O'zbekistonda Islom moliyaviyasini rivojlantirish
Islom moliyasi haqiqatan juda qiziqarli mavzu. Sizning bu sohaga ishtiyoqingiz qachon paydo bo'lgan?
Download 22.19 Kb.
|
1 2
Bog'liqO\'zbekistonda Islom moliyaviyasini rivojlantirish
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ayol kishi uchun ilmni davom ettirish, ayniqsa, xorijda Phd qilish oson emas. Bu jarayonda turli qiyinchiliklar bolishi tabiiy...
Islom moliyasi haqiqatan juda qiziqarli mavzu. Sizning bu sohaga ishtiyoqingiz qachon paydo bo'lgan?
— Asli Qo'qon shahrida tug'ilib o'sganman. Oliy ta'limning bakalavr bosqichini ham Qo'qon davlat pedagogika institutining ingliz tili va adabiyoti fakul`tetida tamomladim. Ammo doim iqtisod va moliya sohasiga qiziqqanim bois, 2005 yilda Malayziya xalqaro islom universiteti (IIUM)ning iqtisod va menejment bo'limiga ikkinchi bakalavr yo'nalishi bo'yicha o'qishga kirdim. Bu erda o'qish juda maroqli kechar, islom bankchiligi bo'yicha ham ayrim darslar o'tilar edi. Hatto har bir o'tilgan fanning oxirgi ikkita darsida islom nuqtai nazaridan tushunchalar berilardi. Men uchun mutlaqo yangi bo'lgan bu ma'ruzalarni jon qulog'im bilan tinglardim. Bu yo'nalishga shu qadar qiziqib ketdimki, hatto magistratura bosqichini islom moliyasi bo'yicha davom ettirish istagi paydo bo'ldi. Ammo bu yo'nalishda narxlar biroz qimmatligi bois, hujjatlarimni Malayziya xalqaro islom universitetining an'anaviy moliya yo'nalishiga topshirdim. Bakalavr bosqichida moliya fanidan dars bergan ustozim hujjatlarimni an'anaviy moliya yo'nalishiga emas, balki islom bankchiligi va moliyasi fakul`tetiga topshirishni tavsiya qildi. Undan buning sababini so'raganimda, “O'zbekistonning aksariyat aholisi musulmon, ammo sizlarda bu yo'nalish hali u qadar rivojlanmagan. Bu sohani siz kabi talabalar o'rganib, o'z mamlakatida rivojlantirmasa, kim rivojlantiradi?” deb javob bergan edi. O'shanda domlamning maslahatiga kirib, hujjatlarimni shu bo'limga topshirdim va, buni qarangki, grant asosida o'qishga qabul qilindim. Ta'lim so'ngida o'zim niyat qilganimdek, O'zbekistonda islom bankchiligini tashkil etish mavzusida ilmiy ish qildim. Magistratura bosqichini tugatgach, oradan bir muddat o'tib, 2017 yilda Turkiyaning Istanbul universitetiga doktorantura bosqichiga o'qishga kirdim. Hozir “Islom moliyasi mahsulot va xizmatlari muhandisligida ribo (foiz)ning yashirin holati” mavzusidagi ilmiy ishim bilan bandman. — Ayol kishi uchun ilmni davom ettirish, ayniqsa, xorijda Phd qilish oson emas. Bu jarayonda turli qiyinchiliklar bo'lishi tabiiy... — Menimcha, kishida birinchi navbatda, kuchli ishtiyoq va intilish bo'lishi kerak. Chunki ilmiy ish qilish haqiqatan ancha qiyin jarayon. Bunda inson, asosan, yakka holda ishlaydi. Hech kim qo'lingizga tayyor narsani olib kelib tutqazmaydi. Sizga rahbarlik qilayotgan ustoz ham faqatgina yo'nalish beradi. Qolgan barcha ishni tadqiqotchining o'zi amalga oshirishi kerak. Odam nimagadir erishishi uchun, avvalo, maqsadni to'g'ri olishi va unga tomon og'ishmay harakat qilishi lozim. Ilmda ham shunday. Biz nima istayotganimizni to'liq anglab etmagunimizcha biror narsaga erisha olmaymiz. Asosiysi, inson o'zi qilayotgan ishidan zavqlanishi va o'zi uchun motivatsiya yarata olishi kerak. Bu jarayonda oila a'zolari, yaqinlarning qo'llab-quvvatlashi ham muhim ahamiyatga ega. Oilamizda islom moliyasi yo'nalishida o'qigan yoki shu sohada faoliyat yuritgan kishilar bo'lmagan. Shunga qaramay, ota-onam va yaqinlarim meni doim qo'llab-quvvatlab keladi. Ularning ishonchi menga yanada ko'proq rag'bat beradi. Bu borada ustozlarimning ham yordami katta ekanini alohida ta'kidlashim joiz. Malayziyada o'qigan kezlarim menga tahsil bergan ustozlarim — professorlar Mustafo Umar, YUnus Sualhi, Kameel Mideen Meeradan nihoyatda minnatdorman. Ayni paytda ilmiy ishimga rahbarlik qilayotgan ustozim Mehmet Sarachga ham hurmatim baland. U menga barcha masalalar, xususan, Turkiya banklaridan ma'lumotlar olishimda doim yaqindan yordam berib keladi. — Bugun O'zbekistonda ham islom moliyaviy xizmatlariga qiziquvchi yoshlar soni ortib bormoqda. Mazkur sohada sifatli ta'lim olish istagidagi o'g'il-qizlar uchun qaysi xalqaro oliy o'quv yurtlarini tavsiya eta olasiz? — Islom moliyasi islom huquqshunosligi doirasida barcha islom banklari faoliyatini tartibga soluvchi asosiy soha bo'lib, uning o'tgan o'n yillik ichidagi o'sish sur'ati dunyo bo'ylab bu sohada bilim olish va ilmiy izlanishlar ustida ishlashga bo'lgan qiziqishning keskin oshishiga sabab bo'ldi. Bugun Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlari Turkiya universitetlarida bakalavr, magistr va doktorlik darajalarini olish imkoniyati Bahrayn, Saudiya Arabistoni yoki Iordaniya oliy o'quv yurtlaridagiga qaraganda yuqoriroq. Bu borada, ayniqsa, Istanbul universiteti, Istanbul Sabahattin Zaim hamda Sakarya universitetlari juda mashhur. Vaqf asosida moliyalashtiriluvchi Istanbul Sabahattin Zaim universiteti islom moliyasi bo'yicha taniqli olimlar ma'ruzasi va mahorat darslaridan bahramand bo'lish imkoniyati, turli sertifikatlangan dasturlar taqdim qilish hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etishda ham etakchi hisoblanadi. Qatar va Birlashgan Arab Amirligida ham islom moliyasi yo'nalishida ta'lim beradigan bir nechta oliy ta'lim muassasalari mavjud. Qatardagi Hamad Bin Khalifa, BAAdagi Emirates Institute for Banking and Finance Studies va Hamdan Bin Mohammed Smart universitetlari islom moliyasi bo'yicha bakalavr, magistr darajasi, shuningdek, ta'lim sertifikati taklif etuvchi nufuzli muassasalardan hisoblanadi. Mazkur OTMlarning barchasida ta'lim ingliz tilida olib boriladi. Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida esa Malayziya islom moliyasi ta'limi markazi hisoblanadi. Bu erdagi eng taniqli ta'lim muassasalari qatoriga Xalqaro islom moliya ta'limi markazi (INCEIF), Malayziya xalqaro islom universiteti (IIUM) huzuridagi Islom bank ishi va moliyasi instituti (IBFIM) hamda shariat masalalari bo'yicha Xalqaro tadqiqot akademiyasi (ISRA)ni kiritish mumkin. Hozirda Islom banklari nafaqat musulmon o'lkalar, balki musulmon aholisi 5 foizni tashkil qiladigan davlatlarda ham rivojlanib bormoqda. 1975 yilda ish boshlagan Islom hamkorlik tashkilotining ixtisoslashtirilgan yirik tuzilmasi — Islom taraqqiyot banki jahonning ko'plab davlatlarida moliyalashtirish ishlarini olib boradi. O'zbekistonning mazkur tuzilma bilan hamkorligi 1991 yillardayoq boshlangan. O'shanda Islom taraqqiyot banki Buxoro shahridagi bir qator tarixiy obidalar rekonstruksiyasi uchun grantlar ajratgan. Mazkur hamkorlik aloqalari yildan-yilga rivojlanib bordi. O'zbekiston 1996 yildan Islom hamkorlik tashkiloti, 2003 yildan Islom taraqqiyot bankining to'laqonli a'zosiga aylandi. Bundan uch yil oldin Islom taraqqiyot banki hamda O'zbekiston hukumati o'rtasida 2018-2021 yillar davomida 1,3 milliard AQSH dollar miqdorida mablag' ajratiladigan hamkorlik strategiyasi imzolandi. Mazkur strategiya asosida amalga oshiriladigan moliyalashtirish mamlakat hayotining barcha sohalari, xususan, qishloq xo'jaligi, uy va yo'l qurilishi, ta'lim va boshqa tarmoqlarni qamrab olishi belgilandi. Bugun mamlakatimizda islom tashkilotlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o'rnatilgan bo'lsada, islom moliya xizmati biz uchun nisbatan yangi yo'nalish hisoblanadi. Bilasizmi, men islom moliyasini o'rganish barobarida doim bu tizimni yurtimizda rivojlantirishni orzu qilaman. Tan olishimiz kerak, ko'p yillar davomida bizda bunday sharoit deyarli bo'lmagan. Shu bois, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida islom moliyaviy xizmatlarini joriy qilish uchun huquqiy bazani yaratishning vaqti kelgani borasidagi so'zlari meni nihoyatda to'lqinlantirdi. Bu, albatta, katta ishning boshlanishi. Men kabi ko'plab yoshlar endilikda islom moliya xizmati yo'lga qo'yilishini orziqib kutmoqda. Hozirda bir qator banklar o'z darchalarini ochish ustida ish olib bormoqda. Amaliy jihatdan olib qaraydigan bo'lsak, mamlakatimizda islom moliya xizmatlarini tashkil etish zaruriy ehtiyojga aylanayotganini ko'rish mumkin. Boisi, bank xizmatlari, kredit olish masalalarida ham insonlarning istaklari turfa xil. Islom moliyasini joriy etish esa odamlarning tanlov imkoniyatlarini oshiradi. Albatta, bu o'z-o'zidan sodir bo'ladigan jarayon emas. Islom moliyasini tashkil etish va rivojlantirish uchun mobil bank xizmatlari, mijozlar va bank xodimlarining islom moliyasi negizlari hamda mahsulotlari haqidagi tushunchalari, an'anaviy banklar bilan sog'lom raqobatni amalga oshirish kabi muhim jihatlar to'g'risida ham chuqur o'ylashimiz kerak bo'ladi. Mazkur tizimni yurtimizda joriy etish va ommalashtirishda shubhasiz, xorijda tahsil olib, yangi g'oyalar, ilg'or tajriba va innovatsiyalarni olib kelayotgan yoshlar, bilimga chanqoq, yuqori intellektual salohiyatga ega o'g'il-qizlarning hissasi katta bo'ladi. Zero, mening ham asosiy maqsadim islom moliyaviy xizmatlarini O'zbekistonda rivojlantirib, amalda qo'llanilishiga o'z hissamni qo'shishdan iborat. Download 22.19 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling