O‘zbekistonda internetda xakerlarga qarshi uz-cert xizmati tashkil etildi


Download 31 Kb.
Sana22.03.2023
Hajmi31 Kb.
#1286468
Bog'liq
Maqola



O‘zbekistonda internetda xakerlarga qarshi UZ-CERT xizmati tashkil etildi
O ‘zbekistonda Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi (Uzinfocom) huzurida Kompyuter hodisalariga chora ko‘rish xizmati (UZ-CERT) tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar tarqatdi. Unda qayd etilishicha, milliy axborot tizimlari va internetdan foydalanuvchilar uchun yagona markaz bo‘lgan ushbu xizmat tomonidan axborot to‘plash, tahlil qilish, maslahat berish hamda texnik ko‘maklashish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
UZ-CERT xizmati mutaxassislarining aytishicha, barcha tashkilot faoliyatini batafsil o‘rganish, muvofiqlashtirish kiber-tahdidlarga qarshi kurashga yordam bermoqda. Internet-firibgarlik yoki foydalanuvchilar maxfiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish eng keng tarqalgan ana shunday xavflardan hisoblanadi. Bunday qing‘ir maqsadlarga, odatda, servis ichida mashhur brendlar nomidan elektron xatlar va shaxsiy ma’lumotlarni ommaviy tarqatish orqali erishiladi.
Agentlikning yozishicha, kiber-jinoyat butun dunyoda oddiy jinoyatlarga tenglashtirilmoqda, ularni sodir etgan shaxslar esa qonun bo‘yicha jazolanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish, kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib sodir etilgan o‘g‘irlik, axborotni noqonuniy to‘plash, uni oshkor etish yoki undan foydalanish kabi kompyuter jinoyatlari ko‘zda tutilgan. Jinoyatga daxldorligi ekspertiza tomonidan aniqlanadigan kompyuter, axborot manbalari – disklar, fleshkalar, IP-manzillar, tarmoq uskunalari tegishli ayblarni qo‘yishda dalil bo‘lishi mumkin. UZ-CERT xizmati xodimlari kiber-jinoyatni tekshirishda jinoyat izini yashirish maqsadida yo‘q qilingan ma’lumotlarni qayta tiklaydi.
“Kiber-tahdidlarning ko‘pligi va zararli dasturiy ta’minot mavjudligiga qaramay, jinoyatchilar ko‘pincha deyarli bir xil maqsad va vazifalarni ko‘zlab ish tutadi. Ular tarmoqlar bazaviy uzellari va axborot resurslari ishlash qobiliyati, tizimdagi axborotning buzilishiga sabab bo‘ladigan hujumlar, shuningdek, ma’muriy imtiyozlarga ega bo‘lishga qaratilgan turli tarmoq hujumlari hamda milliy axborot resurslari va alohida xostlarga yo‘naltirilgan «xizmat ko‘rsatishni rad etish» hujumlarini (DoS va DdoS-hujumlar) uyushtirmoqda. Xakerlar ko‘p hollarda boshqalardan ajralib turish niyatida kompyuter viruslari va zararli dasturlarni yaratish hamda tarqatishga ham tayyor”, deb yozadi O‘zA.
Axborot muhiti nomaqbul elektron yozishmalarni maqsadli tarqatishga asoslangan marketing tadqiqotlar yangi shakllarining rivojlanishi uchun qulay sohaga aylandi. Yovuz niyatli shaxslar axborot tizimi himoyasini buzib, uning faoliyatini izdan chiqaradigan zararli dasturlarni kiritmoqda. Saytga kirayotgan foydalanuvchi esa ko‘pincha yashirin xavf ostida qolayotganini o‘ylamaydi. Negaki, yaxshi bezatilgan va tegishli ravishda to‘ldirilgan resurs, bir qarashda, beozor ko‘ringani bilan, katta zarar yetkazishi mumkin.
Kompyuterdan foydalanuvchining tizimi va uskunalarining himoyalanish darajasi uning axborot texnologiyalarini yaxshi bilishi, o‘z ma’lumotlarini himoya qilish hamda kompyuterining ishlash qobiliyatini saqlay olishiga ham bog‘liqdir. Ixtisoslashtirilgan himoya dasturlari – antiviruslar shaxsiy kompyuterni himoya qilishning eng zamonaviy va ishonchli vositasi bo‘lib qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va boshqa internet-resurslarga kirish uchun faqat brauzerni ochishni biladigan foydalanuvchi uchun antivirusning eng muhim vazifasi – maksimal xavfsizlikni ta’minlash.
Shu bilan birga, kiber-xavfsizlikni ta’minlashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, xususan, ma’lumotlar uzatish bo‘yicha global tarmoq xizmatlarini taqdim etayotgan, xalqaro axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini yaratayotgan va internet-kafelar tashkil qilayotgan turli xo‘jalik sub’ektlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkentdagi ayrim internet-kafelar ma’murlarining so‘zlariga ko‘ra, axborot xavfsizligini ta’minlash eng muhim vazifalardan biridir. Bunda signaturalari har kuni yangilanadigan eng so‘nggi antiviruslardan foydalanish yaxshi samara beradi. Shuningdek, litsenziyaga ega dasturiy ta’minotdan foydalanish ham muhimdir.
Mobil aloqa tizimlarining shiddat bilan rivojlanishi, eng yangi texnologiyalarning zamonaviy mobil aloqa qurilmalariga integratsiyalashuvi mobil telefonlar uchun yaratilayotgan zararli dasturiy ta’minotlar ko‘payishiga olib kelmoqda. Ko‘p hollarda telefondan foydalanuvchilarning telefoni zararli dasturlar bilan zararlangani yoki zararlanmaganini aniqlashi juda qiyin. Profilaktika maqsadida o‘rnatilgan ilovalarni tez-tez tekshirib turish, notanish ilovalarni esa o‘chirib tashlash zarur. Batareya quvvatining tez yo‘qolishi, internet mavjud bo‘lsa-da, ma’lumotlar trafikining tezlik bilan oshishi, kontent-xizmatlar va xalqaro xizmatlarga pulli SMSlar yuborish, tizimning avval o‘rnatilgan dasturlarni qayta o‘rnatishni rad qilishi, mobil qurilmaning avtomatik tarzda qayta yuklanishi zararlanishning eng aniq belgilaridandir.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi paytlarda O‘zbekistondagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari saytlari turli xakerlar hujumiga uchrayotgan edi. Chunonchi, 12 iyun kuni O‘zbkekiston futbol federatsiyasi sayti Clone-Security xakerlar guruhi tomonidan ishdan chiqarilgan.

Manba: kun.uz


Download 31 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling