O’zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi
О‘zbekiston Respublikasining nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari
Download 0.52 Mb.
|
УМК Ўзб.энг янги тарихи 2021-22
- Bu sahifa navigatsiya:
- Yoshlar huquqlari tо‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish
- Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish
- Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni о‘tkazishga
- Orolbо‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish
- Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ga (YEXHT
- Shimoliy Atlantika mamlakatlari tashkiloti
- MDHning tashkil topishi va kо‘ptomonlama hamkorliklar.
- Mazkur hujjatda SSSR davlatining faoliyati va SSSR Konsitusiyasi tо‘xtatiladi, deb e’lon qilindi.
2.О‘zbekiston Respublikasining nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari.
О‘zbekiston – BMT munosabatlari. Davlatlar va millatlar о‘rtasidagi nizo va ziddiyatlarni tinch yо‘l – muzokaralar orqali hal etishda eng nufuzli xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning о‘rni kattadir. О‘zR о‘zining xohish-irodasi va taklifiga kо‘ra 1992 yil 2 martda BMTga qabul qilindi. О‘zbekiston BMT Nizomini, xalqaro huquqiy meyorlarni, davlatlararo muomala qoidalarini, shuningdek, BMT tarkibiga kiruvchi xalqaro tashkilotlar talablariga rioya qilishini bildirdi. Mamlakatimiz jahon hamjamiyatining tо‘la teng huquqli a’zosi bо‘ldi. 1993 yil fevralda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ochildi va u ish boshladi. Prezident I.Karimovning BMT Bosh Assambleyasining 1993 yil sentabrda bо‘lgan 48-sessiyasida ishtirok etishi va unda qilgan ma’ruzasi О‘zbekistonni jahonga kо‘hna va navqiron davlat sifatida namoyon etdi. О‘zbekiston Respublikasi nomidan Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlik masalalari bо‘yicha BMTning Toshkentda doimiy ishlovchi seminarini chaqirish, narkobiznesga qarshi kurashni kuchaytirish, Orol muammosini hal etish va boshqa masalalar bо‘yicha bir qator takliflarni о‘rtaga qо‘ydi. О‘zbekiston Respublikasi va BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi mamlakatimizda BMTning Taraqqiyot dasturi, qochoqlar ishi bо‘yicha oliy qо‘mita komissari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Aholi joylashish jamg‘armasi, Narkotik moddalarni nazorat qilish dasturi, Sanoat taraqqiyoti dasturi, Bolalar jamg‘armasi singari ixtisoslashgan muassasalarni о‘z tarkibiga birlashtirishga muvaffaq bо‘ldi. 1993-1997 yillarda BMT vakolatxonasiga boshchilik qilgan Xolid Malikning faol ishtirokida О‘zbekistonda kо‘plab xalqaro tadbirlar о‘tkazildi. Chunonchi, Toshkentdagi BMTning qochoqlar ishi bо‘yicha oliy qо‘mitasi komissarining vakili tojik qochoqlarni yurtiga qaytarish, ularga BMTning insonparvarlik yordamini yetkazish bо‘yicha katta tadbirlarni amalga oshirdi. 1994 yil oktabrning boshlarida BMT vakolatxonasining yordami va ishtirokida Toshkentda bо‘lgan jahon sayyohlik tashkilotining «Ipak yо‘li» xalqaro yig‘ilishi jahon sayyohlik va tijorat ishlarida О‘zbekistonning mavqeini yanada kо‘tardi. 1995 yil 20 yanvarda Toshkentda BMT vakolatxonasi bilan hamkorlikda seminar-kengash bо‘lib о‘tdi. Unda О‘zbekiston taraqqiyotining strategik muammolari, о‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yо‘llari muhokama etildi. О‘zbekiston о‘zining BMT ishidagi ishtirokini Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va tinchlikni ta’minlashning keskin muammolariga jahon jamoatchiligi e’tiborini qaratish imkoniyati deb biladi. О‘zbekistonning tashabbusi bilan va BMT rahnamoligida 1995 yil 15-16 sentabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-kengash bо‘lib о‘tdi. Xalqaro kengashda ishtirok etgan 31 davlat va 6 xalqaro tashkilotdan kelgan muxtor vakillar mintaqa xavfsizligini ta’minlash, mojarolarning oldini olish, integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishning ishonchli tizimini barpo etish masalalari yuzasidan takliflarini aytdilar. О‘zbekiston BMTning 50 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda faol qatnashdi. Mamlakatimiz Prezidenti I.Karimov BMT Bosh Assambleyasining 1995 yil 22-24 oktabrda bо‘lgan yubiley sessiyasida qatnashib nutq sо‘zladi. Prezident о‘z nutqida bu nufuzli xalqaro tashkilot faoliyatini yaxshilashga doir takliflarni bayon etdi. Umumjahon xavfsizligi mintaqaviy xavfsizlikka erishishdan boshlanadigan jarayon ekanligi, mintaqalar xavfsizligini ta’minlash yо‘li bilangina jahon xavfsizligini ta’minlash mumkinligi alohida ta’kidlandi. Afg‘onistondagi urushga barham berish uchun unga tashqi kuchlarning aralashuvini bartaraf etish, qurol olib kirishni taqiqlash takliflari ilgari surildi. Shuningdek, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, qurol savdosini cheklash tо‘g‘risida, Orol dengizining qurib borishi bilan bog‘liq ekologik muammoni hal etishga xalqaro moliya tuzilmalarini va rivojlangan mamlakatlarni jalb qilish, BMTning tashkilotchilik ishini faollashtirish tо‘g‘risida bir qator takliflar ilgari surildi. Xalqaro tashkilotlar va nufuzli davlatlar bu takliflarni ma’qulladilar va muammolarni hal qilishga kо‘maklashdilar. 1997 yil 15-16 sentabr kunlari Toshkentda «Markaziy Osiyo – yadro qurolidan xoli zona» mavzuida xalqaro konferensiya bо‘lib о‘tdi. Uning ishida 56 davlat va 16 xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etdi. Ushbu masala yuzasidan О‘rta Osiyo va Qozog‘iston davlatlari Tashqi ishlari vazirliklarining Bayonoti imzolandi. Unda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari, barcha davlatlar Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani barpo etish tashabbusini qо‘llab-quvvatlashga va uni barpo etishga kо‘maklashishga chaqirildi. 2006-yilda ushbu masala bo‘yicha shartnoma imzoladilar. 2009-yilning mart oyidan boshlab mazkur shartnoma kuchga kirdi. Bu mazkur mintaqa xavfsizligini mustahkamlashning eng kafolatli yо‘llaridan biri edi. O’zbekistonning BMTga yo‘llagan afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish masalasida muloqot guruhi tashkil etish haqidagi taklifi asosida 1997-yilda BMT homiyligida „6+2“ guruhi tashkil etildi. O’zbekiston guruhning asosiy ishtirokchisi bo‘ldi. 1999 yilning 19-20 iyul kunlarida Toshkentda BMT homiyligida Afg‘oniston bо‘yicha «6+2» guruhining navbatdagi uchrashuvi bо‘lib о‘tdi. Unda guruhga a’zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari о‘rinbosarlari darajasidagi delegatsiyalari, BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bо‘yicha maxsus elchisi Laxdar Braximiy ishtirok etdi. Uchrashuv yakunida Afg‘onistondagi mojaroni hal etishning asosiy tamoyillari tо‘g‘risida Toshkent Deklaratsiyasi imzolandi. 2000-yil oktabr oyida Toshkentda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, giyohvand moddalar tijorati, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O’zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2001-yilda BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha maxsus qo‘mitasi ta’sis etildi. 2000 yilning 8 sentabrida О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov BMT Bosh Assambleyasining sessiyasida qatnashdi. 150 dan kо‘proq mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etgan ushbu sessiyada I.A.Karimov nutq sо‘zladi. Tashrif davomida Islom Karimov Nyu-Yorkda bir qator uchrashuvlar о‘tkazdi. 2002 yilning 18-20 oktabr kunlari BMTning bosh kotibi Kofi Annanning yurtimizda bо‘lishi О‘zbekistonning bu tashkilotga a’zo bо‘lgandan keyingi va Prezidentimiz I.Karimovning BMT minbaridan sо‘zlagan nutqidan keyingi eng e’tiborli voqealardan biri bо‘ldi. 2010-yil aprel oyida BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning O’zbekistonga tashriflari mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni mustahkamlanib, obro‘-e’tibori ortib borayotganining dalilidir. O’zbekiston Prezidenti I. Karimov 2010-yil 22-sentabrda BMT sammiti Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan yalpi majlisida so‘zlagan nutqida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha ilgari tanlangan yo’l kutilgan natijani bermaganligini ta’kidladi. O’zbekiston tomonidan 2008-yilda taklif etilgan BMT shofeligida 6+3 muloqot guruhini tuzishini taklif etdi. Bu tashabbusning mohiyati shundaki, afg‘onistonliklar o‘z mamlakati muammolarini o‘z manfaatlari, an’analari, urf-odatlaridan kelib chiqqan holda Afg‘onistonga chegaradosh 6 mamlakat + AQSH, Rossiya va NATO ko‘magida o‘zlari hal etishlari zarurligi ta’kidlandi. О‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida о‘z an’analariga doimo sodiq bо‘lib, bu yо‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari bormoqda. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari о‘rtasida о‘zaro hurmat, dо‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e’tibor qaratilgan. Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni kо‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir. О‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor 2017 yil 12 sentabrda Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida chiqish qildi. Prezidentimiz nutqi xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olini. Xususan, SH.Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari о‘tkazishni yо‘lga qо‘yish, BMTning «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglrik» maxsus rezolyusiyasini qabul qilish, BMTning Yoshlar huquqlari bо‘yicha konvensiyasini ishlab chiqish, Orolbо‘yi muammosiga e’tiborni oshirish va Afg‘oniston muammosini hal etish kabi masalalarga oid 5 ta takliflarni ilgari surdi. 2020 yilga kelib bu takliflardan 4 tasi amalga oshdi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari muntazam о‘tkazilmoqda. 2018 yil dekabrda BMT Bosh Assambleyasi «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyusiyasini tasdiqladi, shu yili Orolbо‘yi mintaqasida insonlar xavfsizligi bо‘yicha kо‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi. Ayni paytda BMTning Yoshlar huquqlari bо‘yicha konvensiyasi loyihasi bо‘yicha ishlar davom etmoqda, shu maqsadda inson huquqlari bо‘yicha 2020 yil avgust oyida “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzuida Samarqand forumi о‘tkazildi. 2018 yil martida Toshkentda Afg‘oniston bо‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya tashkil etilib, uning yakunida deklaratsiya qabul qilindi. О‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 23 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarda ishtirok etdi. Jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat tufayli sessiya BMT tarixida ilk bor videoanjuman shaklida о‘tkazildi. Davlatimiz rahbari BMTda oliy minbaridagi 2-marotaba chiqishida mustaqil О‘zbekiston tarixida ilk marta davlat tili – о‘zbek tilida nutq sо‘zladi. Mamlakatimiz rahbari SH.Mirziyoyev о‘z nutqida mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim о‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning eng muhimlari quyidagi takliflardan iborat bо‘ldi: -BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari tо‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklif etildi; -Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni о‘tkazish bо‘yicha taklifi ma’qullandi; -Yoshlar huquqlari tо‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish bо‘yicha О‘zbekiston tashabbusini qо‘llab-quvvatlashga chaqirildi; -Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish tо‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish taklif etildi; -BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklif etildi; -Mintaqaviy qо‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani о‘tkazish taklif etildi; -2021 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni о‘tkazishga О‘zbekiston tayyorligi ma’lum qilindi; -BMT huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat kо‘rsatadigan qо‘mita tashkil etish taklif etildi; -Orolbо‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish taklif etildi. Shuningdek, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi; О‘zbekiston 1992 yil 26-fevralda tinchlikni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish bо‘yicha katta tadbirlarni amalga oshirayotgan nufuzli xalqaro tashkilot – Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga (YEXHT) a’zo bо‘lib kirdi. Islom Karimovning 1992 yil 9-10 iyulda bо‘lib о‘tgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining majlisida ishtirok etishi, unda nutq sо‘zlashi va Kengashning 10 iyulda bо‘lgan majlisida raislik qilishi О‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib о‘rin egallab borayotganligiga yana bir ishonchli dalil bо‘ldi. Prezident о‘z nutqlarida u yoki bu mintaqada tinchlik va barqarorlikni buzishi mumkin bо‘lgan mojarolar oldini olish, mojarolarga yо‘l qо‘ymaslik muammolari bilan shug‘ullanuvchi mexanizmni vujudga keltirish, tashkilot qabul qilayotgan hujjatlarning ta’sirchanligini oshirish takliflarini ilgari surdi. 1994 yil 28-30 sentabrda Toshkentda YEXHTning umumiy masalalarga bag‘ishlangan xalqaro anjumani о‘tkazildi. Unda tashkilot faoliyatining barcha qirralariga oid masalalar kо‘rib chiqildi. YEXHT Toshkentda va Urganchda atrof-muhitni qayta tiklash bо‘yicha seminarlar о‘tkazdi. Mazkur xalqaro tashkilot Orol muammosini hal qilishga kо‘maklashmoqda. 1995-yil iyulda Toshkentda YEXHTning aloqalar bо‘yicha mintaqaviy byurosi ochildi va faoliyat kо‘rsatmoqda. YEXHTning 1996 yil dekabrda Lissabon sammitida XXI asr arafasida yalpi xavfsizlik modelini yaratish xususida munozara bо‘ldi. О‘zbekistonning mojarolar yuz berib turgan hududlarga yashirincha qurol-yarog‘ yetkazib berishni tо‘xtatish, YEXHTning Markaziy Osiyo faoliyatini kuchaytirishga oid takliflari ma’qullandi va Lissabon Deklaratsiyasiga kiritildi. О‘zbekiston tashabbusi bilan 1996 yilning 11-13 sentabr kunlari Toshkentda YEXHT Demokratik muassasalar va inson huquqlari bо‘yicha Byurosi (DIIHB)ning «Inson huquqlari bо‘yicha milliy muassasalar» mavzusidagi xalqaro seminar-kengash bо‘lib о‘tdi. Unda Markaziy Osiyo, Yevropa, Amerikadagi 21 mamlakat ekspertlarining, shuningdek, 29 ta xalqaro va nohukumat tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Seminar, kengashda Markaziy va Sharqiy Yevropada Ombudsman instituti, inson huquqlari bо‘yicha milliy muassasalar faoliyatini rivojlantirish, qonunchilik tizimini takomillashtirish, xalq ta’limi va ommaviy axborot vositalarining inson huquqlari sohasidagi roli masalalari kо‘rib chiqildi. 1999 yilning 18-19 noyabrida Istambulda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo 54 davlat boshliqlarining oliy darajadagi uchrashuvi bо‘lib о‘tdi. Uchrashuvda О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi qatnashdi. I. Karimovning xalqaro terrorchilikka qarshi kurashuvchi xalqaro markaz tuzish haqidagi taklifi ham ma’qullandi. Istambul sammitida Yevropa Xavfsizlik Xartiyasi, Istambul Deklaratsiyasi va boshqa bir qator xalqaro hujjatlar imzolandi. 2000 yilning 2 iyunida Prezidentimiz I.Karimov Oqsaroyda YEXHT ning raisi, Avstriya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Benito Ferrero-Valdner boshchiligidagi mazkur tashkilot delegatsiyasi a’zolarini qabul qildi. Suhbat davomida О‘zbekiston va YEXHT о‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashindi. YEXHT tashkilotining bosh kotibi Y.Kubish 2002 yilning 6-7 aprel kunlari tashrif buyurgan bо‘lsa, kо‘p о‘tmay YEXHT parlament assambleyasi delegatsiyasi 9-13 aprel kunlari О‘zbekistonda mehmon bо‘ldi. О‘zbekiston bilan Shimoliy Atlantika mamlakatlari tashkiloti – NATO о‘rtasida о‘zaro tushunish va hamkorlik mavjud. 1995 yil iyulida О‘zbekiston NATOning «Tinchlik yо‘lida hamkorlik» dasturiga qо‘shildi. О‘zbekiston bu dasturdagi ishtirokiga о‘z mustaqilligini mustahkamlash, hozirgi zamon harbiy-texnikaviy yutuqlardan foydalanish, harbiy kadrlar tayyorlashda imkoniyatlarni kengaytirish nuqtai nazaridan qaraydi. «Tinchlik yо‘lida hamkorlik» dasturi doirasida 1995 yilda AQShda, 1997 yili Qozog‘iston va О‘zbekistonda о‘tkazilgan harbiy mashqlarda О‘zbekiston harbiy qismlarining ishtiroki zobit va askarlarning harbiy-texnik tayyorgarligini yanada kо‘tarishga xizmat qildi. О‘zbekiston jahondagi 105 mamlakatni birlashtiruvchi qо‘shilmaslik harakatining a’zosidir. U bо‘lajak jahon parlamentining timsoli bо‘lmish Parlamentlararo Ittifoqqa kirdi. O’zbekiston mustaqil davlat sifatida sayyoramiz ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha Vena konvensiyasiga, ozon qatlamini kamaytiradigan moddalar haqidagi Monreal Protokoliga, atrof-muhitga ta’sir etuvchi vositalarni harbiy yoki boshqa dushmanlik maqsadida qo’llashni taqiqlovchi konvensiyaga, yadro qurolini tarqatmaslik haqidagi shartnomaga qo‘shilgan. О‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan integratsiyalashuvida BMT doirasidagi ixtisoslashgan tashkilotlar bilan hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Jumladan, uning BMT homiyligida ta’lim, fan va madaniyat bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot – YUNESKO bilan aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. 183 davlat a’zo bо‘lgan YUNESKOning bosh maqsadi – barcha xalqlar kelajagining umumiyligi asoslarini ishlab chiqish va rivojlantirish, hozirgi zamon muammolarini yanada chuqurroq о‘rnatishga kо‘maklashishdan iborat. YUNESKO har yili о‘z faoliyati doirasida jahonda 150-200 yirik tadbir о‘tkazadi. U har bir davlatdagi ilg‘or tajribalarni о‘rganuvchi va boshqalarga tarqatuvchi «g‘oyalar laboratoriyasi» rolini bajarmoqda. 1993 yil 29 oktabrda YUNESKOning Parijdagi qarorgohida О‘zbekistonni YUNESKO a’zoligiga qabul qilish marosimi bо‘lib о‘tdi. Shu kuni vatandoshimiz, buyuk olim Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligini nishonlash YUNESKO dasturiga kiritildi. 1994 yil Parijda Mirzo Ulug‘bek haftaligi tantana bilan о‘tdi. Mamlakatimizning qadimiy shaharlari Xiva va Buxoro YUNESKOning jahon madaniy qadriyatlar rо‘yxatiga kiritildi. Bu rо‘yxatda 411 ta obyekt bor. 1994 yil dekabrda Toshkentda YUNESKO ishlari bо‘yicha О‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi tashkil etildi. Komissiya idoralararo organ bо‘lib, uning tarkibiga ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohasidagi vazirliklar va idoralardan 49 kishi a’zo bо‘ldi. YUNESKO Markaziy Osiyo taraqqiyotini о‘rganish, tiklash va ommalashtirishga katta ahamiyat berishga kirishdi. UNESCO Markaziy Osiyo taraqqiyotini o‘rganish, tiklash va ommalashtirishga katta ahamiyat bermoqda. „Ipak yo’li – muloqot yo’li“ deb nomlangan yirik tadqiqotda Markaziy Osiyoga birinchi darajali ahamiyat berildi. YUNESKO qaroriga binoan 1995 yilda Samarqandda Markaziy Osiyo tarixini tadqiq qilish xalqaro instituti tashkil etildi. YUNESKO Bosh direktori Federiko Mayor Markaziy Osiyo tarixini tadqiq qilish xalqaro institutini tantanali ravishda ochdi. YUNESKO bobomiz Amir Temur tavalludining 660 yilligini xalqaro miqyosda nishonlashga qaror qildi va 1996 yil oktabrda Parijda Amir Temurga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bо‘lib о‘tdi. 1997 yilda jahon madaniyatining durdonalaridan hisoblangan Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yillik muborak sanalari Parijda keng nishonlandi. Bu О‘zbekiston bilan YUNESKO о‘rtasidagi hamkorlikning yana bir yorqin ifodasi bо‘ldi. 1997 yil 19-20 oktabr kunlari Vatanimizda Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi munosabati bilan bо‘lib о‘tgan ulkan tantanalarda BMT, YUNESKO va boshqa kо‘plab xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning elchilari ishtirok etdilar. 1998 yilning 6 noyabr kuni Parijda ochilgan YUNESKO Ijroiya kengashi 155-sessiyasining yakunlovchi majlisi Toshkentda bо‘lib о‘tdi. Sessiyada О‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov nutq sо‘zladi. Shu kunning о‘zidayoq О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov YUNESKOning Bosh direktori Federiko Mayor va YUNESKO Ijroiya kengashi raisi Pol Potoki boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Suhbat davomida hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashuvlar bо‘ldi. 2000 yil iyulda esa Toshkentda Osiyo va Tinch Okean mintaqasi mamlakatlari YUNESKO ishlari bо‘yicha milliy komissiyalarining XII mintaqaviy konferensiyasi bir hafta davom etdi. Shu yilning 13 sentabrida esa Prezidentimiz tomonidan YUNESKO Bosh direktori lavozimiga saylangan Kongiro Matsuuruni qabul qildi. Suhbat davomida О‘zbekiston bilan YUNESKO hamkorligini yanada rivojlantirish haqida fikrlashib olindi. YUNESKO homiyligida 2001 yili ulug‘ fiqhshunos olimlari, islom olamining mashhur ulamolari Burxoniddin Marg‘inoniy va Abu Mansur Moturidiyning yubileylari, 2002 yili Shahrisabz shahrining 2700 yilligi, Termiz shahrining 2500 yilligi, 2003 yili esa buyuk mutasavvuf Abduholiq G‘ijduvoniy tavalludining 900 yilligi keng nishonlandi. MDHning tashkil topishi va kо‘ptomonlama hamkorliklar. 1991 yilning avgust-sentabr oylariga kelib sobiq SSSR tarkibidagi barcha 15 ta respublika о‘zini mustaqil davlat deb e’lon qilingan bо‘lsa-da, SSSR Prezidenti, parlamenti, hukumati о‘z faoliyatini tugatmagan edi. 1991 yil 8 dekabrda Rossiya, Ukraina va Belorus rahbarlari Belovejskoe Pushcheda (Minsk, Belorus) Mustaqil Davlatlar Hamdо‘stligi (MDH)ni tuzish tо‘g‘risidagi Bitimni imzoladilar. 1991 yil 13 dekabrda Ashxabodda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va О‘zbekiston Davlat boshliqlari uchrashib, MDHni tuzish tо‘g‘risida Minskda imzolangan Bitimni muhokama qildilar va Bayonot qabul qildilar. 1991 yil 21 dekabrda Almatida MDHni tuzish tо‘g‘risidagi Bitimga Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va О‘zbekiston ham imzo qо‘ydilar. Shu kuni ushbu davlatlar rahbarlari Rossiya, Ukraina va Belorus rahbarlari bilan birgalikda «Mustaqil Davlatlar Hamdо‘stligining maqsad va tamoyillari tо‘g‘risidagi Shartnoma»ni imzoladilar. Shartnomada yagona iqtisodiy makon, yagona valyuta va moliya-bank tizimi bо‘lishi, fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik qilinishi, tashqi siyosat va armiya sohasidagi siyosat kelishilgan holatda yuritilishi qayd etildi. Mazkur hujjatda SSSR davlatining faoliyati va SSSR Konsitusiyasi tо‘xtatiladi, deb e’lon qilindi. Kengashda Almati Deklaratsiyasi qabul qilindi. MDH davlatlari boshliqlarining Almati kengashi maxsus qaror qabul qilib, Hamdо‘stlik a’zolari bо‘lgan davlatlarning BMT Nizomi bо‘yicha majburiyatlarni bajarish niyatida ekanligini va BMTga a’zo bо‘lish istaklarini bildirdilar. 1993 yilda MDHga Gruziya qо‘shildi. Bu bilan MDHga a’zo bо‘lgan davlatlar soni 12 taga yetdi. MDH oldida katta muammolarni yechish uchun Hamdо‘stlik mamlakatlari davlat va hukumat boshliqlari tez-tez uchrashib, muhim hujjatlar va tadbirlar ishlab chiqdilar. Jumladan, 1991 yil 30 dekabrda Minskda MDH davlatlari boshliqlarining Kengashida MDH mamlakatlari о‘rtasida о‘zaro manfaatli hamkorlikni yо‘lga qо‘yishga qaratilgan muhim masalalar kо‘rib chiqildi. 1992 yil 15 mayda Toshkentda о‘tkazilgan MDH mamlakatlarining navbatdagi Kengashida moliyaviy ahvol va bu sohadagi hamkorlik haqida, havo bо‘shlig‘idan foydalanish haqida, kosmik dasturlarni bajarishga pul ajratish tо‘g‘risida, chegara qо‘shinlarini pul bilan ta’minlash tо‘g‘risida, qurolli kuchlarni qisqartirish tо‘g‘risida bitimlar va boshqa hujjatlar imzolandi. 1994 yil 21 oktabrda Moskvada о‘tkazilgan MDH davlat boshliqlarining Kengashida asosiy e’tibor MDH mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyasiga doir masalaga qaratildi. MDH davlatlari о‘rtasida integratsiyani rivojlantirishning asosiy yо‘nalishlari haqida memorandum imzolandi. Unda iqtisodiy hamkorlikning asosiy yо‘nalishlari, integratsiyaviy taraqqiyotning istiqbol rejalari belgilab berildi. Mazkur Kengashda Davlatlararo iqtisodiy qо‘mita (DIQ) tuzildi. DIQning maqsadi MDH a’zolari о‘rtasida iqtisodiy aloqalarni tartibga solish, integratsiya jarayonlarini samarali rivojlantirishni ta’minlashdan iborat, deb belgilandi. DIQning shtab-kvartirasi Moskva shahri deb belgilandi. 1995 yil 10 fevralda Almatida MDH mamlakatlari davlat va hukumat boshliqlarining uchrashuvi bо‘lib о‘tdi. Unda MDH a’zolari bо‘lgan mamlakatlar chegaralarini qо‘riqlashda hamkorlik qilish konsepsiyasi muhokama qilindi. Ammo masalaning xarakteri va mazmuni haqida bir-birlariga mos bо‘lmagan turli fikrlar bildirildi. Jumladan, О‘zbekiston tomoni milliy tizimlardan ustun turadigan tuzilmalar, ayniqsa, harbiy tuzilmalar tuzishga qarshi ekanligini bildirdi. MDH davlat boshliqlarining 1996 yil 17 may, 1997 yil 28 mart va 1998 yil 29 aprel kunlari Moskvada, 1997 yil 23 oktabrda Kishinevda о‘tkazgan Kengashlarida integratsiya jarayonlarini tezlashtirish konsepsiyasi, uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi birgalikda kurash dasturi, MDH doirasida qabul qilingan hujjatlarning bajarilish ahvoli, MDHning istiqbollari, MDH organlari faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2006 yil 8 sentabrda Qozog‘istonning Semipalatinsk shahrida I.Karimov tashabbusi bilan ilgari surilgan Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish bо‘yicha shartnoma imzolangani mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda muhim qadam bо‘lib xizmat qilmoqda. Buning yorqin amaliy ifodasi sifatida 2009 yil mart oyida “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud haqida”gi shartnomaning kuchga kirgani olamshumul tarixiy ahamiyat kasb etdi. MDH tashkil etilgandan beri о‘tgan davrda hammasi bо‘lib iqtisodiy, ijtimoiy, harbiy-siyosiy, tashkiliy va umumiy sohalarga oid 1300 ga yaqin masalalar muhokama etilib, tegishli hujjatlar imzolandi. Hamdо‘stlik mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy aloqalari katta mashaqqatlar va sekinlik bilan mustahkamlanib bormoqda. Qabul qilingan hujjatlarning aksariyati qog‘ozda qolib ketdi. О‘tgan yillar davomida erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirishning samarali mexanizmi yaratilmadi, о‘zaro hisob-kitoblar hozirgi kungacha muvofiqlashtirilmadi. О‘zbekiston Respublikasi MDH doirasida sun’iy ravishda joriy etiladigan integratsiyaga hamda davlatlardan yuqori turuvchi tuzilmalarni – parlament, kо‘plab amaldorlar ishlaydigan ma’muriy idoralar, harbiy-siyosiy organlarni tashkil etishga qarshi. О‘zbekiston mustaqillik va integratsiyani uyg‘unlashtirish tarafdori, MDHni haqiqiy mustaqil, suveren davlatlar integratsiyasi sifatida kо‘rishni xohlaydi. Download 0.52 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling