazifasi. Ekologiya – tirik organizmlarning o‘zaro maqsadi hamda ular yashayotgan tashqi muhit bilan aloqasi va tirik organizmlar tizimidagi turli-tuman bog‘lanishlarni o‘rgatadigan fandir. Bu fan biologiya fanining tarkibiy bo‘lagi bo‘lishi bilan bir qatorda, kimyo, fizika, geologiya, o‘rmonchilik, dehqonchilik, tuproqshunoslik, matematika va boshqa tabiiy fanlar bilan chambarchas bog‘liqdir.
Birinchi bo‘lib “ekologiya” atamasini nemis olimi E.Gekkel fanga kiritdi, bu atama tirik dunyoning o‘zini o‘rab turgan muhit bilan o‘zaro bog‘liqligini o‘rgatadi. Ch.Darvin ta’rifi bo‘yicha, “yashash uchun kurashish sharoitlarini keltirib chiqaradi”. Ekologiya fanining o‘rganadigan predmeti – tirik organizmlar, populyatsiyalar, turlar, biotik va biosferik darajada tashkil qilingan ekotizim va uning tashqi dunyo bilan o‘zaro aloqasidir. Ekologiyani o‘rganishning bosh obyekti – ekotizim yoki tabiiy komplekslarning birligi, tirik organizmlarning hosil bo‘lishi va ular yashaydigan muhitdir. Ekologiyaning bosh vazifasi – tabiat, jamiyat va ular bog‘liqligining yangi qarashlari, kishilik jamiyatini biosferaning bir bo‘lagi ekanligini boshqalarga o‘rgatishdir. Aslida ekologiyaning vazifasi turlicha bo‘lib, ekologik tizimlarning umumiy qonuniyatlari asosida ishlanmalar berishi, biologik xilma-xillikni o‘rganishi va uni saqlab qolish mexanizmini ishlab chiqish, inson ta’siri natijasida kutiladigan xavf-xatarni baholash va oldindan ko‘ra bilish, tabiiy resurslarni saqlab qolish, ko‘paytirish va undan rasional foydalanishdir. Ekologiya fanining rivojlanishi bosqichma-bosqich bo‘lib, o‘tgan asrning (XIX asrning) 60-yillaridan boshlanadi. Bu fanning rivojlanishi bosqichmabosqich amalga oshib bordi, dastlab ekologiya biologiya fanining bir bo‘lagi hisoblandi, XX asr boshlariga kelib, bir qator fidoyi olimlarning mehnati, ya’ni Ch.Adam va A.Tepsli, Ch.Elpeon, V.N.Sukachev va V.I.Vernadskiy, Aleksandr Gumgold, Charlz Darvin, V.V.Dokuchaev, G.F.Morozov, V.N.Sukachev va boshqalarning tabiatni hamda undagi tirik organizmlarni o‘rganishi orqali ekologiya fani shakllanib bordi. O‘zbekistonda ham bir qator olimlar bu fanning rivojlanishida o‘z hissalarini qo‘shishgan, K.Z.Zokirov, A.M.Muzaffarov, D.N.Qashqarov N.I.Granitov, T.Raximova, A.E.Ergashev va boshqalar o‘z asarlarida ekologiyaning ilmiy masalalarini bayon qilishgan. XX asrda O‘zbekistonda ekologiya fanining shakllanishi 1919-yilda O‘rta Osiyoda birinchi universitet – Turkiston davlat universiteti ochildi. 1923-yilda ushbu universitet O‘rta Osiyo davlat universiteti deb qayta nomlandi va shu yillardan boshlab bu yerda sobiq ittifoq olimlari faoliyat yurita boshladilar. Ana shu olimlar O‘rta Osiyo ekologiya fani rivojiga katta hissa qo‘shdilar. O‘rta Osiyo ekologiyasi fanining ilmiy asoschilari bo‘lgan D.N.Kashkarov va E.P.Korovinlar O‘ODU tashkil topgan vaqtlarda O‘zbekistonga kelib bioekologiya faniga asos solgan birinchi olimlardir. N.Kashkarov Sukachev bilan birgalikda biosenoz haqidagi fikrlarni rivojlantirdi. Geografiya bilan ekologiyani bir-biriga bog‘lab, O‘zbekistonning tog‘li, tog‘ oldi, adirlar, sahro o‘simliklari, ularning joylashishi landshaftini o‘rganib chiqdi. Bu olimlar vrachlar bilan birgalikda ilmiy ishlar olib borib, o‘simliklarning inson sog‘ligi yo‘lidagi vazifasini ko‘rsatib berdilar. Hayvonlar ekologiyasi bo‘yicha ish olib borgan olim A.Pavlovskiyning ham xizmatlari katta, bu olim hayvonlar, o‘simliklar va odamlar bir-biriga bog‘liq holda rivojlanishini ko‘rsatib berdi. D.N.Kashkarovning “Среда и сообщества”, “Sinekologiya” kitoblari ekologiya fani shakllanishiga xizmat qilib kelmoqda. Ushbu kitoblar 1933-yilda Ch.Adams tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Amerika va ingliz olimlari Ch.Elton, R.Chepman va boshqalar D.N.Kashkarovning ushbu kitoblarini o‘qib, ekologiya fani haqida fikr yurita boshladilar. Shuningdek, D.N.Kashkarov va E.P.Korovinlar birinchi bo‘lib “Sahro ekologiyasi” nomli monografiya yozdilar. Ekspeditsiyadan so‘ng ilmiy asoslarga tayanib yozilgan ushbu asarda mualliflar sahro o‘simliklari, ularning tarqalishi, biologiyasi, tarqalish areali haqida mufassal ma’lumotlar berdilar. O‘sha vaqtda dolzarb bo‘lgan ma’lumotlar berilgan asar tezlik bilan fransuz tiliga tarjima qilindi. P.Korovin O‘rta Osiyo fitoekologiyasini o‘zi borib, ko‘rib, ekspeditsiyalar o‘tkazib, haqqoniy ochib bergan fitoekolog olim hisoblanadi. Olim O‘rta Osiyo o‘simliklarining tarqalish zonalariga qarab, uning xaritasini chizib chiqdi. Quruqlik va sahrolarda floraning rivojlanishi biotsenozini o‘rganib, uni ilmiy asoslab berdilar. Bu ikki olim O‘rta Osiyo geografiyasi, landshaftlari, sahrolari, tog‘li hududlari, Qoraqum sahrosi evolyutsiyasi va gidriqlimini asoslab berdi. N.Babushkin ham shu maktabga oid olimlar davrasiga kiradi. O‘rta Osiyo ushbu olimlarning izlanishlari tufayli, sobiq Covet Ittifoqi baland tog‘li hududlar va sahrosining ekologiyasini o‘rganish uchun laboratoriya bo‘lib qolgan edi. R.I.Abolin 1920-yillarda birinchi marta O‘rta Osiyo landshaftlarining ta’rifini yozib, hududlarining tuproq-biologik xaritasini chizib chiqdi. Akademik R.U.Raximbekov bizning zamondoshimiz bo‘lib, aslida D.N.Kashkarov maktabining umidli shogirdlaridan biri, bu olim ekologiya va geografiya fanining rivoji uchun O‘rta Osiyo sahro va tog‘li hududlari biologiyasini o‘rganishda katta ilmiy izlanishlar olib bordi. “Biosfera” atamasini birinchi bo‘lib J.B.Lamark (1744-1829) fanga kiritdi va uning ma’nosi “hayot tarqalgan joy va yer yuzasida bo‘layotgan hayotiy jarayonlarga tirik organizmlarning ta’siri” deb ifodaladi. Lamarkdan so‘ng E.Zyuss 1875-yilda (Avstriya) “biosfera” atamasini ikkinchi bor fanga kiritib, unga aniq ta’rif beradi va “yerda tarqalgan maxsus qobiq” deb ifodalaydi. Shu tariqa o‘simliklar, hayvonlar, turlar ekologiyasi (populyatsiya) haqidagi fikrlar shakllandi. 1930-yillarda ingliz olimi Ch.Eltonning ilmiy ishlari asosida populyatsiya ekologiyasi vujudga keldi, bu olim ayrim individlarni o‘rganishda populyatsiyalarni birlik sifatida o‘rganishni taklif qildi. Ekologiyada yana bir tarmoq – tajribaviy ekologiya XX asrning 30yillarida G.F.Gauze nomi bilan bog‘liq bo‘lib, u tufelkalar ustida tajriba olib borib, “Tajriba ekologiyasi” faniga asos soldi. 1935-yilda ingliz olimi A.Tepsli “ekotizim” degan tushunchani kiritdi va bu so‘z tezda o‘z o‘rnini topdi. V.N.Sukachev 1942-yil “biogeosenoz” tushunchasini ilmiy asosladi, uning fikricha, organizmlar o‘zlari yashab turgan muhitdagi abiotik omillar bilan o‘zaro aloqada, barcha organizmlar va anorganik muhit bir-biriga bog‘liq, tabiatda modda aylanishi va energiyaning hosil bo‘lishi biogeotsenozning asosi hisoblanadi. Ekotizimning rivojlanishi V.I.Vernadskiy tomonidan biosfera ta’minotini ekologik asoslarda isbotlash imkonini berdi. Olimning fikricha, biosfera global ekotizim sifatida shakllandi, u ekologik qonuniyatlarga bo‘ysunadi, modda va energiya balanslarini bir holatda ushlaydi. 1964-yilda Xalqaro biologik dastur qabul qilindi, dastur asosida ona sayyoraning maksimal biologik hosildorligi va demografik holat, yer sharidan foydalanishga bo‘lgan talab olimlar tomonidan o‘rganib chiqildi. Ekologiya fani olimlarning olib borgan ishlari asosida sekin, bosqichma-bosqich o‘sib, yangi ilmiy tushunchalar bilan boyib bordi. Ekotizim, biotsenoz va biosfera olimlarning ilmiy ishlari natijasida fan sifatida shakllandi. Bu paytlarda hali insoniyat o‘zini tabiatning xo‘jayini va “biz tabiatni boshqarishni o‘rganishimiz kerak” deb hisoblardi. XIX asr oxirlari va XX asr boshlarida, ya’ni ekologiyaning shakllanish davrlarida J.B.Lamark va T.Maltus kabi olimlar tabiatga ta’sir qilish natijasida undan keladigan xavf-xatar to‘g‘risida insoniyatni ogohlantirishgan edi. Ekologiyaning rivojlanishi va shakllanishida Ch.Darvin organik dunyoda evolyutsiyaning asosiy qonuniyatlarini isbotladi, “yashash uchun kurash”, abiotik muhitda tirik organizmlarning o‘zaro va bir-biri bilan bog‘liqligini asoslab berdi. Evolyutsiya jarayoni hech kim tomonidan boshqarib va oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan tasodif mutatsiya hamda tabiiy tanlash natijasidir. Hozirgi zamonaviy evolyutsiya aniq ishonchli ilmiy bilimlarga asoslanadi va ish olib boradi. Ekologiya fanining hozirgi tarmoqlari qirqdan ziyod, kelajakda bu raqam yanada ko‘payishi aniq. Hozircha ekologiyani uchta yirik tarmoqqa bo‘lib o‘rganish mumkin. Bular: Umumiy ekologiya – tirik organizmlarning yashash muhitini va ularning o‘zaro bog‘liqlik qonuniyatlarini o‘rganadi. Nazariy ekologiya – hayotiy jarayonlar tashkillashuvidagi umumiy qonuniyatlarni o‘rganadi va ochib beradi. Amaliy ekologiya – insoniyat tomonidan biosferaga keltirilayotgan zarar mexanizmini o‘rganib, ushbu jarayonlarning oldini olish usullarini ishlab chiqadi va tabiiy muhitni himoya qilish va tabiiy resurslardan rasional foydalanish prinsiplarini ishlab chiqadi. Umumiy ekologiya o‘z navbatida quyidagilarga bo‘linadi: maxsus yoki autekologiya, populyatsion ekologiya yoki demoekologiya, turkum ekologiyasi yoki sinekologiya. Ekologiya vaqt oqimiga bo‘ysunib, tarixiy va evolyutsion ekologiyaga bo‘linadi, shuningdek, hozir o‘simliklar ekologiyasi, hayvonlar ekologiyasi, mikroorganizmlar ekologiyasi shakllandi. Bugungi kunda tabiiy rivojlanish oqibatlaridan kelib chiqib, global ekologiya fani yuzaga keldi va bu fan yer sharidagi ekologik muammolarni va biosferani global ekotizim sifatida o‘rganadi. Insonlarning tabiatga bo‘lgan munosabatlarini shakllantirishda yana bir maxsus fan – ijtimoiy ekologiya (sotsial ekologiya) paydo bo‘ldi. Bu fanni kishilik jamiyati va tabiatning o‘zaro aloqasi rivojlantiradi. Yana bir alohida bo‘lim – inson ekologiyasi (antropoekologiya), insonning bioijtimoiy tirik jon sifatida tashqi dunyo bilan o‘zaro bog‘liqligini o‘rganib boradi. Hozirgi zamon ekologiyasi siyosiy, huquqiy organlar, iqtisod, psixologiya, pedagogika va ma’naviyat bilan chambarchas aloqada bo‘lib, insonning tashqi muhit bilan o‘zaro aloqasi va bu boradagi muammolarni muttasil o‘rganib boradi. Uning vazifasi jamiyatda rivojlanishning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy yo‘nalishlari o‘sib borishi hamda fan va texnika yutuqlarining ayrim ko‘rsatkichlari natijasida inson va tashqi muhit o‘rtasidagi salbiy oqibatlarni minimumga keltirish borasida ish olib borish hisoblanadi. Ekologiya atamasi bugun asta-sekin har bir inson ongiga etib bormoqda, o‘zi yashab turgan muhit haqida o‘ylashga majbur qilmoqda. Ekologik qarashlar kishilik jamiyati va tabiat o‘rtasida biomarkaziy prinsiplarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Ekologiya tabiatdan rasional foydalanish va atrof-muhitni himoya qilishning nazariy poydevori bo‘lib hisoblanadi. Bugungi ekologiya fani inson ta’siri va atrof-muhit o‘rtasidagi murakkab muammolarni o‘rganadigan fanlar yig‘indisidir. Bu muammolarning dolzarbligi va murakkabligi natijasida ko‘pgina tabiiy, texnik va gumanitar fanlar ekologiyalashtirildi, natijada ekologiya tarmoqlarga bo‘linib, bir qator yo‘nalishlar barpo bo‘ldi, ular geoekologiya, qishloq xo‘jaligi ekologiyasi, injenerlik ekologiyasi, kosmik ekologiya, matematik ekologiya va boshqalar. Download 56.61 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling