O`zbekistonning urush girdobiga tortilishi. Ma’naviy va moddiy kuchlarning frontga safarbar etilishi. Reja


Download 25.84 Kb.
bet4/4
Sana27.01.2023
Hajmi25.84 Kb.
#1133860
1   2   3   4
Bog'liq
O`zbekistonning urush girdobiga tortilishi. Ma’naviy va moddiy k

4-masala:
O`zbek xalqining insoniylik, olijanoblik, bolajonlik fazilatlari urush yillarida mamlakatning g‘arbiy viloyatlaridan ko‘chirib keltirilgan aholiga, bolalarga ko‘rsatgan ochiqko‘ngilligi, hamdardligi va g‘amxo‘rligida o‘z ifodasini topdi. O`zbek xalqi urushning dastlabki yillarida Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya, Boltiqbo‘yi respublikalaridan ko‘chirib keltirilgan bir milliondan ko‘proq kishilarni, shu jumladan, 200 mingdan ko‘proq yetim bolalarni o‘z bag‘riga oldi. Ko‘chirib keltirilgan aholini qabul qilish, joylashtirish va ularga zarur shart-sharoitlar yaratish masalalarini mehnat jamoalarining yig‘ilishlarida muhokama qilish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari keng quloch yozdi. 1941-yil 3-dekabrda O`zbekiston Kompartiyasi MQning ko‘chirib keltirilgan fuqarolarni qabul qilish va joylashtirish yuzasidan maxsus qarori chiqdi. Xalq Komissarlari Soveti huzurida 1941-yil 10-iyulda tuzilgan maxsus respublika komissiyasi va mahalliy sovetlarning ijroiya qo‘mitalari qoshida tuzilgan alohida bo‘limlar kishilarni hisobga olish va joylashtirish bilan shug‘ullandilar. Ko‘chirib keltirilganlar shahar va qishloq tumanlariga joylashtirildi. Qisqa muddat ichida Andijon viloyatiga 100 ming, Samarqand viloyatiga 165 ming, Namangan viloyatiga 53600 kishi joylashtirildi. Ko‘chib kelganlar O`zbekistonda boshpana topdilar, ish bilan ta’minlandilar. O`zbek xalqi o‘z noni, kiyim-kechagi, turar joyini ko‘chib kelganlar bilan baham ko‘rdi.
O`zbeklar ko‘chirib keltirilgan ota-onasiz yosh bolalarga alohida g‘amxo‘rlik qildilar, 200 ming dan ko‘proq yetim bolalarni o‘z bag‘riga oldilar. Xalq Komissarlari Soveti qoshida bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi, uning ishida 30 ta xotin-qizlar faoliyat ko‘rsatdi. O`zbekiston Xalq maorifi komissarligi tashabbusi bilan bolalarni qabul qilish-taqsimlash markazi tuzildi. Respublikamizning barcha viloyatlari, shahar va tumanlarida bolalarni qabul qilish punktlari ochildi, ularda o‘qituvchilar kechayu-kunduz navbatchilik qildilar. Militsiya bo‘limlari qoshida 30 dan ortiq bolalar xonalari tashkil etildi. Ko‘chirib keltirilgan bolalar turlicha yoshda edilar. 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar – bolalar uylari, maktab-internatlarga joylashtirilib, ularda o‘quv-tarbiya ishlari yo‘lga qo‘yildi. Fabrika-zavod ta’limi maktablari, hunar va temir yo‘l bilim yurtlarining sobiq talabalari o‘qishni davom ettirishi uchun respublika zavod-fabrika maktablarida o‘qishga jalb etildi. 15 yoshdan katta bo‘lgan bolalar esa ishlab chiqarishga ishga joylashtirildi.
1942-yil 2-yanvarda Toshkent shahrida xotin-qizlarning yig‘ilishi bo‘lib, unda respublikamizdagi barcha ayollarga qarata murojaat qilindi. Murojaatda yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga olishga da’vat etiladi. Ko‘plab oilalar boqimsiz qolgan bolalarni o‘zlariga farzandlikka oldilar, topgan-tutganlarini ular bilan baham ko‘rdilar. Turli millatlarga mansub bo‘lgan 14 bolani farzandlikka olgan toshkentlik temirchi usta Shoahmad Shomahmudov va uning xotini Bahri Akramovalar oilasi yuksak insoniylik fazilatlarini ko‘rsatib ko‘pchilikka ibrat bo‘ldilar. Urushdan nogiron bo‘lib qaytib kelgan kattaqo‘rg‘onlik Hamid Samatovlar oilasi 13 bolani, samarqandlik kolxozchi ayol Fotima Qosimovalar oilasi 10 bolani o‘z quchog‘iga olib, mehr qo‘ri bilan ularning qalbini isitdi, dilini yoritdi. O`zbekiston rahbarlaridan Usmon Yusupov va Yo‘ldosh Ohunboboyevlar oilasi ham yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga oldilar. O`nlab bolalarni farzandlikka olib tarbiyalab voyaga yetkazgan oilalar respublikamizda anchagina. Ularning buyuk insonparvarlik, vatanparvarlik jasorati Toshkent shahrining Xalqlar do‘stligi maydonida yaratilgan yodgorlikda abadiylashtirildi.
O`zbekistonga janglarda yarador bo‘lgan yoki bemor bo‘lib qolgan minglab jangchilar – askar va zobitlar ham jo‘natilardi. Ularni qabul qilib olish, gospitalga joylashtirish, salomatligini tiklash ishlariga alohida mehribonlik qilindi, respublikamiz sog‘lomlashtirish markazlaridan biriga aylandi. 1941-yil 1-oktabrgacha O`zbekiston sog‘liqni saqlash xalq komissarligi tizimida 14950 o‘ringa ega bo‘lgan 47 gospital barpo etildi va zarur uskunalar bilan jihozlandi. Ayni paytda Moskvadan, Kalinin, Rostov va boshqa viloyatlardan 15900 o‘ringa ega bo‘lgan 48 gospital ko‘chirib keltirilib, joylashtirildi va ishga tushirildi. Harbiy kasalxonalar qurish keyingi yillarda ham davom etdi. O`zbekistonda 39140 o‘ringa ega bo‘lgan 113 ta gospitalda yarador va bemor jangchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatildi.
Viloyat, shahar, tuman idora organlari gospitaldagilar holidan xabar olib turdilar, gospitallarga xo‘jaliklar tashkil etish va ish yuritish uchun yer maydonlari ajratib berdilar. 1942-yilda 1513 mehnat jamoalari, jumladan, 750 korxona, kolxoz va sovxozlar gospitallarni otaliqqa olib, ularni yoqilg‘i, oziq-ovqat va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlab turdilar. O`zbekistonlik 18482 nafar donorlar yaradorlarni oyoqqa turg‘izish uchun qon berib turdilar. Urush yillarida O`zbekistondagi gospitallarga 164382 yarador va bemorlar joylashtirildi, ularning 87 foizi, ya’ni 143101 kishi davolanib chiqdilar.
O`zbekistonlklar orasida mudofaa fondini tashkil etish, front uchun issiq kiyimlar to‘plash harakati keng yoyildi. Ishchilar, kolxozchilar va ziyolilar shaxsiy jamg‘armalarini, qimmatbaho buyumlarini mudofaa fondlariga topshirdilar. Faqat 1941-yilning ikkinchi yarmida O`zbekiston kolxoz va sovxozlari front uchun 59 ming ot va ularga kerakli yem-xashak to‘plab berdilar. Mashhur o‘zbek raqqosasi Tamaraxonim mudofaa fondiga 50 ming so‘m topshirdi. Mudofaa fondiga 650 mln. so‘m pul, 22 mln. so‘mlik qimmatbaho buyumlar, 55 kg.ga yaqin oltin, kumush va boshqa qimmatbaho metallar to‘plandi. Bu jamg‘arma hisobiga respublikamizda tank kolonnalari, aviatsiya eskadriliyalari, bronepoyezdlar qurilib frontga jo‘natildi. O`zbekistonliklar jangchilarga eshelonlab issiq kiyimlar, mevalar jo‘natib turdilar. Davlat harbiy zayomlariga yozilish yo‘li bilan anchagina mablag‘lar to‘plandi. Aholidan issiq kiyimlar tayyorlash uchun jun, qo‘y terilari yig‘ib olindi. Aholiga davlat zayomi, pul-buyum lotereyasi sotish hisobiga 4,2 mlrd. so‘m mablag‘ yig‘ilib g‘alaba manfaatlari yo‘lida foydalanildi.
Xullas, urushning dastlabki yilidayoq O`zbekistonning butun moddiy va ma’naviy kuchlari g‘alaba uchun safarbar etildi, hayot harbiy izga tushirildi, halq Vatan himoyasiga otlandi.
Download 25.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling